2018 yil 30 yanvar seshanba kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan “Axborot soati va murabbiylik soati” materiallari

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR
O‘ZBEKISTON VA GRUZIYA O‘RTASIDA SAYYOHLAR ALMASHINUVI YO‘LGA QO‘YILISHI MUMKIN


O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida Gruziya parlamenti raisi Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yo‘ldoshev bilan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida o‘zaro ishonch hamda manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar qaror topgani qayd etildi. Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash orqali mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm va transport-logistika, tranzit yo‘laklarini shakllantirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritildi. 

O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi turli sohalardagi munosabatlar Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma asosida taraqqiy etmoqda. “O‘zbekiston – Gruziya” do‘stlik jamiyati xalqlarimizning do‘stona va madaniy aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 20 sentyabr kuni Nyu-York shahrida Gruziya Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili bilan uchrashuvi, shuningdek, parlamentlar darajasidagi ikki tomonlama tashriflarning faollashgani siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa sohalardagi hamkorlik rivojiga yangicha ruh bag‘ishladi. 

Do‘stona aloqalarimiz parlamentlararo doirada taraqqiy etayotganidan g‘oyat mamnunmiz, – dedi I.Kobaxidze. – Bu kelgusida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi. Bugungi tashrifimiz hamkorlik aloqalarini yanada taraqqiy ettirishga xizmat qilishiga ishonaman. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Gruziya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qiladigan tadbirlarni tashkil etish, qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashishga doir masalalar muhokama etildi. 

Gruziya delegatsiyasi a’zolari mamlakatimiz Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, qo‘mitalar, fraksiyalar va deputatlik guruhlari faoliyati, parlamentlararo hamkorlik doirasida tashkil etilgan do‘stlik guruhlari bilan yaqindan tanishdi. 

Mehmonlarga Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, O‘zbekiston Ekologik harakati, siyosiy partiyalar faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi. 

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Gruziya parlamenti o‘rtasida Parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Shu kuni Gruziya parlamenti vakillari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida ham muzokara o‘tkazdi. 

O‘zbekiston o‘zining boy tarixi, madaniyatiyu rang-barang urf-odatlari, betakror tabiati bilan asrlar davomida sayyohlarni jalb etib kelayotgani ta’kidlandi. Mehmonlar mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. 

Muzokaralarda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida sayyohlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, uy-mehmonxona tizimi faoliyatini kengaytirish, sayyohlarga sifatli turistik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi. 

Gruziya parlamenti raisi I.Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiya Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. 

 

O‘ZBEKISTON VA BELARUS O‘RTASIDA DIPLOMATIK MUNOSABATLAR O‘RNATILGANINING 25 YILLIGIGA

 

O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 2018 yil 21 yanvar kuni        25 yil to‘lishi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari bir-birlarini qutladilar. 

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning maktubida bunday deyiladi: “Belarus Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan tabriklarimni qabul qilgaysiz”. 

Belarus rahbari Belarus – O‘zbekiston hamkorligi ko‘plab muhim yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etgan. 

Aleksandr Lukashenko “o‘zaro anglashuv, ishonch va hurmatga asoslangan davlatlararo amaliy muloqot bundan keyin ham mamlakatlarimizni barqaror rivojlantirish hamda belarus va o‘zbek xalqlarining farovonligi yo‘lida mustahkamlanib boraveradi”, deb ishonch bildirgan. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z maktubida mustahkam do‘stlik rishtalari, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash, umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston – Belarus hamkorligining bugungi darajasini mamlakatimiz yuksak qadrlashini ta’kidlagan. 

“Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz va ko‘p qirrali hamkorligimizni kengaytirishga bo‘lgan o‘zaro intilish tufayli biz qisqa fursatda aniq natijalarga erishdik”, deyiladi maktubda. 

“O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uni aniq amaliy mazmun bilan boyitish uchun oldimizda hamkorligimizning mavjud salohiyatini to‘liq ishga solishdek muhim vazifa turibdi, – deb qayd etgan davlatimiz rahbari. – Shu ma’noda, Sizning O‘zbekistonga tashrifingizni intizorlik bilan kutyapman. Bu bizga o‘zaro munosabatlarimizning barcha jihatlarini har tomonlama muhokama qilish, shuningdek, yaqin yillarga mo‘ljallangan hamkorligimizning istiqbolli yo‘nalish va loyihalarini belgilab olish imkonini berishi shubhasiz”. 
O‘ZBEKISTON VA QOZOG‘ISTON PREZIDENTLARINING TELEFON ORQALI MULOQOTI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi. 

Prezident Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning Aktyubinsk viloyatidagi fojiada halok bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolarining oila a’zolari va yaqinlariga yana bir bor chuqur hamdardlik bildirdi. 

Davlatimiz rahbari Qozog‘iston rahbariga samimiy hamdardlik bildirgani va qo‘llab-quvvatlagani, tashkiliy masalalarni hal etish va fojia sabablarini aniqlashda ko‘rsatilgan tezkor yordam uchun minnatdorlik izhor qildi. 

