2017 yil 19 sentyabr seshanba kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot soati va murabbiylk soati materiallari

“FIDOYING BO‘LGAYMIZ SENI, O‘ZBEKISTON”

Har yili mustaqillik bayramini alohida shior ostida nishonlash go‘zal an’anaga aylandi. Ulug‘ shiorlar butun jamiyatning maqsad-muddaosini,  ijtimoiy fikrini o‘zida jamlagan. Fuqarolarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirgan va yangi zafarlarga yo‘naltirib,  real kuchga aylangan. Shu ma’noda har qanday shior millatning manfaatiga mos kelishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan 2017 yil 27 iyunda “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida qaror imzolandi. Unda mazkur bayramni "FIDOYING BO‘LGAYMIZ SENI, O‘ZBEKISTON!" degan bosh g‘oyani o’zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari asosida tashkil etish belgilab qo’yildi.
Qarorda buyuk va bebaho ne’mat - mustaqillikning milliy taraqqiyotimiz, bugungi va kelgusi avlodlar taqdiri, kelajagi uchun beqiyos ahamiyati yillar o’tishi bilan tobora ortib borayotgani, O’zbekistonning davlat mustaqilligi xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obru-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo’lib kelayotgani alohida qayd etildi.
Qarorning eng muhim jihatlaridan biri, unda mustaqillikning 26 yillik bayramini beshta tamoyil va g’oyalar asosida o’tkazish bo’yicha tavsiyalar berilgani bo’ldi. Jumladan:
"buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz";
"Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak";
"Xalq, boy bo’lsa, davlat ham boy va qudratli bo’ladi" kabi tamoyil va g’oyalar asosida mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni chuqur va har tomonlama o’rganish, ularni xalqimiz ongu tafakkuriga singdirish bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

MUSTAQILLIK - BUYUK KELAJAK POYDEVORI

1991 yilning 31 avgust kuni respublika Oliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqari VI sessiyasi ish boshladi. Sessiyada mamlakat Birinchi Prezidenti Islom Karimov O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risida ma’ruza qildi. Unda shunday so’zlar bor edi: "Bo’lajak mustaqil davlatlar...erkin, mustaqil va teng huquqli bo’lib qolishlari, o’zlarining milliy davlat tuzish, tashqi bozorga chiqish, o’zi ma’qul topgan barcha mamlakatlar bilan xalqaro munosabat o’rnatish, diplomatik va konsullik aloqalari masalalarini mustaqil hal etishlari kerak.
Yana ta’kidlab aytaman, bu hech kimninig buyrug’isiz va aralashuvisiz mustaqil amalga oshirilishi kerak. Mana shu sharoitga, sabablarga asoslanib, xalqimiz xohish-irodasini bajo keltirib, Oliy Kengash diqqatiga faqat bir masalani qo’ymoqchiman: O’zbekistonning mustaqilligi haqidagi Qonunni muhokama etish va uni qabul qilishni taklif etaman.
Bu Qonunda qadimiy va yangilanayotgan diyorimizda istiqomat qilayotgan barcha kishilarning xohish-irodasi o’z ifodasini topgan. Xalqimizning bu ezgu xohish-irodasi biz uchun muqaddasdir".
Haqiqatdan ham xalqimizning ushbu xohish-irodasi biz uchun muqaddas. Mana, 26 yildirki mustaqillik bizning eng muqaddas tuyg’umiz, buyuk ne’matimiz, eng oliy qadriyatimizga aylandi.

26 YIL MOBAYNIDA O‘ZBEK XALQI VA O‘ZBEKISTON NIMALARGA ERISHDI?

-     Sovet mustabid tuzumi davrida O‘zbekiston haq-huquqiga ega bo‘lmagan, mustabid, qaram mamlakat edi. Bugun biz ozod, erkin, demokratik, huquqiy, insonparvar mamlakatga aylandik;

