31-05-2019 Axborot soati

“Tinchlik-osoyishtalik – farovon hayotimiz asosi” “Axborot va murabbiylik soati” mashg‘ulotlarining 1-bosqichi materiallari.*

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA ZARGARLIK TARMOG‘INI JADAL RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

    http://uza.uz/oz/documents/zbekiston-respublikasida-zargarlik-tarmo-ini-zhadal-rivozhla-20-05-2019

MEHNATGA HAQ TO‘LASH, PENSIYALAR VA BOSHQA TO‘LOVLAR MIQDORLARINI ANIQLASH TARTIBINI TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

http://uza.uz/oz/documents/me-natga-a-t-lash-pensiyalar-va-bosh-a-t-lovlar-mi-dorlarini-21-05-2019

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI AHOLI PUNKTLARIDA TELEKOMMUNIKATSIYA INFRATUZILMASINI JADAL RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

http://uza.uz/oz/documents/zbekiston-respublikasi-a-oli-punktlarida-telekommunikatsiya--22-05-2019

*Eslatma: Mazkur haftada o‘tkaziladigan “Axborot va murabbiylik soati” mashg‘ulotlarining 2-bosqich  Dunyoning turli hudud va mintaqalarida qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchayib, fashizm, millatchilik, shovinizm kabi xavfli ofatlarning paydo bo‘layotganligi, mamlakatimizda yurtimizda hukm surayotgan tinchlikni yanada mustahkamlash yo‘lida o‘zaro ahil va hamjihat bo‘lib, qattiq kurashish lozimligi haqida talaba-yoshlarga tushuntiriladi.

Haftalikning 3-bosqichida talaba-yoshlarga fahm-farosatlilik fazilati haqida tushuncha beriladi, 4-bosqichda – talabalarning qaysi bosqichdaligiga qarab oyning boshida berilgan kitoblarning biri haqida fikr-mulohaza yuritiladi. O‘qishga berilgan kitoblarga yakuniy xulosa qilinadi.

QURILISH MATERIALLARI SANOATINI JADAL RIVOJLANTIRISHGA OID QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

http://uza.uz/oz/documents/urilish-materiallari-sanoatini-zhadal-rivozhlantirishga-oid--24-05-2019

EKSPORT FAOLIYATINI MOLIYALASHTIRISH VA SUG‘URTA HIMOYASI MEXANIZMLARINI KENGAYTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

http://uza.uz/oz/documents/eksport-faoliyatini-moliyalashtirish-va-su-urta-imoyasi-mekh-25-05-2019

ABDULAZIZ KOMILOV SLOVAKIYA TASHQI ISHLAR VAZIRI BILAN UCHRASHDI

20 may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) amaldagi raisi, Slovakiya Respublikasi tashqi va Yevropa ishlari vaziri Miroslav Laychak bilan uchrashdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, suhbatda O‘zbekistonning YXHT bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Unda O‘zbekiston va YXHTning hamkorlik munosabatlarini faollashishidan ikkala tomon manfaatdorligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, ikki tomonlama munosabatlar yangicha tus olgani, qator qo‘shma tadbirlar, jumladan “Markaziy Osiyo mintaqasida ochiq jurnalistika” mavzusidagi Markaziy Osiyo 19-konferensiyasi, “Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda yoshlarning roli” mavzusidagi YXHT shafeligidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilgani hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi.

Muzokaralarda, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalari, jumladan Afg‘onistondagi vaziyat, O‘zbekiston – Slovakiya aloqalarining rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Vazirlar “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi”, “Vishegrad guruhi + Markaziy Osiyo” muloqoti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishni qo‘llab-quvvatladi.

Muzokaralardan so‘ng, Miroslav Laychak tomonidan Termiz shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish bo‘yicha ta’lim markazi uchun ko‘ngilli yordam sifatida 10 ming yevro miqdoridagi chek topshirildi.

