Axborot soati 03.02.2021

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY,IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR

INTELLEKTUAL MULK OB’EKTLARINI MUHOFAZA QILISH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

 

O‘ZBEKISTON PREZIDENTI SAUDIYA ARABISTONINING DELEGATSIYASINI QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 yanvar kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Holid al-Falih boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Saudiya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Xususan, pandemiyaga qaramay, ikki mamlakat davlat organlari va ishbilarmonlik doiralari darajasida faol muloqot olib borilmoqda. Investitsiyalar vaziri delegatsiyasi tarkibida Saudiya Arabistonining 30 ga yaqin yetakchi kompaniyalari rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurgani ham shundan dalolat beradi.

Investitsiyalar vaziri Holid al-Falih O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud va valiahd Muhammad Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Vazir Saudiya kompaniyalarining investitsiya loyihalari qo‘llab-quvvatlanayotgani va ularning mamlakatimizda samarali faoliyat yuritishi uchun yaratilgan qulay sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Delegatsiya tashrifi arafasida Buxoro shahrida qo‘shma biznes-forum muvaffaqiyatli o‘tkazilib, Ishbilarmonlik kengashini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Kecha Sirdaryo viloyatida “ACWA Power” korporatsiyasi ishtirokida quvvati 1200 megavatt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasiga start berildi. Bundan tashqari, ushbu kompaniya tomonidan Buxoro va Navoiy viloyatlarida umumiy qiymati 1000 megavattli shamol elektr stansiyalari barpo etiladi.

Umuman, mamlakatimizda Saudiya investitsiyalari ishtirokidagi qo‘shma korxona va loyihalar soni keyingi yillarda bir necha barobarga ko‘paydi.

Muzokaralar chog‘ida amaliy hamkorlikning aniq loyihalari muhokama qilindi.

Energetika, neft-gaz, gaz-kimyo va kimyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika sohalari va boshqa yo‘nalishlarda, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik prinsiplarini joriy qilish asosida yangi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Qo‘shma dastur va loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalarini rivojlantirish, jumladan, O‘zbekistonda investitsiya kompaniyalari va mikromoliyaviy tashkilotlarni tuzish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu tashabbuslarni o‘rganish va ilgari surish maqsadida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilib, amalga oshirish, hukumatlararo komissiya faoliyatini qayta tiklash, ustuvor loyihalar bo‘yicha ishchi guruhlarni shakllantirishga kelishib olindi.

 

LOYIHALARNI EKSPERTIZADAN O‘TKAZISH BO‘YICHA TOPSHIRIQ BERILDI

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 yanvar kuni sanoat va logistika sohalariga oid investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Ulardan biri – Toshkent shahrida oqartirilgan tunika ishlab chiqarish loyihasi. Buning uchun 280 million yevro yo‘naltiriladi. Uning yillik quvvati 120 ming tonna bo‘lishi, 750 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Jizzax viloyatida yuqori markali sement ishlab chiqarish loyihasi ham istiqbolli. Qiymati 2 trillion so‘mdan ziyod bo‘lgan ushbu loyiha samarasida yiliga 1 million 300 ming tonna sement tayyorlash, shundan 200 ming tonnasini eksport qilish quvvati paydo bo‘ladi. 

735 milliard so‘mlik yana bir loyiha muzlatgich, sovutgich va konditsionerlar uchun germetik kompressor ishlab chiqarishga qaratilgan. Uning yillik quvvati 3 million dona bo‘lib, shundan 500 ming donasi eksportga yo‘naltirilishi, 300 ta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.

Shuningdek, elektron suv hisoblagichlar, temir-beton va keramika mahsulotlariga oid loyihalar ko‘rsatildi.

Toshkent shahri va viloyatlarda logistika markazlari tashkil etish loyihalariga alohida ahamiyat qaratildi. Bu markazlar oziq-ovqat va nooziq-ovqat omborlarini o‘z ichiga oladi, kargo, kurerlik va elektron tijorat xizmatlari ko‘rsatadigan bo‘ladi. 5 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni sifatli amalga oshirish uchun ularni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu tizimni tarmoqlar va hududlar kesimida ham tatbiq etib, investitsiya loyihalarining tayyorlanishi va bajarilishini baholab borish, quyi bo‘g‘indagi mutaxassislarga ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi.

“MAHALLABAY” ISHLASH BO‘YICHA YANGI TIZIMNI TASHKIL ETISH VA KAMBAG‘ALLIKNI QISQARTIRISH BO‘YICHA ANIQ VAZIFALAR BELGILANDI

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 yanvar kuni joriy yilda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilganidek, 2021 yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti kamida 5 foiz o‘sishi maqsad qilingan. Biroq, global iqtisodiyotdagi noaniqlik uzoq davom etishi mumkinligi iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha zaxiralarini topish va safarbar qilishni talab etmoqda.

Shu bois Prezidentimiz barcha darajadagi rahbarlarga o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi holatni o‘rganish, “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasini qo‘ymoqda.

Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish mexanizmi muhokama qilindi.

Iqtisodiy kompleks vakillarini mahallaga tushirib, vertikal tizimni, barcha organlar faoliyatini o‘zaro muvofiq yo‘lga qo‘yish kerakligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari bu tizimga jalb qilinadigan mutaxassislarning bilim va imkoniyati masalasiga alohida e’tibor qaratdi. 20 mingdan ortiq xodimni o‘qitib, ularga masalani joyida hal etish bo‘yicha barcha vakolatlarni berish muhimligi qayd etildi.  

Davlat boshqaruvi akademiyasiga mahalla raislari va mazkur tizimda ishtirok etadigan barcha xodimlar uchun o‘quvlar tashkil qilish, buning uchun maxsus dastur va qo‘llanmalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Har bir rahbarning mazkur tizimdagi shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini belgilash, barcha jarayonlarga ko‘maklashuvchi onlayn elektron platforma yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident kambag‘allikni qisqartirish masalasiga yana bir bor to‘xtalib, mutasaddilarga aholini tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi rahbarlari 2021 yilda har bir tarmoq va hudud kesimida iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha manbalari to‘g‘risida hisobot berdi.

