Axborot soati 27.01.2021

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY,

IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR

MA’LUMOTLAR

 

O‘RMON XO‘JALIGI SOHASIDA ILM-FANNI RIVOJLANTIRISH VA ILMIY-TADQIQOT ISHLARINI

RAG‘BATLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

 

B.K.ZARIPOVNI BUXORO VILOYATI HOKIMI LAVOZIMIGA TAYINLASH TO‘G‘RISIDA

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

 

PREZIDENT HUJJATLARI IJROSINING YANGI TIZIMI JORIY ETILADI

     O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabrdagi Murojaatnomasida islohotlar samarasini har bir inson o‘z hayotida his etishi uchun hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida va samarali ta’minlash lozimligini ta’kidlagan edi. Shu bois Adliya vazirligiga qabul qilingan hujjatlarni mas’ullarga yetkazish, amaliyotda qo‘llashga ko‘maklashish va nazorat qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etish vazifasi topshirilgan edi.

      Prezident huzurida bugun o‘tkazilgan yig‘ilishda amaldagi holat tahlili va ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, samarali ijro tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. 

     Qayd etilganidek, so‘nggi 4 yilda 2 mingga yaqin farmon va qarorlar qabul qilingan. Lekin hudud va tashkilotlarda ularning bajarilishi qoniqarli emas.

     Koronavirus pandemiyasi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qator yo‘nalishlarda muammolar borligini ko‘rsatdi. Oliy ta’lim, transport, suv xo‘jaligi, davlat mulkini boshqarish sohalaridagi islohotlar kutilgan natijani bermayapti. Shu sababli mazkur sohalar rahbarlari ishdan olindi. Yana bir qator vazir va vazir o‘rinbosarlari faoliyati qoniqarsiz deb topilib, ularga intizomiy jazo qo‘llanildi.

     – Ijro tizimidagi eng katta muammo – dunyoqarash o‘zgarmayotgani, bilimsizlik va mas’uliyatsizlik, – dedi davlatimiz rahbari.  

     Yig‘ilishda 4 bosqichli samarali ijro tizimini tashkil etish choralari muhokama qilindi. Bular ijroni loyiha bosqichida rejalashtirish, ijroni tashkil etish va ko‘maklashish, ijroni baholash, ijroni nazorat qilishdir.

     Hujjatlarni amaliyotda qo‘llashga ko‘maklashish maqsadida adliya vaziri o‘rinbosarlari markaziy idoralarga biriktiriladi. O‘rta va quyi bo‘g‘in xodimlarini har bir sohaga oid qaror bo‘yicha o‘qitish tashkil etiladi. Adliya vazirligi viloyat boshqarmalari, shahar va tuman bo‘limlari boshliqlari esa qarorlarni tadbirkor va fuqarolarga tushuntirishga mas’ul bo‘ladi.

     Prezidentimiz qabul qilinayotgan hujjatlar xalq manfaatiga qaratilganini, shuning uchun ularning mazmunini aholiga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

     Hujjatlarning nafaqat ijrosi, balki natijadorligiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Misol uchun, 2020 yil 1 mayda yerosti suvi zaxirasi bor joylarda davlat hisobidan quduq qazib, ularni aholiga imtiyozli shartlarda berish bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. Bu maqsadlarga Inqirozga qarshi jamg‘armadan ajratilgan 300 milliard so‘m hisobiga 95 ming gektar yer foydalanishga kiritildi, 70 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

     Mutasaddilarga joylarga chiqib, qarorlar ijrosi yuzasidan manzilli va tematik o‘rganishlar o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi. Bunda qonunchilikdagi kamchiliklardan tortib, investitsiya loyihalari ahvoligacha barcha masalalar kompleks o‘rganiladi, muammolar bo‘lsa aniqlanib, ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

    Qarorlar ijrosini nazorat qilishning eng unumli vositasi – jamoatchilik ishtiroki va nazorati. Shu bois, “jamoatchilik eshituvlari”, “jamoatchilik monitoringi” tizimini joriy qilish, bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarni faol jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Jismoniy va yuridik shaxslarga Prezident hujjatlari ijrosi yuzasidan murojaat qilish imkonini beradigan mobil ilova ishga tushirilishi belgilandi.

     Adliya vazirligiga Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Ijtimoiy fikr” markazi bilan birga aholi o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, qarorlar ijrosi va bunga xalqning munosabatini o‘rganish vazifasi qo‘yildi. Bu maqsadlar uchun alohida grantlar joriy qilinadi.

     Shuningdek, davlat idoralari tomonidan qarorlar ijrosi yuzasidan matbuot anjumanlari tashkil qilib boriladi. Bajarilmagan ishlarni tanqidiy muhokama qilish bilan birga, ijrosi samarali bo‘lgan qarorlar bo‘yicha ijobiy tajribalar ham yoritiladi.

