2019 yil 10 may juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati:Yuklab olish uchun

O‘ZBEKISTON PREZIDENTINING QIRG‘IZISTON PREZIDENTI BILAN TELEFON ORQALI MULOQOTI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining kengayishi va mustahkamlanishida, turli sohalardagi serqirra hamkorlik rivojida kuzatilayotgan barqaror ijobiy tendensiyani katta mamnuniyat bilan qayd etdilar. Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib, ishlab chiqarish kooperatsiyasi ko‘lami kengaymoqda, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda. Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi hamda Parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha komissiya yig‘ilishlari sheriklikni yanada kengaytirishda katta salohiyat va qat’iy intilish mavjudligini ko‘rsatdi. Suhbatda ilgari erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish, hududlararo hamkorlik imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish muhimligi alohida qayd etildi. Prezidentlar mintaqaviy infratuzilma loyihalarini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratdilar. Xususan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish muhim va iqtisodiy jihatdan dolzarb ekani ta’kidlandi.Tomonlar ushbu loyihaning barcha ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro anglashuv mavjudligini va ularning hamkorlikka tayyor ekanini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Muloqot so‘nggida davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz farovonligi va manfaati yo‘lida hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

XALQIMIZ ERTASIDAN EMAS, BUGUNIDAN ROZI BO‘LIB YASHASHI KERAK

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, aholi bilan muloqot qilish maqsadida 30 aprel – 1 may kunlari Surxondaryo viloyatida bo‘ldi.Tashrifning ikkinchi kuni Termiz shahrida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan sessiyada viloyat faollari, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari, nuroniylar, tadbirkorlar, fermerlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sessiyani ochiq muloqot tarzida o‘tkazishni taklif qildi.
– Haqiqiy ahvolni gapirgan odam bizga do‘st. Uchrashuvimiz hamma masalalarni joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha foydali bo‘lsin, – dedi davlatimiz rahbari.
Foydali qazilmalarga boy, tabiiy iqlim sharoiti yiliga uch martagacha hosil olish imkonini beradigan aholisi mehnatsevar Surxondaryo viloyati salohiyatining hali o‘ndan biri ham ishga solinmagani qayd etildi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot mamlakatimiz ko‘rsatkichidan 2,3 barobar, xizmat ko‘rsatish 2 barobar, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish 8 barobar kam ekani ko‘rsatib o‘tildi. Viloyatda iqtisodiy faol aholining 10 foizi ishsiz, toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 54 foiz ekani tanqid qilindi.
Shu kabi masalalarni hal etish, viloyatni har tomonlama rivojlantirish maqsadida 2019-2020 yillar uchun umumiy qiymati 23 trillion 632 milliard so‘mlik 649 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgan. 2,2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, 11,5 ming ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.
Surxondaryoning o‘ziga xos xususiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, chet el investitsiyasini jalb etgan holda zamonaviy korxonalar tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi va mahalliy byudjetlar daromadini ko‘paytirish, hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan To‘ra Bobolov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya qildi.
To‘ra Bobolov 1970 yilda tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini Davlat mulk qo‘mitasi viloyat boshqarmasida hisobchilikdan boshlagan. Keyinchalik Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi, viloyat hokimligida hududlarni kompleks rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
Xalq deputatlari To‘ra Bobolov nomzodini ma’qulladi va u Surxondaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi.
Prezidentimiz Termiz shahridagi tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan "ZIF TEXTILE" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Ushbu zamonaviy korxonani barpo etish uchun 2017 yili Termiz temiryo‘l shifoxonasining qurilishi tugallanmagan to‘rt qavatli binosi loyiha tashabbuskorlariga 16 milliard so‘m investitsiya kiritish sharti bilan "nol" xarid qiymatida berilgan edi. O‘tgan qisqa vaqtda mazkur inshootda yirik hajmda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Tikuv sexlari, omborxona va boshqa qo‘shimcha xonalar bunyod etildi. Ishchilarning unumli mehnat qilishi va dam olishi uchun zarur qulayliklar yaratildi. Germaniya, Italiya, Turkiyadan zamonaviy tikuvchilik dastgohlari keltirib o‘rnatildi.
Yirik loyihani ishga tushirish uchun 16,6 million dollar sarflandi. Uning 10 million dollari tijorat bankining kredit mablag‘idir.
Davlatimiz rahbari mazkur korxonada bo‘lib, tikuvchilik mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi, ishchi-xizmatchilar bilan suhbatlashdi.
Prezidentimiz bu kabi zamonaviy korxonalarni ko‘paytirish orqali paxta xomashyosini qayta ishlashni, tayyor mahsulot eksportini kengaytirish zarurligini qayd etdi.
Loyiha ishga tushirilishi bilan 1000 ta ish o‘rni yaratildi. Korxona joriy yilda 29,4 million dollar qiymatidagi bolalar va kattalar kiyimi, jinsi shim kabi tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va 8,8 million dollarlik mahsulotni eksport qilishni rejalashtirgan. Kelasi yili bu yerda 38,2 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi va uning qariyb yarmi chet ellik buyurtmachilarga etkazib beriladi. SHu tariqa 2021 yilda korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 49,6 million dollarga etadi, yiliga 34,7 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilinadi.
Davlatimiz rahbariga Termiz shahridagi «Nova pharm» O‘zbekiston – Hindiston farmatsevtika qo‘shma korxonasi, Termiz shahrining bosh rejasi, Termiz tumanidagi Sulton Saodat ziyoratgohini ta’mirlash va atrofini obodonlashtirish, shuningdek, viloyatga investitsiya kiritishga mas’ul etib belgilangan mamlakatimizning Avstriya, Tojikiston, Yaponiya va Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida amalga oshiriladigan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Shu yerda «Kinomobil» – O‘zbekistondagi birinchi innovatsion kinoteatr loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. MAN avtomobiliga o‘rnatilgan mobil kinoteatr ventilyasiya, isitish-sovutish tizimi bilan jihozlangan. Tomoshabinlar filmlarni 2D hamda 3D formatida ko‘rishi mumkin.
Innovatsion mobil kinoteatrni ishga tushirish uchun 30 daqiqa kifoya qiladi. Ko‘chma kinoteatr 80 tomoshabinga mo‘ljallangan. Ushbu loyiha yurtimizning olis va chekka hududlarida yashovchi aholi, ayniqsa, bolalar va o‘smir-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, madaniyati va ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yana bir ahamiyatli jihati yoshlar mazkur mobil kinoteatrda «Ekrandagi kitob» (ekranlashtirilgan badiiy asarlar) turkumida sevimli filmlarni ko‘rish, jahon va o‘zbek adabiyoti namoyandalari hayoti hamda asarlari bilan tanishish, kitob va film mualliflari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu innovatsion loyiha Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusga hamohangdir. Ya’ni, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning mutolaaga mehrini oshirishga xizmat qiladi.
“Cinema Servis» mas’uliyati cheklangan jamiyati bu loyihani Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.
Prezidentimizga mamlakatimiz hududlarida zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish loyihasi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Kuni kecha premerasi o‘tkazilgan «Abu Iso Muhammad at-Termiziy» hujjatli filmi namoyish etildi. Bu film surxondaryoliklarga Ramazon oyi tuhfasi sifatida viloyatning chekka hududlarida ham yana o‘n kun namoyish etilishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari hududlarda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini qurish loyihasini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash yuzasidan topshiriqlar berdi.