2019 yil 12 aprel juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

BIRLASHGAN ARAB AMIRLIKLARIGA OLIY DARAJADAGI TASHRIF YAKUNIDA QABUL QILINGAN KELISHUV VA BITIMLARNI AMALGA OSHIRISH BO‘YICHA ASOSIY VAZIFALAR BELGILAB BERILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni o‘tgan hafta Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrif doirasida erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.Avval xabar qilinganidek, davlatimiz rahbari Abu-Dabi va Dubay shaharlarida Abu-Dabi Amirligi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, BAA Vitse-prezidenti, Bosh vazir, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum hamda ushbu mamlakat hukumati a’zolari va qator etakchi kompaniyalari rahbarlari bilan samarali uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.Ikki tomonlama tadbirlar yakunida Qo‘shma bayonot hamda qator muhim kelishuvlar, jumladan, umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi.Ushbu kelishuvlar innovatsiyalar, neft-gaz tarmog‘i, an’anaviy va muqobil energetika, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim kabi o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan.Ta’kidlash joizki, tashrif davomida BAAning oliy darajadagi rahbariyati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar va yangilanishlarni bir necha bor e’tirof etib, ularni to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Amirliklar ishbilarmon doiralari mamlakatimizga tobora katta qiziqish bildirayotgani O‘zbekistonga ishonch ortib borayotganidan dalolat beradi.Yig‘ilishda Prezidentimiz erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida va so‘zsiz ijrosini ta’minlash lozimligini qayd etib, qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishni samarali usul va mexanizmlarni joriy etgan holda darhol boshlash muhim ekanini ta’kidladi.BAAning etakchi kompaniya va tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshiriladigan ustuvor qo‘shma loyihalar sifatida «Navoiy» quruqlik porti va erkin iqtisodiy zonasini rivojlantirish, mamlakatimizda uglevodorodlar qazib olishni ko‘paytirish va ularni chuqur qayta ishlash, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi va boshqa IESlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini, Sirdaryo viloyatida ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodini barpo etish va boshqalar belgilandi.Bundan tashqari, agrosanoat klasterlarini tashkil etish va mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi eksport salohiyatini yuksaltirish, Samarqand shahrida turizm va kommunal infratuzilmani, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini, jumladan, Abu-Dabi taraqqiyot fondi ishtirokida ta’sis etilayotgan nizom jamg‘armasi 1 milliard dollar bo‘lgan investitsiya kompaniyasi mablag‘larini jalb etgan holda qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sohasidagi sheriklikni kengaytirish, “Masdar” kompaniyasi va Al Xalifa universiteti bilan ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida BAAda o‘z vakolatxonasini ochadi.Davlatimiz rahbari “yo‘l xaritasi”da belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, tarmoq kompaniyalari rahbarlariga eng qisqa muddatda investitsiya loyihalarining tarmoq jadvalini tasdiqlash va ularni amalga oshirishni boshlash, oliy darajada erishilgan O‘zbekiston – BAA kelishuvlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish vazifasi qo‘yildi. 

BESHTA TASHABBUS BO‘YICHA DASTURLAR YOSHLAR VA XOTIN-QIZLAR MANFAATLARIGA XIZMAT QILADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.Avval xabar qilinganidek, 19 mart kuni bu borada videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, birlamchi vazifalar belgilab berilgan edi. Ularga muvofiq har bir tashabbus bo‘yicha chora-tadbirlar dasturlari loyihalari ishlab chiqildi.Yig‘ilishda mazkur dasturlarga kiritilgan takliflar, ularni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.Xususan, birinchi tashabbus bo‘yicha yoshlarni madaniyat va san’at muassasalariga keng jalb etishga oid dastur loyihasi tayyorlangan. Unga muvofiq, 2019-2020 yillarda 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan 2 million nafar yoshni madaniyat va san’at sohasiga jalb etish bo‘yicha hududiy “yo‘l xarita”larini tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bolalar musiqa va san’at maktablarida qo‘shimcha sinflar, madaniyat markazlarida cholg‘u, xonandalik, tasviriy san’at to‘garaklari, havaskorlik teatr jamoalari va bolalar ansambllarini tashkil etish belgilangan. Yangidan quriladigan, rekonstruksiya va kapital ta’mirlanadigan hamda jihozlanadigan madaniyat markazlarining manzilli ro‘yxati ham shakllantirilgan.Davlatimiz rahbari dastur loyihasida tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari etarli emasligi, har bir shahar va tumanga ijodiy maslahatchi sifatida biriktirilgan soha namoyandalarining amaliy vazifalari aniq belgilanmaganini qayd etdi. Hududiy “yo‘l xarita”lari ijrosini tizimli tashkil etish, to‘garak va sinflarga qamrab olingan bolalarni rag‘batlantirish, jumladan, turli tanlovlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.Belgilangan qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari, shuningdek, madaniyat markazlari, musiqa va san’at maktablarini zarur cholg‘u asboblari bilan ta’minlash uchun tegishli mablag‘ ajratish bo‘yicha topshiriq berildi.Ikkinchi tashabbus yuzasidan tayyorlangan yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, sport inshootlari quvvatini oshirishga qaratilgan dastur loyihasida yaqin 2 yilda har bir tumanda engil konstruksiyali, sendvich panelli kichik sport zallari qurish belgilangan.Prezidentimiz mavjud va yangi quriladigan sport inshootlariga aholi va yoshlarni keng jalb etish, ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazishni yanada ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi.Uchinchi tashabbusga muvofiq aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish chora-tadbirlariga oid dastur loyihasi ishlab chiqilgan. Unda 2019-2020 yillarda tuman va shaharlarda raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etish va ularda bepul ta’lim berish, 19 mingga yaqin ijtimoiy soha ob’ektini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash ko‘zda tutilgan.Yig‘ilishda aholining kompyuter savodxonligini oshirish, axborot texnologiyalariga qiziqqan bolalarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va malakali mutaxassis darajasiga olib chiqish, dasturiy mahsulotlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish chora-tadbirlar dasturi loyihasi to‘rtinchi tashabbus maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan. Unga ko‘ra, har bir hududga 1 million donadan badiiy, tarixiy, ilmiy, ommabop mavzulardagi kitoblar etkazib berish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, axborot-kutubxona markazlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, tadbirkorlar tomonidan xalq kutubxonalari ochish ham belgilangan.
Beshinchi tashabbus bo‘yicha hududlarda tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va xotin-qizlar bandligini ta’minlash chora-tadbirlari dasturi loyihasi tayyorlangan. 2019-2020 yillarda har bir tumanda engil konstruksiyali tikuv-trikotaj korxonalarini qurish va ayollar uchun ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilmoqda.Yig‘ilishda ushbu korxonalarni puxta hisob-kitob asosida tashkil etish, ularda ishlab chiqariladigan mahsulotlar bozorini, ya’ni aniq xaridorini topish yuzasidan takliflar bildirildi.Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari eshitilib, dasturlar loyihalarini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.