IKKI TOMONLAMA HAMKORLIKNING YANGI QIRRALARI

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 20 may kuni mamlakatimizga kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Slovakiya Respublikasi tashqi va Yevropa ishlari vaziri Miroslav Laychak boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Muloqotda O‘zbekiston bilan Slovakiya Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik, xususan, parlamentlararo aloqalar, O‘zbekiston va YXHT munosabatlari yuzasidan fikr almashildi.

Mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda katta salohiyatga ega. Bunda qonun ijodkorligi faoliyatini o‘rganish va tajriba almashish bo‘yicha parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish muhim o‘rin tutadi.

Uchrashuvda mehmonlar O‘zbekistonda tub o‘zgarishlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadigan Harakatlar strategiyasi doirasida olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

Hozirgi kunda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasida O‘zbekistonning doimiy delegatsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, qonun ijodkorligi, parlamentarizm sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini bermoqda.

Mamlakatimizda YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu ofis o‘z loyihalari orqali mamlakatimizda xavfsizlik, iqtisodiy-ijtimoiy va ekologik muassasalarning institutsional imkoniyatlarini kengaytirishga texnik ko‘mak ko‘rsatmoqda. 2007 – 2017 yillarda umumiy qiymati 12 million evrodan ziyod 150 dan ortiq ana shunday loyiha amalga oshirildi. Bugungi kunda 20 ta loyiha hayotga joriy etilmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston – Slovakiya va O‘zbekiston – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti shaklidagi hamkorlik mexanizmini mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solishga tayyor ekanini bildirdi.

TOSHKENT SHAHRIDA AMALGA OSHIRILADIGAN YANGI INVESTITSIYA LOYIHALARI MUHOKAMA QILINDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 may kuni Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. 

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2018 yil 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida poytaxtimizni yirik ishbilarmonlik markaziga aylantirish, investitsiyalarni faol jalb qilib, zamonaviy korxonalar tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Shunga muvofiq, joriy yil 4 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Bugungi kunda poytaxtimizda kichik sanoat zonalari va texnoparklar infratuzilmasidan samarali foydalanib, yuqori texnologiyali quvvatlarni tashkil etish, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Bu masala davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida turibdi. 

13 may kuni Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda Toshkent shahrida zamonaviy sanoat korxonalari tashkil etish ishlari tahlil qilingan edi. 

Avval berilgan topshiriqlarga muvofiq, Toshkent shahrida amalga oshirish uchun umumiy qiymati 617 million AQSH dollaridan ziyod 19 ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqildi. 

Ahamiyatlisi shundaki, ushbu loyihalarning barchasi sanoat sohasiga oid bo‘lib, ular ijrosi natijasida 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Har yili qariyb 1 milliard dollarlik bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, 290 million dollardan ziyod eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. 

Loyihalar qo‘shimcha qiymati va mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Keng turdagi maishiy texnika, lift va eskalatorlar, nasoslar, suv isitgichlar, qog‘oz, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo vositalari, zargarlik va shisha buyumlari shular jumlasidandir. 

Investorlar va tashabbuskorlar o‘z loyihalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi. Ushbu korxonalar Toshkent mexanika zavodining hozirda foydalanilmayotgan bino va maydonlarida tashkil etiladi. Ular 2019-2020 yillar davomida ishga tushiriladi. 

Prezidentimiz ushbu loyihalar shaharning mavjud infratuzilmasidan samarali foydalangan holda bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, aholini ish bilan ta’minlash jihatidan muhimligini ta’kidlab, ularni tezroq ishga tushirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Mutasaddilarga xaridorgir sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati kamida 1 milliard dollar bo‘lgan qo‘shimcha loyihalar shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

ELEKTROTEXNIKA SANOATINI RIVOJLANTIRISHNING MUHIM YO‘NALISHLARI BELGILAB BERILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 may kuni elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Hayot sifati o‘sishi bilan aholi orasida va iqtisodiyot tarmoqlarida elektrotexnika mahsulotlariga talab tobora oshib bormoqda. Jahon miqyosida bunday tovarlar eksporti hajmi 2 trillion 500 milliard dollardan oshib, yiliga 10 foiz o‘sish kuzatilmoqda.

