2019 yil 3 may juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

O‘ZBEKISTON PREZIDENTINING QOZOG‘ISTON PREZIDENTI BILAN TELEFON ORQALI MULOQOTI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Prezidentimiz Qozog‘iston rahbarini joriy yil 9 iyun kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdan tashqari Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti sayloviga nomzod etib ilgari surilgani bilan qutladi va ushbu muhim siyosiy tadbirning o‘tkazilishida muvaffaqiyat tiladi. Davlat rahbarlari Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning joriy yil 14-15 aprel kunlari O‘zbekistonga ilk davlat tashrifi natijalarini yuksak baholadilar. Erishilgan kelishuvlarni hamda sanoat, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda aniq loyihalarni izchil amalga oshirish, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va turizm yo‘nalishlarida faol hamkorlikni davom ettirish muhimligi alohida qayd etildi.O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining ishbilarmonlikka oid tadbirlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarga boy dasturi qardosh xalqlarimizning yanada yaqin bo‘lishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.Qozog‘iston Prezidenti tabrik va samimiy tilaklar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.Muloqot so‘ngida O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni strategik sheriklik, ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga tayangan holda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaati yo‘lida yanada mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini ta’kidladilar.

O‘ZBEKISTON PREZIDENTI XITOY RAISI BILAN UCHRASHDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi 25 aprel kuni ertalab Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashuvdan boshlandi.Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.Xitoy rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumida ishtirok etish uchun XXRga tashrifi bilan qutladi. Si Szinpin Xitoy O‘zbekiston bilan hamkorlikning bugungi holatini yuksak qadrlashi hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qat’iy intilishini ta’kidladi.Davlatimiz rahbari xalqaro forumda ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirib, ushbu tadbir ham ikki tomonlama, ham mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni va mamlakat xalqini yaqinlashib kelayotgan muhim sana – Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilganining 70 yilligi bilan muborakbod etdi.
- Hurmatli Prezident, Siz birinchi forumda ham ishtirok etganingizni mamnuniyat bilan eslayman. Shu ma’noda, Sizni “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi asoschilaridan biri sifatida qabul qilamiz, - dedi Si Szinpin. - O‘zbekistonning forumga e’tibori va undagi ishtiroki mamlakatlarimiz hamkorligi rivojidan dalolat beradi. Ikki tomonlama ko‘plab kelishuvlarga erishilgan va ular izchil amalga oshirilmoqda. Ishonchim komilki, O‘zbekiston - Xitoy munosabatlarining istiqboli porloq.O‘zbekiston va Xitoy – har tomonlama strategik sheriklar. O‘zbekiston XXRning tashqi siyosiy kursi va yagona Xitoy masalalari bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi olib borayotgan kurashini qo‘llab-quvvaytlaydi. Xitoy mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va O‘zbekistonning mintaqaviy siyosatini olqishlaydi. Davlatlar xalqaro tashkilotlar doirasida faol hamkorlik qilmoqda.Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari va siyosiy irodasi O‘zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Bugun siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, moliya, qishloq xo‘jaligi, qurilish, fan, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlik jadal rivojlanmoqda.Xitoy – O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan biri. O‘zaro tovar ayirboshlash izchil o‘smoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra uning hajmi 6,4 milliard dollardan, joriy yilning birinchi choragida esa 50 foizga oshgan.Mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan Xitoy investitsiyalari va kreditlari hajmi 8 milliard dollardan oshdi. 2017 yil may oyida XXRga amalga oshirilgan oliy darajadagi davlat tashrifi natijasida umumiy qiymati 4,5 milliard dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda.Uchrashuvda tovar ayirboshlashni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi, o‘zaro savdo hajmini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazishdan manfaatdorlik bildirildi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya, innovatsiya va texnologiyalar jalb etish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollariga, turli sohalarda hamkorlik bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish, mintaqaning tranzit va transport-kommunikatsiya salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.Davlatimiz rahbari O‘zbekiston “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi va uning keng ko‘lamda amalga oshirilishiga amaliy hissa qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidladi.Xitoy Raisi O‘zbekistonning bu boradagi ishtiroki va tashabbuslari Xitoy bilan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

BIR MAKON, BIR YO‘L: HAMKORLIKDAGI TARAQQIYOT ISTIQBOLLARI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi ochilish marosimidan so‘ng ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.Forum ishida 40 dan ziyod xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari qatnashmoqda.Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin anjumanni ochib, unda ishtirok etayotgan barcha xorijiy delegatsiyalar rahbarlari, ko‘p sonli ekspert va tahliliy doiralar vakillariga minnatdorlik bildirdi.Xitoy Raisi BMT, SHHT, Yevropa Ittifoqi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamkorligida amalga oshirilayotgan “Bir makon, bir yo‘l” qo‘shma loyihasi iqtisodiy rivojlanishga keng yo‘l ochishini, shu jihatdan u turli mamlakatlarning milliy taraqqiyot strategiyasiga mos kelishini ta’kidladi. Loyihani birgalikda hayotga joriy etish butun dunyoda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini oshirishda muhim rol o‘ynashi qayd etildi.2017 yilda ilk bor o‘tkazilgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash, rivojlanishning yangi modelini izlash, shakllantirish va harakatlantirishga yo‘naltirilgan loyiha sifatida e’tirof etilmoqda.Xitoy ilgari surgan mazkur tashabbus ikki yo‘nalish – quruqlik va dengiz yo‘llarini rivojlantirish va o‘zaro bog‘lash orqali davlatlararo hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan. Hozirgi kunda u Osiyo, Yevropa va Afrikadagi 65 mamlakatni qamrab olgan. Kelgusida unga boshqa davlatlar ham qo‘shilishi natijasida global iqtisodiy makonga aylanadi.“Bir makon, bir yo‘l” loyihasining asosiy maqsadlaridan biri global erkin savdo tartibini qo‘llab-quvvatlash, Osiyo, Yevropa va Afrika mamlakatlari o‘rtasida integratsiyani kengaytirishga qaratilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, butun loyihaning taxminiy iqtisodiy ko‘lami 21 trillion AQSH dollarini tashkil qiladi.Bugungi kunda 100 dan ortiq davlat loyihada qatnashish istagini bildirgan, 40 dan ziyodi Xitoy bilan hamkorlik qilish bo‘yicha bitim imzolagan. Natijada 2013 yildan 2017 yilgacha Xitoy va «Bir makon, bir yo‘l» loyihasiga qo‘shilgan mamlakatlar o‘rtasida tashqi savdo aylanmasi 4,8 trillion AQSH dollariga etdi, yillik o‘sish 4 foiz oshdi.Xitoy loyiha doirasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikni nazarda tutuvchi «moslashuvchan mexanizmlar»ni qo‘llab kelmoqda. Xitoyning tranzit-logistika sohasiga oid loyihalari Markaziy Osiyo mamlakatlarining jahon bozoriga chiqishi, boshqa davlatlar bilan sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashiga keng yo‘l ochmoqda.O‘zbekiston birinchilar qatorida “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va uning a’zo-ta’sischilaridan biriga aylandi. Mamlakatimiz uchun dengiz portlariga chiqish juda muhim. Shu bois, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika bozorlariga chiqish imkonini beruvchi xalqaro transport yo‘laklarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarda faol ishtirok etmoqda.Jumladan, 2016 yilda Farg‘ona vodiysini O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan bog‘lovchi “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘li barpo etildi. Mazkur liniya Xitoygacha bo‘lgan masofani 270 kilometr qisqartirish imkonini berdi. Bundan tashqari, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi mamlakatlarimiz uchun ulkan iqtisodiy imkoniyatlar ochadi. Natijada mamlakatimizdan Xitoy va O‘rta Sharqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati yuzaga keladi, yuk tashish vaqti 5-6 sutkaga qisqaradi. Yangi avtomobil yo‘llari, jumladan, “Andijon-O‘sh-Irkishtom-Qoshg‘ar” qatnovini ochish mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirib, ularning iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi.2018 yilda O‘zbekiston tashqi savdo yuklarini Xitoydan va Xitoyga temir yo‘l transporti orqali tashishda 2017 yilga nisbatan 18,2 foiz o‘sish kuzatildi. Import yuklarini tashishda 25,8 foiz o‘sishga erishildi.Anjumanning ochilishida xalqaro savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash, mamlakatlarning iqtisodiy boshqaruv tajribalarini takomillashtirish, yangi transport va logistika yo‘laklari yaratilishini rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar xususida so‘z yuritildi. Ushbu loyihada ishtirok etayotgan mamlakatlar safi kengayib borayotgani dunyo miqyosida barqaror rivojlanishga intilish kuchayayotganini ifoda etishi ta’kidlandi.Xalqaro forumning birinchi kuni Xalq vakillari kengashi uyida tadbir ishtirokchilari sharafiga tashkil etilgan gala-konsert bilan yakunlandi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kuni Pekinda Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi Li Chjanshu bilan uchrashdi.Davlatimiz rahbari “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumining o‘tkazilishi hamda uning doirasida XXR Raisi Si Szinpin ilgari surgan tashabbuslarning amalga oshirilishi xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga, keng mintaqamizda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuv muhitini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.Xitoy Xalq Respublikasi Raisi bilan uchrashuvda mamlakatlarimiz hamkorligining yangi istiqbollari belgilab olingani, ular ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.Li Chjanshu O‘zbekiston va Xitoy o‘zaro munosabatlarda yuksak darajaga erishganini mamnuniyat bilan qayd etdi.Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ko‘plab sohalarda aloqalar yanada faollashgani alohida ta’kidlandi.O‘zbekiston va Xitoyning qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida hamkorlik borasida ijobiy tajriba to‘plangan. Parlament delegatsiyalarining uchrashuvlari muntazam o‘tkazilib, bu boradagi sheriklik izchil rivojlanmoqda.Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, parlamentlararo muloqot mamlakatlarimiz hamkorligini amaliy mazmun bilan boyitish, yangi dastur va loyihalarni ilgari surishga xizmat qilishi qayd etildi.Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va keng ko‘lamli sheriklikni yanada rivojlantirishga amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.Li Chjanshu O‘zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, ularning real natijalari va samaradorligini yuksak baholadi. Uning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyevni o‘z siyosati va islohotlari miqyosi va maqsadlari nuqtai nazaridan to‘la asos bilan Xitoyning buyuk islohotchisi Den Syaopin bilan taqqoslash mumkin.Uchrashuv yakunida parlamentlararo aloqalarni faollashtirish hamda samarali islohot va yangilanishlarni amalga oshirish borasidagi tajribani chuqur o‘rganish maqsadida qo‘shma tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.Prezidentimiz o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi.Davlatimiz rahbari Bosh kotibni samimiy qutlab, Samarqand va Nyu-York shaharlarida o‘tgan mazmunli suhbatlarni mamnunlik bilan eslashini, ushbu muloqotlar O‘zbekiston bilan BMT institutlari va tashkilotlari o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilganini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi Markaziy Osiyo bo‘yicha va Toshkentdagi Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyalarni, Samarqand shahrida o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi va boshqa tadbirlarni shaxsan qo‘llab-quvvatlagani uchun Antoniu Guterrishga minnatdorlik bildirdi.Prezidentimiz Bosh kotibning BMTni isloh qilish, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni, izchil taraqqiyotni ta’minlash yo‘lidagi tashabbuslari va sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. Ushbu islohotlar O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan qat’iy islohotlarni faol davom ettirishga xizmat qilishini ta’kidladi.BMT Bosh kotibi Prezidentimiz bilan yana bir bor uchrashib turganidan mamnun ekanini ta’kidlab, O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ma’naviyat, ta’lim, ekologiya, turizm kabi sohalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutayotganini qayd etdi.O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qat’iy intilmoqda. Eng muammoli masalalarning echimi topildi, barcha qo‘shnilar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Keyingi ikki yilda mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 2 barobar ortdi.BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha tarixiy ahamiyatga ega rezolyusiyasi hamda Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik bo‘yicha rezolyusiyasi qabul qilingani O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarining xalqaro e’tirofi bo‘ldi. Mamlakatimiz Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani tayyorlash va qabul qilish bo‘yicha muhim tashabbusni ham ilgari surgan.BMT Bosh kotibining ko‘magi tufayli BMT shafeligida Orolbo‘yi uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyat boshladi. Orolbo‘yida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.Antoniu Guterrish Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Orolbo‘yida aholi turmushi sifati va darajasini oshirish, zamonaviy uy-joy, ijtimoiy infratuzilma va sanoat obyektlarini qurish, umuman, Orol fojiasining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi. Orolning qurigan tubidagi 500 ming gektardan ortiq maydonda himoya o‘rmonzorlari barpo etilmoqda, 1,1 million gektar maydonda qum tutish tizimi yaratildi.Uchrashuvda joriy yil oktabr oyida Nukusda bo‘lib o‘tadigan Orolbo‘yida ekologik innovatsiya va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunida O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasiga ushbu hududni “Ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi” sifatida e’lon qilishga doir maxsus rezolyusiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqishi rejalashtirilgani ta’kidlandi.Bundan tashqari, 2020 yilda Toshkent shahrida Ozon qatlamini emiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokolini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazilishi qayd etildi.Suhbat chog‘ida Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish mintaqamizda barqarorlikni ta’minlashning muhim omili ekani ta’kidlandi. O‘zbekiston Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka faol jalb etmoqda, ushbu mamlakat uchun savdo, infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni ilgari surmoqda.Antoniu Guterrish O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zarur barcha ko‘makni ko‘rsatishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi yangi binosini ko‘zdan kechirdi.Keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari barcha sohalar, jumladan, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, texnologiyalar, energetika, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda faol rivojlanmoqda.Diplomatik vakolatxonamizning uch qavatli yangi binosi farg‘onalik ustalar ishtirokida milliy bunyodkorlik an’analari va zamonaviy me’morchilik yutuqlari asosida bunyod etilgan. Imorat Pekin shahri markazidagi Chaoyang ishbilarmonlik mavzesida, AQSH, Yaponiya, Malayziya, Singapur kabi davlatlar elchixonalari bilan yonma-yon joylashgan.Birinchi qavatda muzokaralar, ishbilarmonlik va madaniyat tadbirlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan “Samarqand”, “Buxoro”, “Xiva”, “Qo‘qon” zallari joylashgan. Darvozadan kiraverishdagi ayvon xalqimiz an’analari va boy madaniyatini aks ettirgan.Davlatimiz rahbari bu erdagi sharoitlar bilan tanishar ekan, mazkur dargoh milliy uslubda bezatilganidan mamnunligini bildirdi hamda u Xitoy va xitoy xalqining mamlakatimiz bilan hamkorlikka yuksak e’tibori namunasi ekanini ta’kidladi.Ushbu bino xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradigan, mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytiradigan, madaniyatlararo aloqalarni boyitadigan markaz bo‘ladi. O‘zbekiston va Xitoy hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi g‘oya va tashabbuslarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.