Yig‘ilishda ushbu rezervlarni to‘liq ishga solib, qo‘shimcha iqtisodiy o‘sishga erishish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash choralari ko‘rib chiqildi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli bo‘lishini ta’minlash, narx oshishiga ta’sir ko‘rsatadigan omillarning oldini olish masalalariga yana bir bor to‘xtalib o‘tildi. 

Sanoatda ham qo‘shimcha rezervlar aniqlangan. Ayniqsa, asosiy “drayver” bo‘lgan kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, charm-poyabzal sohalarida “sanoat zanjirlari”ni uzaytirish kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek, yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish, xarajatlarni va boshqaruv tizimini optimallashtirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Xizmatlar sohasida ham ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Prezidentimiz ularni to‘liq safarbar etib, hududlarda servis shoxobchalarini ko‘paytirish, yangi zamonaviy xizmat turlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi. 2021-2023 yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturiga yoshlar keng jalb etilishi belgilandi.

Yig‘ilishda investitsiya loyihalari ijrosiga ham to‘xtalib o‘tildi. Joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida 1 ming 752 ta ob’ekt uchun qariyb 18 trillion so‘m budjet mablag‘lari ajratilgan. Bu mablag‘lardan oqilona foydalanish, loyiha hujjatlarini puxta ishlab chiqish va qurilishlar sifatini ta’minlash bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilar iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning o‘rta va quyi bo‘g‘inini mahallagacha tushirib, aholiga yaqinlashgan ish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalari bo‘yicha axborot berdi.

 

YOSHLAR BILAN MANZILLI VA TIZIMLI ISHLASH BO‘YICHA DOLZARB VAZIFALAR BELGILANDI

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 yanvar kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yoshlar bandligini ta’minlash omillaridan biri ularni talab etilayotgan kasb bo‘yicha ixtisoslashtirishdir. Yig‘ilishda shu paytgacha ishsiz aholi va bo‘sh ish o‘rinlari o‘zaro uyg‘unlikda ko‘rib chiqilmagani tanqid qilindi.

Masalan, Toshkent shahrida 26 ming yosh ishsiz. Ayni paytda bu yerda 77 mingta vakant bor, shundan 45 mingtasiga oliy ma’lumot talab etilmaydi. Davlatimiz rahbari yoshlarni kasbga o‘qitish orqali malaka toifasini berib, shunday vakant o‘rinlarga joylashtirish mumkinligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 13 oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, diplomi yo‘q, lekin amaliy ko‘nikmasi bo‘lgan ishsiz yoshlarni, malakani baholash markazlarida o‘qitib, sertifikat berish tizimi joriy etildi.

Shundan kelib chiqib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Ishga marhamat” monomarkazlarida, shuningdek, qator oliy ta’lim muassasalari va yirik sanot tarmoqlarida malakani baholash markazlari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali joriy yilning o‘zida 30 ming yigit-qizga malaka sertifikati berib, ularning bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.

Tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarning mini-texnologiya va uskunalar xarid qilishi uchun subsidiya ajratish, kredit olishda sug‘urta to‘lovi bo‘yicha ko‘maklashish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Bandlikni ta’minlashda eng katta zaxiralardan biri dehqonchilik qilish uchun yer ajratishdir. Lekin, o‘tgan yili bu borada murojaat qilgan 14 ming nafar yoshdan atigi 3 mingiga yer berilgan, xolos.

Bosh vazir o‘rinbosariga joylarda har 10 gektar ekin yeridan 1 gektarini yoshlarga dehqonchilik uchun ajratish tartibini joriy etish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, quduqlar qazib, zaxira yerlarni yoshlarga foydalanish uchun berish, tomorqada limonchilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik qilishlari uchun kreditlar ajratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari ham muhokama qilindi.

Musiqa va san’at maktablari, madaniyat markazlari,  muzeylar qurish hamda ta’mirlash orqali ularda yoshlar qamrovini 30 foizga yetkazish maqsadi belgilandi. Bunga, joriy yilda budjetdan 150 milliard so‘m ajratiladi.

Chekka hududlardagi maktablarda namunaviy to‘garaklar tashkil etish, yoshlarni ajdodlarimizning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish, ular o‘rtasida ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Joriy yilda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etib, sport bilan shug‘ullanuvchi aholi sonini 25 foizga, yoshlar qamrovini 20 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bolalar bog‘chasi va maktablarni sport anjomlari bilan jihozlash uchun budjetdan 100 milliard so‘m ajratilgan.

Mutasaddi vazirliklarga maktablarda 20 mingta sport to‘garagini tashkil etish, sport federatsiyalarini, xalqaro musobaqalar g‘oliblarini maktablarga biriktirib, yoshlarni professional sportga jalb qilish yuzasidan vazifalar qo‘yildi. 

Hozirgi yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishi yuqori. O‘tgan yili IT-parkning 5 ta filiali va Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida 10 mingdan ortiq yoshlar saboq olgan.

Bu qamrovni kengaytirish maqsadida har bir tumanda kamida bittadan maktabda IT-to‘garagi ochish, yana 100 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etib, 20 ming yigit-qizni dasturlash va axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlikka o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda yoshlarning ijtimoiy masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda 129 ta oliy o‘quv yurtida 500 mingdan ortiq talaba o‘qiyotgani, lekin ular yotoqxona bilan yetarlicha ta’minlanmagani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga talabalar uylarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlatimiz rahbari iqtidorli yoshlarni kashf qilish, ularning tashabbus va intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” loyihasini ilgari surdi. Loyiha doirasida shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, ta’lim, sport, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratiladi.

Yoshlar ishlari agentligining viloyat va tuman xodimlari oylik maoshini oshirish bo‘yicha ham taklif bildirildi.