Bu soha mamlakatimiz iqtisodiyotida alohida o‘ringa ega. Ichki bozor, muassasa va xonadonlar yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan ta’minlangan. O‘tgan yili, masalan, tarmoq korxonalarida 2 mingdan ortiq turdagi 9 trillion 600 milliard so‘mlik tovarlar chiqarilgan. 

Shu bilan birga, sohaga keng sharoitlar yaratilganiga qaramay, katta miqdorda elektrotexnika buyumlari import ham qilinyapti. Mintaqa bozorida mamlakatimizning eksport ulushi esa etarli emas. 

Yig‘ilishda eksport-import kon’yunkturasini o‘rganish asosida elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish va raqobatbardoshligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga 2022 yilgacha ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirish hisobiga importni optimallashtirish va eksportni 500 million dollarga etkazish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz buning uchun xomashyoni chuqur qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish zarurligini ta’kidladi. 

Hozirda misdan tayyorlanayotgan mahsulotlarning 50 foizidan ko‘prog‘i oddiy simdan iborat. Shuni chuqur qayta ishlab, mis trubkalar, internet va aloqa kabellari tayyorlansa, jahon bozorida qimmatroq sotiladi. Maishiy texnikalar, qurilish, sanoat va meditsina uchun zarur asbob-uskunalar hamda ehtiyot qismlar ishlab chiqarish borasida ham salohiyat yetarli ekani qayd etildi. 

Mahsulotlar eksportida transport xarajatlarini kamaytirish zarurligi ta’kidlandi. 

Yig‘ilishda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ko‘lamini kengaytirish, ularning tannarxini kamaytirish masalasi muhokama qilindi.

Ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan ko‘pgina ehtiyot qismlar import qilinayotgani, bu tannarxning qimmatlashiga olib kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Muzlatgich va isitish uskunalari, kompyuter texnologiyalari, mobil aloqa vositalari, quyosh panellari va boshqa yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish orqali yurtimiz korxonalarining ichki bozordagi o‘rnini yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. 

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. 

Yurtimiz mahsulotlariga ichki va tashqi bozorda barqaror talabni shakllantirish, davlat xaridlari va sanoat kooperatsiyasidan keng foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, qurilish, energetika, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, avtomobilsozlik kabi tarmoqlarda ichki kooperatsiyani kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. 

Xorijiy bozorlarga kirib borish uchun tashqi hamkorlikni ham rivojlantirish muhim. Shu bois jahonga mashhur “brend”lar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida sertifikatlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Ishlab chiqaruvchilarga yaratilgan sharoitlar tahlil qilinar ekan, bu borada erkin savdo zonalari muhim o‘rin tutishi qayd etildi. “Navoiy” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalarida yangi loyihalarni joylashtirish, “Termiz” erkin savdo zonasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi. Tarmoqni jadal rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida zamonaviy infratuzilmaga ega elektrotexnika texnoparklari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. 

O‘ZBEKISTON PREZIDENTINING QOZOG‘ISTON BIRINCHI PREZIDENTI BILAN TELEFON ORQALI MULOQOTI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 may kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyevga O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani hamda ularni rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy yaqin munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani, aniq amaliy mazmun bilan boyigani alohida ta’kidlandi. 

Joriy yil aprel oyida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqaevning O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi samarali bo‘lgani, bu Elboshi tashqi siyosati bardavomligini yana bir bor namoyish etgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Suhbatda Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev ikki tomonlama munosabatlarga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar. 

Asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, sanoat, energetika, transport va boshqa tarmoqlarda etakchi korxonalar va ishbilarmonlar darajasida kooperatsiyani kuchaytirishga qaratildi. 

O‘zaro savdo hajmi izchil ortib borayotgani va uning tarkibi diversifikatsiya qilinayotgani ijobiy baholandi. 2018 yilda tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollardan oshdi, yaqin vaqtda bu ko‘rsatkichni kamida 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi turibdi. 

Keng iqtisodiy imkoniyatlar va madaniy-gumanitar sohadagi katta salohiyatdan samarali foydalanish maqsadida, jumladan, O‘zbekistonda Qozog‘iston yili tadbirlari doirasida izchil hududlararo aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi. 

Mamlakatlarimiz Bosh vazirlari boshchiligidagi Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlandi. 

Muloqot so‘nggida Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston va Qozog‘iston qardosh xalqlarining farovonligi, Markaziy Osiyoning barqarorligi va izchil taraqqiyoti yo‘lida strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashga intilishlar mushtarak ekanini yana bir bor ta’kidladilar.

SHAVKAT MIRZIYOYEV: BIZGA MIQDOR EMAS, SIFAT KERAK

O‘zbekiston Milliy universitetida Prezidentimiz oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar, Mazkur oliy ta’lim dargohini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar taqdimoti bilan tanishdi. 

Kadrlar tayyorlash sohalari tarkibiy tuzilishi loyihasida yoshlarni oliy o‘quv yurtlariga yanada ko‘proq qamrab olish bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. 2018-2019 o‘quv yilida mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga 96 ming 950 talaba qabul qilingan bo‘lsa, 2019-2020 yilda 123 ming 170 nafar yigit-qiz o‘qishga jalb etiladi. Bu ko‘rsatkichni 2022-2023 o‘quv yilida 180 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. 

Oliy ta’limga innovatsiya investitsiyalarini – xorijiy ta’lim-ilm texnologiyalarini jalb etish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2018 yilda yurtimizda Rossiyaning 2, Janubiy Koreyaning 2, Latviyaning 1 oliy ta’lim muassasasi filiallari tashkil etildi. Joriy yilda Hindistonning 2, Rossiyaning 2 va AQSHning 1 oliy ta’lim muassasasi filiali talabalarni qabul qiladi. Ulardagi ta’lim jarayoniga 832 nafar xorijiy mutaxassis jalb etilgan. 

Prezidentimizga muhandis-texnik kadrlar tayyorlash, ta’lim mazmunini kompetensiyalar (amaliy ko‘nikmalar) asosida tubdan o‘zgartirish, pedagogik ta’limning yangi modelini joriy etish, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini “Universitet – 3.0” konsepsiyasi asosida tashkil etish, AKT va ta’lim texnologiyalari integratsiyasini ta’minlash loyihalari bo‘yicha ma’lumot berildi. 

Bizga miqdor emas, sifat kerak. Bunga erishish uchun esa xorij tajribasini yaxshilab o‘rganish zarur. Qaysi davlat kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratsa, o‘sha yutadi. Ilmiy asoslangan tajriba asosida kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish eng muhim vazifamizdir, dedi davlatimiz rahbari. 

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy-pedagogik faoliyati va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid rejalar taqdimoti ham o‘tkazildi. Besh yillik kompleks dastur ishlab chiqib, universitet faoliyatini rivojlantirish va uning xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Universitet huzuridagi litseyni tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirish, etuk mutaxassislarga ehtiyoj ortib borayotganini inobatga olib, yangi fakultetlar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. 

O‘zbekiston Milliy universiteti kutubxonasida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish, kadrlar tayyorlash va ularni moddiy, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari haqida so‘z bordi. 

Mamlakatimizni innovatsion rivojlantirish, 2030 yilga qadar Global innovatsiya indeksida ilg‘or 50 mamlakat qatoridan joy egallash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Buning uchun, eng avvalo, ilm-fan sohasining me’yoriy-huquqiy asosini mustahkamlash maqsadida “Fan to‘g‘risida” qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qolaversa, o‘tgan qisqa davr mobaynida ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi. 

