ENG SARALAR SARALANDI

 

Transport,  yo’l va kapital qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan “Eng namunali boshlang’ich tashkilot” ko’rik tanlovining respublika bosqichi o’tkazildi.

2013 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba o’tkazib kelinayotgan ushbu tanlov kasaba uyushmalari harakatini tashkiliy jihatdan mustahkamlash, mehnatkashlar manfaatiga xizmat qilishni yangi bosqichga ko’tarish, jamoaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida boshlang’ich tashkilotlarning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.

Ishchi-xodimlar soni 100 nafargacha bo’lgan boshlang’ich tashkilotlar o’rtasida Andijon viloyati “Viloyat arxitektura boshqarmasi” kasaba uyushma qo’mitasi, qo’mita raisi Muhammadsodiq Qo’ziboyev  3-o’rinni, Farg’ona viloyati “Farg’onayo’lloyiha” kasaba uyushmasi qo’mitasi,  qo’mita raisi Iroda Ergasheva 2-o’rinni,  Buxoro viloyat G’ijduvon tuman  yo’l xo’jaligi kasaba uyushma qo’mitasi, qo’mita raisi Marxabo Ro’ziboyeva 1-o’rinni egalladi.

Ishchi-xodimlar soni 100 nafardan ko’p bo’lgan boshlang’ich tashkilotlar o’rtasida esa Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti kasaba uyushma qo’mitasi, qo’mita raisi Abduraxmon Oxunjonov 3-o’ringa, Navoiy viloyat “Qizilqumsement” AJ kasaba uyushma qo’mitasi, qo’mita raisi Abubakir Qo’ldoshev 2-o’ringa va Toshkent viloyat “Ohangaronsement” kasaba uyushma qo’mitasi, qo’mita raisi Muhammadali Do’stboyev 1- o’ringa loyiq ko’rildi.

  • Faoliyatimizni yuksak baholab, bizga rag’bat va shijoat bag’ishlaganlari uchun tanlov mutasaddilariga o’z minnatdorchiligimni bildiraman, deydi tanlov g’olibi Marxabo Ro’ziboyeva.   - Kelgusida bundanda g’ayrat bilan ishlashga harakat qilamiz.

“Eng namunali boshlang’ich tashkilot” ko’rik-tanlovi g’oliblari Respublika kengashining Faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg’alari bilan taqdirlandi.