2019 yil 8 fevral juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

IQTISODIYOTNI VA VALYUTA BOZORINI ERKINLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI NATIJADORLIGI MUHOKAMA QILINDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.Yig‘ilishda qayd etilganidek, iqtisodiyot rivojlanishi va tadbirkorlar faoliyati uchun katta to‘siq bo‘lib kelgan valyutani erkin sotib olish va sotish borasidagi cheklov va muammolar bartaraf etildi. E’tiborlisi shundaki, oldingi yillarda eksport tushumlari bo‘yicha majburiy sotuv talabi bor paytda eksportdan tushgan valyuta tushumlarining ichki bozorga ishlatilishi 30 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bunday cheklov va talablar olib tashlanganidan keyin ushbu ko‘rsatkich  61 foizga etdi.Buning natijasida tashkilotlar o‘zlari uchun zarur xom ashyo va asbob-uskunalarni xarid qilish, joriy va investitsiya ehtiyojlarini qoplash imkoniyatiga ega bo‘ldi, shuningdek, o‘tgan yili sanoat hajmi 14,4 foiz, eksport tushumi 19 foiz o‘sdi va eksportyorlarning banklarga sotgan valyutasi miqdori 1,9 barobar oshishiga erishildi.Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, raqobatbardosh ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.Davlatimiz rahbari 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida valyutani erkinlashtirish siyosatini izchil davom ettirish, barqaror monetar siyosatni amalga oshirish iqtisodiyot sohasidagi muhim vazifalardan ekanini ta’kidlagan edi.Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Valyuta zaxiralarimizdan oqilona foydalanish, ushbu zaxirani boshqarishning aniq strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.Shuningdek, oltin-valyuta zaxiralari tarkibini optimallashtirish, valyutalarni saqlashda xalqaro tajriba asosida qimmatli qog‘ozlar, jumladan, yuqori likvidli obligatsiyalardan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.Valyuta tushumlari va oltin-valyuta zaxiralarining ko‘payishini ta’minlashda eng optimal yo‘l eksport salohiyatini oshirishdir. Shuning uchun bu yil eksport prognozlari o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘proq qilib belgilangan.Lekin ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarda hanuzgacha eksport tushumi bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklar mavjudligi qayd etildi.Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga har bir xo‘jalik birlashmasi kesimida eksport bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni kamaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqib, ijrosini ta’minlash vazifasi yuklatildi.Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, iqtisodiyot erkinlashgan va investitsiyalar faollashgan sharoitda tashqi savdo aylanmasida o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy holat.Prezident erkin sotib olinayotgan valyuta iqtisodiyotimizning ertangi rivojlanish maqsadlariga xizmat qilishi kerakligini alohida ta’kidladi.Mahalliy ishlab chiqarishning ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish maqsadida investitsiya xarakteriga ega bo‘lgan texnologiya, asbob-uskuna, xom ashyo va materiallarni xarid qilishda xo‘jalik yurituvchi subyektlar va korxonalar valyutasini samarali yo‘naltirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Davlat ulushiga ega korxonalarda import o‘rnini bosuvchi va mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash kerakligi qayd etildi.Shuningdek, yangi bojxona tariflarining mahalliy ishlab chiqarishga ta’sirini o‘rganib, amaldagi tariflarni yanada takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.Yig‘ilishda yetakchi korxona va tashkilotlar bo‘yicha eksport tushumlari tanqidiy tahlil qilinib, bu boradagi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakat eksport salohiyatini oshirish, jumladan, yetakchi eksportyor korxonalarning eksport tushumlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Bu borada nisbiy ustuvorlikka ega bo‘lgan sohalarni aniqlab olish hamda ularni rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya va yo‘l xaritalari ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.

PREZIDENTIMIZ SHAVKAT MIRZIYOYEV ISLOM KARIMOV XOTIRASIGA HURMAT BAJO KELTIRDI

Mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavalludining 81 yilligi keng nishonlandi.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, buyuk davlat va siyosat arbobi haykali poyiga gul qo‘ydi. Uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘anievich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi va 2018 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida Samarqand va Qarshi shaharlarida Islom Karimov haykallari qad rostladi, u kishi uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan Oqsaroy qarorgohi yodgorlik majmuasiga aylantirildi, Toshkent xalqaro aeroporti, yirik muassasa va tashkilotlar, poytaxtimiz va viloyat markazlaridagi markaziy ko‘chalarga buyuk Yo‘lboshchimiz nomi berildi. Gul qo‘yish marosimida parlament va hukumat a’zolari, fan va madaniyat namoyandalari, yoshlar, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

ISLOM KARIMOV TAVALLUDIGA BAG‘ISHLANGAN TADBIRLAR O‘TKAZILDI

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludi kuni munosabati bilan xotira tadbirlari o‘tkazilmoqda.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi edi. U mamlakatimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tiklagan. Og‘ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda yurtimizni jadal rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirgan.Birinchi Prezidentimiz o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan.Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Islom Karimov xotirasiga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzildi. Toshkent davlat texnika universiteti, Asaka shahridagi avtomobil zavodi, Farg‘ona shahridagi San’at saroyi, Toshkent xalqaro aeroporti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat markazlaridagi ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi. Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida buyuk Yo‘lboshchimizning haykali o‘rnatildi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 noyabrdagi qaroriga asosan buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi.Birinchi Prezidentimiz dafn qilingan Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasi yonida ulug‘vor maqbara bunyod etildi. Bu yodgorlik yurtdoshlarimiz qadami uzilmaydigan muqaddas ziyoratgohga, yoshlar uchun katta tarbiya maskaniga aylandi.Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.Davlatimiz rahbari yodgorlik majmuasini saqlash, atrofini obodonlashtirish, ziyoratchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish zarurligini ta’kidladi.Shundan so‘ng Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida ehson oshi berildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.Samarqand Islom Karimov hayoti va faoliyatida alohida o‘rin tutadi. Ma’lumki, Birinchi Prezidentimiz ushbu qadimiy shaharda tug‘ilgan, uning har tomonlama rivojlanishiga katta e’tibor qaratgan. Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi, Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan bu yerda qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. 2007 yilda YUNESKO shafeligida Samarqand shahrining 2750 yilligi keng nishonlangan. Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Ulug‘bek rasadxonasi va boshqa tarixiy qadamjolar obod qilingan. O‘nlab zamonaviy inshootlar, xiyobonlar, favvoralar barpo etilgan.Keyingi yillarda qad rostlagan Islom Karimov maqbarasi va haykali Samarqanddagi ana shu obod maskanlar qatoriga qutlug‘ qadamjo bo‘lib qo‘shildi.Shu kuni Samarqand viloyati jamoatchiligi Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘ydi.Qarshi shahrida ham buyuk Yo‘lboshchimiz haykali poyiga gullar qo‘yildi. Poytaxtimiz va viloyatlarda Birinchi Prezidentimiz tavallud kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazildi.​​