Natijada innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha qiymati 151 milliard so‘mlik 55 loyihani amalga oshirish uchun qulay zamin yaratildi. Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan oddiy superfosfat va mahalliy xomashyodan faollashtirilgan ko‘mir olish texnologiyasi shular jumlasidandir. O‘simlik moddalari kimyosi institutining “Ferulen“ va “Flanorin“ preparatlari, Bioorganik kimyo institutida “Rutan” dori vositasi substansiyasi, Yadro fizikasi instituti olimlari tomonidan yaratilgan suvni kimyoviy tozalash uskunasi ham bunga yaqqol misoldir. 

Bu ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida 450 ishlanma va 90 tarmoq muammolari echimlarini qamrab olgan “Buyurtmachi-tadqiqotchi-investor” maxsus portali ishga tushirilib, tijorat banklari bilan 19 yangi startap korxona tashkil etilgan. 

Bularning barchasi import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishga sharoit yaratmoqda. Takror va takror ta’kidlash joiz: 

yangi fikr va yangi g‘oyaga, innovatsiyaga tayangan davlat har doim yutadi va rivojlanadi. Shuning uchun, birinchidan, import o‘rnini bosadigan va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni ko‘paytirish kerak. Bu – masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni esa, ushbu ishlanmalar mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qiziqtirishi va xaridorgir bo‘lishi zarur, dedi davlatimiz rahbari. 

Prezidentimizning kelasi yildan ilmiy muassasalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat byudjetidan moliyalashtirishga o‘tkazish taklifi olimlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. 

Uchrashuvda arxeologiya sohasini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston arxeologlari tomonidan so‘g‘diy hukmdorlar qarorgohi xarobalari bo‘lgan “Kofir-qal’a” yodgorligida yog‘och panno – so‘g‘d san’atining noyob namunasi, Farg‘ona vodiysidagi Axsikentda X asrda pishiq g‘ishtdan tunnel shaklida qurilgan yer osti suv ta’minoti tizimi topilgani yurtimiz tarixi naqadar buyuk ekanidan dalolat berishi e’tirof etildi. Arxeologiyani rivojlantirish bo‘yicha alohida davlat dasturini qabul qilish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi. 

Termit hashorati asosan sellyuloza ya’ni, yog‘ochni kemirib, aholi turar-joylari, madaniy-tarixiy obidalar, strategik ahamiyatga ega obyektlar, bino va inshootlarga jiddiy zarar yetkazadi. Zoologiya institutiga termitlarga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan izlanishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Izlanuvchan olimlarni rag‘batlantirish maqsadida ilmiy ishlanma yaratgan tadqiqotchiga doktorlik va uni amaliyotga tatbiq etgan izlanuvchiga tayanch doktorlik ilmiy darajasini beradigan binar (ikkitalik) himoya tizimini joriy qilish, byudjet mablag‘lari hisobidan stajyor-tadqiqotchilar institutini hamda yurtimiz biologik xilma-xilligini o‘rganadigan dala-tajriba stansiyalari tashkil etish tavsiya qilindi.

Keyingi yillarda ilm-fan va ta’lim sohasi xodimlari izchil rag‘batlantirilib kelmoqda. Ilmiy xodimlarning maoshi o‘tgan yil 1 sentabrdan o‘rtacha 25, joriy yil 1 yanvardan 20 foiz oshirilgan edi, 1 iyuldan esa yana 25 foizga ko‘tariladigan bo‘ldi. 

Prezidentimiz bu amaliy choralarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 1 sentyabrdan barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan, ta’lim va ilm-fan sohasida faoliyat olib borayotgan fan nomzodlarining maoshiga 30 foiz, fan doktorlari uchun esa 60 foiz ustama haqi belgilashni taklif qildi. 

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etiladigan Yoshlar akademiyasi ham ilm-fan vakillarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ushbu akademiyaga innovatsion fikrlaydigan iqtidorli talabalar va 40 yoshgacha bo‘lgan olimlar, tashabbuskor yoshlar a’zo bo‘ladi. Akademiyada sun’iy intellekt, qayta tiklanadigan energiya manbalari, robot texnikasi va mexatronika, farmatsevtika, biotexnologiya, dasturlash, sanoat dizayni, 3D modellashtirish kabi yo‘nalishlarda ilmiy ishlar olib boriladi. 