Kelgusida bunday hodisalar ro‘y berishining oldini olish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari, mas’ul idoralari va tashkilotlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi. 

Muloqotda, shuningdek, ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Nursulton Nazarboyevni yaqinda AQSHga amalga oshirgan rasmiy tashrifi va BMT Xavfsizlik Kengashining birinchi marta Qozog‘iston raisligidagi majlisi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan samimiy qutladi. 

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar. 

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi Sammiti o‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochishi, mintaqadagi barcha mamlakatlarning uzoq istiqbolli manfaatlarini ko‘zda tutadigan yangi dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun imkoniyat yaratishi alohida ta’kidlandi. 

Qozog‘iston Prezidenti mintaqada tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash maqsadida joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida “Afg‘oniston – tinchlik sari yo‘l” xalqaro vazirlar konferensiyasini o‘tkazish tashabbusini yuksak baholadi va qo‘llab-quvvatladi. 

Shuningdek, tomonlar 2017 yil sentyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Qozog‘iston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi yilini o‘tkazish borasida olib borilayotgan faol tayyorgarlik ishlarini mamnuniyat bilan qayd etdilar. 

Muloqot so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bundan buyon ham mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lidagi ko‘p qirrali va samarali hamkorlikni faol rivojlantirish, ko‘p asrlik do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlashga tayyor ekanini ta’kidladilar. 
O‘ZBEKISTON VA JANUBIY KOREYA PREZIDENTLARINING TELEFON ORQALI MULOQOTI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining xabar qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev      24 yanvar kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Prezident Mun Chje Inni tug‘ilgan kuni bilan samimiy qutlab, uning O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan ulkan hissasini alohida qayd etdi. 

2017 yilning noyabr oyida Seul shahrida bo‘lib o‘tgan tarixiy ahamiyatga ega oliy darajadagi samarali uchrashuv va muzokaralar ko‘p qirrali o‘zaro aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratgani hamda ikki tomonlama munosabatlarga aniq amaliy mazmun baxsh etgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Prezident Mun Chje In Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga tabrik va ezgu tilaklar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston Prezidenti timsolida O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligini har tomonlama mustahkamlash borasida haqiqiy do‘st, maslakdosh va hamfikrga ega bo‘lganini alohida ta’kidladi. 

Koreya Respublikasi rahbari, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning zamonaviy O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasini yuksak baholadi. O‘zbekiston va Janubiy Koreyada amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarning yangi bosqichi muhim vazifalari va ustuvor maqsadlariga ko‘ra mushtarak ekani qayd etildi. 

Muloqotda ikki mamlakat rahbarlari O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashdi. 

Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi, ilm-fan yutuqlari va texnologiyalarini O‘zbekistonda sanoat va infratuzilmani modernizatsiya qilish, ijtimoiy sektorni rivojlantirishga faol jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi. 

Koreya Respublikasi Prezidenti ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha Osiyo chempionatida yoshlar terma jamoamiz ko‘rsatayotgan ajoyib o‘yin va jamoamiz musobaqa finaliga chiqqani bilan samimiy qutladi. 

O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti Koreya Respublikasi rahbariyati va xalqiga Pxyonchxanda tashkil etiladigan va jahon sporti tarixiga kiradigan, haqiqiy do‘stlik va o‘zaro anglashuv bayramiga aylanadigan qishki Olimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tishini chin dildan tiladi. 

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari va an’anaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladilar. 
NEFT-GAZ SOHASI SAMARADORLIGI VA ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 25 yanvar kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimida geologiya-qidiruv va qazib olish ishlari samaradorligi, yoqilg‘i materiallari bilan ichki ehtiyojni ta’minlashning ahvoli, tizimdagi istiqbolli vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, neft-gaz sanoati sohasida ham qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi «Neft-gaz sohasining boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati takomillashtirildi. 

Uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirishning 2021 yilgacha bo‘lgan dasturi va uni amalga oshirish mexanizmlari tasdiqlandi. 

Mamlakatimizda er osti boyliklari ko‘p. Ularni o‘zlashtirish va qayta ishlash bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Xo‘sh, yurtimiz boyliklari xalqimizga qanday manfaat keltirmoqda, dedi davlatimiz rahbari. 

2017 yilda neft va gaz kondensati qazish, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish bo‘yicha belgilangan reja bajarilgan. Lekin tarmoqda yillar davomida ko‘plab muammolar to‘planib qolgan. 

Zaxiralar oshirib borilmagani sababli 2017 yilda tabiiy gaz qazish va neft mahsulotlari ishlab chiqarish prognozi etarli darajada bajarilmagan. Geologiya-qidiruv jarayonidagi burg‘ilash hajmi bo‘yicha prognoz 77 foizga bajarilgan. Agar bu ishlar to‘liq ado etilganida zaxirani yanada oshirish mumkin bo‘lar edi. 