Bundan buyon viloyat, shahar va tuman sektor rahbarlari mahalliy matbuot va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarning muammo va masalalari yuzasidan qilgan ishlari to‘g‘risida aholiga hisobot berib borishi belgilandi. Yoshlar bandligini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatgan tadbirkorlar, tashkilotchi va rahbarlar rag‘batlantirilishi ta’kidlandi.

 

O‘ZBEKISTON VA KOREYA PREZIDENTLARINING SAMMITI BO‘LIB O‘TDI

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazdi.

Ushbu sammitni o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuv davlat rahbarlarining o‘tgan yil oktabr oyidagi muloqotlari davomida erishilgan edi.

Bugungi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va alohida strategik sheriklik rishtalarini rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari o‘rin oldi.

Davlat rahbarlari tadbirni ochib, bir-birlarini samimiy qutlar ekanlar, ushbu sammit kirib kelgan yangi yilda ikkala tomon uchun ham birinchi uchrashuv ekanini alohida qayd etdilar. Bu ikki tomonlama hamkorlikda juda yuksak darajaga erishilganidan yana bir bor dalolat beradi.

Ta’kidlanganidek, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Koreya munosabatlari, pandemiyaga qaramasdan, izchil rivojlanishda davom etdi. O‘tgan yili davlat rahbarlari telefon orqali ikki marta muloqot qildilar hamda Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumida birgalikda ishtirok etdilar.

Murakkab sharoitlarda yirik investitsiya va savdo loyihalarining amalga oshirilishi ta’minlandi, yangi kooperatsiya ob’ektlari ishga tushirildi. Janubiy koreyalik sheriklarning ko‘magi va ishtirokida Toshkent shahrida tashkil etilgan, mintaqamiz uchun noyob bo‘lgan zamonaviy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shular jumlasidan.

O‘zbekiston Prezidenti koreys tomoni yangi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarga salmoqli hissa qo‘shayotganini yuksak baholadi hamda ushbu xavfli kasallikning oldini olish, unga chalinganlarni samarali davolash va reabilitatsiya qilishda mamlakatimizga ko‘rsatilayotgan katta amaliy ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirdi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar borasida so‘z yuritar ekanlar, alohida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tarafdori ekanliklarini ta’kidladilar.

Muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirish va parlamentlararo almashinuvlarni faollashtirish, mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash bo‘yicha ikki tomonlama tadbirlar dasturini tayyorlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Oliy, kasb-hunar va maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniy meros ob’ektlarini raqamlashtirish va restavratsiya qilish sohalaridagi hamkorlikning joriy va istiqbolli dasturlari ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar O‘zbekiston hududlarida Janubiy Koreya yetakchi universitetlarining filiallari va kadrlarni professional tayyorlash bo‘yicha qo‘shma markazlar soni ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek va koreys tillarini o‘qitishni kengaytirishga, shuningdek, koreys diasporasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

Iqtisodiy sohada O‘zbekiston va Koreya hukumatlari va idoralari darajasida yo‘lga qo‘yilgan samarali ishlar qayd etildi. Prezidentlar investitsiya loyihalarini ilgari surish va yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal qilish maqsadida ushbu muloqotlarni davom ettirish topshirig‘ini berdilar.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda janubiy koreyalik hamkorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida jami 400 million dollargacha investitsiyalarni o‘zlashtirish kutilmoqda.

Bundan tashqari, yuqori texnologik sohalarda, shu jumladan energetika, neft-gaz, kimyo va neft-kimyo, farmatsevtika, qayta ishlash sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport va logistika, turizm va ko‘plab boshqa tarmoqlarda qiymati jami 3,4 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 55 ta yangi loyiha tayyorlanmoqda.

Ikki tomonlama ustuvor dasturlarni amalga oshirishda Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish fondi (EDCF) va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan samarali sheriklik olib borilayotgani yuksak baholandi.

Davlat rahbarlari o‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish muhim ekanini ta’kidladilar. Keyingi yillarda tovar ayirboshlashda rekord ko‘rsatkichlarga erishildi.

Eksport-import amaliyotlari o‘rtasidagi nomutanosiblikni tekislash va ularning nomenklaturasini diversifikatsiya qilish masalalariga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish uchun fitosanitariya xizmatlarining hamkorligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shu maqsadda tomonlar erkin savdo to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimni imzolash bo‘yicha muzokaralarni boshlaydilar.

Prezident Mun Chje In O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi masalasiga har tomonlama ko‘maklashishini yana bir bor tasdiqladi.

Sammit chog‘ida global va mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Tomonlar BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida, shuningdek, yuqori texnologiyalar, “yashil” va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi dasturlarni ilgari surish maqsadida “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasida yaqindan hamkorlikni davom ettiradilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Seulning Koreya yarim orolidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlarini doimo qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Tomonlarning mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslari yuksak baholandi.

Davlat rahbarlari ekologiya sohasidagi hamkorlik, shu jumladan Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida to‘xtaldilar.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi. Prezident Mun Chje In Prezident Shavkat Mirziyoyevga Koreya Respublikasi tashrif bilan kelish to‘g‘risidagi taklifini tasdiqladi.

Sammit yakunida “To‘rtinchi sanoat inqilobi”ga ko‘maklashish maqsadida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum,  EDCF bilan hamkorlik bo‘yicha uch yilga mo‘ljallangan 1 milliard dollarlik dasturni amalga oshirish bo‘yicha bitim, zamonaviy ko‘p tarmoqli klinika va loyihaviy institut – Kimyoviy texnologiyalar markazini qurish loyihalari bo‘yicha zayom bitimlari imzolandi.

Bundan tashqari, yetakchi kompaniyalar darajasida mamlakatimiz energetika infratuzilmasining muhim ob’ektlarini modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.

Davlat rahbarlari har doimgidek ochiq, samimiy, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tgan sammit yakunlaridan mamnun ekanliklarini qayd etdilar.