Oliy ta’lim tizimini isloh qilish, kadrlar tayyorlash jarayonini yanada jadallashtirish bo‘yicha Prezidentimiz va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va “yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida oliy ta’lim muassasalarining yirik ishlab chiqarish korxonalari, davlat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yildi. Natijada tashkilot va korxonalarning 4 mingdan ortiq malakali amaliyotchi-mutaxassislari oliy o‘quv yurtlarining ta’lim jarayoniga jalb etilgan. 

Shuningdek, keyingi 2 yilda yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik natijasida mamlakatimizda yangi oliy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 30 dan ortiq o‘quv yurtida xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma diplom dasturlari doirasida kadrlar tayyorlanmoqda. 

Oliy ta’lim tizimini zamonaviy usullar yordamida samarali boshqarish, sohada moddiy-texnik bazani kuchaytirish, o‘quv-metodik ishlarni takomillashtirish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rishimiz zarur. Kadrlar buyurtmachilari hisoblangan iqtisodiyot tarmoqlarining real ehtiyojidan kelib chiqib, oliy ta’lim tizimini rivojlantirishning strategiyasini belgilash, davlat ta’lim standartlari va malaka talablarini qayta ishlab chiqish, talabalarning malakaviy amaliyotini samarali tashkil etish lozim, dedi Prezident. 

Uchrashuvda pedagog kadrlarning uzluksiz malakasini oshirish va ularni tabaqalashtirgan holda rag‘batlantirish tizimini joriy etish haqida ham so‘z yuritildi. Oliy ta’lim vazirligi magistratura talabalarini Fanlar akademiyasining mos yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot institutlarida stajirovka o‘tash amaliyotini yo‘lga qo‘yish, tabiiy fanlar va muhandislik yo‘nalishlaridagi magistratura talabalarini byudjet hisobidan davlat buyurtmasi asosida tayyorlashni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. 

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan fan olimpiadalari tizimini takomillashtirish, g‘oliblarni munosib taqdirlash va rag‘batlantirish, xususan, mamlakat miqyosidagi g‘oliblarni tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha magistraturaga, xalqaro olimpiada g‘oliblarini esa keyinchalik doktoranturaga ham sinovsiz qabul qilish choralarini ko‘rish belgilandi. Moliyaviy barqaror oliy o‘quv yurtlarini markazlashgan tartibda moliyalashtirish tizimidan o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazish lozimligi qayd etildi. 

Shavkat Mirziyoyev olim va pedagoglarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. 

Uchrashuvda akademiklar, oliy o‘quv yurtlari rektorlari va talaba yoshlar so‘zga chiqib, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi. 

O‘zbekiston Milliy universiteti matematika fakulteti 4-bosqich talabasi Sardor Bozorboyev yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatdan keng foydalanish zarurligini ta’kidlab, fan olimpiadalari o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilayotgan e’tibordan mamnuniyat bildirdi. Sardor matematika bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro olimpiadalarda 4 oltin, bittadan kumush va bronza medalini qo‘lga kiritgan. 

– Ta’lim tizimiga e’tibor samarasini yoshlarimiz turli tanlov va xalqaro olimpiadalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlar misolida ham ko‘rish mumkin, – dedi S.Bozorboyev. – Biz, yoshlar yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanib, yurtimiz dovrug‘ini yanada yuksaltiramiz, ulug‘ allomalarning munosib vorislari ekanimizni isbotlaymiz. 

Prezidentimiz Sardor kabi izlanuvchan, zukko, bilimdon yoshlar yurtimiz kelajagi ekanini ta’kidlab, unga avtomashina sovg‘a qildi.

TALABALAR SHAHARCHASI BUYUK ALLOMA RUHIGA MUNOSIB MASKAN BO‘LDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 may kuni poytaxtimizning Talabalar shaharchasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. 

