2019 yil mart oyining ikkinchi haftasida o’tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

G‘ALLA HOSILDORLIGINI YANADA OSHIRISH BO‘YICHA DOLZARB CHORA-TADBIRLAR BELGILAB BERILDI​
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida  25 fevral kuni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim bo‘lgan g‘alla parvarishini tizimli tashkil etish va hosilga-hosil qo‘shish bo‘yicha dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 
O‘tgan yili ob-havo o‘ta issiq va quruq kelgani, janubiy viloyatlarda suv tanqis bo‘lganiga qaramay, fermerlarimizning fidokorona mehnati tufayli har gektardan o‘rtacha 45 sentnerdan hosil olinib, jami 5 million 200 ming tonnadan ortiq g‘alla yetishtirildi. 
Bu yil esa yog‘ingarchilik miqdori o‘tgan yilga nisbatan ikki marta, avvalgi yillarga qiyosan 1,3 barobar yuqori bo‘lmoqda. Misol uchun, Tollimarjon suv omborida 1 milliard kub metr, Chimqo‘rg‘on, Pachkamar va boshqa suv omborlarida o‘tgan yilga nisbatan 2-3 barobar ko‘p suv yig‘ildi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv ta’minotini yaxshilash uchun Sardoba suv ombori ishga tushirildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan ancha ko‘p hosil olish imkonini yaratadi. 
Yana bir muhim jihat – fermerlarni rag‘batlantirish uchun 2019 yilda bug‘doyning har bir tonnasi uchun 1 million 200 ming so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobar yuqori xarid narxi belgilandi. Yuqori hosil olgan fermerlarga davlat xarid narxiga 25 foizgacha, ya’ni har bir tonna don uchun 300 ming so‘mgacha ustama qo‘llash tizimi joriy qilindi. Bu esa mo‘l hosil yetishtirishga katta turtki bo‘ladi. 
Qolaversa, azotli, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar o‘z vaqtida joylarga yetkazib berilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, hosildorlikni va don yetishtirish hajmini o‘tgan yilga nisbatan kamida 30 foizga oshirish uchun barcha imkoniyat mavjud. 
Yig‘ilishda g‘alla rivoji holati har bir hudud misolida tanqidiy tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. 
Masalan, Qashqadaryo viloyatining Mirishkor, Qarshi, G‘uzor, Chiroqchi va Koson tumanlari, Samarqand viloyatining Bulung‘ur, Jomboy, Pastdarg‘om tumanlari, Jizzax viloyatining Do‘stlik, Sharof Rashidov, Zafarobod tumanlari, Sirdaryo viloyatining Xovos, Oqoltin va Guliston tumanlarida g‘alla rivoji ortda qolgan. Toshkent, Namangan va boshqa viloyatlarda ham zarur agrotexnik tadbirlar talab darajasida amalga oshirilmagan. 
Videoselektor yig‘ilishida bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, hosildorlikni oshirish, qo‘shimcha don ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Joriy yil g‘allachilik uchun qulay kelayotgani, bundan oqilona va samarali foydalanib, oziq-ovqat mahsulotlarining mo‘l-ko‘l va arzon bo‘lishini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. 
Yurtimiz tabiati – Yaratganning in’omi. G‘alla, don esa asosiy iste’mol tovarlaridan biri. G‘alladan mo‘l hosil etishtirsak, don ishlab chiqarish ko‘payadi, oziq-ovqat mahsulotlari arzon bo‘ladi. Bu judayam muhim, xalqimiz farovonligi bilan bog‘liq masala, dedi Shavkat Mirziyoyev. 
Prezidentimiz paxtachilikda o‘zini oqlayotgan tajribadan kelib chiqib, g‘allachilik bo‘yicha ham klasterlar tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Mutasaddi rahbarlar va viloyatlar hokimlariga bu borada tegishli topshiriqlar berdi. 
Fermerlar ham, klasterlar ham iqtisodiy manfaat bilan ishlashi, shartnoma rejasidan orttirib hosil olishi va daromadini ko‘paytirishi kerakligi qayd etildi. 
G‘allachilik qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari uchun ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklarida ozuqaga doimiy ehtiyoj mavjud. Endi bunday xo‘jaliklar bilan fermerlar o‘rtasida g‘alla hosilining muayyan qismini sotib olish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilishi yo‘lga qo‘yiladi. G‘alla parvarishlanib, hosilga-hosil qo‘shiladigan paytda parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklari fermer xo‘jaliklariga mablag‘ yo‘naltirib, keyinchalik arzon ozuqa oladi. Pirovard natijada g‘alladan mo‘l hosil etishtirishga, undan ozuqa tayyorlash orqali go‘sht, tuxum kabi oziq-ovqat mahsulotlarining arzon bo‘lishiga ham erishiladi. Bundan ikki tomon ham manfaat ko‘radi.  
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda manfaatdor xo‘jaliklar o‘rtasida o‘zaro kooperatsiyani yo‘lga qo‘yib, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklarining bug‘doyga talabini to‘liq qoplash bo‘yicha topshiriqlar berildi. 
G‘alla parvarishi bo‘yicha tashkil etilgan respublika ishchi guruhlari joylarga borib, viloyat va tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari bilan birga g‘alla hosildorligini kamida 30 foizga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqib, ijrosini tashkil qilishi zarurligi qayd etildi. 
Bunda, birinchi navbatda, g‘allani 10 martga qadar azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi. Suv xo‘jaligi vazirligiga suvni tejab ishlatish, sug‘orish bo‘yicha yangi texnologiyalarni joriy etish vazifasi qo‘yildi. Joylardagi sektorlar rahbarlariga har bir fermer xo‘jaligi kesimida zarur agrotexnik tadbirlarni belgilash va izchil amalga oshirilishini ta’minlash topshirildi.  

O‘ZBEKISTON PREZIDENTINING TURKMANISTON PREZIDENTI BILAN TELEFON ORQALI MULOQOTI TO‘G‘RISIDA​
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. 
Davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy darajadagi o‘zaro tashrif va muzokaralar O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarini aniq mazmun bilan boyitdi. 
Toshkent va Ashxobod shaharlarida ikki tomonlama milliy ko‘rgazma va biznes forumlari o‘tkazilgani, Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilgani, idoralararo hamkorlik mustahkamlanayotgani tovar ayirboshlash hajmini oshirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani rivojlantirishga xizmat qildi. 
Muloqotda Orolbo‘yida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash va ekologik falokatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. 
Avaza shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda Turkmanistonning ushbu jamg‘armadagi samarali raisligi mintaqa mamlakatlari va xalqaro hamjamiyatning Orol muammosini hal etish borasidagi sa’y-harakatlariga yangi sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi. 
BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi o‘z faoliyatini boshlagani hamda dengizning qurigan tubida o‘rmonlar barpo etish yuzasidan olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak baholandi. 
Shuningdek, bo‘lajak tadbirlar rejasi, jumladan, joriy yil aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida fikr almashildi. 
Muloqot so‘nggida davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz va mamlakatlarimiz farovonligi yo‘lida O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.