Tomonlar onlayn-muzokaralar o‘z vaqtida o‘tkazilgani va natijadorligi jihatidan yuzma-yuz uchrashuvlar amaliyotidan qolishmaganini ta’kidladilar.

Prezidentlar do‘stlik va keng ko‘lamli sheriklik aloqalarini mustahkamlash, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda qat’iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

 

ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZI: DIN, ILM VA ZAMONAVIYLIK UYG‘UNLIGI

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar, juma kuni ushbu markazga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yillarda bu yerga bir necha bor kelib, uni chiroyli va sifatli qilib qurish, dunyo olimlari fikrini o‘rganib, mazmunini boyitish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Bu galgi tashrif chog‘ida shu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Markaz binosi loyihasi, ichki va tashqi dizayni, muzey ekspozitsiyalari mazmuni bo‘yicha dunyoning yetuk olimlari, islomshunos va san’atshunoslari bilan fikrlashilgan. Shu asosida ilmiy-tarixiy konsepsiya ishlab chiqilgan.

Tashrif chog‘ida ushbu konsepsiyaning taqdimoti o‘tkazildi.

- Bugun bu yerga kelishimdan maqsad - muqaddas dinimizning ezgulik, insonparvarlik dini ekanini, ma’naviyatga, ilmga undashini, ota-bobolarimiz bunga beqiyos hissa qo‘shganini tasdiqlovchi ilmiy natijalarni ko‘rish va yangi tadqiqotlarga zamin yaratish. Hozir mahobatli bino qurish oson bo‘lib qoldi. Mana, bobolarimizga munosib bino qurdik. Endi bobolarimizga munosib ilmiy muhit yaratishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu yosh avlodda g‘urur, g‘ayrat uyg‘otib, yangi taraqqiyot davriga undashi qayd etildi.

- Ko‘pchilik o‘ylaydi: nima uchun Prezident ikkita Renessansni esladi, deb. Bu - g‘oya, kelajakdagi maqsadimiz. Mamlakatimiz intilayotgan marralar uchun tariximizdan ruhiy kuch olishimiz kerak-ku! Bu markaz Uchinchi Renessans poydevoridan biri bo‘lishiga umid qilamiz. Chunki u ilmiy, dunyoviy, zamonaviy markaz bo‘ladi, - dedi davlatimiz rahbari.

Markaz ekspozitsiyalari bo‘yicha xalqimiz fikrini ham o‘rganish, shu maqsadda tanlov e’lon qilib, eng yaxshi g‘oya va takliflarni aks ettirish zarurligi ta’kidlandi.

- Yurtimiz zaminidan juda ko‘p olimlar, muhaddislar, avliyolar yetishib chiqqan, ularning merosi undan ham ko‘p. Lekin tan olish kerak, bu katta manbani chuqur o‘rganmadik. Shuning uchun bu markaz qanday buyuk elligimizni yana bir bor ilmiy asoslab, xalqchil tushuntirib beradigan bo‘lishi kerak. Bu yerda milliy g‘oya jo‘sh urib turishi zarur. Markazga kelgan odamlarda, yoshlarimizda ruhiy kuch, ruhiy ishonch paydo bo‘lishi kerak, - deya ta’kidladi Prezident.

UNESCO, ISESCO kabi xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

- O‘zi bugun dunyoda matematika, fizika, geometriya, astronomiya, tibbiyot kabi fundamental sohalarda qo‘llanilayotgan qoidalar, formulalar alloma bobolarimiz kashfiyotlariga asoslangan. O‘rta asrlardagi birinchi manbalarda bobolarimizning nomiga havolalar berilgan. Lekin keyingilarida yo‘qolib ketgan, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois birinchi manbalarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutiga qo‘shimcha mablag‘, tadqiqotchilarga grantlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Markaz uchun malakali gid-tarjimonlar tayyorlash, ularning mamlakatimizda islom dini yoyilishi va ilm-fan rivoji bo‘yicha ixtisoslashtirish vazifasi qo‘yildi.

Bu yerdagi ilmiy merosni yoshlarga zamonaviy tarzda yetkazish uchun markaz qoshida multimedia bo‘limi, qadimiy xattotlik an’analarini ko‘rsatish uchun ustaxona-laboratoriya tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

 

 

 

 

ISLOM KARIMOV HAYKALI POYIGA GULCHAMBAR QO‘YILDI

 

 

30 yanvar - O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavallud topgan kun. Har yili bu sanani nishonlash, marhumni xotirlash ezgu an’anaga aylangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahridagi Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yib, Birinchi Prezidentimiz xotirasigahurmat ko‘rsatdi.

Qur’on oyatlari tilovat qilindi. Islom Karimovning ezgu ishlari, olijanob insoniy fazilatlari yodga olindi.

Marosimda Prezident Administratsiyasi, parlament palatalari va hukumat a’zolari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, ziyolilar, poytaxt jamoatchiligi ishtirok etdi.

Birinchi Prezidentimizning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yildi.

 

USHBU HAFTA “AXBOROT VA MURABBIYLIK SOATI” MASHG‘ULOTLARINI O‘TKAZISH UCHUN TAYYORLANGAN YORDAMCHI MATERIALLAR

 

 

Mavzu: “Alisher Navoiy buyuk qalb sohibi

 

Bilmak Navoiyni bu zo‘r ma’rifat nishoni,

Bilmak Navoiyni bu o‘z naf’i yo‘q ziyoni.

Bilmak Navoiyni bu yuksakka eltar oni.

Bilmak Navoiyni bu oinai jahoniy.