SHAVKAT MIRZIYOYEV: JAMIYAT HAYOTINING TANASI IQTISODIYOT BO‘LSA, UNING JONI VA RUHI MA’NAVIYATDIR

     O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

     Jahon tarixiga nazar solsak, har bir xalq avvalo ma’naviy birlashuvi, milliy g‘oyasi bilan yuksalgan. Bugun yangi hayot qurish, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish yo‘lidan borayotgan mamlakatimizda ham milliy g‘oya masalasi juda muhim ahamiyatga ega.

    So‘nggi yillarda bu borada qator qarorlar qabul qilindi. Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi Prezident ekani belgilab qo‘yildi. Kengashning hududiy bo‘limlariga mas’ullik hokimlar zimmasiga yuklatildi. Bu o‘zgarish ma’naviy-ma’rifiy ishlarni davlatimiz siyosatida yanada yuksak o‘ringa ko‘tardi.

    – Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda. – Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat.

    Yaqinda bo‘lib o‘tgan yirik tadbirlar – davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi, O‘zbekiston yoshlarining birinchi forumi hamda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’naviyat yo‘nalishidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi. Chunki bu borada yechimini kutib turgan, o‘zgarishlar shamoli kirib bormagan masalalar ko‘p. Milliy g‘oyaning mohiyatini to‘liq anglab yetmagan, eski mafkurani tasavvur qilib, bunga yuzaki qaraydiganlar ham yo‘q emas. Shu bois Prezident mamlakatimiz mafkurasining asosiy g‘oyasini ta’kidlab o‘tdi:

     – Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan, – dedi davlatimiz rahbari.

     Ma’lumki, bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surmoqda, manfaatlar to‘qnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortmoqda. Faqat o‘zini o‘ylash, mehnatga, oilaga yengil qarash, iste’molchilik kayfiyati turli yo‘llar bilan odamlar, ayniqsa, yoshlar ongiga ustamonlik bilan singdirilyapti.

     Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber-jinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Ba’zi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilmoqda.

     Bunday tahlikali vaziyatda hushyor va ogoh bo‘lib, xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlarini o‘ylab yashash zarur.

     Davlatimiz rahbari loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun nuroniylar tarbiyasi, jamoatchilik nazorati yetishmayotganini ta’kidladi.

     Yig‘ilishda qayd etilganidek, ijtimoiy-ma’naviy muhitni ilmiy asosda tahlil qilishni davrning o‘zi talab etmoqda. Jamiyatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar shunday asosda yo‘lga qo‘yilmagani uchun ham kutilgan natijani bermayapti.

     Shuning uchun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ishini tanqidiy o‘rganib chiqib, faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi aytildi.

     Prezidentimiz ushbu markazning “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” o‘quv muassasasi negizida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutini tashkil etish taklifini bildirdi.

     Yig‘ilishda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari belgilandi.

     Ma’lumki, hozirgi paytda ma’naviyat targ‘iboti bilan o‘nlab tashkilotlar shug‘ullanadi. Lekin, ularning faoliyati aniq muvofiqlashtirilmayotgani, yagona tizimga birlashmagani sababli bir-birini takrorlash holatlari kuzatilmoqda.

     Bundan buyon Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi barcha hududiy kengashlarning, vazirlik, idora va tashkilotlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini muvofiqlashtirib borishi belgilandi.

     Markaz va uning tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik ta’minoti keskin kuchaytiriladi. Uning faoliyati ilmiy tadqiqot va targ‘ibot-tashviqot yo‘nalishlarida qayta tashkil qilinadi.

     Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi, deydi xalqimiz. Lekin, ma’naviy-ma’rifiy ishlardagi uzviylik hozircha bunday emas. Bu borada bog‘cha, maktab, oliy ta’lim, mahalla – har biri alohida ish olib boryapti.   

     Shu bois ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, o‘g‘il-qizlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli etib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalariga metodik yordam ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi.

     Shuningdek, maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim dargohlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Barcha oliygoh va ularning filiallarida mavjud shtat birliklari doirasida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etilishi aytildi.

     Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida har bir mahallaga professor-o‘qituvchi va taniqli ziyolilar biriktirilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, Toshkent shahar nuroniylarining tarbiyasi og‘ir, ishsiz yoshlarga ko‘maklashish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

     Hududlar markazida namunaviy loyiha asosida ma’naviyat va ma’rifat maskanlarini barpo etish, mahalliy budjetlar hisobidan sohaga qo‘shimcha shtatlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.   

     Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” majmuasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar uchun harbiy tarix va ajdodlarimiz qahramonligini o‘rganish bo‘yicha ilmiy markazga aylantirish taklifi bildirildi.

     Yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, buning uchun tarixni yaxshi o‘rgatish, bu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

     – Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

     Mutasaddilarga O‘zbekistonda tarix fanini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.  

