2018 yil 27 fevral seshanba kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan “Axborot soati va murabbiylik soati” materiallari

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI ISHLAR VAZIRI ABDULAZIZ KAMILOVNING HINDISTON TASHQI ISHLAR VAZIRI BILAN UCHRASHUVI

2018 yilning 12 fevral kuni Dehli shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda TIV ning rasmiy sayti  xabar berdi. 
Turli darajalardagi O‘zbekiston-Hindiston muntazam muloqotining davomi sifatida vazirlar ikki tomonlama kun tartibning dolzarb masalalari hamda mintaqaviy hamkorlikning alohida mavzularini muhokama qildilar. 
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Hindistonning siyosiy, ishbilarmon va boshqa doiralari orasida ikki mamlakat hamkorligini yanada mustahkamlashga qiziqish oshayotganligi qayd etildi. O‘zbekiston va Hindistonning etakchi firma va kompaniyalari vakillari uchun shart-sharoit yaratish va ular o‘rtasidagi aloqalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asosiy e’tibor qaratildi. 
O‘zbekiston TIV rahbari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik” nomli Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik jarayoni to‘g‘risida hindistonlik hamkasbiga ma’lumot berdi. Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. 
Hindiston tomoni Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent forumini o‘tkazishga oid O‘zbekiston tashabbusini to‘liq qo‘llab quvvatladi.  
   HAMKORLIK ISTIQBOLLARI MUHOKAMA ETILDI
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Millatlararo munosabatlar kengashining migratsiya masalalari va chet el fuqarolarini ijtimoiy-madaniy moslashtirish komissiyasi a’zolari yurtimizda tashrif bilan bo‘lib turibdi. 
Rossiyalik mehmonlar 12 fevral kuni Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘raev bilan uchrashdi.Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalari keyingi yillarda yanada mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tashrif natijasida bugungi kunda nafaqat mamlakat doirasida, balki hududlar o‘rtasida ham iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik rivojlanib bormoqda. Shuningdek, mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish borasida ko‘plab istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini tayyorlash va jo‘natish markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.Delegatsiya rahbari, Rossiya Davlat dumasi deputati A.Juravlev hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Millatlararo munosabatlar kengashining migratsiya masalalari va chet el fuqarolarini ijtimoiy-madaniy moslashtirish komissiyasi raisi A.Paskachev O‘zbekistondan borayotgan mehnat migrantlarini Rossiya qonunchiligi bilan tanishtirish, ularni tibbiy-ijtimoiy muhofaza qilish, munosib mehnat va turmush sharoiti yaratish borasida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi. Ushbu yo‘nalishda hamkorlikda olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Rossiyalik mehmonlar Samarqand shahridagi mehnat migrantlarini tayyorlash va jo‘natish markazi hamda Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishdi. Delegatsiya a’zolari Samarqand shahridagi Islom Karimov maqbara majmuasi va boshqa diqqatga sazovor maskanlarni ziyorat qildi.
POKISTON TASHQI ISHLAR VAZIRI BILAN UCHRASHUV
2018 yilning 12 fevral kuni Islomobod shahriga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Xavaja Muhammad Asif bilan uchrashdi.Suhbat chog‘ida tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining kun tartibi va BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi aloqalar yuzasidan fikr almashildi.O‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga, avvalo savdo-iqtisodiy, investitsion, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda aloqalarni mustahkamlashga tomonlar tayyor ekanligi tasdiqlandi.Ta’kidlanganidek, ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muntazam aloqalar O‘zbekiston va Pokistonning etakchi kompaniya va firmalari, bank-moliya tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini optimistik ruhda baholash imkonini yaratadi.Qayd etilganidek, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘lga o‘tishi mintaqaviy hamkorlikni faollroq rivojlantirish imkoniyatini yaratadi. SHu nuqtayi nazardan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik” nomli Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ko‘rib chiqishga kiritilayotgan masalalar muhokama qilindi. Uchrashuvda vazirlar tomonidan 2018 yili bo‘lib o‘tadigan turli darajalardagi O‘zbekiston-Pokiston uchrashuvlari jadvali yuzasidan fikr almashildi. 
BUXORO YAHUDIYLARINING BUTUNJAHON KONGRESSI DELEGATSIYASI BILAN UCHRASHUV
2018 yilning 13 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga tashrif buyurgan Buxoro yahudiylarining Butunjahon kongressi (BYBK) prezidenti, taniqli tadbirkor va jamoat arbobi Lev Levaev boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.Delegatsiya tarkibidan AQSH va Kanadaning Buxoro yahudiylari kongressi raisi Boris Kandov, Rossiya Buxoro yahudiylari kongressi raisi Yakov Leviev va boshqalar o‘rin olgan.Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va BYBK o‘rtasidagi munosabatlarning holati va istiqbollari muhokama qilindi.Uchrashuvda qayd etilganidek, xalqlarimizning o‘zaro hamkorligi uzoq tarixga ega bo‘lib, ko‘p asrlar ilgari hozirgi O‘zbekiston hududida yahudiy jamoalari paydo bo‘lgan davrga borib taqaladi. Asrlar davomida Buxoro yahudiylari tinchlik va totuvlikda yashab, o‘zbek zaminida o‘z Vatanlarini topdilar.Isroil, AQSH va boshqa mamlakatlarda istiqomat qilayotgan asli o‘zbekistonlik yahudiylar mamlakatimiz bilan aloqalarini uzmasdan, o‘zbek xalqiga samimiy va chuqur hurmat hissini saqlayotganligi yurtimizda yuqori baholanadi. Bu esa o‘z navbatida xalqlarimiz farovonligi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil mustahkamlash va aloqalarni kengaytirish imkonini yaratadi.Turli darajalardagi o‘zaro almashinuvlarga doir masalalarni muhokama qilish chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12 fevralda kuchga kirgan Farmoniga muvofiq Isroil fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz kirish to‘g‘risidagi nizomini BYBK delegatsiyasi mamnuniyat bilan qayd etdi. Isroilda 100 mingdan ortiq asli o‘zbekistonlik yahudiylar istiqomat qiladi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi. 