Shuningdek, ekspluatatsion burg‘ilash ishlari prognozi 49 foizga va qurilishi tugatilgan quduqlar soni prognozi 53 foizga bajarilgan, xolos. Tabiiy gaz qazish quvvatlari hamda tarqatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ta’mirlash ishlari ham etarli darajada emas. Buning oqibatida gaz qazib olishdan boshlab, uni iste’molchiga etkazib berguncha ushbu tabiiy boylikning 6 foizi yo‘qotilmoqda. 

Prezidentimiz shu kabi kamchiliklarni tanqidiy tahlil qilar ekan, uglevodorod zaxiralarini oshirish va qazib chiqarishni ko‘paytirish borasidagi muhim vazifalarni belgilab berdi. Geologiya-qidiruv ishlari davlat dasturiga muvofiq, yangi konlar ochish orqali 2018 yilda tabiiy gaz zaxirasini 57 milliard kub metrga, neft va kondensat zaxirasini 3,6 million tonnaga ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. 

Joriy yilda 63 milliard kub metr tabiiy gaz, 3 million tonna neft va kondensat qazib olishni ta’minlash uchun 255 ta yangi quduq va 26 ta yangi texnologik ob’ektni qurish ishlarini yakunlash, 76 ta quduqni kapital ta’mirdan chiqarish lozimligi qayd etildi. 

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 2 milliard 756 million dollarlik     24 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar Jizzax neftni qayta ishlash zavodini bunyod etish va zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash, Qandim gazni qayta ishlash kompleksining 2-navbati va Qandim konlar guruhini jihozlash, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish, Surxondaryodagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida qidiruv ishlarini olib borish va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish kabi loyihalarga yo‘naltiriladi. Mazkur 24 yirik loyihaning 9 tasi bu yil amalga oshiriladi. 

Yig‘ilishda mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb etilayotgan investitsiyalarning yarmidan ko‘pi neft-gaz sohasi hissasiga to‘g‘ri kelishi, sarflangan har bir dollar iqtisodiy foyda keltirishi zarurligi ta’kidlandi. 

Davlat manfaatlari nuqtai nazaridan, mahsulot taqsimlash kelishuvlari va qo‘shma korxonalar shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Sohaning logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, xomashyo importi va mahsulot eksporti narxlarining arzonroq bo‘lishini kafolatlaydigan transport yo‘laklari va tariflarini aniqlash, energiya iste’molini tejash va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. 

Gaz taqsimlash tizimi jismonan eskirgani va iste’molchilarga tabiiy gaz etkazib berishda yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda yuqori va o‘rta bosimli gaz taqsimot tizimini rivojlantirish, avtotransportlarni gazga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. SHuningdek, iste’molchilarning energiya resurslaridan samarali foydalanish madaniyatini oshirish muhimligi qayd etildi. 

Neft-gaz sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining kredit reytingini aniqlash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi. 

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha zarur hujjatlar qabul qilish va belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. 
STRATEGIK LOYIHALAR ELEKTR ENERGIYASI BILAN BARQAROR TA’MINLANADI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida   26 yanvar kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan 2026 yilgacha quriladigan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini kafolatlangan elektr energiyasi bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar qildi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz iqtisodiyotiga ulkan hissa qo‘shadigan yirik muassasadir. Prezidentimiz tomonidan kombinatning salohiyatini yanada oshirish, korxonalarni modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, 2026 yilgacha qiymati 3 milliard dollar bo‘lgan 27 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan.

Biz o‘z oldimizga ulkan marralar qo‘yganmiz, dedi davlatimiz rahbari. Bu strategik quvvatlar ishga tushishi bilan mamlakatimiz iqtisodiyotiga har yili bir milliard dollardan ziyod qo‘shimcha mablag‘ tushadi, odamlar yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi.

Darhaqiqat, mazkur 27 ta loyihani amalga oshirish natijasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshadi, 30 mingdan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi.

Bunday ko‘p va yirik korxonalarni qurish hamda uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun qo‘shimcha energiya resurslariga ehtiyoj tug‘iladi. Xususan, 2026 yilga borib Navoiy kon-metallurgiya kombinatining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 303 megavattga oshib, 703 megavattga etadi.

Yig‘ilishda kombinatdagi yangi quvvatlarni elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish borasidagi ishlar atroflicha muhokama etildi.

Joriy yil 9 yanvar kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinatining yangi ob’ektlari, jumladan, 2 ta yirik gidrometallurgiya zavodini elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida alohida dastur qabul qilindi. Unga muvofiq, qiymati 1 milliard 900 million dollarlik 16 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Jumladan, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida 2019 yilda umumiy quvvati 510 megavatt bo‘lgan 2 ta yangi energoblok qurilib, jami quvvati 1 ming 10 megavattga etkaziladi. Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 2019 yil va 2023 yilda quvvati 450 megavattdan bo‘lgan 2 ta bug‘-gaz qurilmasi qurilib, stansiyaning jami quvvati 2 ming 258 megavattga etkaziladi. Bundan tashqari, 10 ta podstansiya va 1 ming kilometrdan ziyod tashqi elektr tarmoqlari quriladi.