    O‘zbek tilining davlat tili maqomini kuchaytirish, yurtimizda va xorijda uni o‘rganish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

      Bugun hayot yangicha fikrlash va ishlash, milliy “aql markazlari”mizni shakllantirishni talab etmoqda. Afsuski, atrofimizdagi barcha siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni chuqur tushunib, ta’sirchan tilda yetkazib beradigan tahlilchi va ekspertlarimiz juda kam. Bunday vaziyatda jamiyatimizni ma’naviy tahdidlardan himoya qilish borasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Shu ma’noda, Ma’naviyat va ma’rifat, “Taraqqiyot strategiyasi”, Islom sivilizatsiyasi markazlari, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi tadqiqot institutlari haqiqiy “aql markazlari”ga aylanishi kerakligi ta’kidlandi.  

     Milliy g‘oya targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Ijod” jamoat fondi negizida Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etilishi qayd etildi.

     Bu jamg‘armaga 120 milliard so‘m ajratilib, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali amalga oshirish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish uchun sarflanadi. Bu mablag‘ning 90 milliard so‘mi hududlarda  ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirishga, 20 milliard so‘mi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, 10 milliard so‘mi mamlakat miqyosida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil qilishga yo‘naltiriladi.

     Shu yildan boshlab, ma’naviyat va ma’rifat sohasi ixtisosliklarini fanlar klassifikatoriga kiritish, bu yo‘nalish bo‘yicha yetuk kadrlar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

     Kitobxonlik madaniyatini kengaytirish, kino san’atini izchil rivojlantirish, barcha telekanallar qoshidagi badiiy kengashlar faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, teledasturlarning saviyasini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

     – Agar kimdir, ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o‘ylasa, xato qiladi. Bularning barchasi oldimizda turgan eng asosiy, eng muhim vazifalardan biridir, – dedi Prezident.

     Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha soha mutasaddilari, o‘qituvchi va professorlar, vazirlar, viloyat hokimlari fikr bildirdi.  

 

PREZIDENT: MASALA AVVALO MAHALLADA HAL BO‘LSAGINA ODAMLAR ROZI BO‘LADI

     Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Olot tumani markazida Olot, Qorako‘l, Jondor va Shofirkon tumanlari faollari, mahalla raislari bilan uchrashdi. O‘tgan yili sodir bo‘lgan tabiiy ofat yodga olindi.

     – 2020 yil Vatanimiz uchun, shu jumladan, Buxoro viloyati uchun juda katta sinovlar yili bo‘ldi. Bu yerda yuz bergan tabiiy ofat iqtisodiyotga, infratuzilmaga, odamlar 30-40 yillab qurgan uylariga katta talafot yetkazdi. Biz xalqimizning sabr-toqati, birdamligi, hamjihatligi bilan bu balolardan qudratli bo‘lib chiqamiz, deb niyat qilgandik, mana, shu natijalarga erishdik, – dedi Prezident.

     Hech bir oila e’tiborsiz qoldirilmagani ta’kidlandi. Xususan, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida Olot, Qorako‘l va Jondordagi ehtiyojmand oilalarga qariyb 14 milliard so‘m moddiyyordam ko‘rsatilgan.

     Aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi, buning uchun quyi tizimdagi rahbarlar uyg‘onishi, jon kuydirishi kerakligi aytildi.

     – Bugun bu yerga kelishimdan maqsad – xalqimizni ko‘proq eshitish, ertangi marralarni belgilashda to‘g‘ri yo‘l tutish. Tuman hokimlari va mahalla raislari o‘zlarini qiynayotgan muammolarni ochiq-oydin aytib, ularning yechimi bo‘yicha takliflarini bildirsa, niyatimiz amalga oshadi, – dedi davlat rahbari.

     Hududlarni rivojlantirish dasturi hamda kambag‘allikni qisqartirish rejalari mahallabay tizim asosida ishlab chiqilishi ta’kidlandi.

     – Mahalla raisi qachon obro‘li bo‘ladi? Xalq dardini rahbarlarga lo‘nda qilib qo‘ysa. Hamma masala avvalo mahallada hal bo‘lsagina odamlar rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

     Bu yil yoshlar va oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun Qorako‘l tumaniga 36 milliard so‘m, Olot tumaniga 21 milliard, Jondor tumaniga 49 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Qorako‘l kasb-hunarga o‘qitish markazida 980 nafar ishsiz va chet elda ishlash istagi bo‘lgan fuqarolar turli kasblarga o‘qitiladi.

     2021-2022 yillarda Olotda 42 ta, Qorako‘lda 56 ta, Jondorda 67 ta loyiha amalga oshirilib, 3 mingta doimiy ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

     Olotda loyiha qiymati 20 million dollar bo‘lgan logistika markazi, Qorako‘lda oltingugurtni qayta ishlash korxonasi, Jondorda keramik plitalar ishlab chiqarish obyekti ishga tushiriladi. Kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.

     Qishloq xo‘jaligida ham foydalanilmagan imkoniyatlar bor. Joriy yilda 18 kilometr melioratsiya tarmoqlari qurilib, Janubiy Olot xo‘jaliklararo kollektori rekonstruksiya qilinadi. Natijada foydalanishdan chiqqan yerlar qayta o‘zlashtirilib, bozorbop mahsulotlar yetishtiriladi.

     Prezidentimiz ijtimoiy sohalarni rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtaldi. Xususan, Olot tumanida kinoteatr va kutubxonani o‘z ichiga olgan Ma’naviyat va madaniyat markazi qurilishi qayd etildi. Shuningdek, maktab, bolalar bog‘chasi, tibbiyot muassasalari, ijtimoiy xizmat obyektlari barpo etiladi.

     Bu yil Qorako‘ldagi Xalqaro matematika maktabi rekonstruksiya qilinib, 200 o‘rinli yotoqxona qurilishi ta’kidlandi. Bu dargohning iqtidorli yoshlari IT sohasiga jalb qilinadi.

     Jahon banki ishtirokidagi Olot va Qorako‘l tumanlari ichimlik suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 139 million dollarlik loyiha yakunlanib, 265 ming aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Bu ikki tumanda 30 yilda ichimlik suvi ta’minoti 17 foiz bo‘lgan, joriy yilda bu ko‘rsatkich 90 foizga yetadi.

     Davlatimiz rahbari uchrashuvda mahalliy aholining murojaatlarini inobatga olib, Olot-Toshkent temir yo‘l qatnovi qayta tiklanishini ma’lum qildi.

     Bugun butun mamlakatda uyg‘onish davri. Loqaydlik, o‘zibo‘larchilik bilan o‘zgarish bo‘lib qolmaydi. Xalqqa sharoit yaratish, tashabbuskorlarga ko‘maklashish, tinimsiz intilish va mehnatgina natija keltiradi. Uchrashuv mana shunday ruhda o‘tdi.

PREZIDENT YOSH DASTURCHILAR BILAN SUHBATLASHDI

     Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahridagi davlat xizmatlari markazi va IT Park ni borib ko‘rdi.

     Bu yerda “yagona darcha” tamoyili asosida 130 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Binoda Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi, Xalq qabulxonasi, Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qabulxona, FHDYO bo‘limi, notarial idora ham joylashgani aholiga qulaylik yaratgan. Kutish zalida kitoblar jovoni tashkil etilgan.

     Davlatimiz rahbari xizmatlar narxini arzonlashtirish, uzoq mahallalar aholisiga sayyor va onlayn xizmat ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

     Shu yerda Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi ham ochilgan. Moliyaviy va yuridik maslahatlar berish, axborot xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

     Binoning ikkinchi qavatida IT Park ning Buxoro filiali joylashgan. Bu yerda ham o‘quvchilar, ham talabalar, ham frilanser va dasturchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bolalar maktab davridan o‘yinlar orqali axborot texnologiyalariga qiziqtiriladi, keyin o‘qitilib, loyihalar ishlab chiqishga o‘rgatiladi. Bu yerda yosh havaskorlar, robototexniklar, veb dizaynerlar, professional dasturchilar yig‘ilgan.

     Prezidentimiz buxorolik yoshlarning salohiyatini yuksak baholab, bu soha mamlakatimiz taraqqiyoti uchun juda muhim ekanini ta’kidladi.

     – Buxoro azaldan ilm-fan markazi bo‘lgan. Bugun ham bilimli, intiluvchan yoshlar ko‘p. Buxoroning IT sohasi bo‘yicha brendini yaratish kerak. Buning uchun barcha narsa – sharoit, resurs, intellekt bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

     Prezidentimiz «Mandey LABS» korxonasiga asos solgan 25 yoshli Saidravshan Shokirov, xalqaro IT kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlayotgan dasturchi Shahrullo Tuxsanov va boshqa yoshlar bilan suhbatlashdi.

     Dolzarb iqtisodiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha yosh dasturchilarga buyurtma berish, mablag‘, energiya resurslari va vaqtni tejovchi dasturiy mahsulotlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

     Davlatimiz rahbari IT Park dagi yoshlar bilan esdalik uchun suratga tushdi.

     IT Park uchun Bukhara City majmuasida 9 va 12 qavatli zamonaviy binolar qurilmoqda. Majmuada kovorking markazi, ofislar, mehmonxona, restoran va sport zallari bo‘ladi. U yerda 700 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

BUXORO AHLI BU ZAMINNING SALOHIYATI VA IMKONIYATLARIGA YARASHA MEHNAT QILISHI VA YASHASHI KERAK

     O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 21-22 yanvar kunlari Buxoro viloyatida bo‘ldi.

     Davlatimiz rahbari 22 yanvar kuni erta tongda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.

     O‘tganlar xotirasiga Qur’on tilovat qilinib, Alloh taolodan yurtimizga tinchlik-farovonlik, xalqimizga salomatlik va saodat tilab duo o‘qildi.

     Buxoro shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

     Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi, respublika vazirlik va idoralari, viloyat, tuman va shahar sektorlari rahbarlari, faollar qatnashdi.

     Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil noyabr oyidan buyon Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Botir Komilovich Zaripov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

     –  Viloyatni boshqarish, odamlarni safarbar qilish oson ish emas. Buni Zaripovning o‘ziyam tushunyapti. Men uni turli lavozimlarda sinaganman, oxirgi uch oyda hokim vazifasini bajaruvchi sifatida sizlar ham sinadingiz.      Buxoroning suvini ichib, changini yutib ulg‘aygan yigit viloyat sharoitini yaxshi biladi. Eng muhimi, buxoroliklarni yaxshi ko‘radi, –  dedi Shavkat Mirziyoyev.

     B.Zaripov 1969 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Bank sohasida turli lavozimlarda ishlagan. 2016-2020 yillarda respublika qurilish materiallari sanoatini boshqargan.

Xalq deputatlari, oqsoqollar so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Botir Zaripov Buxoro viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

–  Buxoroi sharifdek joyga, uning buyuk xalqiga rahbar bo‘lish hammaga ham nasib etmaydi. Ana shu ishonch doim qulog‘ingiz ostida tursin. Kunlar, yillar shiddat bilan o‘tadi. Agar buxoroliklar «viloyatimizga to‘g‘ri kadr kelgan ekan», deb rozi bo‘lsa, men ham o‘zimni baxtiyor sezaman, –  dedi Prezident.

Shuningdek, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Nozimjon Xolmurodov, Buxoro viloyatining prokurori vazifasiga Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan Mahmud Istamov hamda Vobkent tumani hokimi lavozimiga Farhod Umarov tayinlangani ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari bo‘yicha ma’ruza qildi.

– Buxoroning bugungi rivoji ma’qulmi, degan savolga mening javobim: yo‘q. Boshqa viloyatlardagi rivojlanishdan 10 yil orqada qolyapti. Korrupsiya, poraxo‘rlik barham topmayapti. Yalpi hududiy mahsulotda qishloq xo‘jaligi ulushi 50 foiz ekani eski zamondan nishon. Sanoat, xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik bo‘yicha viloyatning imkoniyatlari juda keng. Tuman hokimlari, sektor rahbarlarining dunyoqarashi o‘zgarishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joylardagi muammo va imkoniyatlarni mahalla darajasida o‘rganish, aholi bandligi va daromadini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi ish tizimi joriy etilishi ta’kidlandi.

– Endi jamiyatimizda boshqacha yo‘nalish bo‘ladi – mahalla katta kuchga aylanadi. Agar mahalla raisi bilimli, fidoyi bo‘lsa, kayfiyat ham, iqtisodiyot ham o‘zgaradi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu maqsadda viloyatga ishchi guruh yuborilgan, shahar va tumanlarga vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari biriktirildi.

Mavjud 544 ta mahallaning har biri o‘rganilib, 333 tasi “qoniqarli”, 182 tasi “o‘rta” va 29 tasi “past” rivojlanish toifalariga ajratildi. Aholiga daromad manbai yaratish zaxiralari aniqlangan.

Davlatimiz rahbari ishsizlik muammosiga alohida to‘xtaldi. Yangi ish o‘rinlari ochish va o‘z-o‘zini band qiluvchilarga sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Oilaviy tadbirkorlik, yoshlar biznes loyihalariga 390 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi. Har bir tumanda bittadan kasb-hunar maktabi tanlab olinib, uning bazasida monomarkazlar tashkil etiladi, mahallabay o‘rganish natijasi o‘laroq ishsizlar, yoshlar va ayollar talab yuqori kasblarga o‘rgatiladi.

Buxoro viloyatida 2021-2022 yillar uchun umumiy qiymati qariyb 19 trillion so‘m bo‘lgan 713 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Shundan 555 tasi bu yil amalga oshirilishi, 14 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Xizmat ko‘rsatish sohasi salohiyatini to‘liq ishga solish, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, qadimiy “G‘ijduvon qo‘rg‘oni”ni qayta tiklab, ochiq osmon ostidagi muzey barpo etish, Vobkent tumanidagi “Shirin” qishlog‘ini etnoturizm maskaniga aylantirish, Peshku tumanining Afshona qishlog‘ida “Ibn Sino zamonasi” majmuasini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Buxoro zardo‘zligi va zargarligi xalqaro festivalini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, yangi ta’lim va tibbiyot muassasalari tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilda Buxoroda Prezident maktabi faoliyat boshlaydi. Matematika, axborot texnologiyalari, kimyo-biologiya va fizikaga ixtisoslashgan 16 ta maktab tashkil etiladi. Shuningdek, 18 ta maktabni rekonstruksiya qilish belgilangan.