O‘ZBEKISTON – JANUBIY KOREYA QO‘SHMA MAJLISI
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 13 fevral kuni iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston – Janubiy Koreya birinchi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda ikki mamlakatning tashqi savdo, sarmoya, bank-moliya, yoqilg‘i-energetika, neft-gaz, mashinasozlik, transport va transport kommunikatsiyalari, qurilish, kimyo va oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, qishloq va suv xo‘jaligi, fan-ta’lim, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, tibbiyot hamda sayyohlik kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Dong YOn va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston va Koreya Respublikasini mustahkam do‘stlik, strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari bog‘lab turadi. Koreya Respublikasi O‘zbekistonning asosiy xorijiy hamkorlaridan biri, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va tarkibiy o‘zgartirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, eksportni oshirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli dasturlarning sarmoyadori va ishtirokchisi hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning 70 dan ortiq kompaniyasi vakolatxonalari bor. Iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida Koreya investitsiyasi ishtirokidagi 500 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, ularning mahsulot hajmi 5 milliard AQSH dollaridan oshgan.O‘zbekistonda Janubiy koreyalik hamkorlar bilan avtomobilsozlik, elektr energetikasi, neft-gaz, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati, axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya va boshqa sohalar bo‘yicha keng ko‘lamli investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Yaqinda O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan Koreya Respublikasi fuqarolari uchun viza bekor qilindi. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.O‘tgan yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard 360 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu 2016 yilga nisbatan 27 foiz ko‘pdir.Majlisda ta’kidlanganidek, mazkur ko‘rsatkichni yanada oshirish uchun barcha imkoniyatlar etarli. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi natijalari bunga yaqqol tasdiq bo‘la oladi. Ushbu tashrif ikki tomonlama aloqalarni yangi sifat bosqichiga ko‘tardi. Endigi vazifa tashrif davomida erishilgan 10 milliard AQSH dollaridan ortiq 60 dan ziyod kelishuvni to‘la ro‘yobga chiqarish hamda ishbilarmon doiralar vakillarining ularni amalga oshirishiga ko‘maklashishdir.Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik haqida so‘z ketganda, O‘zbekistonda biznes yuritish uchun keng sharoitlar yaratilganini alohida ta’kidlash joiz. Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida faol jarayonlar kechmoqda. Iqtisodiy o‘sish sur’atini yanada oshirish maqsadida qonunchilik bazasi takomillashtirilib, investitsiyaviy muhit kengaymoqda. O‘zbekiston hukumati Janubiy Koreya kompaniyalarining yurtimizda samarali faoliyat yuritishi uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida barcha sharoitlarni yaratmoqda.Tadbirda O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligini yangi mazmun bilan boyitish, ishbilarmon doiralarning muloqoti va qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlashdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani ta’kidlandi.Majlis davomida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Koreya Respublikasi hukumati o‘rtasida qabul qilingan Iqtisodiy hamkorlik jamg‘armasi kreditlari to‘g‘risidagi shartnoma doirasidagi 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan loyihalarni amalga oshirishning borishini ko‘rib chiqdilar. 
– “Koreya Respublikasi O‘zbekistonni eng muhim iqtisodiy hamkorlaridan deb biladi”,-dedi Kim Dong Yon. – Biz o‘zaro hamkorlikni yuksak qadrlaymiz. Mamlakatlarimiz yirik sarmoyaviy loyihalar tuzish va amalga oshirish borasida boy imkoniyatlarga ega. Biz, ayniqsa, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni, kimyo, energetika, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz.Anjumanda Toshkent shahrida Koreya Respublikasi ilg‘or texnologiyalar instituti (KIAT) bilan hamkorlikda O‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparki va O‘zbekiston – Koreya biznes-markazi tashkil etish, Koreya madaniyati va san’ati uyini ochish va boshqa masalalar muhokama qilindi.Tadbir so‘ngida tibbiy sog‘lomlashtirish majmuasi qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi. 
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI KOREYA RESPUBLIKASI BOSH VAZIRI O‘RINBOSARI, STRATEGIYA VA MOLIYA VAZIRINI QABUL QILDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 13 fevral kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri, ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya hamraisi Kim Dong Yonni qabul qildi. Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik barqaror sur’atlar bilan kengayib, an’anaviy do‘stona aloqalar va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi. Koreya Respublikasiga 2017 yil noyabr oyida amalga oshirilgan tarixiy tashrif va uning yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston – Janubiy Koreya o‘zaro manfaatli hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilgani va aniq amaliy mazmun bilan boyitgani alohida ta’kidlandi. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,3 milliard dollardan oshdi. Tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, bugungi kunda mamlakatimizda zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod 60 dan ortiq investitsiya loyihalari tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda. O‘zaro hamkorlikning o‘tgan davrida O‘zbekiston iqtisodiyotiga Janubiy Koreyadan jami 7 milliard dollarlik investitsiyalar jalb qilindi, Koreya Respublikasi kompaniyalari ishtirokida 500 dan ortiq korxona tashkil etildi. Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi, bilim va texnologiyalarini mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlari va ijtimoiy sohasiga joriy etishga qaratilgan qo‘shma dastur va tadbirlar faol ro‘yobga chiqarilmoqda. Ushbu mamlakatning etakchi mutaxassislari O‘zbekiston vazirlik, idora va tashkilotlariga maslahatchi sifatida jalb qilingan. Madaniy-gumanitar, fan-ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda.Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya, bank-moliya va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Koreya Respublikasi rahbariyati va xalqini Pxyonchxan shahrida qishki Olimpiya o‘yinlari boshlangani munosabati bilan samimiy tabrikladi, ushbu nufuzli xalqaro sport tadbirining muvaffaqiyatli o‘tishiga tilak bildirdi.O‘z navbatida, Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Hukumatlararo komissiya hamraisi davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Prezident Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.Mehmon O‘zbekiston rahbariyati Koreya Respublikasi fuqarolariga vizasiz tartib joriy etish haqida qaror qabul qilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bu, shubhasiz, mamlakatimizga sayyohlar oqimini salmoqli darajada oshirish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.Uchrashuv yakunida Kim Dong Yon Janubiy Koreya mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va keng miqyosli o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdi. 