(O‘zbekiston xalq shoiri Sobir Abdullo)

Darhaqiqat, Alisher Navoiy hayoti, shaxsiy fazilatlari, faoliyati, ko‘pqirrali merosini bilish va anglashga intilish moziydan hozirgi kunga qadar davom etib kelmoqda. Chunki ulug‘ o‘zbek shoiri, nosiri, mutafakkiri, davlat arbobi, ma’rifatparvari, ijod ahlining murabbiysi, fuqaro g‘amxo‘ri, mamlakat yaxlitligi, tinchligi va osoyishtaligining tolmas kurashchisi Nizomiddin Amir Alisher Navoiy o‘zining ko‘pqirrali fa’oliyati bilan mamlakat va xalq taqdiri, ilm-ma’rifat, she’riyat va ma’naviyat tarixida alohida mavqega ega bo‘lgan benazir  siymodir.

Alisher Navoiy o‘zining faoliyati va olijanob insoniy fazilatlari bilan hayotligi vaqtidayoq juda katta obru va hurmatga sazovor bo‘lgan. Shuning uchun uning hayoti, faoliyati, ilmiy va adabiy merosini o‘rganish, shaxsiy fazilatlarini yoritish, unga baho berish,  uni ibrat-namuna sifatida e’tirof etib keng targ‘ib etish o‘sha vaqtdan, ya’ni XV asrning ikkinchi yarmidan boshlangan.

Alisher Navoiy haqida hozircha birinchi ma’lumot 875-hijriy-1470-melodiy yilda yozilgan “Matla’ us-sa’dayn va majma’ ul bahrayn” (ikki saodat bag‘ishlaguvchining boshlanishi va ikki dengizning birlashuvi) nomli tarixiy asarda uchraydi. Asarning muallifi Abdurazzoq Samarqandiy bo‘lib, mazkur kitobning ikkinchi jildida 1470-yilning safar – avgust oyigacha sodir bo‘lgan voqealar bayoni jarayonida Alisher Navoiyni “Amir Alisher” tarzida tilga oladi, uning hayoti va ijtimoiy faoliyati haqida mo‘‘jazgina ma’lumot beradi. Bu manbada Alisher Navoiyning Sulton Husayn Boyqaro taklifi bilan Samarqanddan Hirotga kelib, “Hiloliya” qasidasini buyuk hayit kuni Sulton Husayn Boyqaroga taqdim etgani uqtirilgan. Shuning bilan birga Alisher Navoiy Samarqanddaligi vaqtida Xoja Fazlulloh Abulaysiy hamda Xoja Ubaydulloh-Xoja Ahrori Vali so‘hbatlaridan bahramand bo‘lganligi ham birinchi marta tilga olinadi.

1470- yildan so‘ng  yozilgan tarixiy (“Ravzat us-safo”), ilmiy  (“Nafahot ul-uns”, “Tazkirat  ush – shuaro”) va badiiy (“Haft avrang”, “Bahoriston”) asarlarda ham Alisher Navoiyning nomi zikr qilindi, uning haqida turli xildagi ma’lumotlar keltirildi. Hatto unga bag‘ishlangan maxsus holot-manoqib (“Makorim  ul –axloq”) asari ham yaratilib, unda Alisher Navoiy hayoti, shaxsiyati, faoliyati, merosi, ijodiy aloqalari, turli yozishmalari, ayrim asarlarining yaratilish sabab va tarixi haqida nodir hikoyat va hujjatlar to‘plandi.

Alisher Navoiy yaratgan asarlarni o‘z davrining mashhur xattotlari bo‘lmish Sulton Ali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandon, Abduljamil kabilar go‘zal tarzda ko‘chirish bilan ularning avlodlarga yetib kelishiga bois bo‘ldilar.

XVI-XIX asrlar orasida Sharqning islomiy mintaqalarida yaratilgan turli xil asarlarda, jumladan Z.M.Boburning “Boburnoma”, Vosifiyning “Badoye’ ul-vaqoye’”, Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy”, Abulmo‘minxonning “Tom ul-tavorix” (XVI asr), Abdulloh Kobuliyning “Tazkirat ut-tavorix”, Sayid Sharif Roqim Samarqandiyning “Tarixi kasira” (XVII asr), Volai Dog‘istoniyning “Riyoz ush-shuaro” (XVIII asr)1 va boshqalarda Alisher Navoiy hayoti, merosi, faoliyatidan bahs yuritildi. Xuddi shu davrlarda uning merosini chuqur o‘rganish maqsadida asarlaridagi so‘zlarning sharhiga bag‘ishlangan lug‘atlar yaratildi:

 «Badoye’ ul-lug‘ot», «Lug‘ati Navoiy», Mirzo Mahdixonning «Mabon ul-lug‘ot»i, Muhammad Xoksorning «Muntaxab ul-lug‘ot»i va boshqalar. Shuning bilan birga «Xamsa»ning nasriy bayonlari, jumladan, Umar Boqiyning «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun»i (XVIII asr oxiri XIX asr boshi), Mir Mahmud ibni Shoh Yunus va Haybatulloh xo‘ja Xislatning «Nasri «Xamsa»i benazir»i (1908 yil); Mullo Siddiq Yorkandiyning «Xamsa»ning uyg‘urcha nasriy bayoni (XIX asr) va boshqalar.1

Bularning hammasi bu davrda,  ya’niXVI-XIX asrlar davomida Alisher Navoiy merosiga bo‘lgan qiziqishning nihoyatda kuchli ekanidan dalolat berib qolmay, balki uning ma’naviy hayotdagi mavqeidan ham guvohlik beradi. Shuning uchun bu davrda Alisher Navoiy asarlarini qo‘lyozma tarzda ko‘chirib, targ‘ib etish qanchalik mashhur bo‘lsa, XIX asrning ikkinchi yarmidan so‘ng ularni toshbosma tarzida nashr etish ham boshlandi. Masalan, Alisher Navoiy «Xamsa»si birinchi marta 1880 yilda Xivada bosilib chiqqan bo‘lsa, keyinchalik «Xamsa», devon va boshqa asarlari ham Toshkent, Buxoro, Samarqand toshbosmalarida qariyb har yili nashr etildi.