Davlatimiz rahbari yoshlar masalalariga alohida to‘xtaldi.

– Yoshlarda juda ko‘p g‘oya, intilish bor. Ularga sharoit yaratib, yelkadosh bo‘lsak, ular juda katta kuch, qudrat, imkoniyat va kelajak egasi bo‘ladi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada infratuzilmani rivojlantirish, ichimlik suvi va oqova tarmog‘ini yaxshilash, yo‘llar qurish va ta’mirlash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

– Men hamma viloyatlarimizni yaxshi ko‘raman, hurmat qilaman. Lekin Buxoroning imkoniyatlari, salohiyati hech qaysi viloyatda yo‘q. Bu zaminga xudo bergan, uning har qarichi tarix, ilm. Buxoroliklar buning qadriga yetsa hech qachon kam bo‘lmaydi, – dedi pirovardida davlat rahbari.

Prezidentimiz Buxoro shahrining Nizomiy mahallasida qurilgan zamonaviy uylarni borib ko‘rdi.

Ilgari bu hududda pana-pastqam, kanalizatsiyasi yo‘q uylar bo‘lib, shahar ko‘rkini buzib turardi. O‘tgan yili bu yerda 7 qavatli zamonaviy uylar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etildi.

Shavkat Mirziyoyev mehnat faxriysi Ne’mat ota Hotamov xonadoniga kirdi. Dasturxon atrofida dildan suhbat bo‘ldi.

Bu oila oldin shu mahalladagi eski uyda istiqomat qilar edi. Endi barcha ushbu zamonaviy mavzeda yashayotganidan rozi.

Davlatimiz rahbari xalqimiz mana shunday zamonaviy sharoitlarda yashashga munosib ekanini ta’kidladi.

Shu yerda Buxoro viloyatida avtomobil yo‘llari qurish va ta’mirlash, Buxoro shahrida oqova suv inshootlari qurish, eski ko‘p qavatli uylar qiyofasini yangilash rejalari haqida axborot berildi.

USHBU HAFTA “AXBOROT VA MURABBIYLIK SOATI” MASHG‘ULOTLARINI O‘TKAZISH UCHUN TAYYORLANGAN YORDAMCHI MATERIALLAR

Mavzu: “MILLATLARARO TOTUVLIK VA DINIY BAG‘RIKENGLIK

Ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzidagi ikki yuzga yaqin davlatda 7 milliard 700 million kishini tashkil etadigan, 7000 til va lahjada gaplashadigan aholi istiqomat qilmoqda. Jahonning etnik xaritasiga e’tibor bersak, bugungi kunda dunyoda miqdoran bir necha yuztadan tortib bir necha yuz millionni tashkil etadigan 2000 ga yaqin har xil millat va elatlar yashayotganining guvohi bo‘lamiz. Shunday ekan, millatlararo bag‘rikenglik, ular orasida o‘zaro hurmat va do‘stona aloqalarni o‘rnatish orqaligina dunyoda barqarorlik, osoyishtalikni ta’minlashning asosiy omili bo‘lib qolaveradi.

Tolerantlik to‘g‘risidagi zamonaviy konsepsiya yaqindagina paydo bo‘lib, bu tushunchani shakllantirishda YUNESKO ko‘p kuch-quvvat sarfladi.Jumladan, 1995 yilda ushbu tashkilot tomonidan qabul qilingan “Tolerantlik tamoyillari deklaratsiyasi”da tolerantlik fuqarolik jamiyatining qadriyati va ijtimoiy normasi, deya ta’riflandi. O‘zbekistondagi barqarorlikni hamda davlat va jamiyat taraqqiysini mamlakatda istiqomat qiladigan 136 dan ortiq millat va elatning o‘zaro totuvligisiz, rasman ro‘yhatdan o‘tgan 16 diniy konfessiya vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik munosabatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan qabul qilingan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatliva amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar”i 5.1 bandida ayni “Xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar”, deb belgilangan.Millatlararo hamda dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning uzviy qismi ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu borada bugungi kunga qadar bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Oxirgi uch yillikda davlatimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 maydagi “Millatlararo munosabatlarva xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5046-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5876-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi huzuridagi jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 1018-son qarori hamda boshqa bir qator huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi katta ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni jamiyatda barqarorlik, tinchlik va totuvlikni ta’minlash, fuqarolar ongida katta, ko‘p millatli yagona oilaga mansublik tuyg‘usini mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.

Xususan, Respublika baynalmilal madaniyat markazi va O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining tashkil etilishi muhim ahamiyatkasb etadi.