Prezidentimiz mazkur ishlarning ahamiyatini alohida ta’kidlab, bu boradagi dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan har bir investitsiya loyihasi bo‘yicha “yo‘l xarita”larini ishlab chiqish, ularda loyiha hujjatlarini tayyorlashdan tortib, ob’ektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan har bir jarayonning aniq muddatlari belgilash zarurligi qayd etildi.

Energetika sohasini 2018-2028 yillarda rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqish, bunda qayta tiklanadigan, muqobil energiya manbalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish vazifasi qo‘yildi.

Loyihaoldi hujjatlari va import shartnomalarini tez va sifatli ekspertizadan o‘tkazish, jarayonga chuqur bilimga ega mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bug‘-gaz qurilmalarini barpo etishni videokuzatuv orqali nazorat qilish, qurilish, elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish va iste’mol qilish jarayonlari xavfsizligini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.

“O‘zbekenergo” kompaniyasiga qurilish ishlariga tarmoq korxonalarini kengroq jalb qilish hamda mahalliy mahsulotlardan foydalanish, buning uchun tizimdagi pudrat tashkilotlarini moddiy-texnik bazasini mustahkamlash topshirildi. 

Mazkur kompaniyani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, loyihalarni xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida moliyalashtirish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VA ROSSIYA FEDERATSIYASI PREZIDENTLARINING TELEFON ORQALI MULOQOTI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi. 

Muloqotda ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib, jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar. 

2017 yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif hamda ikki davlat rahbarlarining muntazam uchrashuv va fikr almashuvlari siyosiy muloqotni faollashtirish, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilgani, aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, amaliy mazmun bilan boyitgani alohida ta’kidlandi. 

Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli savdo-iqtisodiyot, investitsiya, moliya va transport-kommunikatsiya sohalarida salmoqli natijalarga erishildi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda Rossiyaning etakchi kompaniya va banklari ishtirokida energetika tarmog‘i, neft-gaz majmui, metallurgiya, mashinasozlik, to‘qimachilik va oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. 

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga oshdi va 4,5 milliard dollarga etdi. 

Davlat rahbarlari Hududlararo hamkorlikka ko‘maklashish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim doirasida mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasida samarali sheriklik yo‘lga qo‘yilganini alohida qayd etdilar. 

Turistik va madaniy almashinuvlar kengaymoqda, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida muhim qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. 

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni, kelgusidagi turli darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasini muhokama qildilar. 

Muloqot so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida, mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash maqsadida o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini qat’iy ta’kidladilar. 
PREZIDENT O‘ZBEKISTON OLIMPIYA TERMA JAMOASINI CHEMPIONLIK BILAN TABRIKLADI
Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati g‘oliblari – O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolariga
Aziz farzandlarim! 
Qadrli ustoz va murabbiylar! 

Barchangizni futbol bo‘yicha Yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatining final o‘yinida g‘oyat og‘ir va noqulay ob-havo sharoitida tom ma’noda matonat va jasorat namunasini namoyon etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritganingiz bilan o‘z nomimdan, ko‘pmillatli xalqimiz nomidan samimiy muborakbod etaman. 

Sizlar qo‘lga kiritgan mislsiz bu g‘alaba butun xalqimizga cheksiz quvonch bag‘ishlab, O‘zbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Bu ulkan zafar, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi millionlab yoshlarni mardlik va matonat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga ulkan hissa qo‘shadi. 
El-yurtimiz sizlar kabi mard va jasur, fidoyi o‘g‘lonlari bilan, yurtimizning haqiqiy qahramonlari bilan faxrlanadi. 
Barchangizni bag‘rimga bosib, sizlarga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, jonajon O‘zbekistonimizning shon-shuhratini dunyoga tarannum etishda doimo yutuq va zafarlar yor bo‘lishini tilayman. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 

2017-2021 YILLARDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINI RIVOJLANTIRISHNING BESHTA USTUVOR YO‘NALISHI BO‘YICHA HARAKATLAR STRATEGIYASINI “FAOL TADBIRKORLIK, INNOVATSION G‘OYALAR VA TEXNOLOGIYALARNI QO‘LLAB-QUVVATLASH YILI”DA AMALGA OSHIRISHGA OID DAVLAT DASTURI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi (keyingi o‘rinlarda Harakatlar strategiyasi deb yuritiladi) o‘rta muddatli istiqbolda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan eng muhim dasturiy hujjat hisoblanadi. 

2017 yilda Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda alohida e’tibor “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil va “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu g‘oyaning, eng avvalo, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish hamda fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining real himoya qilinishini ta’minlash orqali hayotga amaliy tatbiq etilishiga qaratildi. 

Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida 30 dan ortiq qonunlar hamda 900 dan ortiq qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirishning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari, shuningdek, har bir davlat organida tashkil etilgan fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha maxsus bo‘linmalar aholi bilan ishlashning sifat jihatidan yangi samarali tizimini shakllantirishga xizmat qildi. 

O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi davlat boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish, “Elektron hukumat” va davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini rivojlantirish, iqtisodiyotga ma’muriy ta’sirni qisqartirish hamda boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish, sog‘lom raqobat muhiti va qulay investitsiya iqlimini yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab berdi. 

Sud-huquq tizimida sudlarning haqqoniy mustaqilligini ta’minlash, sud kadrlarini tanlab olishning demokratik va shaffof mexanizmini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Joylarda ma’muriy va iqtisodiy sudlarning tashkil etilganligi odil sudlovga erishish darajasini oshirish imkonini berdi. 

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimini isloh qilish, huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatda jinoyatchilikning umumiy ko‘rsatkichi 15,7 foizga kamayishiga erishildi, 1,2 ming mahallalarda birorta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. 

Ilgari, asosan xavfsizlikka xavf-xatar va tahdidlar oqibatlariga qarshi kurashish bilan cheklangan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga yondashuvlar konseptual qayta ko‘rib chiqildi. Mazkur muammolarni hal qilishda, birinchi navbatda, yoshlarning huquqiy madaniyati va ma’naviyatini yuksaltirish orqali odamlarning ongi uchun kurashish ustuvor vazifa etib belgilandi. 

O‘z taqdirini O‘zbekiston bilan bog‘lagan, mamlakatimiz farovonligi yo‘lida halol va vijdonan mehnat qilayotgan, o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga aylanib qolgan fuqarolarning hayotiy muhim masalalarini hal etishga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan davrda 1 243 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi. 

Iqtisodiy sohada keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi, eng avvalo, O‘zbekistonning o‘z majburiyatlarini bajarish va chet el hamkorlarining daromadlarini repatriatsiya qilish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun shart-sharoitlarni ta’minlovchi milliy valyuta erkin konvertatsiyasining joriy etilganligi bu borada muhim qadam bo‘ldi. 

Davlat byudjetini shakllantirishning tamomila yangi prinsiplari va mexanizmlari joriy etildi, uning daromad va xarajatlari shaffofligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Davlat aktivlarini boshqarishning samaradorligini oshirish va byudjetning daromad qismini ko‘paytirishga qaratilgan ishga solinmagan zaxiralardan foydalanish choralari ko‘rildi. 

Birinchi bosqichda – uzoq muddatli (10-15 yilga mo‘ljallangan) tarmoq, hududiy va maqsadli rivojlanish konsepsiyalarini ishlab chiqish hamda tasdiqlash, ikkinchi bosqichda – tarmoq, hududiy va maqsadli loyihalar portfellarini tuzish, uchinchi bosqichda – rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishning mutlaqo yangi tartibi tasdiqlandi. 

Ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha kompleks tadbirlar, birinchi navbatda, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va sog‘lig‘ini saqlashni kuchaytirish, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash, fuqarolarning bandligi va real daromadlarini oshirish, arzon ijtimoiy uy-joylar qurilishini kengaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. 

SHaharlar va qishloqlarda umumiy turar joy maydoni 3,5 million kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan namunaviy va ko‘p qavatli uylar qurildi. Turar joy qurilishi hajmlari 2010 yilga nisbatan 3,5 baravarga oshdi. 

Xalq bilan muloqot natijalari bo‘yicha 11 yillik umumiy o‘rta ta’limni qayta tiklash haqida qaror qabul qilindi, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishning shaffof mexanizmlari joriy etildi  va kvotalar jiddiy ravishda oshirildi. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi. 

Millatlararo tinchlik va totuvlikni, puxta o‘ylangan va o‘zaro manfaatli tashqi siyosat amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilganligi natijasida qo‘shni davlatlar bilan ishonchli munosabatlar yo‘lga qo‘yildi, Markaziy Osiyo hududida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratildi. 

Faqat o‘tgan yilda 21 ta oliy darajadagi tashrif amalga oshirildi, 60 ta davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, 400 dan ortiq kelishuvlarga erishildi, 60 milliard AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi bitimlar imzolandi. 

Shu bilan birga, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yakunlari hamda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida o‘tkazilgan ishlarning tanqidiy tahlili aholi farovonligining real o‘sishiga va joylarda ishlar holatining tubdan yaxshilanishiga to‘sqinlik qiluvchi qator muammolarni ko‘rsatib berdi. 

