2018 yil 7 dekabr juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot soati va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

PAN GI MUN: O‘ZBEKISTONGA YANA KELGANIMDAN MAMNUNMAN

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq Bosh kotibi, bugungi kunda Yashil taraqqiyot global instituti assambleyasi va Xalqaro olimpiya qo‘mitasining Etika bo‘yicha komissiyasiga rahbarlik qilayotgan Pan Gi Munni qabul qildi.

Mehmon uchrashuvdan keyin O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish men uchun katta sharaf. Suhbatimiz davomida biz ko‘plab masalalarni muhokama qildik.
Biz O‘zbekiston Prezidentining mamlakatda keng miqyosli islohot va yangilanishlar dasturini boshlash bo‘yicha tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonning qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasini yuksak qadrlaydi. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan afg‘on masalasiga bag‘ishlangan ikki nufuzli xalqaro forum tashkil etilgani buni tasdiqlaydi. O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan chegara bilan bog‘liq masalalarni hal etish borasidagi diplomatik sa’y-harakatlari ham e’tiborga molik.
O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildik.
Orol fojiasi miqyosi va ko‘lamiga ko‘ra eng dahshatli ekologik falokatdir. Men 2010 yil aprel oyida Orolbo‘yiga borganimda juda ayanchli manzaraning guvohi bo‘lgan edim. BMTning ko‘plab majlislarida har safar ushbu fojiani bartaraf etish masalasini ko‘tarishga harakat qildim.
Oxirgi marta mamlakatingizga 2015 yilda kelgan edim. Uch yil o‘tib, bu yerda keng miqyosli o‘zgarishlar ro‘y berganiga guvoh bo‘ldim. Mamlakatingizda yangilanishlar shamoli yaqqol sezilmoqda. 

 

MUDOFAA TIZIMIDAGI ISLOHOTLARDAN MAQSAD MAMLAKATIMIZ XAVFSIZLIGI VA XALQIMIZ TINCHLIGINI TA’MINLASHDIR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Chirchiq dala o‘quv maydonida yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirilgan bo‘linmalarning maxsus-taktik mashqlarini kuzatdi.Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 10 yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida so‘zlagan nutqida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada yuksaltirish, milliy armiyamiz jangovar shayligini oshirish borasidagi ishlar haqida to‘xtalar ekan, oldinda turgan muhim vazifalarni ham sanab o‘tgan edi. Jumladan, qo‘shinlar istalgan daqiqada o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga qodir bo‘lishi kerak. Ular jangovar tayyorgarlikning yangi tizimi bo‘yicha muntazam shug‘ullanib borishi, barcha harbiy xizmatchilar haqiqiy professional kadr bo‘lishi uchun o‘z sohasini puxta egallashi shart ekani ta’kidlangan edi. Berilgan topshiriqlar asosida jangovar tayyorgarlik uchun muntazam shug‘ullanish, harbiy xizmatchilarning kasb malakasini oshirish va o‘z yo‘nalishi bo‘yicha vazifalarni aniq bajarishiga erishish uchun keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rildi. Jangovar tayyorgarlik dasturlari qayta ko‘rib chiqildi, bunda, avvalo, harbiy xizmatchilarning ruhiy jihatdan chidamli bo‘lishiga e’tibor qaratildi. Qo‘shinlarni eng zamonaviy turdagi harbiy texnika va qurol-yarog‘ bilan ta’minlash choralari ko‘rildi. Bularning barchasi butun dunyoda, jumladan, yon-atrofimizda xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib borayotgan bir vaqtda, ehtimoliy tahdidlarga qarshi munosib zarba berishga tayyor bo‘lishimiz, O‘zbekistonning tinch va barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatmasiga binoan, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar tayyorgarligini tekshirish uchun joriy yil 26 noyabr erta tongda qo‘shinlar "Trevoga!" signali bilan yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi. To‘satdan tekshiruvning asosiy maqsadi – joriy yil davomida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari va boshqaruv organlarida amalga oshirilgan ishlarni baholash hamda tahlil qilishdan iborat edi. Hozirga qadar O‘zbekiston armiyasida bu kabi tekshiruv o‘tkazilmagan. Signaldan so‘ng Mudofaa vazirligi markaziy apparati, barcha harbiy okrug va bo‘linmalarda zarur tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Harbiy poligonlarda bir nechta maxsus-taktik mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun qo‘shinlar kolonna bo‘lib chiqib ketdi. Bunda asosiy e’tibor qo‘shinlarni barqaror va uzluksiz boshqarishni tashkil etish va qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Tekshiruvning barcha bosqichlarida xavfsizlik qoidalariga, harbiy texnika va qurollarning sozligiga qat’iy rioya qilinyapti. To‘satdan tekshiruv davomida maxsus tuzilgan idoralararo ishchi komissiya qo‘shinlar harakatini nazorat qilib, tahlil etib bormoqda. Yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirilgan bo‘linmalarning ehtimoliy xavfni qaytarishga doir maxsus-taktik mashqlari Chirchiq dala o‘quv maydonida ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar shartiga ko‘ra, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarish, iqtisodiyot tarmoqlari, o‘ta muhim ob’ektlar, aholining ommaviy yig‘ilish joylarida qo‘poruvchilik aktlari sodir etish hamda shaharlar va aholi yashash punktlarida ommaviy tartibbuzarliklar keltirib chiqarishni maqsad qilgan, davlat chegarasiga yaqin harakatlanayotgan shartli dushmanni aniqlash va yakson qilish mashqlarida havo-desantchilari, artilleristlar, moto-o‘qchilar, tankchilar, maxsus operatsiya kuchlari hamda Harbiy-havo kuchlari bo‘linmalari qatnashdi. Shartli dushman bazalariga va u joylashgan hududlarga Harbiy-havo kuchlari tarkibidagi MiG-29 va Su-25 qiruvchi samolyotlari, Mi-24 vertolyotlaridan zarbalar berildi. Chalg‘ituvchi harakatlarni amalga oshirgan holda, davlat chegarasini yorib o‘tishga faol kirishgan shartli noqonuniy to‘dalarni artilleriya divizioni yordamida yakson etishga qaror qilindi. Shundan keyin jang maydonida tankchilar bo‘linmasi paydo bo‘ldi. Ular tank biatlonida qo‘llaniladigan “Suvli to‘siq”, “Eskarp” va “Tirsakli ko‘prik”dan mohirona o‘tib, belgilangan marrani egallab, “Tank karuseli” jang usulini qo‘lladi. 

Mudofaa operatsiyasi davomida shartli og‘ir yaralangan harbiy xizmatchilarni jang maydonidan olib chiqish, vertolyotda evakuatsiya qilish jarayoni namoyish etildi.Eng zamonaviy turdagi jangovar vertolyotlar shaxsiy tarkibni belgilangan hududga desant usulida etkazdi. Parashyut-desant bataloni marralar oralig‘idan suqilib kirgan shartli dushmanni umumqo‘shin zaxira kuch va vositalari bilan yakson qilish vazifasini muvaffaqiyatli bajardi.Maxsus-taktik mashg‘ulotlar harbiylarimizning yuksak professional mahoratini, yuqori jangovar shayligini, bir tanu bir jon bo‘lib harakatlanishini namoyon etdi.Mashg‘ulotlarni harbiy-ma’muriy sektorlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ham kuzatib bordi.Prezidentimiz poligon yonidagi harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, qurol-aslaha va texnikani ko‘zdan kechirdi. Mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlardan maqsad mamlakatimiz xavfsizligini mustahkamlash, xalqimiz tinchligini ta’minlash ekanini ta’kidladi.Professionalligi bilan alohida namuna ko‘rsatgan polkovnik Qodir Tursunovga avtomashina, bir guruh harbiy xizmatchilarga planshetlar sovg‘a qilindi. SHu erda harbiy-ma’muriy sektorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazildi.Shu kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha masalalar qatori harbiy qurilish sohasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.Xavfsizlik kengashining joriy yil 10 yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisida belgilab berilgan yo‘nalishlar hayotga tatbiq etildi. Qurolli Kuchlarni isloh qilish va rivojlantirishga qaratilgan 46 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.O‘tgan qisqa vaqtda harbiy qismlarning tuzilmalari to‘liq yangilandi. Samarasiz va bir-birini takrorlaydigan harbiy qismlar qisqartirildi. Natijada qo‘shinlarni saqlab turishga ketadigan xarajatlar kamaydi. Oziq-ovqat bilan ta’minlashda autsorsing tizimi joriy etildi. Bu harbiy bo‘linmalar jangovar tayyorgarligini oshirish, vaqt ko‘rsatkichlarini ikki barobar qisqartirish imkonini berdi.Mamlakatimiz armiyasi qurolli kuchlar qudrati bo‘yicha dunyo reytingida bir yilda 9 pog‘onaga ko‘tarilgani, Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan nufuzli “Kembriya patruli” tanlovida harbiylarimiz 90 mamlakatdan ishtirok etgan 123 jamoa orasida birinchi o‘rinni egallagani bu boradagi ishlar to‘g‘riligini yaqqol isbotlaydi.Armiya va xalq birligini ta’minlash maqsadida barcha hududlarda harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi va ular samarali faoliyat yuritmoqda. Birinchi marta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyat hokimlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida yig‘inlar o‘tkazildi.Sohaga ixtisoslashgan korxonalarni birlashtiradigan Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tashkil etildi.Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va soha faxriylarini ijtimoiy himoyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugunga qadar harbiy xizmatchilarga 56 ta uy topshirildi. 1 ming 500 dan ziyod harbiylar uy-joy bilan ta’minlandi. Yana 74 ta uy qurilishi davom etmoqda.Yig‘ilishda mamlakatimiz harbiy qudratini yanada mustahkamlash, mudofaa sanoati va harbiy ta’limni rivojlantirish, qurol-aslaha va harbiy texnikalarni modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali qo‘shinlarni boshqarish tizimini takomillashtirish masalalari tahlil qilindi.Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida yoshlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi.Askarlar, harbiy xizmatchilar mamlakatimizning shonli tarixini, ona zaminimizda yashab o‘tgan buyuk qahramonlar, sarkarda va qo‘mondonlar hayoti va jasoratini chuqur bilishi, ular bilan g‘ururlanishi lozimligini ta’kidladi.
– Mana, Amir Temur bobomiz bilan hammamiz faxrlanamiz. Lekin, xolisona aytaylik, ulug‘ Sohibqironning “Tuzuklar”ini qancha askar o‘qigan, – deya savol qo‘ydi Shavkat Mirziyoyev.
– Yoki buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining hayoti va harbiy mahorati haqida hamma ham etarli bilimga egami? Vaholanki, bu ajdodlarimizning g‘alabalari, strategiya va taktikalarini dunyodagi ko‘plab harbiy maktab va akademiyalarda bugun ham o‘rganishadi. 

Davlatimiz rahbari askarlar harbiy qasamyod qabul qilishdan oldin albatta, O‘zbekiston tarixi va “Temur tuzuklari” fanidan sinov topshirishi kerakligini qayd etdi. Ilg‘or harbiy qismlarga ulug‘ sarkardalarimizning nomini berish, mohir lashkarboshi bobolarimiz haqida ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitoblar, kinolar yaratishga ko‘rsatma berdi. Mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligini ishonchli ta’minlash bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan harbiy ta’lim masalasiga birinchi darajali e’tibor qaratish, maktablardagi harbiy tayyorgarlik darslariga shu hududda xizmat qilayotgan, yuksak insoniy va kasbiy xususiyatlarga ega jangovar ofitserlarni jalb etish, o‘quvchilarni harbiy qismlarga olib borish va xizmat jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.