Mazkur Qo‘mita zimmasiga jamiyatda millatlararo totuvlikva bag‘rikenglikni ta’minlash, tinchliksevar siyosatni, mamlakat hayotining barcha sohalarida erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlarni keng targ‘ib qilish, xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, chet eldagi hamyurtlarimiz diasporasi bilan do‘stlikni mustahkamlashga doir davlat siyosatini izchil amalga oshirish vazifasi yuklanadi.

Qo‘mita millatlararo totuvlik, do‘stlik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish, millatlararo munosabatlar madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, muvofiqlashtirish va rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishi, milliy madaniy markazlarga amaliy va metodik yordam ko‘rsatishi, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi, millati, irqiva diniy e’tiqodidan qat’i nazar, fuqarolar ongida ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” tamoyilini amalga oshirish choralarini ko‘rishi nazarda tutilgan.Farmonda xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni,chet eldagi hamyurtlarimiz va turdosh tashkilotlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy mamlakatlarning tashkilotlari va diplomatik vakolatxonalari, xorijiy davlatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan turdosh tashkilotlar bilan samimiyva o‘zaro hurmatga asoslangan aloqalar o‘rnatish hamda izchil rivojlantirishga qaratilgan ishlarni tizimli amalga oshirish vazifalari belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5876-son Farmoni bilan millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilib, Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi, 2019 — 2021 yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” va Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirishni ta’minlash bo‘yichaKomissiyatarkibitasdiqlangan.Mazkur Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 1 yanvarga qadar millatlararo munosabatlar sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar kompleksini, 2020 yil 1 fevralga qadar millatlararo munosabatlar sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojaroli vaziyatlarva ixtiloflarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish maqsadida mazkur soha holatini monitoring qilish tizimini tashkil etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlashi belgilabqo‘yildi.

Bag‘rikenglik o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan chinakam islomiy fazilatdir. U samimiyat, ochiq muloqot hamda vijdon va e’tiqod tufayli vujudga keladi. Shuningdek, u faqat ma’naviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj hamdir.

2017-2021yillardaO‘zbekistonRespublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini rivojlantirish, yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bu bilan millatlararo munosabatlar rivojida yangi bosqich boshlandi. 

Hukumatimiz rahbariyati barcha fuqarolarimizga diniy marosimlarini, ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun lozim bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Dinimizning asosi – Qur’oni karimda ham bag‘rikenglik keng targ‘ib qilingan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ko‘plab hadislarida g‘ayridinga ham insoniylik yuzasidan yaxshi muomalada bo‘lishni targ‘ib qilganlar. Masalan, "Kimki bir daraxt eksa va undan hayvonmi, qushmi, hasharotmi, odamzotmi yesa, uni ekkan odamga savob bo‘ladi”, degan mazmundagi hadisni olaylik. Mana shu kabi hadislardan ham dinimizning bag‘rikengligini yaqqol ko‘ramiz.

Yurtimiz mo‘min-musulmonlari bu an’analarga sodiq qolib, diniy va milliy totuvlikka katta hissa qo‘shib kelmoqdalar. Mamlakatimizda turli dinlar vakillari yagona maqsad – Vatanimiz O‘zbekistonning yanada gullab-yashnashi yo‘lida birlashmoqda. Dinimizning bag‘rikenglik fazilatini o‘rganar ekanmiz, gap borib aslida odob-axloqqa borib taqalishini ko‘ramiz. Xalqimizga xos bag‘rikenglik ham o‘zining qadimiy ildizlariga ega.

Mamlakatimizda bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini yuksaltirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, fuqarolar totuvligini ta’minlash, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona, teng huquqli munosabatlarni mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi.

Diniy bag‘rikenglik hamisha diniy zamindagi adovatga qarshi o‘ziga xos qalqon vazifasini o‘tagan. U turli e’tiqodlarning bir zamon va makonda birgalikda mavjud bo‘lishiga, o‘zaro hamkorlik va hamjihatlikning shakllanishiga yo‘l ochgan. Bu esa o‘z navbatida yurt tinchligi va taraqqiyotiga, umuminsoniy madaniyat va ma’naviyatning keng rivojlanishiga xizmat qilgan.

 Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek, teng huquqlilik hamda o‘zaro hamjihatlik sharoitida yashab kelishmoqda. Ularning huquq va erkinligi, manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, an’ana hamda qadriyatlarini saqlash, rivojlantirishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgan. Bunday e’tibor natijasida ko‘p millatli xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi qayta tiklandi va qadr topdi.

