2018 yil 10 aprel seshanba kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan “Axborot soati va murabbiylik soati” materiallari

Yuklab olish uchun: Axborot soati

O‘ZBEKISTON VA AFG‘ONISTON AKT VAZIRLIKLARI O‘RTASIDA MEMORANDUM IMZOLANDI
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Afg‘oniston kommunikatsiya va axborot texnologiyalari vaziri Shahzod Gul Aryobi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.Unda telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, jumladan, yuqori tezlikdagi tranzit aloqa kanallarini tashkil qilish, ikki mamlakat tarmoq operatorlari o‘rtasidagi xalqaro telefon trafik sig‘imini kengaytirish, internet tarmog‘iga tezkor ulanishni tashkil qilish, AKT sohasida kadrlar tayyorlash kabi yangi yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.Ta’kidlanganidek, ushbu loyihalar nafaqat aloqa sohasida, balki boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlikning kengayishiga xizmat qiladi.Muzokaralarning mantiqiy davomi sifatida ikki mamlakat o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Strategik hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.Mazkur hujjatdan ko‘zlangan maqsad – ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, telekommunikatsiya, axborot texnologiyalari va pochta xizmatlarini ko‘rsatishda tajriba almashish hamda o‘zaro aloqalarni kengaytirishdan iborat. Memorandumda, shuningdek, AKT sohasida texnik yordam ko‘rsatish masalasi ham ko‘zda tutilgan.Anglashuv memorandumi asosida tomonlar hamkorlikka oid me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtiradi, o‘zaro daxldor bo‘lgan telekommunikatsiya va aloqa tarmoqlari hamda pochta aloqasi infratuzilmasini maqbullashtirish choralarini ko‘radi. Xususan, Markaziy Osiyoga O‘zbekiston orqali o‘tadigan pochta tranzitining faoliyati ta’minlanadi.Uchrashuvda tomonlar AKT sohasining turli yo‘nalishlarida raqobatdoshlikni oshirish, “elektron hukumat” yo‘nalishida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
– Afg‘oniston Prezidentining mamlakatimizga tashrifi chog‘ida AKT sohasida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan ham kelishuvga erishilgan edi. Mazkur kelishuv asosida Afg‘oniston AKT vaziri boshchiligidagi delegatsiya bilan sohaning turli yo‘nalishlarida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, birinchi galda Afg‘oniston bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish, internet tranzitini oshirish masalalarini ko‘rib chiqdik, – deydi O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Ahmadxo‘jayev.
– Afg‘oniston tomoni o‘z mutaxassislarining O‘zbekistonda bilim va tajriba oshirishiga qiziqish bildirmoqda. Imzolangan memorandum doirasida afg‘onistonlik talabalarni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universitetlarida ta’lim olishini tashkil qilish ham ko‘zda tutilgan. Muzokaralar doirasida “O‘zbektelekom” AK hamda “Afghan Telecom Corporation” o‘rtasida Strategik hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Telekommunikatsiya sohasining iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni hisobga olinib, tomonlar telekommunikatsiya yo‘nalishida o‘zaro xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
– “Yo‘l xaritasi”ga asosan vazirliklarimiz telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldi. Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, internetga tezkor ulanishni tashkil qilish yuzasidan yangi imkoniyatlarni izlaymiz, – deydi “Afghan Telecom Corporation” bosh direktori Ajmal Ayan. – Xususan, tomonlar har ikkala mamlakatdagi xalqaro aloqa xizmatlariga ehtiyojni o‘rganish, shunga ko‘ra maqsadli ravishda “O‘zbektelekom” va “Afghan Telecom Corporation” kompaniyalarining telekommunikatsiya tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro trafik o‘tkazuvchanligini oshirish yuzasidan kelishuvga erishdi. 
DAVLAT XIZMATLARI KO‘RSATISH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH MASALALARIGA BAG‘ISHLANGAN YIG‘ILISH O‘TKAZILDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 aprel kuni aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish borasidagi ishlar tahlili va galdagi eng muhim vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.Ilgari tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi, biror firma yoki korxona ochmoqchi bo‘lgan odam hujjat to‘g‘rilash jarayonida sarson-sargardon bo‘lardi. Notarius, arxiv yoki kadastr idorasidan, gaz, elektr, suv ta’minoti tashkilotidan yoki mahalladan oddiy bir ma’lumotnoma olish uchun ham ba’zan kun bo‘yi navbatda turishga to‘g‘ri kelardi.Bugun ham qator davlat organlarida axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazasi mavjud emasligi davlat xizmatlari ko‘rsatishda muayyan qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining past darajada ekani va qog‘oz hujjatlar aylanmasining saqlanib qolgani asossiz moliyaviy xarajatlarga, fuqarolarning ortiqcha kutib qolishi va navbatlar yuzaga kelishiga, bu esa, oqibatda ba’zan korrupsiya va byurokratiya holatlariga olib kelmoqda.Mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida inson manfaatlari bosh mezon sifatida belgilangani hamda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ulug‘vor g‘oya ilgari surilgani davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. 2018 yil 1 yanvardan “yagona darcha” markazlari Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirildi.Bugungi kunda mazkur markazlar tomonidan bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha ariza berish, fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, loyiha hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga, yakka tartibda uy-joy qurishga (rekonstruksiya qilishga) ruxsat berish, suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilish uchun ruxsat berish kabi xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Prezidentimiz markazlar orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari turini yanada ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.Davlat xizmatlarining har bir turi “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyiliga ko‘ra, vakolatli davlat organlari, tashkilotlar zarur hujjatlar va axborotlarni boshqa tuzilmalardan mustaqil ravishda olishi hisobiga soddalashtiriladi.Albatta, odamlarning mushkulini oson qiladigan, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan bu tizim xalqimizga katta qulaylik yaratmoqda. Lekin hali joylarda ayrim kamchiliklar borligi tezkor va sifatli xizmatlar ko‘rsatishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.Masalan, ayrim vakolatli organlarda davlat xizmati ko‘rsatish bo‘yicha elektron axborot tizimi to‘liq joriy etilmagan, idoralararo elektron axborot almashuvi yo‘lga qo‘yilmagan. Ayrim Davlat xizmatlari markazlari optik tolali internet tarmog‘iga ulanmagan.Yig‘ilishda bu muammolar tanqidiy tahlil qilinib, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa tegishli idoralarga 50 ta davlat xizmatlari bo‘yicha elektron axborot tizimi va elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, barcha davlat xizmatlari markazlarini optik tolali internetga ulash bo‘yicha topshiriqlar berildi.Shuningdek, barcha markazlarda elektron navbat tizimini ishga tushirish, uyali telefonlar orqali davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini beradigan dasturlar yaratish zarurligi ta’kidlandi.Davlat xizmatlari markazlari binosining namunaviy loyihalarini ishlab chiqish va davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy qilib qurish, bu borada investorlarga imtiyozlar berish vazifasi qo‘yildi.Ma’lumki, tadbirkorlikka doir 35 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar hukumat tomonidan beriladi. Bunday o‘ta markazlashish tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qiladi. Shu bois, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturiga muvofiq, litsenziyalar va ruxsat berish tartib-qoidalarini keskin qisqartirish va soddalashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.Kadastr va qurilish sohalarida davlat xizmatlari ko‘rsatish qoniqarsiz ahvolda ekani jiddiy tanqid qilindi. “Yergeodezkadastr” qo‘mitasiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda ko‘chmas mulk obyektlarining kadastr hujjatlarini elektron tartibda yuritish, kadastr guvohnomalarini qog‘ozda emas, balki elektron reestrdan ko‘chirma shaklida berish amaliyotini joriy etish vazifasi topshirildi. Shuningdek, barcha ruxsatnoma va litsenziyalarni elektron tizim orqali taqdim etish imkonini beradigan “Litsenziya” axborot kompleksini joriy yil may oyiga qadar to‘liq ishga tushirish zarurligi ta’kidlandi.Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2021 yilgacha 5 milliondan ziyod haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish zarur. Biroq bu bo‘yicha har bir viloyatda 3-4 ta, mamlakatimizda jami 49 ta tuzilma bor, xolos. Endilikda haydovchilik guvohnomalarini almashtirib berishni ham Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish, buning uchun ushbu markazlarga yo‘l harakati xavfsizligi vakili biriktirish rejalashtirilgan.Sayyor qabullarda bildirilgan takliflarni inobatga olib, Adliya vazirligiga Toshkent davlat yuridik universitetining bakalavr bosqichiga hujjatlarni joylardagi davlat xizmatlari markazlari orqali topshirishni tajriba tariqasida joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.Yig‘ilishda sohaga mas’ul rahbarlarning hisobotlari eshitildi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
SHANXAY HAMKORLIK TASHKILOTI MINTAQAVIY AKSILTERROR TUZILMASI KENGASHINING O‘TTIZ IKKINCHI MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT
Toshkent shahrida 2018 yil 5 aprel kuni Qirg‘iziston Respublikasi raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Kengashining o‘ttiz ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Hindiston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi va ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi. 
Majlisda ShHTga a’zo davlatlarning 2019-2021 yillarda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturi hamda ShHT MATT Kengashining ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashiga ShHT MATTning 2017 yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti loyihalari ma’qullandi.ShHTga a’zo davlatlarning 2016-2018 yillarda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturi hamda ShHT MATT qarorlarining 2017 yildagi ijrosi, shuningdek, ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining ShHTga a’zo davlatlar hududidagi ozodlikdan mahrum etish joylarida jazoni o‘tayotgan shaxslarni terroristik va ekstremistik tashkilotlarga jalb etishga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishning borishi to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqildi.Terrorizm, separatizm va ekstremizm maqsadlarida internet tarmog‘idan foydalanishni aniqlash hamda unga chek qo‘yish bo‘yicha ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining "Syamin – 2017" qo‘shma aksilterror o‘quv mashg‘uloti yakunlari ma’qullandi. 2018 yilda ShHTga a’zo davlatlarning qo‘shma chegara operatsiyasini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.ShHTga a’zo davlatlarga xalqaro terroristik tashkilotlar tomonidan bo‘layotgan tahdidlar muhokama qilindi. ShHTga a’zo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.Terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ShHT MATT hamda BMT Xavfsizlik Kengashi Terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasi ijrochi direktori va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar loyihalari ma’qullandi.2018 yilning to‘rtinchi choragida ShHTga a’zo davlatlar va ShHT huzurida kuzatuvchi mamlakatlar o‘rtasida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik masalasiga bag‘ishlangan oltinchi ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasining o‘tgan davrdagi faoliyatiga ijobiy baho berildi.
ShHT MATT faoliyatini rivojlantirish va ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari hamkorligini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun mazkur davlatlar vakolatli organlarining qator xodimlari va ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasining mas’ul xodimlari ShHT MATT Kengashi yorlig‘i va esdalik nishoni bilan taqdirlandi.ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi faoliyatini tashkiliy, kadrlar va moliyaviy jihatdan ta’minlashga doir masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.ShHT MATT Kengashining navbatdagi majlisini 2018 yil oktabr oyida Qirg‘iziston Respublikasi hududida o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.
Kengash majlisi ishchanlik, amaliy va do‘stona ruhda o‘tdi.