XVI-XIX asrlarda G‘arbda ham Alisher Navoiy merosiga bo‘lgan qiziqish, asarlarini nashr etish, tarjima qilish ko‘zga tashlanadi. Jumladan, 1697 yilda fransuz sharqshunosi Derbelo «Sharq kutubxonasi» qomusini nashr ettirdi. Unda Alisher Navoiyga doir mo‘‘jaz ma’lumot ham bor. Bunday ish xususan XIX asrda ancha jonlandi. Bu jihatdan fransuz sharqshunosi M.Belenning maqolalari hamda «Xamsat ul-mutahayyirin», «Mahbub-ul-qulub»dan parchalarning chop etishi (1861,1866 yillar), Katrmerning esa «Tarixi muluki Ajam», «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarlarining asliyatda nashr etishi (1841), rus sharqshunosi M.Nikitskiyning «Amir Nizomiddin Alisher va uning davlat hamda adabiyot sohasidagi ahamiyati» mavzusida yozilgan magistrlik dissertatsiyaning kitob holida nashr etilishi (1856 yil), Pave de Kurteyl, N.Ilminskiy, I.Berezin va boshqalarning turli xildagi ishlarini eslatish kifoya. To‘g‘ri, G‘arb sharqshunoslari asarlarining hammasi ham bir xil saviyada yozilgan, ularning hammasida ham Alisher Navoiy merosiga yuksak baho berilgan deb bo‘lmaydi. Chunki bu sohadagi ish endi boshlanayotgan bo‘lib, hali uning hamma asarlari ham to‘liq va chuqur ilmiy tarzda  o‘rganilganicha yo‘q edi. Shunday bo‘lsa-da, bu urinishlarning natijasi sifatida M.Belenning «Alisherbek o‘z zamonasining mashhur va eng sermahsul ijodkorlaridan biri bo‘lgan» tarzida mulohaza yuritishi G‘arb sharqshunoslarining dastlabki ijobiy xulosalari bo‘lganidan dalolat beradi.

XX asrdagi navoiyshunoslik o‘z ko‘lamining kengligi va bosib o‘tgan yo‘lining o‘ziga xosligi bilan belgilanadi. Bu o‘ziga xoslik shundan iboratki, XX asrning 20-80 yillarida O‘zbekistonda hamda MDH mamlakatlarida Alisher Navoiy hayoti va merosini o‘rganishda sho‘rolar siyosati o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Shunday bo‘lsa-da, Alisher Navoiy hayoti, faoliyati va merosini o‘rganish, uning 500 yillik (1948), 525 yillik (1968), 550 yillik (1991) yubileylarini o‘tkazish ; asarlarini (1948 yilda 3 tomlik, 1968 yilda 15 tomlik), ularning ilmiy-tanqidiy matnlarini («Majolis un- nafois», «Lison ut-tayr», «Hayrat ul-abror», «Farhod va Shirin», «Mezon ul-avzon») nashr etish, doktorlik (A.Sa’diy, A,Hayitmetov, H.Sulaymon, A.Abdug‘afurov, S.Erkinov, N.Mallayev, M.Hakimov va boshqalar), nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish, turli mavzularda monografiya va ilmiy maqolalar to‘plamlarini  nashr etish davom etdi. Bu davrda A.Fitrat, S.Ayniy, O.Sharafiddinov, V.Mahmudiy, Oybek, Vohid Zohidov, Izzat Sulton, Vohid Abdullayev, Maqsud Shayxzoda, Aziz Qayumov, Saida Narzullayeva, Suyima G‘aniyeva, Yoqubjon Ishoqov (O‘zbekiston), Ye.E.Bertels, S.N.Ivanov (Rossiya), H.Arasli, J.Nag‘iyeva (Ozarboyjon), A.Mirzoyev, R.Hodizoda (Tojikiston), B.Karriyev (Turkmaniston) kabi yetuk navoiyshunoslar faoliyat ko‘rsatdilar. Shuning bilan bir qatorda Turkiya (Ogoh Sirri Levend), Eron (Ali Asg‘ar Hikmat, Rukniddin Humoyun Farrux), Afg‘oniston (Muhammad Ya’qub Juzjoniy) va boshqa mamlakatlarda ham navoiyshunoslar faoliyat ko‘rsatib, asarlarini nashr ettirdilar, turli xildagi risolalar, maqolalar to‘plamlarini yaratdilar. Bu davrda mamlakatimizda Alisher Navoiy xotirasini abadiylashtirish sohasida ayrim ishlar amalga oshirildi. Uning nomi bilan teatr (Toshkent), universitet, maydon (Samarqand), kutubxona (Toshkent), ko‘cha, xo‘jaliklar ataldi. Uning haqida roman (Oybek «Navoiy»), drama (Uyg‘un, Izzat Sulton «Alisher Navoiy»), qissalar (Mirkarim Osim) yaratildi.

1991 yilda O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo‘lga kiritgach, navoiyshunoslikda ham yangi davr boshlandi. Chunki bu davrda milliy istiqlol g‘oyasi talablari asosida xalq va mamlakat tarixi, qadriyatlari, boy ilmiy-adabiy merosiga xolisona va ilmiy asosda baho berish, uni ilk va ishonchli manba’larga tayanilgan holda o‘rganishga keng yo‘l ochildi. Bu esa Alisher Navoiy hayoti, faoliyati va merosini chuqur o‘rganish va yoritishga yangi ufqlarni ochib berdi. Shuning natijasida Alisher Navoiyning yigirma tomlik mukammal asarlar to‘plamining nashri amalga oshirilmoqda, ilgari nashr qilinmagan «Munojot», «Siroj ul muslimin», «Badoye’ ul-bidoya», «Navodir un-nihoya» asarlari bosilib chiqdi. Shu yillarda Alisher Navoiy merosining kam o‘rganilgan qirralari (masalan, tasavvuf muammolari) keng tekshirilib, bu sohada anchagina ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar yaratildiki, bunda adabiyotshunoslardan N.Komilov, I.Haqqulov, R.Vohidov, S.Olimov, N.Jumayev, S.G‘aniyeva, M.Muhiddinov, Sh.Sirojiddinov, D.Salohiy va boshqalarning munosib hissalari bor.Mustaqillik davrida Toshkent va Navoiy shaharlarida Alisher Navoiyga bag‘ishlangan muhtasham yodgorliklar maydonga keldi. Hozirgi kunda – Alisher Navoiy hayoti va xususan, ko‘pqirrali merosini o‘rganishda shoir va nosirning badiiy mahorati, badiiyati olamining ko‘lam va mohiyatini kashf etish, ularni keng kitobxonlarga tushinarli tarzda sharh va talqin qilish hamda istiqlol ma’naviyatini shakllantirishdagi ahamiyatini belgilash asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

