Axborot soati 13.01.2021

Axborot soati: Yuklab olish

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING “2021 YIL UCHUN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BUDJETI TO‘G‘RISIDA”GI QONUNI IJROSINI TA’MINLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

 q a r o r i

 

PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEVNING OLIY MAJLISGA

VA O‘ZBEKISTON XALQIGA

MUROJAATNOMASI

 

Assalomu alaykum, hurmatli deputat va senatorlar! Aziz yurtdoshlar! Muhtaram mehmonlar! Xonimlar va janoblar!

Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llanayotgan bu yilgi Murojaatnoma, o‘tgan yillardan farqli ravishda, murakkab bir davrga to‘g‘ri kelmoqda.

Barchangizga ma’lumki, kirib kelayotgan 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga 30 yil to‘ladi. Albatta, bu tarixiy sanani siz azizlar va butun xalqimiz bilan birgalikda, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya asosida keng bayram qilamiz.

Bugun kelgusi yil uchun reja va dasturlarimizni aniq belgilab olar ekanmiz, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlab, eng muhim va ustuvor sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz, albatta.

Ta’kidlash kerakki, pandemiya barchamizga tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini, tez yordam xizmati, sanitariya-epidemiologiya tizimini tubdan isloh qilish muhim hayotiy zarurat ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Hozirgi vaqtda dunyoning boshqa mintaqalarida kuzatilayotgan “pandemiyaning navbatdagi to‘lqini” va u bilan bog‘liq xavf-xatarlar hammamizni yanada hushyor va ogoh bo‘lishga undamoqda.

Buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy hazratlarining “Tiriklik hikmatini sog‘liqda, deb bilgin”, degan chuqur ma’noli so‘zlari naqadar to‘g‘ri ekanini hayotning o‘zi bugun qayta-qayta isbotlamoqda.

Shu bois, mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, pandemiya davrida orttirgan tajribamiz hamda xorijdagi ilg‘or yutuqlardan foydalanib, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur.

Bunda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish – eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi lozim.

Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi.