07-06-2019 Axborot soati

Axborot soatini yuklab olish uchun 

 “Ekologiya va atrof-muhit” “Axborot va murabbiylik soati” mashg‘ulotlarining 1-bosqichi materiallari.*
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY,
IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR
MA’LUMOTLAR
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i

http://uza.uz/oz/documents/zbekiston-respublikasida-korruptsiyaga-arshi-kurashish-tizim-28-05-2019
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING JINOYAT KODEKSIGA HAMDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MA’MURIY JAVOBGARLIK TO‘G‘RISIDAGI KODEKSIGA O‘ZGARTISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 26 aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019 yil 3 mayda ma’qullangan
http://uza.uz/oz/documents/zbekiston-respublikasining-zhinoyat-kodeksiga-amda-zbekiston-29-05-2019
IXTISOSLASHTIRILGAN O‘QUV-TARBIYA MUASSASALARI FAOLIYATINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

http://uza.uz/oz/documents/zbekiston-respublikasi-prezidentining-arori-30-05-2019
RAMAZON HAYITINI NISHONLASH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
http://uza.uz/oz/documents/ramazon-ayitini-nishonlash-t-risida-30-05-2019
*Eslatma: Mazkur haftada o‘tkaziladigan “Axborot va murabbiylik soati” mashg‘ulotlarining 2-bosqich. 5 iyun – “Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni” tadbirlari samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor berish Mamlakatimiz va jahonda  amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar haqida talaba-yoshlarga tushuntiriladi.
Haftalikning 3-bosqichida talaba-yoshlarga vazminlik fazilati haqida tushuncha beriladi, 4-bosqichda – talabalarning qaysi bosqichdaligiga qarab oyning boshida berilgan kitoblarning biri haqida fikr-mulohaza yuritiladi. O‘qishga berilgan kitoblarga yakuniy xulosa qilinadi.

TADBIRKOR VA INVESTORLAR MUROJAATLARINI HAL ETISH BO‘YICHA YANGI TIZIM JORIY ETILADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini ishga tushirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish – mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining muhim yo‘nalishi etib belgilangan. Keyingi yillarda biznes muhitini yaxshilash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha farmon va qarorlar qabul qilindi. Ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishlar qisqartirildi. “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari tadbirkorlik istagidagilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda. Natijada yangi tashkil etilgan sub’ektlar soni 2,3 baravarga ko‘paygani buning tasdig‘idir.
Biroq joylarda byurokratiya, ta’magirlik va tadbirkor faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari hali ham uchrab turibdi. Misol uchun, joriy yilning birinchi choragida Prezident Xalq qabulxonalariga tadbirkorlardan 16 mingta murojaat tushgan. Ular asosan yer ajratish, gaz, elektr va suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, kredit, soliq masalalariga taalluqli. Ikki mingga yaqin murojaatda mansabdorlarning xatti-harakatlaridan norozilik bildirilgan.
Bu muammolarni tizimli hal etish, tadbirkorlarga chinakam ko‘mak berish maqsadida joriy yil 14 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilishi belgilandi.
Yig‘ilishda mazkur qabulxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Prezidentimiz adliya vaziri va Savdo-sanoat palatasi raisi rahbarligida Respublika ishchi guruhi tuzib, joylarda tadbirkorlar bilan ochiq, amaliy uchrashuvlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi. Aniqlangan muammolarning hududga taalluqlisi viloyat hokimiga, respublika ahamiyatiga molik bo‘lgani esa Bosh vazirga berilishi, ular haftada bir kun qabulxona masalalari bilan shug‘ullanishi ko‘rsatib o‘tildi.
Qayd etilganidek, qabulxonalar ishi uch bosqichda olib boriladi. Avvalo, qabulxonada tasdiqlangan kunlik jadval asosida hokimliklar, Savdo-sanoat palatasi, investitsiya boshqarmasi, prokuratura, adliya, soliq organlari, qurilish, kadastr, bank va boshqa tashkilotlar vakillari tadbirkorlarni qabul qiladi.
O‘z echimini topmagan murojaatlar viloyat qabulxonalariga yuboriladi. Natija bo‘lmasa, Vazirlar Mahkamasining kotibiyatida Biznes ombudsman, Savdo-sanoat palatasi va vakolatli idoralar ishtirokida ko‘riladi.
Murojaatlar shunda ham o‘z yechimini topmasa, tadbirkorlarni Bosh vazirning shaxsan o‘zi qabul qiladi. Bosh vazir qabulxonasi murojaatlarni tahlil qilib, bu borada vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Prezident Administratsiyasi va Oliy Majlisga tadbirkorlarga sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritadi.
Xorijiy investorlarga ko‘maklashish Bosh vazir qabulxonalarining asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi. Shu bois ularga xorijiy tillarni biladigan va investorlar bilan ishlash salohiyatiga ega kadrlar ishga olinadi.
Investitsiyalarni jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni monitoring qilish, investorlarning turli idoralardagi muammosini hal qilib berish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda sektorlar va davlat idoralari rahbarlari tadbirkorlarga har tomonlama ko‘maklashishi, xalq deputatlari Kengashlari majlislarida ularning bu boradagi faoliyati muhokama qilinishi zarurligi ta’kidlandi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqishda shaffoflik va tezkorlikni ta’minlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga murojaatlar harakatini nazorat qilishning yagona elektron portalini joriy qilish vazifasi yuklatildi.
Yangi tizimning mazmuni va mohiyatini tadbirkorlarga etkazish, jumladan, qabulxonalar faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish bo‘yicha ham tavsiyalar berildi.

SHAVKAT MIRZIYOYEV: ASOSIY MAQSAD - MAMLAKATIMIZDA INSON KAPITALINI RIVOJLANTIRISH

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 may kuni ilm-fan va oliy ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda 24 may kuni O‘zbekiston Milliy universitetida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda aytilgan takliflar va dolzarb masalalar muhokama qilindi.
O‘sha uchrashuvda davlatimiz rahbari ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga doir takliflarni muhokama qilish uchun maxsus maydon yaratish maqsadida Respublika fan va texnologiyalar kengashini tashkil etishni taklif qilgan, olimlar buni qo‘llab-quvvatlagan edi.
Yig‘ilishda mazkur kengashning asosiy vazifalari belgilab berildi. Jumladan, sohaga oid davlat dasturlarini shakllantirish va markazlashgan tartibda moliyalashtirish orqali ilm-fanni tubdan rivojlantirish, yuksak natijadorlikka yo‘naltirilgan ixtisosliklar bo‘yicha milliy laboratoriyalar tizimini yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz fani nufuzini ko‘tarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyotda yuqori samara beradigan va ijtimoiy masalalarni oqilona hal etishga qaratilgan yo‘nalishlar belgilanib, ularni rivojlantirishga mas’ullar biriktirildi.
O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti negizida ilmiy maktablar yaratish, nanotexnologiyalar, materialshunoslik, yarimo‘tkazgichlar fizikasi, biofizika va bioximiya, biotexnologiyalar bo‘yicha olimlar avlodini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, olimlar bilan uchrashuvda to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha doimiy komissiyalar tuzishga kelishib olingan edi. Bu galgi yig‘ilishda mazkur komissiyalarning vazifalari, komissiya a’zolarining ish tartibi va mas’uliyati belgilandi.
Birinchi komissiya ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini doimiy tahlil qilib, mavjud muammolarni bartaraf etishga amaliy yordam ko‘rsatadi.
Ikkinchi komissiya oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoni hamda ta’lim sifatini tahlil qiladi va unga baho beradi.
Uchinchi komissiya oliy o‘quv yurtlaridagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar, 5 ta tashabbusning amalga oshirilishini tahlil qiladi.
To‘rtinchi komissiya oliy ta’lim va ilm-fan sohasida salmoqli yutuqlarga erishgan xorijdagi vatandoshlarimizni yurtimizda mutaxassisligi bo‘yicha faoliyatga jalb qilish bo‘yicha ish olib boradi.
– Bu ishlardan asosiy maqsad mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish. Xomashyo va uni qayta ishlash bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Qolaversa, ishlab chiqarishda qo‘shimcha qiymat olish uchun ham innovatsiyalar kerak. Shu bois ilm-fan taraqqiyotimizning muhim yo‘nalishi, tayanchi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Akademik olimlar, professor-o‘qituvchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, talabalarga zamonaviy shart-sharoit yaratish, ular orasidan bo‘lajak ilm-fan vakillarini topib, kamolga etkazish zarurligi ta’kidlandi.
Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilab, ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘ZBEKISTON VA GERMANIYA PREZIDENTLARI MUZOKARA O‘TKAZDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari uchrashuv avvalida Germaniya Prezidenti va xalqini GFR tashkil topgani hamda Bosh qomusi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan tabrikladi.
Germaniya Federal prezidenti davlatimiz rahbariga mamlakatimizga tashrif bilan kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida izchil siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Frank-Valter Shtaynmayer GFR tashqi ishlar vaziri sifatida 2006 va 2016 yillarda ham yurtimizga tashrif buyurgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil yanvarda Germaniyaga rasmiy tashrifi davlatlararo munosabatlarda yangi sahifa ochdi.
Ko‘ksaroydagi uchrashuvda ko‘p qirrali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro tajriba almashishda parlamentlar muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi. Bu borada 23 may kuni Toshkentda o‘tkazilgan konstitutsion tizim va parlamentarizm bo‘yicha O‘zbekiston – Germaniya forumi har jihatdan foydali bo‘lgani qayd etildi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holatini baholab, uni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar. 2018 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga o‘sib, 77O million dollardan oshgani, joriy yil yanvardagi kelishuvlardan so‘ng Germaniya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi tobora ortib borayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatlarimiz xalqaro tuzilmalar doirasida ham yaxshi hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston Germaniyaning BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zoligiga intilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Germaniya O‘zbekistonning mintaqada barqarorlikni mustahkamlash, Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga ko‘maklashish, Orol dengizi qurishi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi.
Muloqotda tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi. O‘zbekiston – Evropa Ittifoqi formati doirasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Prezidentlar Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston-Germaniya maslahatlashuvlari mexanizmining yo‘lga qo‘yilishini ma’qulladilar.
Muzokaralarda O‘zbekiston va Germaniyaning keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga intilishi, barcha masalalar bo‘yicha qarashlari o‘xshash va yaqinligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.  

PREZIDENTLAR MUZOKARALAR NATIJALARIDAN MAMNUNLIGINI BILDIRDI

O‘zbekiston va Germaniya Prezidentlarining muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. 
Axborot almashish va uni himoya qilish, parnik gazlari chiqarilishini kamaytirish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish, «Volkswagen» kompaniyasi bilan hamkorlikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish to‘g‘risida va boshqa hujjatlar imzolandi. Prezidentimiz ushbu kelishuvlar, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan Germaniyaning "Integra GmbH" va "Vamed Engineering GmbH" kompaniyalari hamkorligida Toshkent shahrida Yadroviy tibbiyot va nurli terapiya markazini tashkil etish bo‘yicha bitim xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Ommaviy axborot vositalari uchun o‘tkazilgan brifingda Prezidentlar muzokaralar an’anaviy do‘stlik, ochiqlik va o‘zaro anglashuv ruhida o‘tgani, muhim kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.
– Joriy yil yanvar oyida Berlin shahrida o‘tgan uchrashuvimizning mantiqiy davomi bo‘lgan bugungi muzokaralar natijalaridan to‘la mamnunman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlari – siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ko‘plab sohalarga doir masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Germaniya hamkorligining bugungi holati muhokama qilinib, kelgusi ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar belgilab olindi.
– O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda o‘sish ro‘y berayotganini ko‘ryapmiz va bunga hurmat bilan qaraymiz. Katta delegatsiyadan iborat ushbu tashrifimiz ham hamkorlikni kengaytirishga intilishimiz va qo‘llab-quvvatlashimizdan dalolat beradi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida va Evropa Ittifoqi doirasidagi aloqalarga doir keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilganimizdan, ularning natijalaridan mamnunmiz, – dedi Frank-Valter Shtaynmayer. 
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-madaniy munosabatlar rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan Germaniya tashkilotlari va vakillariga minnatdorlik bildirdi.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ROSSIYA FEDERATSIYASI HUKUMATI RAISINI QABUL QILDI

Joriy yilning 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning birinchi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedevni qabul qildi.
Prezidentimiz mehmonni samimiy qutlar ekan, strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotgani va izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Rossiya Hukumati Raisi, o‘z navbatida, samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
Uchrashuvda oliy darajadagi muntazam va samarali muloqot, Rossiya Prezidentining o‘tgan yil oktabr oyida mamlakatimizga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilishi ko‘p qirrali O‘zbekiston-Rossiya aloqalarini kengaytirishga, amaliy hamkorlikni aniq dastur va loyihalar bilan boyitishga xizmat qilgani ta’kidlandi.
O‘zaro aloqalar va almashinuvlar faollashgani alohida ta’kidlandi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etkazib berish bo‘yicha «yashil yo‘lak» samarali ishlamoqda, to‘qimachilik mahsulotlarini etkazishda soddalashtirilgan bojxona tartibi joriy etilgan.
Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama dastur doirasida hududlar va ishbilarmonlar darajasida umumiy qiymati 13 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bugun O‘zbekistonda Rossiyaning «Gazprom», «Lukoyl», «Forus», «Tatneft», «Silovыe mashinы», «Kamaz», «Evrotsement», «Ekokultura», «Gazprombank», «VEB» va boshqa ko‘plab etakchi kompaniya va banklari faol ishlamoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda. Yaqinda mamlakatimizda Rossiya madaniyat markazining 25 yilligi keng nishonlandi, Rossiyalik vatandoshlarning mintaqaviy konferensiyasi va Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchilarining beshinchi xalqaro forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish hamda turli iqtisodiy tarmoqlardagi ustuvor investitsiya loyihalarini jadallashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
“Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha strategik loyihani o‘z vaqtida va sifatli tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Savdo aloqalari va ishlab chiqarish kooperatsiyasini yanada faol rivojlantirish uchun mamlakatlarimiz hududlarining salohiyatini samarali ro‘yobga chiqarish muhim ekani ta’kidlandi. Hududlar ma’muriyati va ishbilarmon doiralar darajasida almashinuvlarni faollashtirishga kelishib olindi.
Shuningdek, ilmiy-texnik va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. 
Bugun Urganch shahrida bo‘lib o‘tadigan Qo‘shma komissiya birinchi majlisi bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rishda muhim bosqich bo‘lishi hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qilishi qayd etildi. 
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi uzoq muddatli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama rivojlantirish, keng ko‘lamli amaliy hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekani va bu boradagi intilish qat’iyligi ta’kidlandi.

O‘ZBEKISTON PREZIDENTI MDH DAVLATLARI HUQUQNI MUHOFAZA QILISH ORGANLARI RAHBARLARINI 
QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ichki ishlar vazirlari kengashining shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan tadbirlarida ishtirok etayotgan MDHga a’zo davlatlar ichki ishlar vazirliklari va idoralari rahbarlarini qabul qildi.
Prezidentimiz Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari rahbarlarini samimiy qutlar ekan, Hamdo‘stlik mamlakatlari huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bugungi kunda MDH Ichki ishlar vazirlari kengashi samarali hamkorlik, ilg‘or tajriba va bilim almashish, shuningdek, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik va odam savdosiga qarshi kurashishdagi sa’y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish uchun muhim mexanizm ekani ta’kidlandi.
Hamdo‘stlik hududida jinoyatlar soni keyingi besh yilda 25 foizdan ziyodga qisqargani Kengash faoliyatining natijadorligidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, birgina o‘tgan yilda qo‘shma operatsiyalar doirasida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullangan 892 nafar shaxsning faoliyatiga chek qo‘yildi hamda 84 nafar jinoyatchi ushlandi.
Uchrashuvda MDHga a’zo davlatlar ichki ishlar organlari hamkorligini yanada kengaytirish, jumladan, samarali idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari, xususan, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda sheriklikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Delegatsiyalar rahbarlari Prezidentimizga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, o‘z davlatlari rahbarlarining salomini etkazdilar.
Mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish tizimida huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va profilaktika qilish bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi yuksak baholandi.
Hamdo‘stlik mamlakatlari huquqni muhofaza qilish tuzilmalari o‘zaro qo‘llab-quvvatlash hamda umumiy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida faol hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekani alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari MDH Ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

SHAVKAT MIRZIYOYEV XORIJIY DAVLATLAR ELCHILARIDAN ISHONCH YORLIQLARINI QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni Gruziya, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Zurab Abdushelishvili, Deniel Rozenblyum va Kan Chje Kvondan ishonch yorliqlarini qabul qildi. 
Davlatimiz rahbari elchilarni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ushbu sharafli va mas’uliyatli vazifada muvaffaqiyatlar tiladi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan faol tashqi siyosat olib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Markaziy Osiyo va MDH davlatlari, Amerika, Yevroosiyo va Afrikaning etakchi mamlakatlari bilan munosabatlar mustahkamlanib, amaliy hamkorlik tobora faollashayotgani bundan dalolat beradi.
Bundan tashqari, "yo‘l xaritalari" asosida nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar bilan uzoq muddatli sheriklik aloqalari kengaymoqda.
Prezidentimiz o‘z nutqida yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikning istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi, avvalo siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda parlamentlararo aloqalar ham faollashdi.
Gruziya bilan tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat, transport, logistika va turizm sohalarida kooperatsiyani kuchaytirishga qaratilgan aniq loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma SHtatlarining do‘stlik va har tomonlama hamkorlik ruhidagi ikki tomonlama munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini yuqori baholadi.
O‘tgan yil may oyida AQSHga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif mamlakatlarimiz strategik sherikligida yangi bosqichni boshlab berdi.
Bugun barcha darajalardagi muloqot va almashinuvlar faollashgani kuzatilmoqda. AQSH savdo vaziri Uilbur Ross, kongressmenlar Trent Kelli va Visente Gonsales, Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant va boshqalar boshchiligidagi yuqori darajadagi delegatsiyalarning mamlakatimizga tashriflari samarali bo‘ldi.
Amerikaning etakchi kompaniya va banklari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik kengaymoqda, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlarini ta’minlash sohasida, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari Koreya Respublikasi bilan munosabatlarda alohida strategik sheriklikka erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje Inning o‘tgan oyda O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuksak bosqichga olib chiqib, ularni yangi amaliy mazmun bilan boyitdi.
Mamlakimiz Koreya Respublikasi rahbariyatining Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi izchil siyosatini qat’iy qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.
Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, innovatsiya va investitsiyalar, transport va kommunikatsiyalar, infratuzilmani modernizatsiya qilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma dastur va loyihalarni o‘z vaqtida tayyorlash va sifatli ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentimiz yangi tayinlangan elchilar faol diplomatik faoliyati bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildirdi. 
O‘z navbatida, Favqulodda va muxtor elchilar davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida samarali davlatlararo munosabatlarni izchil rivojlantirishga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini qayd etdilar.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI EVROPA KENGASHI PREZIDENTINI QABUL QILDI

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Yevropa kengashi Prezidenti Donald Tuskni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari yuqori martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, Yevropa ittifoqi bilan konstruktiv siyosiy muloqot hamda savdo-iqtisodiy, innovatsion, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar sohalarda samarali amaliy hamkorlik rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa ittifoqi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘ladigan joriy yilda Yevropa Kengashi Prezidentining mamlakatimizga ilk tashrifi ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish va mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani va bunga intilayotganidan dalolat beradi.
“O‘zbekiston – YI” hamkorlik kengashi va qo‘mitasining muntazam majlislari, parlamentlararo almashinuvlarning rivojlanayotgani, Yevropa ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini va boshqa oliy martabali vakillarning mamlakatimizga tashriflari keyingi yillarda o‘zaro aloqalar faollashganini ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimiz va YI o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida yangi bitim loyihasi yuzasidan muzokaralar boshlangan.
Yevropa ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi va investitsiya loyihalari soni ortmoqda. O‘zaro savdo va investitsiyalarni yanada ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha maslahatalashuvlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, evropalik hamkorlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi masalasida ko‘maklashmoqda.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklik qayta yo‘lga qo‘yildi va kengaymoqda, mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida Yevropa investitsiya banki ishtirokida ilk qo‘shma loyihalar amalga oshirila boshlandi.
“Gorizont-2020” va “Erazmus plyus” dasturlari doirasida faol ilmiy va o‘quv almashinuvlari amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda asosiy e’tibor iqtisodiyot, savdo, innovatsiya va investitsiyalar, transport, fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga qaratildi.
Mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar Yevropa biznesining etakchi vakillari yurtimizda yanada keng faoliyat yuritishlari, mamlakatimizga eng yangi texnologiyalar, ilg‘or tajriba va yuksak standartlarni faol jalb qilish uchun imkoniyatlar ochayotgani alohida ta’kidlandi.
Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasiga muvofiq mintaqada o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Yevropa kengashi Prezidenti O‘zbekistonning Orol dengizi havzasidagi ekologik halokatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish borasidagi amaliy sa’y-harakatlariga yuksak baho berdi, Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p sheriklik asosidagi trast fondi doirasida faol hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik boshqa dolzarb masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida butun mintaqa barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida keng ko‘lamli sheriklikni yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida tomonlarning intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.

ANGRENDA ZAMONAVIY TEMIR YO‘L VOKZALI 
BARPO ETILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni Toshkent viloyatining Angren shahriga tashrif buyurdi. 
Davlat rahbarining avvalgi tashrifi chog‘ida belgilab berilgan vazifalar asosida Angrenda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Angren temir yo‘l vokzali barpo etildi.
Angren transport kommunikatsiyalari jihatidan muhim strategik hudud. Toshkentni vodiy bilan bog‘lovchi temir yo‘l qurilganidan keyin uning ahamiyati yanada ortdi. Lekin vokzal yo‘qligi bois yo‘lovchilar uzoq stansiyalarga borishga majbur bo‘lardi. Yangi vokzal shahar aholisi va turistlar uchun katta qulaylik yaratadi. 
Vokzalda bir vaqtning o‘zida 100 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Kutish zali, ona va bola xonasi, tibbiy punkt, ovqatlanish va savdo shaxobchalarida barcha sharoit yaratilgan. 
Prezidentimiz vokzalda yo‘lovchi va xizmatchilar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. 
Shu yerda Toshkent viloyatida turizm, energetika, kimyo, metallurgiya sohalaridagi istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Prezidentimiz «Chorvoq» erkin turistik zonasida xalqaro dam olish maskanlari, Beldirsoy, Chimyon va Nanay hududlarida Fransiya kompaniyalari konsorsiumi ishtirokida tog‘-chang‘i kurorti barpo etish loyihalariga alohida ahamiyat qaratdi.