KIM DONG YON: PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEV KUCHLI SIYOSIY IRODAGA EGA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 13 fevral kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri, ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya hamraisi Kim Dong Yonni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdiKim Dong Yon qabuldan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqidagi fikrlarini bildirdi: 
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat manfaatdorlik, balki o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan.Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili noyabrda Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bilan borgan edi. Ushbu tashrif Janubiy Koreya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlarga bo‘lgan qiziqishini tubdan oshirdi. Mamlakatingizga kelishimdan maqsad – ikki tomonlama munosabatlarni amaliy mazmun bilan boyitishdir.Prezident janobi oliylari bilan uchrashuvda O‘zbekiston rahbarining Koreya Respublikasiga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz hamkorligini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish hamda janubiy koreyalik ishbilarmonlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish imkonini beradigan qator amaliy takliflarni bildirdi.Janubiy koreyaliklar O‘zbekistonda mamlakatni barqaror rivojlantirish, aholi turmush sifati va farovonligini oshirish maqsadida, davlatning xalq manfaatlarini ta’minlashi yo‘lida olib borilayotgan islohotlardan yaxshi xabardor. Shavkat Mirziyoyev bu maqsadlarga erishish uchun qat’iyat va kuchli siyosiy irodaga ega.Prezident Shavkat Mirziyoyev har kuni, har daqiqa el-yurti farovonligini o‘ylaydi. Uning rahbarlik qobiliyati va aniq maqsadga intiluvchanligi atrofdagilarga ham ruh, kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. Men uning timsolida buyuk rahbar va oddiy insonni ko‘raman. Prezidentga chuqur hurmati va ishonchi aynan shu fazilat – yirik siyosatchi bo‘lish bilan birga oddiy va samimiy inson bo‘lib qolgani tufayli, deb o‘ylayman.
MAKTABGACHA TA’LIM – ERTANGI KUNIMIZGA ZAMIN
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 fevral kuni maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 
Davlatimiz rahbari yosh avlod tarbiyasining birinchi va muhim bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. 2017 yil 16 avgust va 19 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda bu masala atroflicha muhokama qilingan edi. 2017 yil 30 sentyabrda Prezidentimiz tomonidan “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon hamda “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining hududlarga tashriflari chog‘ida o‘tkazilgan majlislarda ham bu borada ko‘plab vazifalar belgilab berildi.Yig‘ilishda joylardagi maktabgacha ta’lim muassasalarining ahvoli, sohadagi ishlarni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu tizimni chuqur tahlil qilib, shu paytgacha nazardan chetda bo‘lgan eng kichik jihatlarigacha e’tibor qaratdi.Dastlab bu masalada Andijon, Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga e’tibor qaratildi. Masalan, Andijon viloyatidagi 87 ta mahallada bironta ham bolalar bog‘chasi yo‘qligi, 84 ta bog‘cha filialini mustaqil muassasaga aylantirish yoki davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalarini tashkil etish bo‘yicha tuman hokimliklari tomonidan aniq choralar belgilanmagani tanqid qilindi.Viloyatda mavjud 451 ta maktabgacha ta’lim muassasasidan 200 tasida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun maxsus ombor yo‘q, sovutkich, shkaf va stol-stullar etishmaydi. Shuningdek, hanuzgacha 123 ta bog‘chaga ichimlik suvi tashib keltiriladi, 71 tasining atrofi o‘ralmagan, 134 tasida musiqa xonalari jihozlanmagan, 420 tasida kichik kutubxonalar tashkil etilmagan.Shunday kamchiliklar Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida ham kuzatilgan.Barcha hududlarda uchraydigan bu kabi kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, maktabgacha ta’lim muassasalarini yaxshilash maqsadida davlatimiz tomonidan katta mablag‘ va resurslar yo‘naltirilmoqda. 2018 yil uchun tasdiqlangan Investitsiya loyihalari ro‘yxatiga muvofiq, 771 milliard so‘m byudjet mablag‘lari hisobidan 60 ta bog‘cha yangidan quriladi, 295 tasi rekonstruksiya qilinadi va 176 tasi mukammal ta’mirlanadi.Yig‘ilishda joriy yilda davlat maktabgacha ta’lim muassasalari qurish, ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatni tasdiqlash, bolalar bog‘chalarining moddiy-texnik holatini o‘rganib, mebel, oshxona jihozlari, o‘yin maydonchalari va sport inventarlariga bo‘lgan talabni aniqlash hamda yaqin 2 yilda mamlakatimizdagi barcha bog‘chalarni jihozlash bo‘yicha hujjatlarni tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.Yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan bog‘chalarning loyiha-smeta hujjatlarini sifatsiz tayyorlash, qurilish va ta’mirlash ishlarini oxiriga etkazmaslik, ba’zilarini ta’mirlamasdan qoldirib ketish holatlari ko‘p uchrayotgani tanqid ostiga olindi.Masalan, o‘tgan yili Xorazm viloyati Urganch shahridagi 14-bog‘chada qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan, muhandislik tarmoqlariga to‘liq ulanmagan, jihozlar to‘liq etkazib berilmagan. Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanidagi 3-, Nishon tumanidagi 20-, Koson tumanidagi 32-bog‘chada ta’mirlash ishlari nihoyasiga etkazilmagan. Buxoro shahridagi 3-, Buxoro tumanidagi 19-, Romitan tumanidagi 11-, Qorako‘l tumanidagi 7-bog‘chalarda pardozlash ishlari sifatsiz bajarilgan, jihozlarning 50 foizi etkazib berilmagan. Ko‘plab loyihalarda nazarda tutilmagani sababli bog‘chalar hududini obodonlashtirish, atrofini o‘rash, tashqi kommunikatsiya tarmoqlariga ulash ishlari bajarilmay qolmoqda.Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish uchun hokimliklar, Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga tegishli topshiriqlar berildi. Maktabgacha ta’lim muassasalarining loyiha-smeta hujjatlarida yordamchi binolarni ham ta’mirlash va jihozlashni nazarda tutish, ularni aholi uchun qulay va muhandislik-kommunikatsiya tarmog‘i mavjud hududlarga joylashtirish zarurligi qayd etildi. Namunaviy loyihalarni qayta ko‘rib chiqib, yangi quriladigan bog‘chalar uchun sarflanadigan xarajatlarni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.Navbatdagi muhim masala, dedi Shavkat Mirziyoyev, davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirishdir. Hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar tomonidan 2018 yilda jami 222 ming nafar bolaga mo‘ljallangan 3 mingdan ziyod nodavlat bolalar bog‘chasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 200 tasi yangi quriladigan binoda, 1 ming 360 tasi mavjud binolarda va  470 tasi uy bog‘chasi sifatida tashkil etiladi.Joylarda bu borada qator ishlar boshlangani, lekin Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlarida sust borayotgani qayd etildi. Ayrim rahbarlarning uzoqni ko‘ra olmasligi va davlat siyosatini tushunmasligi oqibatida ishlab turgan davlat bog‘chalarini xususiylashtirish va tadbirkorlarga berib yuborishga urinish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa aholining o‘rinli va jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.Shu bois tadbirkorlarga ishlamay turgan bog‘chalarni berish, binoni ta’mirlab va jihozlab ishlatish vazifasini qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.Xususiy bog‘cha uchun yaxshi joydan er, bino va imtiyozli kredit olib, qurilgan yoki ta’mirlangan binodan 1-2 yildan keyin boshqa maqsadda foydalanaman, degan “xomxayol” bilan yurgan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar ham bor, dedi Prezidentimiz. Shu sababli hokimliklar xususiy bog‘chalar uchun er va bino ajratish, banklar esa kredit berish to‘g‘risidagi o‘z qarorlarida bunday binolardan kamida 15-20 yil davomida bog‘cha sifatida foydalanish zarurligi to‘g‘risidagi shartlarni nazarda tutishi kerak.Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy bog‘chalar tashkil etish bo‘yicha ham qator vazifalar belgilandi.Moliya vazirligiga Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish, Jamg‘arma mablag‘larini nodavlat bolalar bog‘chalari uchun bino va inshootlarni xarid qilish, yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlariga imtiyozli stavkada kredit ajratishga yo‘naltirish topshirildi.Maktabgacha ta’lim vazirligiga davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalarni tashkil etish modellari, davlat va xususiy sherikning xuquqlari va majburiyatlari, bog‘chalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha nizom loyihasini ishlab chiqishni tezlashtirish vazifasi qo‘yildi.Hokimliklar va banklarga 2018 yilda tashkil etiladigan 3 mingdan ziyod xususiy bog‘chaning har biri bo‘yicha er, bino va kredit ajratish, bog‘chalarni ishga tushirish muddatlari aniq belgilangan jadvallarni ishlab chiqish va tasdiqlatish yuzasidan ko‘rsatma berildi.Hal etishimiz zarur bo‘lgan yana bir muhim muammo, dedi davlatimiz rahbari, bog‘chalarda bolalarni belgilangan me’yorlar asosida to‘g‘ri va sifatli ovqatlantirishni tashkil etishdir.Afsuski, bolalarga sut mahsulotlari va meva tasdiqlangan normadan kam miqdorda berilmoqda, baliq mahsulotlari esa deyarli berilmayapti.Yig‘ilishda bu borada berilgan topshiriqlarga muvofiq, bolalarni sifatli ovqatlantirish, ko‘rpa, yostiq va choyshablarini belgilangan muddatlarda almashtirish, dori-darmon va yuvish vositalari uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori etarli ekani aniq hisob-kitob qilinadi.Maktabgacha ta’lim vazirligi va uning joylardagi bo‘linmalari rahbarlari bog‘chalarda bolalarning belgilangan me’yorlar asosida sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishini tashkil etishga shaxsan mas’ul bo‘ladi.Sog‘liqni saqlash vazirligi bog‘chalarda taomlarni tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish va saqlashda sanitariya normalari va gigiena qoidalariga qat’iy rioya etilishini nazorat qiladi.Yig‘ilishda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining saviyasi, bilimi va ko‘nikmalari masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tizimda faoliyat yuritayotgan qariyb 60 ming tarbiyachining atigi 21 foizi oliy ma’lumotli, 79 foizi esa o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekani qayd etildi.Bolalar tarbiyasi jarayoniga o‘z ishini puxta biladigan, malakali va har bir bolaga individual yondasha oladigan pedagog-kadrlarni jalb qilgan holda, ularni go‘dakligidan ongi va tafakkurini