Alisher Navoiyning hayot yo‘li, faoliyati va merosi akademik Izzat Sultonning «Navoiyning qalb daftari» (Toshkent, BAN, 1969) nomli kitobida shoirning o‘z asarlaridagi ma’lumotlar hamda zamondoshlari qoldirgan ilk va ishonchli manbalar asosida ancha keng yoritilgan. Shundan kelib chiqib, bunda Alisher Navoiyning hayoti va faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berish ma’qul ko‘rindi.

Alisher Navoiy hijriy 844 yil (tovuq yili) ramazon oyining  17 kuni, ya’ni melodiy 1441 yilning 9 fevral kuni Temuriyzoda Shohrux mirzo boshqarayotgan Xuroson mulkining poytaxti Hirot shahrida dunyoga keldi. Uning otasi G‘iyosiddin kichkina, G‘iyosiddin bahodur, G‘iyosiddin baxshi tarzida tilga olinadi. U temuriyzodalar, xususan Shohrux mirzo, Abulqosim Bobur mirzolarning amaldorlaridan bo‘lib, Sabzavor shahrining hokimi ham bo‘lgan. Alisher Navoiyning onasi (nomi noma’lum) ham ana shu muhitning vakili bo‘lib, temuriyzodalar xonadonining e’tiborli kishilaridandir. Shuning uchun Alisher Navoiy shunday yozadi:

Otam bu ostonning xokbezi,

Onam ham bu sarobo‘ston kanizi.

 (MAT,1-tom,17-bet)

Alisher ota-onasining tarjimayi hollari hozircha to‘liq yoritilgan emas.

Alisher tug‘ilgan oila o‘z zamonasining taniqli hamda ma’rifatparvar xonadonlaridan edi. Uning tog‘alari Mir Said Kobuliy va Muhammad Ali G‘aribiylar ikki tilda she’r bituvchi shoirlar sifatida ma’lum bo‘lganlar. Alisherning og‘a-inilari-Nizomiddin Shayx Bahlul va Darvesh Ali  ko‘kaldoshlar esa davlat arboblari –Shayx Bahlul-Xorazm hokimi, Darvesh Ali-Balx hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatganlar. Alisherning opa-singillari, amakilari  haqida hozircha ma’lumotlar uchraganicha yo‘q. Bu xonadonda o‘z davrining olim va shoirlari yig‘ilib, mushoira va ilmiy suhbatlar qilganlar. Bu muhit esa  hali bola bo‘lgan Alisherning she’riyatga moyilligini belgilagan edi. Shuning uchun Alisher Navoiy  3-4 yoshligidayoq she’rlarni yodlab olib, uyiga kelganlar taklifi bilan o‘qir edi. Bu haqda Alisher Navoiyning o‘zlari «Majolis un-nafois»ning birinchi majlisida zikr etilgan Amir Qosim Anvor haqida  so‘z  yuritayotganda  uning bir baytini keltirib, shunday yozadilar:

«Rindemu oshiqemu jahonso‘zu joma chok,

Bo davlati g‘ami tu zi fikri jahon chi bok1

Bu faqir ( ya’ni Alisher Navoiy)  avval nazmekim, o‘rganibmen bu… matla’dur. Hamono uch yosh bila to‘rt yoshning orasida erdim, azizlar o‘qimoq taklifi qilib, ba’zi hayrat izhor qilurlar erdi.» (MAT, 13- tom, 11- bet).

Alisher to‘rt yoshga yetgach, uni muallimi donishmand bo‘lgan maktabga o‘qishga yuboradilar. Bu maktabda u  Husayn Boyqaro bilan birga o‘qirdi. Shuning uchun Z.M.Bobur shunday yozadi: «Alisher va Husayn Boyqaro kichiklikda hammaktab ekondurlar» (Boburnoma, 233 bet).

Alisherning maktabda  «oz vaqt ichida darslarni  o‘zlashtirishda o‘z sheriklaridan ilgarilab» ketganligini  Xondamir «Makorim ul-axloq»da alohida o‘qtiradi. Shuning bilan birga Alisherning xotirasi nihoyatda kuchli bo‘lganidan u ana shu vaqtlarda  Farididdin Attorning  4600 baytdan iborat falsafiy-irfoniy dostoni bo‘lmish «Mantiq ut-tayri»ni  ham boshdan oxirigacha yodlab olgan edi. Alisherning unga maftun bo‘lib qolib, boshqa hech narsaga qaramay qo‘ygani tufayli oilada ham, maktabda ham bu kitob haqida so‘z yuritish man’ qilingan edi. Shuning uchun Alisher uni yashirin tarzda  (ichida) doimo takrorlab o‘qirdi. Bu haqda Alisher Navoiy «Lison ut-tayr» dostonida shunday yozadi:

Yodima bundog‘ kelur bu mojaro,

Kim tufuliyot chog‘i maktab aro…

Manga ul holatda tab’i bulhavas,

 «Mantiq ut-tayr» aylab erdi multamas…

O‘ylakim, eldin uzuldi ulfatim,

Ul kitob erdi anisi xilvatim…

Onglag‘och atfol,aylab sho‘ru shayn,

Istimo’ etti bu so‘zni volidayn…

Man’i kulli qildilar ul holdin,

«Mantiq ut-tayr» uzra qilu qoldin…

Lek chun  yodimda erdi ul kalom,

Yoshurun takror etardim mudom…

 (MAT,12 -tom,293-295- betlar).

Alisherning maktabda o‘qishi Shoxrux Mirzoning vafoti (1447 yil 12 mart) bilan boshlangan notinchlik tufayli ma’lum muddatda uzilib qoldi. Chunki ko‘pchilik kabi Alisherning oilasi ham Hirotni tark etib, Iroq tomonga yo‘l olishga majbur bo‘lgan edi. Bu safar vaqtida yosh Alisher  Taft shahrida Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Hirotda Abulqosim Bobur hokimiyati o‘rnatilgach, xorijga ketganlar, jumladan Alisher oilasi bilan Hirotga qaytadilar. Otasi temuriyzoda Abulqosim Bobur mirzo  xizmatida bo‘ladi.  Alisher esa o‘qishini maktabda davom ettiradi. Alisher maktabda faqat rasmiy dasturdagi fanlarni o‘rganib qolmay, she’riyat, musiqa, tarixni ham o‘z davrining yetuk bilimdonlaridan chuqur o‘rganadi. Alisher Navoiy keyinchalik «Majolis un-nafois»da bu sohadagi ustozlarining nomlarini ehtirom bilan tilga oladi.Jumladan:                

«Darvesh Mansur (vaf. 887h.-1482 m.) … aro‘z va sanoye’da Mavlono Yahyo Sebak shogirdi erdi. Ikki aro‘z tasnif qildi… Faqir (ya’ni Alisher Navoiy) aro‘zni Darvesh qoshida o‘qibmen».(MAT, 13-tom, 41 –bet).

 «Xoja Yusuf Burhon- (vaf.863h.-1458m.).. Musiqiy ilmin ham yaxshi bilur erdi va faqir (Alisher Navoiy) musiqiy fanida aning shogirdiman»(MAT,13-tom, 51-bet).Xuddi shu  vaqtlarda u zamonasining mashhur shoirlari bilan shaxsan yoki sirtdan tanishadi. Masalan, Mir Shohiy (1385-1453) bilan yozishmaga kirganligi haqida shunday yozadi:

 «Faqir (Alisher Navoiy)agarchi ani (Mir Shohiyni) ko‘rmadim, ammo aning bila faqirni orasida e’lom (xabardor bo‘lmish) va irsol (maktub yuborish) voqe’ bo‘ldi» (MAT,13- tom,29- bet). Bu esa bejiz emasdi.Chunki she’riyat qonun-qoidalari bilan yaxshi  tanishgan Alisherning shoirlik qobiliyati ham to‘laroq namoyon bo‘laverib, yozgan she’rlari og‘izga tushgan edi. Shundanda, 12-13 yashar Alisher she’rlarining Mir Shohiylar nazariga tushgani ham, yozishmalarning maydonga kelishi ham sababsiz emasdi.

Bu orada Alisherning otasi Sabzavor hokimi G‘iyosiddin Bahodur vafot etadi(taxminan 1454 yilda). Alisher Abulqosim Bobur Mirzo tarbiyasida qoladi. Bu esa Alisherning o‘qishni davom ettirishi, yangi-yangi shoir va allomalar bilan tanishuvi, ular ishtirokidagi suhbat va mushoiralardan bahramand bo‘lishiga imkon yaratdi. Abulqosim Bobur Mirzoning o‘zi ham ma’rifatli, himmati baland va shoirtab’ bo‘lgani tufayli iqtidorli Alisherga har jihatdan otalarcha g‘amxo‘rlik qilardi. Ammo ko‘p o‘tmay, ya’ni 1457 yilda Abulqosim  Bobur mirzo vafot etgach, Mirxondning yozishicha,  «Alisher Navoiy Mashhadda turib qolib, kamolot va fozillikni egallash va ilm masalalari bobida mukammallikka erishuv bilan mashg‘ul» bo‘lgan edi. Shuning bilan birga olimlar va shoirlar bilan muloqotda bo‘lar, ulardan bahramand bo‘lib, ularga g‘amxo‘rliklar ham ko‘rsatardi. Jumladan, Alisher Navoiyning o‘zi shunday yozadi:

 «Xoja Hasan Xizrshoh-…she’rni yaxshi aytur erdi… «Layli va Majnun» muqobalasida «Zayd va Zaynab» masnaviy aytibdur… Bobur mirzo Mashhadda favt bo‘lg‘on yil ul shaharda g‘arib va xasta yiqilib erdi (qarovchisi bo‘lmagan kasal bo‘lib qolgan edi). Faqir (Alisher Navoiy) g‘amxo‘rlik qilib, sihat topti»(MAT,13-tom,46-47 betlar). Alisher Navoiy Abusaid Mirzo zamonida Mashhaddan Hirotga borib, Mirxondning yozishiga ko‘ra, «bir necha kunini u iqbol uyi ostonasi (ya’ni Abusaid Mirzo saroyi) mulozamatida (xizmatida) o‘tkardi». Mavlono Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Sayid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammadlarning suhbatlarida bo‘lish, maslahatlarini olish sharafiga muyassar bo‘ldi. She’rlari esa tobora shuhrat qozonaveradi. Alisher Navoiyning Abusaid zamonida Hirotda bo‘lishi ko‘pga cho‘zilmadi. 1465 yil oxirlarida Abusaid mirzo Alisherga Hirotdan ixroj (ketishi) bo‘lishni buyurdi. Alisher Navoiy bu hukmni tezda  bajarishi shart bo‘lganidan u Samarqandga ketishni ixtiyor qildi va do‘stlari, ustozlarining hammalari bilan ham xayrlasha olmay, bu shaharga Balx, Tirmiz, Qarshi, Shahrisabz orqali yetib keldi.Alisher Navoiy Samarqandga kelishi sababi haqida shunday yozadi: «Faqir tahsil uchun Samarqandg‘a borg‘onda ul (ya’ni mavlono Yusuf Badi<