BESHTA TASHABBUS BO‘KA QIYOFASINI TUBDAN O‘ZGARTIRDI

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bo‘ka tumanida Beshta tashabbus doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. 
Bo‘ka tumani davlatimiz rahbarining ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surgan beshta muhim tashabbusni hayotga joriy etish bo‘yicha namuna qilib olingan. Bo‘ston, Chavlisoy, Yangiqo‘rg‘on va Rovot mahallalarida ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari Bo‘ston mahallasidagi Yoshlar istirohat bog‘ida bo‘ldi. Qariyb 2 gektar maydonni egallagan bog‘da yoshlar voleybol, basketbol, shaxmat-shashka, stol tennisi bilan shug‘ullanishi, attraksionlar, raqs maydoni, internet kafeda bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi mumkin. Kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida 4 mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatadigan Xalq kutubxonasi tashkil etildi. 450 tomoshabinga mo‘ljallangan “Bo‘ston arena” stadioni rekonstruksiya qilindi. Bolalar va o‘smirlar sport maktabi balansiga o‘tkazilgan stadionda barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bu erda 100 dan ziyod o‘quvchi-yosh futbol bilan shug‘ullanadi.
Ilgari hudud aholisi oddiy tashxis uchun ham tuman markaziga borishga majbur edi. Hududdagi 7-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi mukammal ta’mirlanib, zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. 100 qatnovga mo‘ljallangan shifo maskani beshta mahalladagi 14 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bu erda kunduzgi statsionar, ijtimoiy dorixona, elektron poliklinika tizimi yo‘lga qo‘yildi. 
Davlatimiz rahbari poliklinikadagi sharoitni, uning yonida barpo etilgan “Bo‘ston baraka chevarlari” MCHJga qarashli tikuvchilik sexini ko‘zdan kechirdi, tikuvchi ayollar bilan muloqot qildi.
- Mening niyatim sizlarni rozi qilish, ayollarning charaqlagan baxtli ko‘zlarini ko‘rish. Sizlar xursand bo‘lsangiz, oilalaringiz xursand bo‘ladi, bolalarning dunyoqarashi, ma’naviyati o‘zgaradi, - dedi Prezident.
Mahalla guzarida go‘zallik saloni ochildi. Uzoq vaqt ishlamagan ushbu bog‘cha qayta ta’mirlandi va 150 bolani o‘z bag‘riga oladigan bo‘ldi. Guzardagi 1978 yilda qurilgan kinoteatr binosi shu kunga qadar qarovsiz holda edi. Bugun bu erda 150 o‘rinli kinoteatr, raqs, doira, rubob, tasviriy san’at, fortepyano kabi to‘garaklardan iborat zamonaviy madaniyat markazi qad rostladi. 
- Uzoq yillar Bo‘ka tumaniga etarli e’tibor berilmagani uchun xalqimizdan qarzimiz bor edi. Bugungi o‘zgarishlar - rahbarlar xohlasa nimalar qilishi mumkinligiga misol, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan Beshta tashabbus doirasida Bo‘ka tumani markazida Madaniyat va ma’rifat ekoparki barpo etildi. Prezidentimiz ushbu istirohat bog‘iga tashrif buyurib, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Bu erda Beshta tashabbusning barchasi mujassamlashgan. Zamonaviy kutubxona hamda kitob o‘qish uchun sokin joylar, kompyuter o‘yinlari uchun maydonlar, Wi-Fi hududlari tashkil etilgan. Yopiq amfiteatr, kafelar qurilgan. Universal sport maydonida vorkaut va badantarbiya, mini futbol, badminton, stol tennisi va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanish uchun keng sharoit yaratilgan. Velosiped, samokat, skeytbord va roliklar ijarasi ham yo‘lga qo‘yilgan. Majmua har oyda o‘rtacha 6 ming nafar yigit-qizni jalb qilishi mumkin.
Shavkat Mirziyoyev bog‘dagi kutubxonani kirib ko‘rdilar.
- Hududlarga kitob etkazib berish yaxshi. Lekin ularni o‘qish, o‘qitish etarli darajada emas. Bolalarimizni bog‘cha yoshidan, boshlang‘ich sinflardan kichik-kichik kitoblarga o‘rgatish, shu orqali ularni kitobsevar etib ulg‘aytirish zarur. SHundagina jamiyatimizda kitobxonlik muhiti shakllanadi, boshqalar ham kitob o‘qishga qaytadi, - dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda ilmiy yondashuvlar asosida kitob o‘qitish metodikasi hamda qaysi yoshda qanday asarlarni o‘qish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Bog‘da butun yil davomida rang-barang madaniy tadbirlar va mahallalararo musobaqalar o‘tkazish, o‘quvchilarning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

EKOLOGIYA VA ATROF-MUHIT

Ekologiya va atrof muhit muhofazasi bugun har bir mamlakat oldidagi strategik vazifalardan biri  hisoblanadi. O‘zbekiston ham bu boradagi vazifalarga 2017 yilning aprel oyidan boshlab tamomila yangicha yondashuv joriy qilgan. YA’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilning 21 aprelidan “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvini tizimli takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi. Mazkur Farmon asosida tashkil qilingan Ekologiya va  atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va boshqa tashkilotlarga aniq vazifalar yuklandi. Ushbu vazifalarning bajarilishi qanday imkoniyatlarni yaratmoqda? Bu jarayondagi muammolar nimalardan iborat?
Veloyo‘laklar targ‘iboti qanday kechmoqda?
Bugungi kunda ekologik toza transport hisoblangan veloipedlarning maxsus ajratilgan yo‘lakchalarda harakatlanishi va ularni targ‘ib qilish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Qonunchilik darajasida bu borada e’tiborga molik yangiliklar bormi?
 Shaharlarda kundan kunga transport vositasi ko‘paymoqda. Bu atrof-muhitga va aholi salomatligiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Ayni paytda qonunchilik nuqtai nazardan ekologiya sohasidagi xalqaro tajribani o‘rganyapmiz. Amaliy ishlar haqida aytadigan bo‘lsak, mana, yaqinda O‘zbekiston Ekologik harakati hamda Yevropa xavfsizlik hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda Namangan viloyatida veloyo‘lak loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Namangan shahrida 12 km masofada joriy qilingan ushbu loyiha doirasida faol qatnashgan 80 nafar fuqaroga velosipedlar tarqatib berildi.
Bu loyiha, albatta, butun respublikaga joriy qilinadi. Mazkur loyiha yaqin kunlarda Navoiy viloyatida ham amalga oshiriladi. Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tmoqchiman, mazkur loyihani tashkil qilishda biz birmuncha qiyinchiliklarga duch keldik. Veloyo‘lakni qurish jarayonida yo‘llarimiz bugungi kun talabida qurilmaganligi hamda ko‘p qavatli uylarning ushbu yo‘laklarga yaqin bo‘lib qolganiga guvoh bo‘ldik. Endilikda qurilish va loyihalashtirish bo‘yicha faoliyat olib boradigan tashkilotlar veloyo‘laklar uchun maxsus joylar ajratilishiga alohida e’tibor qaratsalar, yaxshi bo‘lardi.
Tadbirkorlarga yangi imtiyozlar 
Etakchi olimlar fikrlariga ko‘ra 2050 yilga qadar dunyo bo‘yicha qayta tiklunuvchi energetika manbalariga to‘liq o‘tish zarurligi qayta-qayta ta’kidlanmoqda. Muqobil energetikani targ‘ib qilish bo‘yicha qanday yangi innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda?
Bu yo‘nalish hamisha davlatimiz rahbarining e’tiborida. Shu kunlarda qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha qonun loyihasi ishlanmoqda, — deydi  Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Oybek Adhamjonov. — Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqaruvchi xoh yuridik  shaxs bo‘lsin, xoh oddiy fuqaro bo‘lsin, o‘zining ehtiyojidan ortiq ishlab chiqaradigan bo‘lsa, sotish imkonini berishimiz kerak. Bu borada yaqinda qabul qilingan qaror huquqiy hujjat bo‘lib xizmat qiladi. Qabul qilayotgan qonun loyihamizda ham o‘z aksini topadi. Qarorga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisoblangan quyosh panellari, batareyalari, quyosh kollektorlari yoki biogaz uskunalari ishlab chiqarganlarga juda katta imtiyozlar berilyapti. Ular 2020yilgacha soliqlardan ozod etilyapti. Shuning bilan birga xorijdan texnologiya olib keladiganlarga bojxona to‘lovlardan ozod qilish ham ko‘zda tutilgan.
Elim xaltalar qachongacha ishlatiladi?
Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, bir insonning ehtiyojini qondirish uchun yil davomida 20 tonna mahsulot qayta ishlanar ekan. Buni qarangki, ushbu mahsulotning 10 yoki 5 foizigina tayyor mahsulot sifatida ishlab chiqarilar ekan. Ana shu suratda ketsak, chiqindilar orasida qolib ketishimiz hech gap emas. Ilgari ko‘p marta ishlatiladigan xaltalardan foydalanilgan. Bir marta ishlatiladigan elim xaltalardan butunlay voz kechishimiz kerak. Do‘konga borsangiz, elim xaltalar tekinga beriladi. Agar shu xaltalar sotilishini yo‘lga qo‘ysak, xaridorlar ularni kamroq sotib olisharmidi…
Kelgusida bu muammolar, albatta, qonunchilik doirasida ko‘rib o‘tiladi. SHu o‘rinda kuzatuvlarimizdan yana birini aytib o‘tmoqchimiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida shamol elim xaltalarni juda katta hududlarga uchirib ketgan. Va bu xaltalarning yerga ko‘rsatayotgan zarari borasida fermerlarimiz ham shikoyat qilishmoqda. Bu borada o‘z takliflarimizni kelgusidagi qonunlarimizga kirityapmiz. Ana shunday takliflarimizdan biri xaltalarni organik moddalardan foydalangan holda ishlab chiqarish lozim. Shundagina ular tezroq chiriydi. Bizningcha, surpdan tayyorlanadigan ekosumkalarni ham ko‘proq ishlab chiqarishimiz lozim.
Daraxtlar kesilishini kim nazorat qiladi?
Daraxt kesilishi masalasi O‘zbekiston Respublikasi “O‘simlik dunyosini muhofaza  qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunda belgilanadi. Mazkur qonunning 37-moddasiga ko‘ra, qurilish ostiga tushgan, qurigan va zararlangan daraxtlarning kesilishiga mahalliy hokimiyat organlari tomonidan  ruxsat beriladi. Bunda dastlab Ekologiya qo‘mitasi tomondan xulosa beriladi. Ammo daraxtlarni noqonuniy kesilish hollari ham uchrab turadi. bu borada shu kungacha 1700dan ortiq huquqbuzarlik holati aniqlangan. Bu holatni sodir etganlarning aksariyati ma’muriy javobgarlikka tortilib, 8 million so‘mdan  ortiq jarima belgilangan.
Chiqindi poligonlari sanitariya talabiga  javob bermaydi
Bugungi kunda chiqindi poligonlarining talabga javob bermasligi rivojlangan mamlakatlarda ham kuzatilyapti. O‘zbekistonda chiqindi poligonlarining sanitariya talablariga javob berishi uchun qanday ishlar amalga oshirilyapti?
Bu yil 60 milliard so‘m mablag‘ mana shu yo‘nalishga ajratildi. Respublikamizda jami 140 ta chiqindi poligonlari mavjud bo‘lib, hammasining loyiha smetasi bo‘yicha qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonda saralash va qazish ishlari o‘z o‘rnida bajarilishi nazorat qilinyapti. Ko‘plab hududlardagi chiqindi poligonlarini ular noto‘g‘ri joylashganligi uchun ham yopishga majbur bo‘ldik. Masalan, Jizzaxda bo‘lganimizda, chiqindi poligonlaridan biri katta kanal bo‘yiga joylashtirilgan ekan. Hozircha uchta poligon faoliyati to‘xtatildi. Shuning bilan birgalikda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi “Shomitan” qishloq fuqarolar yig‘inida joylashgan poligon, Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi, Termiz tumanidagi hamda Olmaliq shahridagi poligonlar faoliyati ham to‘liq to‘xtatilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, chiqindi inspeksiyasi qoshida poligonlarning davlat kadastri shakllantirilmoqda. Bu jarayonda poligonlar kartaga kiritilib, ular ekologok ekspertizadan o‘tkazilyapti. Shu kungacha mavjud 307ta ob’ektdan 207tasining kadastri to‘liq shakllantirildi.
Uzilmas va bebaho halqa
Yer, suv, havo, o‘simlik va hayvonot olami… Atrofimizdagi har bir mavjudot o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan uzilmas zanjir atrofida rivojlanadi. Ana shu muhim kamolot halqasida biz — insonlar ham alohida o‘rin tutamiz. Afsuski, ko‘p o‘rinlarda aqlimiz va qalbimiz bilan emas, moddiy manffatlarimiz va nafsimiz bilangina hisoblashamiz. Biroq har qanday munosabatning o‘z javobi bor… Ona tabiatimizning musaffoligini asrab qolish uchun faqatgina Ekologiya qo‘mitasi mas’ul xodimlari emas, balki har birimiz jon kuydirishimiz, atrofimizdagi muammolarga e’tiborsiz bo‘lmasligimiz kerak. Shundagina tashvishli holatlarni bartaraf etish osonroq kechadi.