to‘g‘ri shakllantirib bormasak, kelajakda yuksak saviya, bilim va ma’naviyatga ega bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalash qiyin bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.Bu boradagi o‘rganishlar natijasida kelgusi 3 yilda maktabgacha ta’lim tizimida 47 ming 300 dan ziyod oliy ma’lumotli pedagog kadrlar, jumladan, 28 ming 300 nafar tarbiyachi, defektolog, psixolog, musiqa rahbariga ehtiyoj paydo bo‘lishi aniqlangan. SHu bois, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasalarida “Maktabgacha ta’lim” yo‘nalishida kunduzgi shaklda  3 yillik bakalavrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi. Bunda ilg‘or xorijiy tajriba, jumladan, Janubiy Koreyaning etakchi universitetlari tajribasi asosida yangi o‘quv rejasi va dasturlari ishlab chiqiladi.SHuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasalarida sirtqi va kechki shaklda bakalavrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Joriy yil mart oyidan boshlab, viloyatlardagi universitet va pedagogika institutlari bazasida bog‘chalarning pedagog va nomutaxassis kadrlari uchun yarim yillik o‘quv dasturlari asosida qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi.Bu haqda so‘z yuritar ekan, Prezidentimiz Janubiy Koreyaning Puchon universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Maktabgacha ta’lim universitetini tashkil etish zarurligini ta’kidladi.Yig‘ilishda yuqori malakali, oliy ma’lumotli kadrlarni rag‘batlantirish, maktabgacha ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining oylik ish haqini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Imkoniyati cheklangan va jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan bog‘chalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlariga ham e’tibor qaratildi.Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbar va hokimlarning axborotlari tinglandi. 
ABDULAZIZ KOMILOV AQSH ELCHISI BILAN UCHRASHDI
2018 yilning 15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Amerika Qo‘shma Shtatlarining Favqulodda va Muxtor Elchisi Pamela Leora Spratlenni qabul qildi.Ko‘plab insonlarning halok bo‘lishiga olib kelgan Florida shtatidagi Marjori Stoneman Douglas maktabida ro‘y bergan vahshiyona jinoyat munosabati bilan Vazir samimiy ta’ziya bildirdi.O‘z navbatida, Elchi Prezident Shavkat Mirziyoyevga va O‘zbekiston xalqiga AQSH uchun bu og‘ir damlarda g‘amxo‘rligi va hamdardligi uchun minnatdorchilik bildirdi.Uchrashuvda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik” nomli Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ikki tomonlama kun tartibinining dolzarb masalalari va unga tayyorgarlik ko‘rishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi, deya xabar qiladi “Jahon” axborot agentligi saytida
O‘ZBEKISTON PREZIDENTI JENERAL ELEKTRIK KOMPANIYASI VITSE-PREZIDENTINI QABUL QILDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 15 fevral kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan AQSHning “Jeneral elektrik” kompaniyasi vitse-prezidenti Ronald Jeyms Pollettni qabul qildi.“Jeneral elektrik” kompaniyasi jahonning ko‘p tarmoqli etakchi korporatsiyalaridan biridir. Bugungi kunda energetika, mashinasozlik, aniq uskunasozlik, elektr texnikasi, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, zamonaviy tibbiyot texnologiyalari, moliya va boshqa ko‘plab sohalarda faoliyat yuritadi.Kompaniya dunyoning 180 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritmoqda, uning korxonalarida 300 mingdan ziyod kishi mehnat qiladi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya 120 milliard dollardan ziyod daromad olgan.Uchrashuvda “Jeneral elektrik” kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyati kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.Bugungi kunda O‘zbekistonda energetika infratuzilmasi ob’ektlarini modernizatsiya qilish, jumladan, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida zamonaviy bug‘-gaz qurilmalarini qurish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasi quvvatlarini kengaytirishning ikkinchi bosqichini amalga oshirish, Pskom gidroelektr stansiyasini barpo etish, gaz etkazish tizimini rivojlantirish borasida qator ustuvor loyihalar, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi va sog‘liqni saqlash sohalarida qo‘shma dasturlar ishlab chiqilmoqda va amalga oshirilmoqda.Davlatimiz rahbari energetika tarmog‘idagi o‘zaro manfaatli texnologik sheriklik hamda ishlab chiqarish kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini alohida ta’kidladi.Mamlakatimizda, jumladan, xorijning etakchi mutaxassislari va ekspertlarini jalb qilgan holda, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ronald Jeyms Pollett Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul hamda yuqori texnologiyali tarmoqlarda ikki tomonlama hamkorlikka doir loyiha va dasturlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.“Jeneral elektrik” kompaniyasi mamlakatimiz korxona va tashkilotlari bilan uzoq muddatli va keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VA QIRG‘IZISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTLARINING TELEFON ORQALI MULOQOTI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 15 fevral kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi. 
Muloqot avvalida davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutladilar.O‘tgan davrda qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash, o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligini salmoqli darajada kengaytirishga erishilgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.Tomonlarning siyosiy irodasi va amaliy sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro munosabatlar strategik sheriklik darajasiga etgani alohida ta’kidlandi.2017 yilda uch marta oliy darajadagi tashrif muvaffaqiyatli amalga oshirildi, ularning yakuni bo‘yicha hamkorlikning dolzarb masalalariga oid muhim kelishuvlarga erishildi, O‘zbekiston –Qirg‘iziston davlat chegaralari to‘g‘risida shartnoma va boshqa bitimlar imzolandi.O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari jadal sur’atlarda o‘smoqda, ishlab chiqarish kooperatsiyasi ko‘lami kengaymoqda. Transport kommunikatsiyalari sohasida, jumladan, “O‘zbekston – Qirg‘iziston – XXR” yo‘nalishi bo‘ylab avtomobil qatnovini yo‘lga qo‘yish va temir yo‘l qurishga doir strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Madaniy-gumanitar sohadagi almashinuvlar faollashdi.Muloqotda davlat rahbarlari oliy darajadagi o‘zaro tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish zarurligini qayd etdilar. Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning boshqa masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.Muloqot yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qat’iy intilishini ta’kidladilar. 
BUXORO: YANGI MARRALAR SARI DADIL QADAMLAR
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida 16 fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. 
Davlatimiz rahbari 2017 yil 10-11 mart kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida barcha sohalarni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejalarni belgilab bergan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida ulkan ishlar amalga oshirildi. YAngi sanoat korxonalari, tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. Mahalliylashtirish darajasi va eksport hajmi oshdi. Transport va servis infratuzilmasi rivojlanib, sayyohlar oqimi ko‘paydi. Qishloq xo‘jaligida foydalanilmagan imkoniyatlar ishga solindi. YAngi uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar bunyod etildi.Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifini Bahouddin Naqshband majmuasi ziyoratidan boshladi.YUrtimiz qadimiy qadamjolarga boy. Bu zaminda buyuk allomalar, diniy va dunyoviy ilm egalari yashab, ijod qilgan. Prezidentimiz tomonidan milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash, rivojlantirish, yurtimizdagi tarixiy obida va yodgorliklarni tiklash, o‘rganish va kelajak avlodlarga etkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.Davlatimiz rahbari 2017 yil 10 mart kuni Bahouddin Naqshband majmuasida bo‘lib, bu erni yanada obod maskanga aylantirish, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish borasida mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar bergan edi.Prezidentimiz o‘tgan vaqt mobaynida qilingan ishlarni ko‘zdan kechirdiTaomilga binoan o‘tganlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi.Prezidentimizning 2017 yil 11 iyuldagi “Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligini va Bahouddin Naqshband tavalludining  700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Shavkat Mirziyoyevga mazkur sanalar munosabati bilan amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” haqida ma’lumot berildi.Davlatimiz rahbari mazkur tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish, buning uchun barcha manbalardan foydalanish lozimligini ta’kidladi.Bahouddin Naqshband, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Orif Revgariy, Ali Romitaniy, Boboyi Samosiy, Mahmud Fag‘naviy, Sayyid Amir Kulol kabi me’moriy majmualarni o‘z ichiga olgan etti pir ziyoratgohi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanadi.Prezidentimizga mazkur majmualarni rekonstruksiya qilish va yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha qilinadigan ishlar haqida ma’lumot berildi. Unga muvofiq, bu majmualar qayta ta’mirlanib, qo‘shimcha bino va inshootlar quriladi. Atrofi obodonlashtirilib, mehmonxona, choyxona, savdo majmualari, avtoturargohlar barpo etiladi.Mazkur majmualar o‘rtasidagi umumiy masofa 122 kilometr. Shavkat Mirziyoyev majmualar orasidagi yo‘llar bo‘yida zamonaviy infratuzilma tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Buxoro davlat universiteti huzurida Buxoro tarixini o‘qitadigan maxsus fakultet ochish kerakligini ta’kidladi.
– Etti pir yotgan qadamjolar orasidagi yo‘llar bo‘yida ular haqidagi ma’lumotlar aks etsin. Ziyoratga kelganlar keng ma’lumotga ega bo‘lsin. Buning uchun kadrlar tayyorlashga e’tibor berish kerak, – dedi Prezidentimiz.Davlatimiz rahbari tashrif davomida Buxoro tumanidagi “Buxoro baliq sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi.Mamlakatimizda aholining baliq mahsulotlariga ehtiyojini ta’minlash, tarmoqda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, mazkur sohada faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.Keyingi yillarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, jumladan, sifatli baliq mahsulotlari etishtirish hajmini oshirish bo‘yicha bir qancha dasturiy chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Xususan, Prezidentimizning 2017 yil 1 maydagi “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etildi. Uyushma tomonidan tabiiy va sun’iy suv havzalarini baliqlantirish uchun qimmatli baliq turlarini ko‘paytirishni yo‘lga qo‘yishda baliqchilik tarmog‘i tashkilotlariga ko‘maklashish, lichinka etishtirish bo‘yicha yangi inkubatsiya sexlari tashkil etish, baliq chavog‘i etishtirish hajmini ko‘paytirish, chavoq hovuzlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.“Buxoro baliq sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bu borada ibratli ishlar qilinmoqda. Bu yerda baliqni qayta ishlash, dudlash, baliq ozuqasi ishlab chiqarish, inkubatsiya sexi va yopiq suv aylanma tizimi ishga tushirilgan.Umumiy maydoni 90 gektar bo‘lgan xo‘jalikda 40 gektarlik suv havzasi bo‘lib, yangi loyihaga ko‘ra, qolgan 50 gektari rekonstruksiya qilinadi.Prezidentimiz baliqchilik xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
– Baliq etishtirish hajmini oshirishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ayni paytda aholining baliq va baliq mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondira olayotganimiz yo‘q. Bu kabi xo‘jaliklarni Buxoroning har bir tumanida tashkil qilish zarur.Davlatimiz rahbari Buxoro tumaniga tashrifi davomida bir qator iqtisodiy loyihalar bilan ham tanishdi.Ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq “Buxoroteks” AJ negizida paxta tolasidan kompakt ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha “Indorama Bukhara Textile” xususiy korxonasini tashkil etish loyihasi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 60 million, ikkinchi bosqichda 55 million dollar miqdoridagi investitsiya kiritiladigan korxona zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadi. Bu 650 kishining bandligini ta’minlash imkonini beradi.Prezidentimizga Buxoro viloyatida mavjud yaylovlardan samarali foydalanish to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Ushbu ma’lumot o‘z-o‘zidan viloyatda qorako‘lchilikni rivojlantirish loyihasiga ulandi. Viloyatda azaldan qorako‘lchilik rivojlangan. Lekin so‘nggi yillarda sohaga etarlicha e’tibor berilmagani sababli qorako‘l teri ishlab chiqarish keskin pasaydi. Sohadagi mavjud muammolar haqida batafsil ma’lumot berilar ekan, ilmiy yondashuvning yo‘qligi bois qo‘ylarning nasli buzilgani qayd etib o‘tildi. Bundan tashqari, yaylovlarning qisqarishi, sug‘orish tizimlaridagi kamchiliklar, zarur texnika vositalari yo‘qligi asosiy omillar sifatida sanab o‘tildi.Davlatimiz rahbari muammolarning echimi bilan qiziqdi. Mutaxassislar qorako‘lchilikni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini aytdi.Shavkat Mirziyoyev ayni paytda faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar, olimlar, seleksionerlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha soha rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berdi.Shu yerda “Komteks pposh” MCHJ tomonidan qo‘y junini sanoat usulida qayta ishlash klasteri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyiha qiymati 24 milliard so‘m bo‘lib, yiliga 1500 tonna tozalangan jun, 425 tonna tayyor ip-kalava, 100 ming dona odeyal ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi.Shuningdek, 2018 yilda viloyatda amalga oshiriladigan parrandachilik loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumot taqdim qilindi. Bu yo‘nalishda 32 ta loyiha amalga oshirilib, 252 ish o‘rni yaratiladi.Loyihalar asosan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, istiqbolli maqsadlarni o‘zida aks ettirgani bilan ahamiyatlidir. Pilla etishtirish, asalarichilik, naslli echki boqishga ixtisoslashgan echkichilik kompleksi, zamonaviy issiqxonalar, agrosanoat logistikasi va savdo logistikasi markazlari tashkil etish loyihalari asosiy e’tiborda bo‘ldi.Loyiha tashabbuskorlari o‘z rejalari haqida batafsil so‘zladi. O‘z navbatida, davlatimiz rahbari ularni qiynayotgan muammolar bilan qiziqdi.G‘ijduvon tumanida tut bargidan choy tayyorlash loyihasi Prezidentimiz e’tiborini tortdi. Bunday choyning afzalliklari unda kofein va tanin moddasi yo‘qligidadir.
– Bu eng samarali ishlab chiqarish loyihasi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Sababi, uning noyobligi va inson salomatligi uchun g‘oyat foydaliligidir.Loyiha bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Mahsulot 2019 yildan eksportga chiqarilishi mo‘ljallanmoqda.Sistanxe va isiriq etishtirishga alohida e’tibor berilgani viloyatda o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Sistanxe ildizi dorivor hisoblanib, xavfli o‘sma kasalliklarining oldini oladi. Shamollashga qarshi, immunitetni oshiruvchi xususiyatga ega. Yaponiyalik olimlarning ta’kidlashicha, bu o‘simlik jenshendan besh barobar samarali hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Qozog‘iston Markaziy Osiyoda bu o‘simlikni eksport qiluvchi yagona davlat bo‘lib, yiliga 100-150 tonnagacha xorijga sotadi. Yangi loyihada mazkur o‘simlikni etishtirish va qayta ishlash ko‘zda tutilgan. 3 ming gektar yerda shunday o‘simlik etishtirish 400 kishining bandligini ta’minlaydi.Bundan tashqari, davlatimiz rahbariga 2018-2020 yillarda viloyatda irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish dasturi, Buxoro shahrida rekonstruksiya qilinayotgan kanallar haqida ma’lumot berildi.Prezidentimizning 2017 yil 1 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini Buxoro viloyatida bajarish choralari to‘g‘risida ham so‘zlab berildi. Jumladan, aholiga sifatli go‘sht etkazib berish, chorvachilikda qo‘llaniladigan vaksina va antibiotiklar, hayvonlarni sotish, sotib olish va o‘zaro ayirboshlashda sog‘lom va ishonchli muhit yaratish masalalari xususida fikr almashildi.Shavkat Mirziyoyev loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shavkat Mirziyoyev hududlarga tashrifi davomida bunday muassasalarda bo‘lib, muammolarni o‘z vaqtida hal etish yuzasidan tegishli topshiriqlar beradi.Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda bunday muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi bog‘chalar qurish ishlari amalga oshirilmoqda.Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 sentyabrdagi "Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bilan esa Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. YAngi vazirlikning asosiy vazifalari bosqichma-bosqich barcha bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish, yurtimizda o‘zaro raqobat qiluvchi davlat va nodavlat MTMlari tarmog‘ini yaratish, maktabgacha ta’lim va bolalarni tarbiyalashning muqobil shakllarini amaliyotga joriy etishdan iborat.Mazkur hujjatlar ijrosi yuzasidan Buxoro viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda viloyatda 343 maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularning 7 tasi nodavlat, 1 tasi ichki ishlar boshqarmasi tasarrufida. Ularda 46 mingdan ziyod, ya’ni viloyatdagi bolalarning 35,1 foizi ta’lim-tarbiya olmoqda.Buxoro shahridagi 54-maktabgacha ta’lim muassasasi 280 o‘ringa mo‘ljallangan. Bog‘cha binosi o‘tgan yili kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlandi. Bu yerda 31 nafar pedagog va tarbiyachi faoliyat ko‘rsatadi.Davlatimiz rahbari bog‘chada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqot qildi.Prezidentimizga bog‘chada tajriba tariqasida tashkil etilgan qisqa muddatli boshlang‘ich rivojlantirish markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi. YAngi tizimning afzalligi qisqa muddatli guruhlarda bolalarga mantiq, mental arifmetika, ingliz tili, amaliy va tasviriy san’at turlari interfaol usullarda o‘rgatiladi. Markaz hududdagi bog‘chaga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Maktabgacha ta’limga bejiz bunchalik e’tibor qaratayotganimiz yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
– Bolalar ayni bog‘cha yoshida bilimni tez va oson o‘zlashtiradi, bir umrga eslab qoladi. SHuning uchun ushbu tizim rivoji bilan bog‘liq masalalar doim diqqatimiz markazida bo‘lishi kerak. 
Prezidentimiz mazkur muassasani viloyatdagi bog‘chalar uchun metodik tajriba almashish markaziga aylantirish, sohani etuk mutaxassislar bilan ta’minlash, xususan, pedagogika kollejini tugatgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslariga yuborib, ularni MTMlarga ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrining tarixiy qismida viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirish konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.Buxoro o‘zining betakror tarixiy obidalari, osori-atiqalari, asrlar osha davom etib kelayotgan milliy hunarmandlik an’analari bilan yurtimiz turistik jozibadorligini oshirishda ulkan salohiyatga ega.Viloyatda 2018 yilda turizmni yanada rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, 61 loyihani hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Jumladan,32 mehmonxona, 12 motel, 10 istirohat bog‘i barpo etilib, “Buxoro Palas”, “Varaxsha” va “Zarafshon” mehmonxonalari rekonstruksiya qilinadi. Bundan tashqari, turizm bo‘yicha xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, restoranlar qurish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalari xarid qilish, madaniy meros ob’ektlarini tadbirkorlarga ijaraga berish, havo sharida sayohatni tashkil qilish, G‘ijduvon, SHofirkon, Vobkent va Jondor tumanlarida qishloq turizmini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.Ushbu loyihalar ijrosi natijasida viloyatga kelayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini sezilarli darajada ko‘paytirishga erishish mumkin. Tarmoqda xizmatlar eksporti hajmi ortib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari tashkil etish imkoniyati paydo bo‘ladi.Davlatimiz rahbari viloyatga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida Buxoro shahrining sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida uning tarixiy qismida hunarmandlar mavzesi qurish,haqiqat va Xo‘ja Nurobod ko‘chalarini kengaytirib saylgohga aylantirish, Poyi Kalon va Mir Arab madrasalarini qayta ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.Shunga muvofiq, Haqiqat ko‘chasi kengaytirilib, 1,5 metr qalinlikdagi tuproq qatlami olib tashlandi, tarixiy obidalar atrofi ochildi. Ko‘cha bo‘ylab birinchi qavatida do‘kon va ustaxonalar bo‘lgan, ikkinchi qavatida hunarmandlar oilalari yashaydigan uylar qurishga kirishildi. Natijada ko‘cha shaharning tarixiy qismiga monand saylgohga aylanib bormoqda. Viloyatga kelayotgan sayyohlar bu erga ham tashrif buyurib, usta-hunarmandlar ishi bilan tanishmoqda, ipak gilamlar, kashtalar, zarbof to‘nlar, turli kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari, suvenirlar xarid qilib, Buxoroning qadimiy dovrug‘ini dunyoga yanada keng yoyishga munosib hissa qo‘shmoqda.Joriy yilda Poyi Kalon majmuasidagi tarixiy obidalarni ta’mirdan chiqarish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi. Xo‘ja Nurobod ko‘chasida joylashgan Abdulazizxon va Ulug‘bek madrasalarida ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshiriladi. Ark qo‘rg‘oni majmuasi atrofi obodonlashtirilib, uning ichkarisidagi bino va inshootlar ta’mirlanadi. Mir Arab madrasasini qayta tiklash va uning yangi o‘quv binosini qurish ishlari olib boriladi. SHu ko‘chaning o‘zida hunarmandlar rastasi quriladi.Shavkat Mirziyoyev eski shahar qismining turizm infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari bilan tanishar ekan, ushbu hudud tom ma’noda Buxoroning yuragi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.Davlatimiz rahbariga shaharning tarixiy qismidagi madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash va tiklash, ulardan samarali foydalanish, tarixiy obidalarni qamrab olgan Buxoro shahar kichik halqa yo‘li hamda piyodalar yo‘laklari qurish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan mamlakatimizda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish loyihalari haqida ma’lumot berildi.Prezidentimiz har bir loyiha yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berdi. Mir Arab madrasasi bino va inshootlari, turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi avtoulovlar, infratuzilma ob’ektlarini ko‘zdan kechirdi.Shu kuni Peshku tumani hokimligida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada oshirish, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi va ularni ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi davomida ko‘zdan kechirilgan istiqbolli loyihalar, bo‘lib o‘tgan uchrashuv va suhbatlar Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida yangi marralar sari dadil qadamlar qo‘yilib, aholi farovonligini oshirishda muhim yutuqlar qo‘lga kiritilayotganining yana bir yorqin tasdig‘i bo‘ldi.