  • 26 yil avval mamlakatimiz jar yoqasiga kelib qolgan, iqtisodiyoti inqirozga uchragan, bir yoqlama rivojlangan, paxta yakkaxokimligiga asoslangan davlat edi. Bugun esa o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab olgan, rivojlanib borayotgan sanoat industriyasiga ega, raqobatbardosh eksport mahsulotlari chiqarib, jahon bozorlarida o‘z o’rniga ega bo’lib borayotgan mamlakat;
  • mustabid sovet davrida o’z tashqi siyosatini mustaqil ravishda yurgiza olish imkoniga, dunyo hamjamiyatida o’z o’rniga ega bo’lmagan mustamlaka "davlat" bo’lsak, bugun O‘zbekiston jahon hamjamiyatida tobora mustahkam o’rin egallab borayotgan, turli nufuzli xalqaro tashkilotlarda ijtimoiy  taraqqiyotga oid tinchliksevar tashabbuslari bilan tobora e’tiborga sazovor bo’lib borayotgan, o’zining mustaqil tashqi siyosatiga ega mamlakat sifatida o’z bo’y-bastimizni namoyon etmoqdamiz;
  • mustaqillikkacha biz faqat sobiq "markaz"ning "qosh-qovog’i"ga qarab ish tutadigan, mustaqil ravishda biror narsani rejalashtirishga imkoni bo’lmagan, hattoki, uni tasavvur etishga umidi bo’lmagan odamlar edik. Bugun esa o’zining ichki va tashqi siyosatini mustaqil ravishda yurgiza olish imkoniga, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasiga ega, mamlakatni modernizatsiya qilish, demokratik islohotlarni tobora chuqurlashtirib borayotgan, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga aylanayotgan mustaqil davlatmiz.

26 yildirki, eng ulug‘, eng aziz bayram-mustaqillik kunini katta shodiyona bilan kutib olamiz, nishonlaymiz. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan bu yil yurtimiz mustaqilligining 26 yillik bayrami "Fidoying bo’lgaymiz seni, O’zbekiston!" degan bosh g’oya asosida tashkil etildi.

Bu yilgi mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko’rish va nishonlashda "Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz" degan tamoyilga suyanish, amal qilish tavsiya etilmoqda. Mazkur tamoyil katta va muhim mazmun-mohiyatga ega.

Bu yerda gap o’zbek xalqining mard va tantiligi, kelajakni yorqin tasavvur eta olishi xususida ketmokda. Mamlakatni modernizatsiya qilish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, davlat boshqaruv tizimining samaradorligini oshirish kabi masalalarni hal etish orqaligina buyuk kelajakni barpo etish mumkin. Bunda maqsadni to’g’ri qo’yish, unga intilish muhim o’rin egallaydi, zero, buyuk bobomiz Mir Alisher Navoiy aytgani kabi "Talabingga, maqsadingga tomon tez qadam bo’l, chunki istaguvchi-topguvchidir".

Yurtimiz mustaqilligining 26 yillik bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bilan bog’lik qarorda "Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak", degan tamoyilga alohida urg’u berilgan.

Mazkur tamoyilning maqsadi to’g’ri ekanligini Shavkat Mirziyoyevning o’zi amalda isbotlab bermoqda.

Mamlakat Prezidenti keyingi 8-9 oy mobaynida olib borayotgan siyosati, xalqimiz ijtimoiy ongiga tobora singib borayotgan hayotdan rozilik kayfiyati barchamizni ertangi kunga umid bilan qarashga undamoqda. Buyuk va bebaho ne’mat - mustaqillikning O’zbekiston taraqqiyotidagi beqiyos ahamiyati bugun yanada yaqqolroq ko’rinmokda.

DO‘STLIK VA O‘ZARO ISHONCHGA ASOSLANGAN HAMKORLIK

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg’iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyevning taklifiga binoan 5 sentyabr kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga keldi.

Bishkek shahridagi «Manas» xalqaro aeroportida mamlakatimiz Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo’lib o’tdi. Davlatimiz rahbarini Qirgiziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev kutib oldi.

Xalqlarimiz azaldan bir daryoning ikki qirg’og’ida, yaqin qo’shni sifatida yashab kelgan. Tariximiz umumiy, madaniy va diniy qadriyatlarimiz mushtarak, an’ana va urf-odatlarimiz o’xshash. Mashhur adib Chingiz Aytmatov aytganidek, "Xalqlarimizning qoni bir, tili bir".

Bishkek shahridagi Ala-Archa qarorgohida Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustaxkamlash istiqbollari, mamlakatlarimizning chegaraoldi hududlari aloqalarini faollashtirish, shuningdek, tomonlarni qiziktirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar muhokama qilindi.