Harakatlar strategiyasi ijrosini ta’minlash yuzasidan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida: 

1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ko‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda Davlat dasturi deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin: 

davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasida – davlat xizmatining nufuzi va samaradorligini oshirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari vazifa va tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish, vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining mustaqilligini oshirish, markaziy organlarning ayrim vakolatlarini mahalliy hokimiyat organlariga o‘tkazish, davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini, ularning sifati va tezkorligini tubdan oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash; 

qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida – fuqarolar shaxsiy hayoti daxlsizligining konstitutsiyaviy kafolatlarini, shu jumladan, tintuv va telefon orqali so‘zlashuvlarni eshitib turishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish, Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha komissiyani tashkil etish orqali yanada mustahkamlash, milliy xavfsizlik organlari tizimini tubdan isloh qilish, vaqtincha saqlash, tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalarini videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati xodimlarini mobil videokameralar bilan ta’minlash, patrul xizmatining statsionar postlari sonini optimallashtirish; 

iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida – faol tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay huquqiy, tashkiliy sharoitlar yaratish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy qilish, tadbirkorlik sub’ektlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini va ular faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olish mexanizmlarini, soliq va bojxona siyosatini, bank-moliya sohasini yanada takomillashtirish, agrar sektorni isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga imtiyozlar taqdim qilgan holda individual imtiyozlar berishdan voz kechish, hududlarni faol rivojlantirish; 

ijtimoiy sohani rivojlantirish sohasida – ijtimoiy himoya qilish va fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, ijtimoiy dorixonalarning rivojlangan tarmog‘ini yaratish, aholi bandligi va fuqarolarning real daromadlarini oshirish, “iste’mol savatchasi”ni aniqlash, ijtimoiy uy-joylar qurilishini kengaytirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlash; 

xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, shuningdek, tashqi siyosat sohasida – O‘zbekiston Respublikasining yangi Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qabul qilish, xorijiy sheriklar bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish, davlat chegaralarini himoya qilish va qo‘riqlash tizimini takomillashtirish, terrorizm, ekstremizm va axborot tahdidlariga qarshi kurashish, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonalar faoliyatini tubdan isloh qilish, xorijda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, o‘zaro manfaatli tashqi siyosatni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish. 

2. Tadbirkorlik sub’ektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy e’lon qilinsin, jinoyat ishi doirasida va yuridik shaxs tugatilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tekshirishlar bundan mustasno. 

Belgilab qo‘yilsinki, 2018 yil 1 apreldan boshlab: 

Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi davlat soliq xizmati organlarining bo‘shayotgan 228 ta shtat birliklarini prokuratura organlariga o‘tkazgan holda tugatiladi; 

adliya organlarining kichik biznes, xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, chet el investorlari va chel el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanadi; 

jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish) bir oydan oshmasligi lozim, alohida hollarda tekshirish bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan uzaytirilishi mumkin; 

tadbirkorlik faoliyatini yuritishdagi huquqbuzarliklar bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning roziligi bilan amalga oshiriladi; 

tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlar, o‘tkazilgan tekshirishlar va monitoring (asos, tekshirish yoki monitoring o‘tkazish vaqti, ularni o‘tkazgan xodimlar va boshqalar) va aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi axborotlar majburiy tartibda prokuratura organlarining maxsus elektron axborot tizimiga kiritiladi. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda: 

innovatsion va ilmiy faoliyatni davlat va jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari, shu jumladan, innovatsion loyihalarni foizsiz kreditlash hamda innovatsion loyihalarni kreditlash uchun tijorat banklariga davlat kafolatlarini berishni ham nazarda tutuvchi “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi va “Fan to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini ishlab chiqsin va keng jamoatchilik muhokamasidan keyin Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin; 

mahalliy loyiha va pudrat tashkilotlarining tashqi bozorlarga chiqishini rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar, zamonaviy xalqaro standartlarni hisobga olgan holda shaharsozlik norma va qoidalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish, energiya tejamkor texnologiyalarni faol joriy etishni nazarda tutib, qurilish sohasini innovatsion rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va kiritsin. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar, monitoring va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqidagi zarur axborotlarni doimiy kiritib borishni nazarda tutuvchi maxsus elektron axborot tizimini ishlab chiqsin va joriy qilsin. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir oy muddatda: 

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatidagi qonunbuzilishlar haqidagi ma’lumotlarni tekshirish tartibini ishlab chiqsin va kiritsin; 

Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik faoliyati sohasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tadbirkorlik faoliyati sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, qonunchilik normalarini etkazish va tushuntirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi har bir huquqbuzarlik holati bo‘yicha aybdor shaxslar javobgarligining muqarrarligi prinsipi so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlagan holda, tadbirkorlik faoliyati sohasida, eng avvalo, tadbirkorlik sub’ektlari, chet el investorlari va chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirsin. 

