Institut tarixi

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti (SamDAQI) 1966 yilda «Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi»ga qarashli institutlarning biri sifatida tashkil etilib, qurilish sohasida mintaqada yetakchi oliy o’quv yurti bo’lib hisoblanadi. SamDAQI nafaqat O’zbekistonda, balki O’rta Osiyo respublikalari Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog’iston qurilish industriyalariga qarashli tashkilot va korxonalarga yuqori malakali me’morchilik va qurilish sohasida chuqur bilimga ega bo’lgan me’mor va quruvchi muhandislarni tayyorlaydi.

O’tgan asr oltmishinchi yillarining boshiga kelib, nafaqat O’zbekistonda, balki O’rta Osiyo respublikalarida: Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog’istonda qurilish industriyasiga qarashli tashkilot va korxonalarda yuqori malakali me’morchilik va qurilish sohasida chuqur bilimga ega bo’lgan me’mor, quruvchi muhandislariga bo’lgan ehtiyoj sezilarli darajada bo’lgan. Shu sababli, O’zbekistonda mustaqil arxitektura – qurilish instituti tashkil etish ehtiyoji tug’ilgan. 1965–1966 yillarda Toshkent Politexnika institutida yangidan tashkil qilingan arxitektura, sanoat va grajdan qurilishi (PGS) va qishloq xo’jaligi qurilishi fakultetlarini birlashtirib, mustaqil qurilish instituti tashkil qilish bo’yicha ishlar olib borilayotgan edi. Bu borada olib borilayotgan ishlarni 1966 yilda Toshkentda sodir bo’lgan yer qimirlash va undan ko’rilgan talofot tezlashtirdi.

O’zbekiston Respublikasi hukumatining 367–sonli qarori hamda oliy va O’rta maxsus ta’lim vazirligining 1966 yil 15 iyulda chiqqan 307-sonli bo’yrug’i asosida Samarqand shahrida Samarqand Davlat arxitektura – qurilish instituti tashkil etildi.

SamDAQIning Samarqand shahrida ochilishiga birinchidan Toshkentdagi yer qimirlash sabab bo’lgan, ikkinchidan Samarqandning 2750 yillik tarixga ega bo’lgan Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri ekanligi, madaniyati yuqori darajada rivojlanganligi, noyob arxitektura yodgorliklariga boy bo’lganligi, uchinchidan esa Samarqand qadimdan fan va madaniyat markazi ekanligi asos bo’ldi.

O’zbekiston Respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 1966 yil 15 iyuldagi 307 sonli buyrug’i asosida SamDAQI ga 1966–1967 o’quv yilida dastlabki qabul rejasi kunduzgi bo’limga 525 nafar talabadan iborat bo’lgan edi. Bu reja mutaxassisliklar bo’yicha quyidagicha taqsimlangan edi: 1201 «Arxitektura» mutaxassisligiga – 100 ta; 1202 «Sanoat va fuqaro qurilishi» mutaxassisligiga – 350 ta; 1721 «Qurilish iqtisodi va qurilishni tashkil etish» – 75 ta talaba qabul qilish belgilangan edi.

Institutning uchta mutaxassisligiga qabul qilingan 525 ta talaba bitta «Sanoat va fuqaro qurilishi» fakultetiga biriktirilib, 7 ta kafedra, 3 ta bo’lim bilan 1 oktyabr­dan o’quv jarayonini boshladi. O’sha davrda, ya’ni 1966 yili quyidagi 7 ta kafedra: «Oliy matematika», «Fizika», «Ximiya», «Tarix», «Chizma geometriya», «Qurilish material­lari», «Rasm, tasviriy san’at va halkaltaroshlik» tashkil etilgan edi. Hukumat qarori asosida Samarqand shahridagi 19 internatga qarashli barcha binolar to’liq SamDAQI balansiga berildi. Shu bilan bir qatorda, 1966 yil 15 iyulda chiqqan 307 sonli buyruq asosida 1967 yildan SamDAQI ning o’quv kompleksini yaratish uchun loyihalash ishlarini boshlash va ularni moliyalash vazifalari ham ko’rsatilgan edi.

Xalqimizning o’tmishdagi buyuk siymolariga, ilmu-fan arboblariga, yuksak madaniyatli bilimdon farzandlariga bo’lgan munosobatlarini e’tiborga olib, ularning muqaddas nomlarini abadiylashtirish maqsadida SamDAQI ga Ministrlar kengashining 1967 yil 3 maydagi №198 sonli qarori bilan Mirzo Ulug’bek nomi berildi.

O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 1966 yil 15 iyuldagi 307 sonli buyrug’ida SamDAQIni ilmiy pedagogik kadrlar bilan ta’minlashni yo’lga qo’yish belgilangan edi. O’zbekiston Respublikasinig oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 1966 yil 29 iyulda chiqqan 184–K sonli buyrug’i bilan TashPI arxitektura fakulteti dekani, arxitektura fanlari nomzodi, dosent Abdurasulov Raxmon Raximovich SamDAQI rektori etib tayinlandi.