Almazbek Atamboyev Shavkat Mirziyoyevni Qirg’izistonga davlat tashrifi bilan qutlab, bu ikki davlat o’rtasida oliy darajadagi muloqotlarning mantiqiy davomi, tomonlarni qiziktirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi. Ikki davlat o’rtasidagi o’zaro hamkorlik aloqalari barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi.

2017  yilning  o’tgan davrida  mamlakatlarimiz  o’rtasidagi  tovar ayirboshlash   hajmi   60   foiz  o’sdi.   Uchrashuvda   Prezidentlar   suv resurslaridan davlatlarimiz umumiy manfaatlariga mos ravishda oqilona foydalanish borasida ham kelishib oldi. Ikki davlat rahbarlari avvalgi muloqotlarida mintaqada samarali transport yo’llarini rivojlantirish, Qirg’iziston hududi orqali Xitoy bilan bog’laydigan qisqa masofali temir yo’l barpo etish bo’yicha muzokaralar olib borgan edi. Bu galgi uchrashuvlarda uning huquqiy asoslarini yaratishni jadallashtirish bo’yicha kelishib olindi.    Qisqa    vaqt    ichida    hududlarimiz o’rtasidagi aloqalar mustahkamlandi. Qirg’izistonning Batken, Jalolobod, O‘sh viloyatlari vakillarining Andijon shahriga, O‘zbekiston delegatsiyasining O‘sh shahriga tashrifi amaliy natijalar tasdig’idir.

Prezidentimiz shartnomaviy majburiyatlarni amaliyotga izchil tatbiq etish maqsadida chegaraoldi hududlarda Hokimlar kengashi tuzishni taklif qildi. Ikki davlat o’rtasida madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlik, do’stlik va qo’shnichilik aloqalarini mustahkamlash va kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu ma’noda, joriy yil fevral oyida Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi O’sh davlat o’zbek musiqali akademik drama teatrining Farg’ona vodiysiga ijodiy safarini, iyun oyida esa Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri jamoasining O’sh, O’zgan, Aravon, Novqat, Qorasuv, Jalolobod shaharlariga ijodiy safarini alohida qayd etish lozim.

O’zbekiston ko’magida O’sh shahrida qurilayotgan umumta’lim maktabi xalqlarimiz do’stligining yorqin namunasi bo’ldi.

Joriy yil oktyabr oyida Qirg’izistonda O’zbekiston madaniyati kunlari, 2018 yil O’zbekistonda Qirg’iziston madaniyati kunlarini o’tkazishga kelishib olindi.

Muzokaralar   yakunida  Shavkat  Mirziyoyev   va  Almazbek  Atamboyev O’zbekiston Respublikasi va Qirg’iziston Respublikasi o’rtasida Qo’shma bayonot va O’zbekiston – Qirg’iziston davlat chegarasi to’g’risida shartnomani imzoladilar. Andijon va O’sh, Toshkent va Bishkek shaharlari o’rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to’g’risida, ikki davlat Savdo-sanoat palatalari o’rtasida hamkorlik to’g’risida, Soliq qonunchiligiga rioya qilish masalalari bo’yicha hamkorlik va o’zaro yordam to’g’risida, Mintaqalararo hamkorlik to’g’risida, Oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik to’g’risida bitimlar,    Chegaradosh    mintaqalar    o’rtasidagi    hamkorlikni    yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo’yicha 2017-2019 yillarga mo’ljallangan qo’shma   tadbirlar   rejasi,   Parlamentlararo   hamkorlik   to’g’risidagi memorandum va boshka muhim hujjatlar imzolandi.

Almazbek Atamboyevning ta’kidlashicha, bu tarixiy kun ro’y berganiga O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hissasi katta. «Xuddi u menga gapirgandek, men ham uni   birodar,   deb   atayman.   Bizning  davlatlar   orasida   birodarlik munosabatlari bo’lishi kerak», - degan Qirg’iziston rahbari. Uning eslatishicha, qachonlardir mamlakatlar yagona davlat bo’lgan. Ikki mamlakat tarixida ko’plab muammolar, to’siqlar bo’lgan, biroq ularga yechim topildi. «Bugun biz deyarli barcha masalalar bo’yicha o’zaro tushunishni topdik», - dedi u.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev muzokaralar o’zaro hurmat, ishonch va amaliy ruhda o’tganini, erishilgan tarixiy kelishuvlar O’zbekiston Qirg’iziston hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko’tarishini ta’kidladilar.