8. Belgilab qo‘yilsinki: 

a) quyidagilar 2023 yil 1 yanvarga qadar muddatga yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari, barcha turdagi soliq va majburiy to‘lovlar to‘lashdan ozod qilinadi: 

yuqori texnologiyali tadbirkorlik loyihalari-startaplarni birgalikda moliyalashtirish uchun tashkil qilinadigan venchur fondlar; 

venchur fondlardan birgalikda moliyalashtiriladigan yuqori texnologiyali loyihalar-startaplar; 

ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsion markazlar, loyiha-konstruktorlik byurolari o‘zlarining yangi texnologiyalarini tadbirkorlarga sotishdan (foydalanishga berishdan) olingan daromadlar bo‘yicha; 

yangi texnologiyalarni mahalliy tadbirkorlikka transfer qiluvchi tashkilotlar bu faoliyatdan olingan daromadlari bo‘yicha;

b) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi elektron tijorat sohasida maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat dasturida belgilangan muddatlarda: 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari – "Xalq qabulxonalari" zamonaviy binolarining tasdiqlangan namunaviy loyihalarga muvofiq qurilishi va jihozlanishini ta’minlasin; 

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda elektron navbat va davlat xizmatini ko‘rsatishning borishini masofadan videokuzatish tizimlarini joriy etish, olis aholi punktlarida mobil davlat xizmatlari markazlarini tashkil qilish, shuningdek, mobil aloqa vositalari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishni ta’minlasin.

10. Vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga bo‘lgan taqiq, shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining javobgarligi bekor qilinsin. 

11. Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan ta’sirchan nazoratni, shuningdek, Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi to‘g‘risidagi umumlashtirilgan axborotning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga har chorakda taqdim etilishini ta’minlasin. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarning Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirib borishni ta’minlasin. 

12. Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlar: 

eng avvalo zamonaviy ishlab chiqarishni joriy etishga mo‘ljallangan innovatsion g‘oyalar hamda texnologiyalarni, faol tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga; 

hududlar ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatining barqaror o‘sishi va aholining hayot darajasi hamda farovonligini oshirishga ko‘maklashuvchi fan va innovatsion faoliyatni jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga; 

ilg‘or fikrlaydigan, tashabbuskor va mas’uliyatli xodimlar hamda fuqarolarni har tomonlama amaliy qo‘llab-quvvatlashga; 

“Har bir davlat xizmatchisi har kuni o‘zining mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart” degan qoidani ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratsin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Innovatsion rivojlantirish vazirligi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda: 

Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi tizimli monitoring qilinishini hamda u o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni ko‘rish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilishini; 

Davlat dasturi amalga oshirilishi haqidagi ma’lumotlarning har oy umumlashtirilishini hamda uning yakunlari aniq ko‘rsatkichlar va erishilgan ijobiy o‘zgarishlar ko‘rsatilgan holda o‘zlarining veb-saytlarida joylashtirilishini; 

monitoring natijalari haqida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot kiritilishini; 

Davlat dasturi amalga oshirilishining yakunlariga bag‘ishlangan axborot-tahliliy obzorlarning chet tillarda tayyorlanishi, nashr etilishi va keng tarqatilishini ta’minlasin. 

14. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan o‘zaro yaqin hamkorlikda: 

mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida keng tushuntirilishini; 

Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi haqidagi xolis, to‘liq ma’lumotning keng jamoatchilikka tezkorlik bilan etkazilishini ta’minlasin. 

15. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi: 

ushbu Farmonning mazmun va mohiyatini, shuningdek, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan zarur ma’lumotlarning xalqaro jamoatchilikka tizimli etkazilishini; 

Davlat dasturini amalga oshirish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlariga ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganishda har tomonlama ko‘maklashishni ta’minlasin. 

16. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullaev zimmasiga yuklansin. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOYEV 
Toshkent shahri, 2018 yil 22 yanvar 

UMUMIY O‘RTA, O‘RTA MAXSUS VA KASB-HUNAR TA’LIMI TIZIMINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni 
Mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga muvofiq uzluksiz ta’lim tizimini takomillashtirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim xizmatlarining ochiqligi va sifati masalalariga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. 

O‘tgan yillarda kasb-hunar ta’limini rivojlantirish, ta’lim jarayonini modernizatsiyalash va mazmunini yangilashni ta’minlash maqsadida uning huquqiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi, iqtidorli yoshlarning xalqaro va respublika olimpiadalari hamda tanlovlarda salmoqli natijalarga erishishlarida ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator tizimli chora-tadbirlar ko‘rildi. 