Insoniyat tarixida kishilar orasidagi teng huquqlilikning buzilishiga, o‘zaro ziddiyatlarga sabab bo‘luvchi omillardan biri bu turli din vakillarining boshqa dinga e’tiqod va amal qiluvchilarga diniy ayirmachilik asosida qarashi, o‘z diniga bo‘lgan tarafkashlik tuyg‘usi, o‘zga dindagi kishilarga boshqacha nazar bilan qarashlaridir. Mana shunday qarashlar oqibatida bugun dunyoning turli davlatlarida har xil nizo va qarama- qarshiliklar yuzaga kelayotir. Diniy bag‘rikenglik aynan mana shu hodisalarning oldini olishda  juda muhim sanaladi. 

Istiqlol yillari Vatanimizda yashayotgan turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlashga, uning qonuniy asoslarini yaratishga jiddiy e’tibor qaratildi. Ushbu tamoyillar O‘zbekiston Konstitutsiyasi va barcha qonunlarimizda aniq va qat’iy muhrlab qo‘yildi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 4-moddasida O‘zbekiston davlati o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivoji uchun sharoit yaratishi alohida ko‘rsatib o‘tildi. Konstitutsiyamizning 18-moddasida esa mamlakatimizning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilab qo‘yildi.

Yaxshi bilamizki, Vatanimiz qit’alararo madaniy-tijoriy aloqalarni yaxshilashga xizmat qilgan Buyuk Ipak yo‘lining qoq markazida joylashgan. Bu yerda turli xalqlarning milliy an’ana va urf-odatlari o‘zaro uyg‘unlikda rivojlangan. Demak, o‘zbekona bag‘rikengligimizning ildizlari juda qadim zamonlarga borib taqaladi va bu borada biz hamisha jahon ahliga namuna bo‘lib kelganmiz.

 Xalqimiz sho‘rolar zamonida qatag‘on, quvg‘inga uchragan ko‘plab millat vakillariga boshpana berdi, og‘ir damlarda bir burda nonini ular bilan baham ko‘rdi. Natijada koreys, nemis, polyak, yunon, qrim-tatar, turk, tojik va boshqa ko‘plab millat vakillari o‘zbek elida muqim yashab qolishdi. Ularning zurriyotlari esa shu zaminda tug‘ilib-o‘sib, shu yerda ta’lim-tarbiya oldilar.

Hozirgi vaqtda diyorimizda Respublika baynalmilal madaniyat markazi faoliyat olib bormoqda. Ushbu markazning bugungi kundagi asosiy vazifasi millatlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, mamlakatimizdagi turli millat vakillarining milliy-ma’naviy urf-odat va an’analarini saqlab qolishga ko‘maklashish, bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekanligini alohida e’tirof etish lozim. Yurtimizning qator shahar va tumanlarida turli xalqlarning milliy-madaniy markazlari tashkil etilgan. Bu markazlar har xil millat farzandlarining o‘ziga xos do‘stlik koshonasiga aylangan. Respublikamiz ta’lim muassasalarida esa o‘quv dasturlari o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, turkman, qirg‘iz va boshqa qardosh xalqlarning tillarida olib borilmoqda. Radio va televideniyelar o‘z eshittirish va ko‘rsatuvlarini bir necha tillarda uzatadi. Shuningdek, 10 dan ortiq tillarda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda. Tabiiyki, bu yerda har xil millat vakillari o‘zlariga ko‘rsatilayotgan beqiyos g‘amxo‘rliklarga javoban davlat boshqaruvi ishlarida, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy hayotda faol va erkin qatnashmoqdalar.

Dunyoda milliy-etnik munosabatlar tobora murakkablashib, hatto eng ilg‘or davlatlarda ham oz sonli millat vakillarini kamsitish, xo‘rlash va siqib chiqarish holatlari kuzatilayotgan bir davrda diniy bag‘rikenglik,  totuvlik, o‘zaro hamkorlik masalasi mamlakatlarning tinchligi va taraqqiyoti uchun eng muhim tamoyillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Turli dinlarga e’tiqod qiluvchilarning bir jamiyatda diniy bag‘rikenglik, dinlararo o‘zaro hamkorlik tamoyillari asosida, tinch-totuv va teng huquqli tarzda hayot kechirishlari avvalo shu jamiyat gultoji bo‘lgan insonlarga bevosita bog‘liqdir. Shunday ekan, har birimiz jamiyatdagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi oliyjanob fazilatlarni qaror toptirishda, ajdodlardan meros milliy va umumbashariy qadriyatlarimizni davom ettirishda o‘z hissamizni qo‘shaylik.

Xulosa qilib aytganda, qayd qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning hayotga tatbiq etilishi mamlakatda millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha yaxlit tizimni rivojlantirish, milliy madaniy markazlar uchun yanada qulay va keng imkoniyatlar yaratish, ularning bunyodkorlik tashabbuslari va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalarini yanada rivojlantirish, “xalq diplomatiyasi” vositasida chet eldagi vatandoshlar bilan munosabatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.