 

OSTONADA ISLOM HAMKORLIK TASHKILOTINING FAN VA TEXNOLOGIYALAR BO‘YICHA BIRINCHI SAMMITI O‘TKAZILDI

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog’iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 9-10 sentyabr kunlari Ostona shahrida bo’ldi.

10 sentyabr kuni Ostona shahrida Mustaqillik saroyida Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo’yicha birinchi sammiti ochildi. Mazkur saroyda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Qozog’iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev kutib oldi. Sammitni Qozog’iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ochdi. Islom hamkorlik tashkilotining ushbu nufuzli sammiti "Fan, texnologiyalar, innovatsiyalar va islom olamini modernizatsiya qilish" mavzusida o’tdi.

Ma’lumki, 2016 yil 18 oktyabr kuni Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashki ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi bo’lib o’tgan, "Ta’lim va ma’rifat - tinchlik va bunyodkorlik sari yo’l" shiori uning asosiy g’oyasi etib belgilangan edi. Shu ma’noda Ostona sammitini Toshkentda o’tgan sessiyaning mantiqiy davomi, deyish mumkin.

Sammitda    Prezidentimiz    Shavkat    Mirziyoyev    nutq    so’zladi. Fan va texnologiyalar bo’yicha sammitda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar va kuzatuvchi mamlakatlar, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat 80 ga yaqin delegatsiya ishtirok etdi. Sammit yakunida . Ostona deklaratsiyasi imzolandi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur sammit doirasida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Xasan Ruhoniy, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdug’on, Afg’oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Yalya va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvlar o’tkazdi.

Eron Prezidenti bilan muloqotda Shavkat Mirziyoyev Xasan Ruhoniyni yaqinda bo’lib o’tgan Prezident saylovida ishonchli g’alaba qozongani bilan samimiy muborakbod etdi. O’zbekiston va Eron xalqlarini tarixiy va madaniy mushtaraklik, yaxshi qo’shnichilik munosabatlari bog’lab turadi. Ikki mamlakatning mumtoz adabiy merosi xalqlarimiz uchun birdek qadrli. Bugungi kunda davlatlarimiz o’rtasidagi hamkorlik izchil mustahkamlanib bormoqda. Davlatimiz rahbari savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-infratuzilma sohalaridagi aloqalarga to’xtalar ekan, bu boradagi imkoniyat va keng salohiyatdan yanada samarali foydalanish, o’zaro sa’y-harakatlarni jadallashtirish hamkorlikni yangi bosqichga ko’tarishini ta’kidladi. Xasan Ruhoniy Eron O’zbekistonni mintaqadagi yaqin va ishonchli hamkor deb bilishini, mamlakatlarimiz o’rtasidagi do’stona munosabatlar mustahkamlanishi o’zaro manfaatli va uzoq, muddatli aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Afg’oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gani bilan muloqotda u bilan yana bir bor uchrashayotganidan mamnun ekanini ta’kidladi. Ikki davlat rahbarlarining joriy yil iyun oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida o’tgan uchrashuvi chog’ida erishilgan kelishuvlar asosida hamkorlikni yanada faollashtirish bo’yicha «yo’l xaritasi» qabul qilindi. Uning izchil amalga oshirilayotgani natijasida savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanib bormoqda. 2017 yilning birinchi yarmida o’zaro tovar ayirboshlash hajmi 18,5 foiz o’sgan. Prezidentlarning ushbu uchrashuvidan keyin savdo aylanmasi yanada oshishi qayd etildi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o’rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev o’rtasida bo’lib o’tgan uchrashuvda O’zbekiston - Ozarbayjon munosabatlarining bugungi holati, savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda o’zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki mamlakatning ulkan iqdisodiy salohiyatidan to’la foydalanish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu   bilan   Prezidentimiz   Shavkat   Mirziyoyevning   Qozog’iston Respublikasiga tashrifi nihoyasiga yetdi.