Toshkent metrosining “Beruniy” bekati Talabalar shaharchasining o‘ziga xos ramziy darvozasi hisoblanadi. Sababi ilm olib, mamlakat kelajagiga xizmat qiladigan etuk mutaxassis bo‘lib etishishdek orzu-havaslar ushaladigan Talabalar shaharchasi shu bekat yonidan boshlanadi. 

Ushbu mo‘jazgina shaharchadan har yili minglab talaba katta hayotga yo‘llanma oladi. Shu bois mazkur shaharcha bu yerda tahsil olib, yurtimizning barcha hududiga tarqalgan ziyolilar uchun aziz va mukarramdir. 

Bugun Talabalar shaharchasini bundan o‘n besh yil oldingi holati bilan mutlaqo taqqoslab bo‘lmaydi. O‘sha kezlarda yotoqxona deb ataluvchi talabalar turar joylarining aksariyati sharoit yo‘qligidan yopib qo‘yilgan, ishlayotganlarining ham yerto‘lasini suv bosib, devorlari ko‘chib tushgan edi. Kutubxona, poliklinika, sport inshootlari eskirib ketgandi. 

2005 yili o‘sha vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimida ishlagan Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi og‘ir ahvolni ko‘rib, yoshlarimizning yashashi va ta’lim olishi uchun sharoit yaratib bermasa ertaga kech bo‘lishini aytadi, o‘zi bu ishga qat’iy kirishadi. Ammo bu oson ish emasdi. O‘sha paytda buning uchun byudjetdan mablag‘ ajratish amrimahol edi. Shunga qaramay, Shavkat Mirziyoyev shashtidan qaytmadi, respublika tashkilotlari, homiylarni shaharchani rekonstruksiya qilishga jalb qilish imkonini topa oldi. 

Shu tariqa qisqa muddatda shaharchadagi talabalar turar joylari mukammal ta’mirlanib, uch yulduzli mehmonxona darajasida jihozlandi. Muhtasham suv sporti saroyi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, sport zallari, xizmat ko‘rsatish inshootlari qurildi. 

Bu ishlarning uzviy davomi sifatida joriy yilda shaharchada keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borildi. Yo‘laklar ta’mirlanib, yoritish ustunlari, o‘rindiqlar o‘rnatildi, 400 o‘rinli avtoturargoh qurildi. Hududga ko‘p yillik va mavsumiy gullar, manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. 

Metro bekati oldida parvoz qilayotgan oq kaptarlar ramzi tushirilgan stella qad rostladi. Bu ushbu ilm-fan maskanida etuk mutaxassis bo‘lib tarbiyalangan yoshlarning hayotga uchirma bo‘layotganiga ishoradir. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan shaharcha hududining boshlanishida, “Beruniy” metro bekati yonida Beruniy maydoni barpo etildi. Abu Rayhon Beruniyning Texnika universiteti oldidagi haykali shu erga ko‘chirilib, atrofi obod qilindi. Bular o‘ziga xos majmua hosil qilib, Talabalar shaharchasi ilmiy salohiyatining yana bir ramzi bo‘ldi. 

Bugungi kunda Talabalar shaharchasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, kollej va litseylar, sport majmualari joylashgan. Ikki universitetda qariyb 25 ming talaba tahsil olmoqda. 

Davlatimiz rahbari majmuada olib borilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Alloma haykalining Talabalar shaharchasi boshlanadigan joyga qo‘yilishi mamlakatimizda ilm-fanga qaratilayotgan e’tibor ramzi bo‘lib, bugungi yoshlarda ulug‘ ajdodlardan faxrlanish tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. 