Shu bilan birga, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi rivojlanishini tahlil qilish natijalari tizimning bugungi kun talablariga javob bermasligini va tub islohotlarga muhtojligini ko‘rsatdi: 

birinchidan, kasb-hunar kollejlari aholi yashash joylariga yaqin bo‘lmagan masofada joylashtirilganligi, ayniqsa, hududlarda transport infratuzilmasi etarli darajada rivojlanmaganligi hamda ob-havo sharoitlari tufayli o‘quvchilarning vaqti-vaqti bilan ommaviy ravishda dars mashg‘ulotlarini qoldirishlariga sabab bo‘lmoqda; 

ikkinchidan, kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini shakllantirishning mavjud amaliyoti kasb-hunar kollejlari ta’lim yo‘nalishlariga javob bermaydigan o‘quv ustaxonalari tashkil etilishiga, butlovchi va ehtiyot qismlar bilan etarli darajada ta’minlanmasligiga olib keldi. Kasb-hunar kollejlari moddiy-texnik jihozlanishining o‘rtacha darajasi bugungi kunda atigi 56 foizni tashkil etadi, 31 ta kasb-hunar kollejida o‘quv ustaxonalari umuman mavjud emas;

uchinchidan, etarli darajada moliyalashtirilmaganligi natijasida kasb-hunar ta’limi tizimi uchun zarur bo‘lgan ko‘plab darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilmadi, darsliklarning 50 foizi rus va qoraqalpoq tillariga tarjima qilinmagan, amaldagi darsliklar biror marta yangilanmagan; 

to‘rtinchidan, kasb-hunar kollejlarida kadrlar tayyorlash tizimi hududlardagi iqtisodiy tarmoqlarning real ehtiyojlaridan ortda qolganligi, shuningdek, kasb-hunar kollejlari uchun belgilangan qabul kvotalarida mehnat bozori kon’yunkturasi va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish imkoniyatlari hisobga olinmasligi bitiruvchilarni ishga joylashtirishda qiyinchilik tug‘dirmoqda; 

beshinchidan, kasb-hunar kollejlaridagi mavjud o‘quv jarayonini tashkil etishning hozirgi holati, qo‘llanilayotgan o‘quv-normativ hujjatlar hamda o‘qitish muddatlari kasblarning murakkablik darajasiga javob bermaydi, ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etishdagi kamchiliklar olinayotgan bilim darajasi tushib ketishiga va tegishli ravishda qator ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bitiruvchilarga bo‘lgan ehtiyojning pasayishiga olib keladi va natijada o‘qishni tamomlagandan keyin ish joylarida ularni qo‘shimcha o‘qitish zaruratini keltirib chiqarmoqda; 

oltinchidan, aholi turli toifalarini “Hayot davomida ta’lim olish” prinsipi bo‘yicha kasbga tayyorlash tizimining etarli rivojlanmaganligi aksariyat katta yoshli aholi, shuningdek, ishsiz yoshlar va nogiron shaxslarning mehnat bozorida keraksiz bo‘lib qolishiga olib kelmoqda; 

ettinchidan, kasb-hunar kollejlarida o‘quv jarayonini tashkil etishga va o‘quvchilarni intellektual, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyalashga yuzaki yondashish, ularning bo‘sh vaqtlarini band etishning samarasiz mexanizmi o‘quvchilar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoiy qilmishlar soni ortishiga, ularning o‘qishga qiziqishi hamda davomatning tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda. 

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab 11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim tizimiga o‘tilishi jamoatchilik, ota-onalar va 9-sinflar bitiruvchilari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. 

Ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish maqsadida: 

1. Belgilab qo‘yilsinki: 

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab majburiy umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim umumta’lim maktablarida, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablarda, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktab-internatlarida, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida hamda akademik litseylarda uzluksiz va 11 yillik muddatda amalga oshiriladi; 

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab kasb-hunar kollejlariga o‘qishga qabul qilish umumta’lim maktablarining 11-sinflari bitiruvchilari hisobidan, ixtiyoriylik asosida, tegishli mutaxassislikka (kasbga) ega bo‘lish uchun 6 oydan 2 yilgacha bo‘lgan o‘qitish muddatlarida amalga oshiriladi; 

kasb-hunar kollejlariga 2017/2018 o‘quv yiliga qadar (ushbu o‘quv yili qo‘shilgan holda) o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar o‘qishni o‘zlari ta’lim olayotgan kasb-hunar kollejlarida amaldagi o‘quv dasturlari asosida belgilangan tartibda tugatadilar. 

2. Quyidagilar kasb-hunar ta’limi sohasida kadrlar tayyorlash tizimining muhim vazifalari deb hisoblansin: 

iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini, zamonaviy texnika va texnologik tendensiyalarni hisobga olib ehtiyoj yuqori bo‘lgan va turdosh mutaxassisliklar bo‘yicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq qilgan holda ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan va kamida ikkita xorijiy tilni biladigan malakali kadrlarni tayyorlash; 

kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojni, ish beruvchi korxonalarning takliflarini hisobga olgan holda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari uchun zarur mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha kasb-hunar kollejlari faoliyatini muvofiqlashtirish; 

yoshlarni har tomonlama barkamol qilib, vatanparvarlik va milliy mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik ruhida tarbiyalashga, shuningdek, o‘quvchilarda boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosimizga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy va axloqiy sifatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayonni yangi pedagogik shakllar va usullar asosida tashkil etish; 

yetakchi mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy innovatsion o‘quv loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun kasb-hunar ta’limi sohasiga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish;