2018 yil 9 noyabr juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot soati va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

2019 YILGI BYUDJET-SOLIQ SIYOSATIDA AHOLI DAROMADLARI VA ISH O‘RINLARINI KO‘PAYTIRISHGA ALOHIDA E’TIBOR QARATILADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 oktabr kuni joriy yilda Davlat byudjetining kutilayotgan ijrosi, 2019 yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, byudjet-soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda joriy yil yakuni bo‘yicha Davlat byudjeti daromadlari 74,5 trillion so‘m, xarajatlari esa 78,5 trillion so‘mni tashkil etishi, mahalliy byudjetlar ixtiyorida 5,5 trillion so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan   6 barobar ko‘p mablag‘ qolishi kutilayotgani qayd etildi. Byudjet xarajatlari 2017 yilga nisbatan 60 foiz yoki 29 trillion so‘mga oshgan. Ushbu mablag‘larning 5,6 trillion so‘mi “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari va arzon uy-joylar qurilishini moliyalashtirishga yo‘naltirildi.

*Eslatma: Mazkur haftada o‘tkaziladigan “Axborot va murabbiylik soati” mashg‘ulotlarining 2-bosqichi – Tarbiya masalasi barcha jamiyatlar uchun hayot-mamot masalasi, kelajakning taqdiri bilan bog‘liq masala ekanligi tushuntiriladi.Haftalikning 3-bosqichida talaba-yoshlarga hayo,uyat, andishalilik fazilati haqida tushuncha beriladi, 4-bosqichda – talabalarning qaysi bosqichdaligiga qarab oyning boshida berilgan kitoblarning biri haqida fikr-mulohaza yuritiladi.

Yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar berish, aholini ish bilan ta’minlash uchun “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankiga 700 milliard so‘m va Xalq bankiga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini oshirishga 4,5 trillion so‘m ajratildi. Asosiysi, byudjet sohasi xodimlari ish haqi, pensiya va nafaqalarini inflyasiya ko‘rsatkichidan yuqori oshirish bilan birga tarbiyachilar, o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, profescor-o‘qituvchilar, madaniyat xodimlarining ish haqi 30 foizdan 100 foizgacha oshirildi. Valyuta va narx siyosatining erkinlashuvi, qishloq xo‘jaligida hisob-kitoblarning tartibga solinishi va kapital qo‘yilmalar oshishi byudjet daromadlari ko‘payishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Yil yakuniga qadar yana ikki oy bor. Shuning uchun barcha rezervlarni ishga solib, byudjetda yuz berishi mumkin bo‘lgan defitsitning oldini olish zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev. Yig‘ilishda kelasi yili byudjet daromadlari izchil oshishi, soliq tizimida joriy etiladigan tarixiy o‘zgarishlar natijasida aholi va biznesga katta engilliklar yaratilishi ta’kidlandi. 

Xususan, 2019 yil 1 yanvardan: 

– tushumdan olinadigan majburiy ajratmalarni to‘liq bekor qilish natijasida korxonalarda qo‘shimcha 5,2 trillion so‘m daromad qoladi;
– jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘ining eng yuqori stavkasi 22 foizdan 12 foizgacha, yagona ijtimoiy to‘lovi 25 foizdan 15 foizgacha tushirilishi, fuqarolarning 8 foizlik sug‘urta badali bekor qilinishi natijasida aholi daromadlari 6,5 foizga oshadi;
– yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i 5 foizdan 2 foizgacha, foyda solig‘i 14 dan 12 foizgacha, kichik biznes sub’ektlari yagona solig‘i 5 foizdan 4 foizgacha kamaytirilishi natijasida tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoladi. Umuman olganda, mavjud 19 ta soliq va majburiy to‘lovlar turi 15 tagacha kamaytiriladi. 

Bunday engilliklar natijasida byudjet tushumlarini ta’minlash biroz qiyinlashadi. Shu bois, yig‘ilishda byudjet defitsitini qisqartirish, daromadlarni ko‘paytirish, jumladan, ishchilar soni va ish haqini legallashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi. 2019 yilgi byudjetnomani, shuningdek, soliq siyosatidagi o‘zgarishlar bo‘yicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqib, yaqin vaqt ichida Oliy Majlisga taqdim etish vazifasi qo‘yildi. Qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lashning soddalashtirilgan mexanizmini joriy etish, mavjud imtiyozlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, optimizatsiya qilish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi. 2019 yilgi byudjetning xarajatlar qismi muhokama qilinar ekan, Prezidentimiz uni asosan ijtimoiy va iqtisodiy sohalarga yo‘naltirish zarurligini ta’kidladi.Kelasi yil ham byudjetdan to‘lanadigan oylik, pensiya va nafaqalarni inflyasiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish siyosatini davom ettirishimiz kerak. Bunda oylik maoshining o‘sishi nisbatan past bo‘lgan ijtimoiy soha xodimlariga asosiy e’tibor qaratish, jumladan, tibbiyot xodimlarining oyligini 26,5 foizga, oliy ta’lim va ilm-fan muassasalari xodimlari ish haqini 1,5 barobarga oshirish zarur, dedi davlatimiz rahbari.Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ijtimoiy nafaqalar uchun mablag‘lar hajmini 20 foizga ko‘paytirish, umuman, oylik va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning davlat byudjeti xarajatidagi ulushini 49 foizdan 54 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.Qabul qilingan davlat dasturlarini amalga oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Buning uchun imtiyozli shartlarda xorijiy mablag‘larni jalb etish, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ta’mirlanadigan ob’ektlar ro‘yxatini aniq shakllantirib, 2019 yilgi Investitsiya dasturiga kiritish zarurligi qayd etildi.Byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, bu borada nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarning hisoboti tinglandi.

QISHLOQ XO‘JALIGINI KOMPLEKS RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA DOLZARB VAZIFALAR BELGILAB BERILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida  31 oktyabr kuni qishloq xo‘jaligini kompleks rivojlantirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, mahsulotlar eksportini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.Keyingi ikki yilda qishloq xo‘jaligida tub islohotlar, tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Sohada bozor munosabatlarini joriy etish, qayta ishlash va eksport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha juda ko‘p ishlar qilindi. Fermer va dehqonlarning daromadini oshirish maqsadida yangicha tizim joriy qilinib, ko‘plab dolzarb masalalar hal qilib berildi. Yetarli miqdorda mablag‘ ajratildi.Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar, ayniqsa, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini keng joriy qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.Isroil davlatining bu boradagi tajribasi ko‘rsatib o‘tildi. U yerda qishloq xo‘jaligi tomchilatib sug‘orishga moslashgani uchun bir kilometr ham kollektor drenaj tarmog‘i va sho‘rlangan maydonlar yo‘q. Melioratsiya tadbirlariga umuman xarajat qilinmaydi.Yurtimizda suvni tejash texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha yetarli ish olib borilmayotgani, buning oqibatida 140 ming kilometr uzunlikdagi kollektor drenajlarga katta mablag‘ sarf bo‘layotgani tanqid qilindi.Suvni tejovchi texnologiyani qo‘llash hisobiga 50-60 foiz suvni iqtisod qilish mumkin. Birgina ko‘chma egiluvchan quvurlardan foydalanish suvni 10-15 foizga, tomchilatib sug‘orish esa 35-65 foizga tejash imkonini beradi. Lekin, tomchilatib sug‘orish tizimi juda kam maydonlarda joriy etilgan, xolos, dedi Shavkat Mirziyoyev.Shundan kelib chiqib, 2019-2021 yillarda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermerlar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish ko‘lamini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.Qishloq xo‘jaligi kompleksidagi eng asosiy masalalardan biri eksportbop meva-sabzavot yetishtirish va uni eksport qilishdir. Ammo Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi hududlar rahbarlari bilan tizimli ish olib bormagani oqibatida eksport prognozini to‘liq ta’minlay olmaslik xavfi mavjudligi qayd etildi.Shu bois har bir hudud bilan eksport bo‘yicha ikki oylik rejani kunma-kun belgilab, tizimli bajarish vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, kelgusi yil eksporti uchun sabzavot ekinlarini ekish bo‘yicha topshiriqlar berildi.O‘zbekistonning iqlim sharoiti ertapishar mahsulotlar etishtirish imkonini beradi. Bahor oylarida xorijiy mamlakatlarda ularga talab ortadi. Lekin bu imkoniyatdan unumli foydalanilmayapti.Yig‘ilishda tegishli vazirlik va tashkilotlarga Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Yaponiya va boshqa davlatlar bozoriga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.Yana bir bor aytaman, eksport davlatimiz siyosatining eng muhim, ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shuning uchun har bir vazirlik va idora eksportni rivojlantirishi kerak, deya ta’kidladi Prezidentimiz.Yig‘ilishda yangi tashkil etilgan uyushmalar faoliyatiga ham e’tibor qaratildi. Ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha yangilikka intilmayotgani, sohadagi o‘rni sezilmayotgani tanqid qilindi.Qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga investitsiyalarni, ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.Erni haqiqiy egasiga berish, er va suv resurslaridan samarali foydalanish, urug‘chilikni rivojlantirish, mineral o‘g‘itlar yetkazib berish tizimini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi texnika parkini yangilash, mahsulotlarni qayta ishlash sohasini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda dolzarb vazifalar belgilab berildi.