“Agar biz ahil bo‘lsak,

 el-yurt manfaati yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib yashasak,

o‘zimizdan sotqin chiqmasa,

o‘zbek xalqini hech kim hech qachon enga olmaydi”

Islom Karimov

2-bosqich materiallari

TINCHLIK OSOYISHTALIK FAROVON HAYOTIMIZ ASOSI

Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Odamlarning o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan ishonch va sadoqatlari, mehr-muruvvatlarining samimiy bo‘lishi ham asosan yurt tinchligining samarasidir. Agar istiqlolning o‘tgan qariyb yigirma uch yiliga nazar tashlasak, poytaxtimiz, viloyatlar markazlari, shahar, qishloqlarimiz, hatto eng chekka hududlarda ham katta o‘zgarishlar ro‘y berganiga guvoh bo‘lamiz. Yurtimizdagi xotirjamlik va barqarorlik tufayli xonadonlarda to‘yu tomoshalar, bayramu shodiyonalar bir-biriga ulanib ketmoqda. Bu ne’matlarga chin ma’noda shukrona qilish va ularning qadriga etish kerak.

Agar notinchlik hukm surayotgan yurtlarga nazar tashlasak, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikka ming bora shukr qilamiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 600 ga yaqin terrorchi tashkilotlar mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligi Islom niqobi ostida yoki bu dinning nomi bilan faoliyat olib borishyapti. “Al-Jihod al-islomiyya” (Islom jihodi), “Al-Qoida” (Asos), “Lashkari jihod”, “Qurolli islomiy harakat”, “Turkiston Islom harakati”, “Islom fronti” kabi o‘nlab tashkilotlarni ana shu ro‘yxatga kiritish mumkin.

Aslida mazkur terrorchilik harakatlarining islom diniga hech qanday aloqasi yo‘q. Chunki tinchlik, insonparvarlik va rahm-shafqat dini bo‘lgan islom hech qachon zo‘ravonlikni, birovlar joniga qasd qilishni, adolatsizlikni targ‘ib qilmaydi. Qur’oni karim bunday ta’lim beradi: “Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan kimsa xuddi butun insoniyatni o‘ldirgan kabidir” (Moida surasi, 32-oyat); “Kim bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir” (Niso surasi, 93-oyat); “…o‘zlaringizni o‘ldirmanglar, albatta Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso, 29). «Va barchalaringiz Allohning arqoniga (Qur’onga) bog‘laningiz va (firqa-firqa holda) bo‘linmangiz!» (Oli-Imron, 103);

Islom dini kishilarni tinchlikni asrash va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida imon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, tinchlikparvarlik islom dinining mohiyatini tashkil etadi.

Mustaqillik sharoitida etnik munosobatlar va din sohasida olib borilayotgan izchil va oqilona siyosat tufayli mamlakatimizda millatlararo totuvlik, dinlar va konfessiyalararo hamkorlik qaror topdi. Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”, degan tamoyilning mustahkamlab qo‘yilishi esa, bu boradagi ishlarning qonuniy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tinchlikning qadriga etish, uni saqlab turishda oilada ota-onaning roli katta. Ota-ona farzandlariga tinchlik oliy ne’mat ekanligi, tinchlik hukm surayotganligi sababli farovon hayot kechirayotganimizni muntazam tushuntirib borishlari darkor. Ayniqsa, ayol kishi bolalari tarbiyasiga mas’ul bo‘lgani uchun ham bolalariga tinchlik o‘zi nima ekani, bugungi kundagi mustaqilligimizga osonlik bilan erishmaganimiz, uning qadriga etishimiz kerakligini tushuntirish bilan bir qatorda farzandlarida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirib borishi zarur. Shundagina farzandlarimiz elim-yurtimi deb yonib yashaydi va jamiyatga kerakli shaxs bo‘lib etishadi.

Din niqobidagi turli buzg‘unchi oqim va firqalar mamlakatdagi tinchlik, osoyishtalik, millatlar va dinlar o‘rtasidagi ahillikka rahna solish maqsadlaridan qaytishgani yo‘q. Bu esa har birimizdan doimo hushyorlik va ogohlikni, yoshlar tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashishni, ularning diniy bilimi va savodxonligini tinmay oshirib borishni, shu yo‘l bilan jaholatga ma’rifatni qarshi qo‘yib, ular qalbini chetdan bo‘layotgan barcha xurujlardan qat’iy himoya etishni talab etadi.