2018 yil 13 fevral seshanba kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan “Axborot soati va murabbiylik soati” materiallari

IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR
SHAVKAT MIRZIYOYEV YANA XALQARO VAZIYATGA O‘Z TA’SIRINI KO‘RSATGAN MASHHUR INSONLAR RO‘YXATIDA

Ispaniyaning yetakchi tahliliy markazlaridan biri – Barselona xalqaro munosabatlar markazi (CIDOB) 2017 yilda xalqaro vaziyatga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan mashhur insonlar hamda voqealarning 40 banddan iborat ro‘yxatini e’lon qildi. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu safar ham ushbu reytingdan joy oldi. 
Ro‘yxat to‘plovchilari taqdim etgan ma’lumotlarda qayd etilishicha, O‘zbekiston yetakchisi mamlakat Prezidenti etib saylanganidan so‘ng “sifat jihatdan yangi muhit va nekbinlik boshlangani va buni ko‘pchilik kutmagani” munosabati bilan e’tibor qozongan. Reyting ma’lumotlarida, jumladan, quyidagi fikrlar ham qayd etilgan: 
“Bugun O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida “alohida bahor”ni kechirmoqda. U o‘z faoliyatining birinchi kuni davomidayoq barcha prognoz va qoliplarni sindirgani holda mamlakatni ochiqlik sari etaklash jarayonining tashabbuskori bo‘ldi. Bu jarayonni o‘zbek xalqi allaqachon jiddiy his etmoqda. O‘nlab siyosiy mahbuslar ozod qilindi, qariyb uch ming kishi afv etildi, minglab odamlar maxsus xizmatlarning “qora ro‘yxati”dan o‘chirildi, matbuot ilgari taqiqlangan mavzularni ko‘tarib chiqa boshladi. Bunday chora-tadbirlar qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha diplomatik tashabbuslar bilan birgalikda mamlakat ichkarisida va uning tashqarisida ham ko‘pchilik kutmagan nekbinlikni uyg‘otgani holda O‘zbekistonda yangi muhitni yaratdi”. 
Eslatib o‘tamiz: Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yil yakunlari bo‘yicha ham Barselona xalqaro munosabatlar markazi (CIDOB) ro‘yxatidan joy olgan edi. O‘shandayoq Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O‘zbekiston tashqi siyosatida yangi tamoyillarni kutish mumkinligi qayd etilgan edi. 

KIRISH TURIZMINI RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2018 yil 3 fevraldagi PF-5326-son Farmonini ijro etish, shuningdek, respublikaga turistlar oqimini ko‘paytirish, kirish turizmini milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantirish, mamlakatning madaniy-tarixiy merosi va tabiiy boyliklarini keng targ‘ib qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Viza rejimini yanada soddalashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
Kirish turizmini yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;
Turizmni rivojlantirish masalalarida o‘zaro hamkorlikni faollashtirishni ta’minlash bo‘yicha mas’ullar biriktiriladigan mamlakatlar va hududlar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. 2018 yil 1 maydan boshlab tranzit bo‘yicha harakatlanayotgan xorijiy yo‘lovchilarga kelishlari bilan 72 soat muddatga qisqa muddatli kirish vizalarini berish joriy etilsin, bunda ularda uchinchi mamlakatga aviachipta va viza (zarurat bo‘lganda) mavjud bo‘lishi hamda konsullik yig‘imlarini to‘lash talabi, shuningdek, tasdiqlangan turizm dasturlari bo‘yicha tanishuv turlari uchun ularning aeroport chegara hududidan tashqariga qisqa muddatli nazorat qilinadigan chiqishi tartibi nazarda tutilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu bandni amalga oshirish bo‘yicha, shu jumladan, fuqarolari kelishlari bilan qisqa muddatli kirish vizalari beriladigan mamlakatlar ro‘yxatini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada Ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash bo‘limini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin, unga ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston to‘g‘risida Islom dini va boshqa jahon dinlarining madaniy-tarixiy va ilmiy-teologik markazi sifatida axborot materiallarini targ‘ib qilish va tarqatish yuklansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun:
ustuvor mamlakatlar va hududlardan O‘zbekiston Respublikasiga turistlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni;
O‘zbekiston Respublikasida ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini namoyish etadigan zarur axborot materiallari bilan ta’minlasin, shuningdek, zarurat bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga joylashgan mamlakatida «O‘zbekiston» turizm brendini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish uchun byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan mablag‘lar ajratsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy turistlarni jalb qilish prognozini va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va xodimlarini joylashgan mamlakatdan turistlar oqimini ko‘paytirganlik uchun byudjet mablag‘lari hisobidan mukofotlash, shuningdek, respublikaga turistlar oqimini oshirish bo‘yicha yuklangan vazifalarni lozim darajada bajarmaganligi uchun javobgarlik choralarini qo‘llash tartibini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda xorijiy turistlarni jalb qilish prognozini tasdiqlash hamda «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning xorijdagi vakolatxonalari rahbarlari va xodimlarini joylashgan mamlakatidan turistlar oqimini ko‘paytirganlik uchun o‘z mablag‘lari hisobidan mukofotlash, yuklangan vazifalarning bajarilishi ta’minlanmagan holatlarda esa, javobgarlik choralarini qo‘llash tizimini joriy etish tavsiya etilsin.
7. «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKga qatnovlar raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida xalqaro qatnovlar uchun aviachiptalarni tannarxidan past narxlarda sotish huquqi berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK bilan birgalikda ikki oy muddatda «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning soliq solinadigan bazasini arzonlashtirilgan narxlar bo‘yicha sotilgan aviachiptalar summasiga kamaytirish mexanizmini joriy etsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:
2018 yil 1 martgacha turistlarga tezkor yordam ko‘rsatish uchun yagona qisqa umumrespublika telefon raqamiga ega bo‘lgan Call-markazning faoliyati autsorsing shartlarida tashkil etilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Call-markazga murojaat qilgan turistlarga tezkor yordam ko‘rsatish masalalarida idoralararo o‘zaro hamkorlikni ta’minlasin.
Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Sall-markazi faoliyat yuritishi bilan bog‘liq xarajatlar byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.
9. Belgilansinki:
turistlar uchun yo‘nalishni mo‘ljalga olishni engillashtirish maqsadida chet tillaridagi (ingliz, rus va boshqa tillarda) ko‘rsatkichlarni o‘rnatish tashabbusi bilan chiqqan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ushbu ko‘rsatkichlarda ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar (xizmatlar va ishlar)ning reklamasini joylashtirish huquqi beriladi, bunda reklama sohasiga oid qonunchilik talablariga rioya qilinishi ta’minlangan holda joylashtirilayotgan reklamaning umumiy maydoni ko‘rsatkich maydonining 40 foizidan ko‘p bo‘lmasligi lozim;
turistlar tomonidan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi, ro‘yxati qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan hamda barcha turdagi suratga olishlar taqiqlanganligi haqidagi tegishli ko‘rsatkichlar o‘rnatilgan ob’ektlar bundan mustasno.
10. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Madaniyat vazirligi har chorakda va yil yakunlariga ko‘ra respublikaning turizm imkoniyatlari va salohiyati, uning tarixiy shaxslari, tarixi, madaniyati, an’analari, sporti to‘g‘risidagi eng yaxshi video, foto va audiomateriallarni aniqlash bo‘yicha tanlovni tashkil qilish va o‘tkazish orqali mahalliy va chet ellik g‘oliblarni aniqlagan holda tegishlicha byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, byudjetdan tashqari Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilarni yo‘q qilish bo‘yicha jamg‘arma hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga taqdirlashni ta’minlasin.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda 2018 yildan boshlab har yili daromadlar prognozi ortig‘i bilan bajarilgan mablag‘lar va boshqa byudjetdan tashqari manbalarning mablag‘lari hisobiga xalqaro turizm ko‘rgazmalari va yarmarkalarida ishtirok etish, keyinchalik chet el jamoatchiligi orasida tarqatish maqsadida tegishli axborot materiallarini tayyorlash hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarida reklama kampaniyalarini ishga solish orqali hududlarning turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun mablag‘lar ajratsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oltin buyumlar hamda belgilangan tartibda tayyorlangan o‘lchovli yombilar xorijiy turistlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi tartibining soddalashtirilishini nazarda tutadigan Hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ikki oy muddatda:
Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkino» milliy agentligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi hamda «O‘zbekkino» milliy agentligining buyurtmanomalariga ko‘ra xorijiy ijodiy guruhlarga respublikaning turizm salohiyati to‘g‘risidagi foto va videomateriallarni tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini, jumladan, dronlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha olib kirish va ulardan foydalanish uchun ruxsatnomalarni berish tartibini ko‘zda tutadigan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2018 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK, O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida “Qarshi” xalqaro aeroportini “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning tarkibidan chiqarib, xalqaro aeroportlarni boshqarish bo‘yicha maxsus kompaniya boshqaruviga berish, aeroport hududida “Ochiq osmon” rejimini, shu jumladan, loukoster aviakompaniyalarini jalb qilgan holda joriy qilishni nazarda tutuvchi “Qarshi” xalqaro aeroportini rivojlantirish konsepsiyasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3217-son qarori bilan tashkil etilgan Xorijlik turistlar, jumladan, ziyorat qilish maqsadida kelayotgan turistlar uchun viza va ro‘yxatdan o‘tish tartibotlarini bosqichma-bosqich soddalashtirishga doir takliflar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhga har chorakda tegishli ma’lumotlar kiritgan holda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Viza rejimini yanada soddalashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasining amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Kirish turizmini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borilishini;
monitoring yakuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3217-son qarori bilan tashkil etilgan Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashga rejalashtirilgan chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida tegishli qarorlarni qabul qilish uchun har chorakda takliflar kiritib borilishini ta’minlasin.
16. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (A.Aripov):
ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan doimiy va tizimli nazorat tashkil etilishini;
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari – mas’ul ijrochilarning ushbu qaror bilan tasdiqlangan Kirish turizmini yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasining so‘zsiz bajarilishi yuzasidan ular tomonidan ko‘rilayotgan amaliy choralarning har chorakda eshitilishini ta’minlasin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R.Xolmuradov va O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining raisi A.A.Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

              O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018 yil 6 fevral


FARMATSEVTIKA SOHASINI RIVOJLANTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida                    6 fevral kuni farmatsevtika sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar natijadorligini tahlil qilish, istiqboldagi dolzarb vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 
Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholini sifatli va arzon dori vositalari bilan ta’minlash Prezidentimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. O‘tgan yili bu masalalarga bag‘ishlab bir necha yig‘ilish o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari mamlakatimiz hududlariga tashrifi chog‘ida sohadagi ahvol bilan bevosita tanishdi. Tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirishga qaratilgan 30 ga yaqin farmon va qaror qabul qilindi. 
Aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yaxshilashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Prezidentimizning 2017 yil 7 noyabrdagi “Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. 
Shu kabi tizimli ishlar o‘z samarasini bermoqda. 2017 yili  1,6 milliard shartli qadoqda dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarildi. Bu 2016 yilga nisbatan 34 foiz ko‘pdir. 
Shuningdek, o‘tgan yili sohada 71 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlanib, shundan 148 million dollarlik 33 ta obyekt ishga tushirildi. 76 nomdagi yangi mahsulot o‘zlashtirildi.
Yig‘ilishda sohadagi ishlar tanqidiy tahlil qilinib, belgilangan vazifalar ijrosi qoniqarli emasligi ta’kidlandi. 
Farmatsevtika korxonalarining aksariyatida zamonaviy texnologiyalar umuman qo‘llanilmaydi, dori substansiyalari ishlab chiqarishga umuman e’tibor yo‘q, dedi Shavkat Mirziyoyev. Korxonalar to‘liq siklda mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish o‘rniga, hali ham asosan xorijdan tayyor mahsulotlarni olib kelib, qadoqlash bilan shug‘ullanayapti. 
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mavjud 94 ta korxonadan 12 tasigina mahsulotining boshqa davlatlarda tan olinishini ta’minlaydigan GMP – “yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti” xalqaro sertifikatiga ega. Buni kengaytirish bo‘yicha tarmoq rahbariyatida tashabbus etishmayapti. Oddiy misol, yillar davomida qizilmiya ildizini chuqur qayta ishlashga umuman e’tibor berilmagan. O‘tgan yil oxirida Qoraqalpog‘istonga tashrif davomida topshiriq berilganidan keyingina Qizilmiya etishtiruvchilar va qayta ishlovchilar uyushmasi tuzildi. 
Bu masalani alohida nazoratga olish kerakligi, hamma faqat yovvoyi qizilmiya ildizini yig‘ish bilan shug‘ullanmasdan, plantatsiyalarni tashkil etish va ildizni chuqur qayta ishlab, dori substansiyalari va vositalari ishlab chiqarishga o‘tish zarurligi qayd etildi. 
Sohadagi aksariyat korxonalar murakkab bo‘lmagan, oddiy formulali dori vositalari ishlab chiqarish bilan cheklanayotgani tanqid qilindi. Negaki, 2017 yilda sohada ishlab chiqarishning fizik hajmi 34 foiz oshgani holda qiymat jihatdan 16 foizga ko‘paygan, xolos. 
Mahalliy korxonalarga import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish uchun yillar davomida qator imtiyozlar berilgan bo‘lsa-da, ichki bozordagi talabning 74 foizi import hisobiga qondirilmoqda. 
Import qilinayotgan 6 ming 824 nomdagi xorijiy dori vositasining yarmidan ko‘pini mamlakatimizda ishlab chiqarish mumkin. Lekin hozirda 27 foizi ishlab chiqariladi, xolos. Onkologiya, ginekologiya, stomatologiyada ishlatiladigan dorilar to‘liq import qilinmoqda. 
Davlat tibbiyot muassasalarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash ahvoli ham qoniqarsizligicha qolmoqda. Aholi bu islohotlardan kutilgan natijalarni hali umuman sezayotgani yo‘q. Buni ommaviy axborot vositalarida biron-bir ijobiy munosabat bildirilmayotganidan ham bilsa bo‘ladi, dedi Prezidentimiz. 
Yig‘ilishda davlat tomonidan barcha imkoniyatlar yaratilganiga qaramay, bu boradagi ishlarni tashkil etish sust kechayotgani, ayrim muammolar hamon saqlanib qolayotgani tanqid ostiga olindi. 
Xususan, dori vositalariga ehtiyojni aniqlash tizimi va mavjud ehtiyoj bo‘yicha aniq ma’lumotlar bazasi yaratilmagan. Joriy yilda mingta ijtimoiy dorixona tashkil etish bo‘yicha hali natijali ish qilinmagan. 
Farmatsevtika yo‘nalishida 7 ta erkin iqtisodiy zonani tashkil etish bo‘yicha farmon qabul qilinganiga 9 oydan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hali birontasining hududida ish boshlanmagan. Ularning bosh rejalari tasdiqlanmagan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilmagan. 
Farmatsevtika sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining roli umuman sezilmaydi. Bugungi kunda ular tomonidan o‘simlik xomashyosidan atigi 16 nomdagi 1,6 tonna dori substansiyasi ishlab chiqariladi, xolos. Bundan tashqari, sohada zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni samarali ishlata oladigan kadrlar etishmaydi. 
Prezidentimiz bu muammolarni chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha istiqboldagi muhim vazifalarni belgilab berdi. 
Dori substansiyalari ishlab chiqarishni keskin ko‘paytirish va to‘liq siklli ishlab chiqarishni kengaytirish, sohada xalqaro standartlar va yangi innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. 
Mamlakatimiz ichki bozorida dori-darmonlar narxlari barqarorligini ta’minlash, ular sun’iy qimmatlashuvining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi qo‘yildi. 
Farmatsevtikaga ixtisoslashgan erkin iqtisodiy zonalarning bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash, ushbu zonalarni barcha zarur kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi. 
Sohada yaratilayotgan ishlanmalarni amaliyotga joriy etishni jadallashtirish maqsadida Toshkent farmatsevtika institutida o‘quv-ilmiy laboratoriya va tajriba-ishlab chiqarish kompleksini tashkil etish zarurligi qayd etildi. 
Yig‘ilishda farmatsevtikaning tor yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash, soha xodimlarini xorijiy farmatsevtika korxonalarida malaka oshirishini tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi. 

XOTIN-QIZLARNI HAR TOMONLAMA QO‘LLAB-QUVVATLASH DOIMIY E’TIBORIMIZ MARKAZIDA BO‘LADI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 fevral kuni xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan. 
O‘tgan yillar mobaynida bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan. Biroq, shu paytgacha xotin-qizlar manfaatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha samarali mexanizm yaratilmagan. 
Xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari yillar mobaynida faqatgina turli tadbir va yig‘ilishlar o‘tkazish bilan cheklanib, ijtimoiy vaziyati og‘ir oilalar, ayollar va yosh qizlarga chinakam yordam berish bo‘yicha samarali faoliyat olib bormagan. Buning oqibatida joylarda ko‘plab masalalar to‘planib qolgan, ularning echimi bo‘yicha aniq manzilli ishlar amalga oshirilmagan. 
O‘tgan yil jamoatchilik nazorati guruhlari tashkil etilib, xotin-qizlar hayotidagi muammolar o‘rganildi. 2017 yil jami 5 milliondan ortiq xonadonga kirib borilib, oilalar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni hal etish choralari ko‘rildi. Jumladan, 22 ming oila ajrashib ketishining oldi olindi, 36 ming xotin-qiz ishga joylashtirildi, 14,5 ming yurtdoshimizga imtiyozli kredit olishda yordam berildi. 
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bu oilalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan muhim ishlarning bir qismi, xolos. Hali bu borada amalga oshirish zarur bo‘lgan qator dolzarb vazifalar turibdi. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni shu maqsadda qabul qilindi. 
Xotin-qizlarga e’tibor hamma vaqt barcha sa’y-harakatlarimiz markazida bo‘lishi, hammamizning vazifamizga aylanishi kerak, dedi davlatimiz rahbari. Oilaga e’tibor aslida bu o‘zligimizga e’tibordir. 
Yig‘ilishda xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyati qoniqarsiz ekani, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ko‘mak berish, erta nikohlar, ajrashishlar va ayollar jinoyatchiligining oldini olishga etarlicha e’tibor berilmagani ta’kidlandi. 
Oxirgi yillarda ajrashishlar soni har yili 10-11 foizga oshib borgani tashvishlanarlidir. 2017 yilda 31 mingdan ziyod ajralish holati qayd etilgan. Buning oqibatida, asosan, ayollar va bolalar jabr ko‘rmoqda. Ayollar o‘rtasida jinoyatga qo‘l urish hollari ko‘p uchramoqda. 
Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan farmonida shu kabi muammolarni hal etish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilandi. Respublika, viloyat, shahar va tumanlar xotin-qizlar qo‘mitalari tuzilmasi tubdan takomillashtirildi. 
Barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etildi. 
Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilib, aniq vazifalari, maqomi belgilab berildi. 
Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organi faoliyatini muvofiqlashtirish tuman hokimi o‘rinbosari – xotin-qizlar qo‘mitasi raisi zimmasiga yuklatildi. Bu bilan joylardagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari hamda Respublika qo‘mitasining imkoniyati va ta’siri kuchaytirildi. 
Onalar va go‘daklar o‘limi qayd etilayotgani, nogiron bolalar tug‘ilayotgani – xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini ta’minlash bo‘yicha ishlar mutlaqo qoniqarsiz ekanini ko‘rsatmoqda. Har yili 95 foiz homilador ayollar perinatal skrining tekshiruvidan o‘tkazilsa-da, natijasi amalda sezilmayapti. Shu bois oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida “ayollar maslahatxonalari” tashkil etilishi belgilandi. 
Respublika komissiyasi va 7 ta ishchi guruh tashkil etilib, bu boradagi ishlar ijrosi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga yuklatildi. 
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz xotin-qizlarining hayotiy muhim manfaatlarini ta’minlash, turmush sharoitlarini har tomonlama yaxshilash bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdi. 
Topshiriqlarga muvofiq, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining barcha bo‘g‘inlaridagi rahbarlar faoliyati tanqidiy o‘rganilib, vazifasiga noloyiq kadrlar o‘zgartiriladi. 
Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan va nogiron xotin-qizlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ular bilan yakka tartibda ishlash tizimi joriy etiladi. 
“Oila” markazi va Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi. 
Sudlar tomonidan qaror qabul qilinayotganda, birinchi navbatda, ajralishlarning oldini olish, mazkur jarayonda ayollar va bolalar manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ularni uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. 
Joylardagi fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari faoliyati tanqidiy o‘rganilib, ularga o‘z vazifasi mohiyatini tushunadigan, adolatli, oilaviy qadriyatlarimizni hurmat qiladigan, professional kadrlar tayinlanadi. 
Ishlash istagi bo‘lgan xotin-qizlarning manzilli ro‘yxatlari shakllantirilib, ularning bandligini ta’minlash, ayollarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka jalb etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. 
Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida har bir mahalla kesimida ish olib boriladi. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, shuningdek, o‘tgan yili maxsus ro‘yxatdan chiqarilgan 2 ming 587 nafar diniy oqim a’zosi bo‘lgan ayollarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, ijtimoiy muammolarini hal etishga alohida e’tibor qaratiladi. 
Xotin-qizlarning tibbiy madaniyatini oshirish, kam ta’minlangan oilalarga manzilli tibbiy yordam ko‘rsatish, respublika skrining va reproduktiv markazlari xizmatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshiriladi. 
Yig‘ilishda sohada olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Istiqboldagi muhim vazifalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. 

O‘ZBEKISTON VA TURKIYA PREZIDENTLARINING TELEFON ORQALI MULOQOTI TO‘G‘RISIDA
2018 yil 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. 
Muloqotda ikki davlat rahbarlari 2017 yil oktyabr oyida Turkiya Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi samarali tashrif ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Turkiya hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanini mamnuniyat bilan qayd etdilar. 
Ushbu tarixiy tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan aniq kelishuv va imzolangan bitimlarning bajarilishi, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, bank-moliya, transport, turizm va boshqa muhim sohalardagi yirik qo‘shma loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. 
Mazkur kelishuvlarni hayotga to‘liq va o‘z muddatida tatbiq etish, muhim loyihalarni jadallashtirish maqsadida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida muntazam ravishda muloqotlar olib borilishi va uchrashuvlar o‘tkazilishi yuzasidan kelishib olindi. 
Rejep Tayyip Erdo‘g‘on O‘zbekistonda Turkiya fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilinganini yuksak baholab, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirdi. 
O‘zbekiston Prezidenti mazkur qaror oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi ekanini alohida qayd etdi. Bunday qaror qabul qilinishi savdo-iqtisodiy, investitsiya va turizm sohalarida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi va, eng asosiysi, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlab, Turkiya fuqarolarining O‘zbekistonga kelishlari uchun keng yo‘l ochib berishini ta’kidladi. 
Muloqotda xalqaro va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi. 
Davlatimiz rahbari Turkiya Respublikasi delegatsiyasini mintaqada tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash maqsadida joriy yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha xalqaro konferensiyaga taklif etdi. 
O‘z navbatida, Rejep Tayyip Erdo‘g‘on ushbu tashabbusni yuksak baholab, uni amalga oshirishni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi hamda mazkur tadbirda Turkiyadan yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishini bildirdi. 
Muloqot so‘nggida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik aloqalari hamda an’anaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onga mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelishni taklif etdi. 


BARCHA SA’Y-HARAKATLARIMIZ OBODLIK, BUNYODKORLIK VA AHOLI FAROVONLIGIGA XIZMAT QILSIN
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida poytaxtimiz tumanlarida bo‘ldi. 
Toshkent shahrida so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Bugun poytaxtimiz tom ma’nodagi qurilishlar maydoniga aylangan. Yangidan-yangi inshootlar, korxonalar, tibbiyot va ta’lim muassasalari, sport majmualari, ravon yo‘llar, ko‘priklar, mahalla guzarlari, bozorlar, bog‘lar, xiyobonlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu boradagi ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jadallik bilan davom ettirilmoqda. 
Davlatimiz rahbari dastlab Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishidagi 2-bosqich qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Shavkat Mirziyoyev bu kabi murakkab jarayon nafaqat mablag‘, balki aqliy mehnat va yuksak mahorat, chuqur bilim va tafakkur, yuqori texnologiyalarni talab qilishini ta’kidladi. 
Qurilishga 200 dan ortiq ishchi va muhandis, 40 ta texnik vosita va mexanizm jalb etilgan. Metro qurilishiga Germaniyadan erosti tunnelini qaziydigan kompleks, burg‘ulash va temir-beton qoziq qoqish texnikasi, shuningdek, GFR va Xitoy kranlari olib kelingan. 
Qurilayotgan metro uchastkasining uzunligi 2,9 kilometr bo‘lib, uni 2019 yilda foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda. 
Prezidentimizga metro bekatlarining dizayni va qiyofasi, ularni zamonaviy va milliy an’analar asosida qurish va bezash bo‘yicha ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari metro qurilishida ishlatilayotgan eng zamonaviy texnik vositalar bilan tanishtirildi. 
Shu yerning o‘zida Toshkent shahri metropolitenini rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham ma’lumot berildi. 
Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda barpo etilayotgan “Navro‘z” istirohat bog‘i loyihasini ko‘zdan kechirdi. 
Navro‘zi olam – xalqimizning eng qadimiy milliy bayrami. YUrtimizda kattayu kichik barcha sharqona yangi yil bo‘lmish ushbu ayyomni orziqib kutadi. Ezgulik, mehr-muruvvat, xayr-saxovat ayyomi qalblarga olam-olam surur va orzu-havaslar baxsh etadi. 
Joriy yilda ham Navro‘z bayramini ko‘tarinki ruhda, umumxalq sayli tarzida nishonlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrining Abdulla Qodiriy, SHarof Rashidov va Labzak ko‘chalari kesishgan joyda “Navro‘z” bog‘i barpo etilmoqda. 
Bog‘ uchun 32 gektar er ajratilgan bo‘lib, bu erda 6 ming kishilik usti ochilib yopiladigan amfiteatr, diametri 72 metrlik charxpalak, har bir viloyat aholisining o‘ziga xos urf-odatlari, ajdodlarimizning yashash tarzi, milliy hunarmandlik, pazandalik an’analarini aks ettiruvchi uylar quriladi. Bu erga kelgan xorijiy delegatsiyalar a’zolari va sayyohlar ajdodlarimizning o‘ziga xos boy madaniy merosi, folklori, etnografiyasi, kiyinish madaniyati, san’ati bilan tanishish, har bir hududning lazzatli taomlaridan tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 
Joriy yildan boshlab xalqimizning Mustaqillik, Navro‘z kabi ulug‘ bayramlari mazkur bog‘da o‘tkaziladi. Bundan tashqari, majmuada ommaviy sayillar, konsertlar tashkil etish uchun barcha sharoit yaratiladi. Istirohat bog‘i markaziga quyosh shaklida Navro‘z ramzi o‘rnatiladi. Majmua 2019 yili to‘liq qurib bitkaziladi. “Navro‘z” bog‘idan Anhor kanali uzra uchta piyodalar ko‘prigini bunyod etish mo‘ljallangan. Bog‘ cheti “Anhor-Lokomotiv” parkiga tutashib ketadi. Odamlar bu ko‘priklardan amfiteatrga kirib keladi, Anhor kanali bo‘ylab sayr qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 
Mazkur bog‘ Navro‘z bayramimizni tarannum qiladigan, millatimizning o‘zligini ko‘rsatadigan markaz bo‘ladi, dedi Prezidentimiz. Bog‘ning har bir elementida, har bir qarich erida xalqimizning madaniyati ufurib turishi zarur. Buning uchun Anhor kanali bo‘ylariga Toshkent shahri tumanlari, viloyatlarimiz uchun o‘rinlar tashkil qilish kerak, toki hududlar bu erda o‘zining asl an’analari, bahoriy udumlarini namoyish etsin. YUrtimizga kelgan sayyohlar avval Islom sivilizatsiyasi markaziga, so‘ng bu erga kelib, xalqimizning boy madaniy merosi bilan tanishsin. 
Davlatimiz rahbari bog‘ hududini obodonlashtirish, manzarali daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazish, Anhor bo‘yida qayiqlar bekati bunyod etish, majmuada aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan sahna asarlari namoyish etishni tashkillashtirish yuzasidan mutasaddilarga zarur tavsiyalar berdi. 
SHu erda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hududida Musiqa san’ati professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish markazini bunyod etish loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi. 
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Olmazor tumani Qichqiriq kanali bo‘yida madaniyat va istirohat bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan. Bu erga tashrif asnosida Shavkat Mirziyoyevga mazkur park loyihasi yuzasidan ma’lumot berildi. Ma’lum qilinganidek, bog‘da bolalar va sport maydonchalari, zamonaviy attraksionlar tashkil etiladi. Abdulla Qodiriy va CHo‘lpon nomidagi kutubxonalar, Nuroniylar maskani quriladi. 
Prezident kutubxonalarning poytaxt maktablari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, Abdulla Qodiriy va CHo‘lpon ijodini yoshlarga chuqur o‘rgatish zarurligini ta’kidladi. Aholining dam olishi uchun qulayliklar yaratish, xususan, Nuroniylar maskanida choyxona va askiya markazi tashkil qilish, yaqin joyda poliklinika barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 
Bog‘ bilan tanishuv chog‘ida Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari uyma-uy yurib, odamlar bilan suhbatlashish, ularning muammolarini hal qilishga ko‘maklashish, ish o‘rinlari yaratish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish zarurligini ta’kidladi. 
Prezident SHayxontohur tumanidagi “Suzuk ota” majmuasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. 
Ma’lumki, davlatimiz rahbari 2017 yil 26 may kuni bu maskanda bo‘lib, maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. 
Manbalarda keltirilishicha, 1363-1364 yillarda Sohibqiron Amir Temur Ahmad YAssaviyning nabirasi Suzuk ota qabri ustida maqbara va masjid bunyod ettirgan. 
Ayni paytda bu erda bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. “Ijod-Ijod” xususiy korxonasi tomonidan masjidning gumbaz qismiga o‘zgartirish kiritilib, tarixiy xonaqoh bilan uyg‘unlashtirilgan, 900 kishiga mo‘ljallangan ayvon qurilishi rejalashtirilgan. SHuningdek, hunarmandlar uchun ustaxonalar, avtoturargoh va boshqa inshootlar barpo etilmoqda. CHillaxona tiklanayotir. Qurilish ishlari joriy yilning 1 sentyabrida yakunlanishi mo‘ljallangan. 
Prezident masjidni milliy me’morlik an’analari asosida bunyod etish va bu erda ziyoratchilar uchun keng qulayliklar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. 
Shavkat Mirziyoyev CHilonzor tumanidagi Biznes-markazida yuqori va tejamkor texnologiyalarga asoslangan «High Tech Sity» shaharchasi qurilishi loyihasi bilan tanishdi. Janubiy Koreyaning «Posco Daewoo» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan mazkur loyihaning qiymati 1,4 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. 
«High Tech Sity» shaharchasi hududida xalqaro biznes-markaz, ko‘p qavatli turar joylar, ilmiy ishlab chiqarish klasteri, yuqori texnologiyalarni rivojlantirishga ixtisoslashgan institut, politexnika kolleji, savdo shoxobchalari, madaniy ko‘ngilochar inshootlar, mehmonxona va boshqa ijtimoiy ob’ektlar qurilishi mo‘ljallanmoqda. 
Shavkat Mirziyoyev CHilonzor tumanidagi Bunyodkor va CHo‘ponota ko‘chalari kesishmasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Ko‘prik qurilish tresti» korxonasi tomonidan bunyod etilayotgan yo‘l o‘tkazgich qurilishini ko‘zdan kechirdi. Mazkur o‘tkazgichda avtomobillar harakati 6 yo‘lakdan iborat bo‘ladi. Ayni paytda qurilish ishlariga 30 dan ortiq texnika vositalari, turli murakkab mashina va mexanizmlar, 200 dan ziyod malakali muhandis va ishchi jalb qilingan. 
Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvi jarayonida CHilonzor tumanida barpo etilayotgan yangi masjidga tashrif buyurdi. Prezident ushbu maskanga shayx Muhammad Sodiq Muhammad YUsuf nomini berishni taklif qildi. 
SHayx Muhammad Sodiq Muhammad YUsuf nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim edi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Hayotini muqaddas dinimiz arkonlarini o‘rganish va targ‘ib etish, xalqimiz, yoshlarimizni diniy ma’rifat ruhida tarbiyalashga bag‘ishlagan edi. 
Prezident Sergeli tumanidagi qo‘p qavatli yangi uy-joylar qurilishi bilan ham tanishdi. 
Loyihaga asosan 5 ming 40 xonadonli 7 qavatli uylar qurilishi belgilangan. 120 ta uyning handagi qazildi. 8 ta uyning uchinchi, 33 ta uyning birinchi qavatida g‘isht terish ishlari olib borilmoqda. 20 tasida plita yotqizish, 59 tasida poydevor qo‘yish, blok terish va metall ishlari bajarilmoqda. Qurilishga 6 mingdan ziyod mutaxassis, 450 dan ziyod maxsus texnika jalb etilgan. 
Loyihalashtirish ishlari “Qishloq qurilish loyiha” instituti, “ToshuyjoyLITI” AJ, “Tashgiprogor” AJ, “O‘zshaharsozlik LITI” AJ tomonidan amalga oshirilmoqda. 
Alohida ta’kidlash kerakki, yangi uylar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan barpo etilmoqda. Ularning tevaragida maktablar, dam olish joylari, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari va boshqa infratuzilma ob’ektlari qurilishi ko‘zda tutilgan. 
Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan 8 ta uyning birinchi qavatida maktabgacha ta’lim muassasalari, 3 ta uyning pastki qavatlarida oilaviy poliklinikalar joy oladi. SHu tariqa qurilayotgan yangi massiv aholisi uchun qulayliklar yanada ko‘payadi. 
Yangi uylarni joriy yilning sentyabr oyida o‘z egalariga topshirish rejalashtirilgan. 
Davlatimiz rahbari quruvchilar bilan muloqotda xonadon sohiblari uchun barcha sharoitlar yaratish lozimligini, buning uchun qurilish, dizayn, infratuzilma kabi sohalarni har tomonlama o‘zlashtirgan, ularning uzviy bog‘liqligidan kelib chiqib ishlaydigan etuk kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Qurilish ishlarini belgilangan muddatda sifatli qilib yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. 

NHK TELERADIOKORPORATSIYASI: “O‘ZBEKISTON SAYYOHLAR UCHUN VIZALARNI BEKOR QILIB, VIZA OLISH QOIDALARINI SODDALASHTIRMOQDA”
Yaponiyaning yetakchi NHK teleradiokompaniyasi o‘z saytida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimiz turizm tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar haqida material joylashtirdi. 
Quyida ushbu material matni keltirilmoqda: 
“O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati xorijiy sayyohlar uchun viza olish tartibini bekor qilish va soddalashtirish orqali turizm industriyasini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishni maqsad qilyapti.
2018 yilning 10 fevralidan Markaziy Osiyoning bu davlati 39 mamlakat fuqarolari uchun sayyohlik vizasi olishni soddalashtiradi. 
Bundan tashqari, joriy yilning 10 fevralidan boshlab, 7 mamlakat, jumladan, YAponiya, Isroil, Indoneziya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Janubiy Koreya fuqarolari 30 kungacha O‘zbekistonda vizasiz qolishi mumkin. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yil oxirida lavozimga kirishgan davridan mamlakatning xalqaro hamjamiyatga har tomonlama ochiqligiga qaratilgan faol siyosatni qat’iy olib bormoqda. 
Bu chora-tadbirlar turizm tarmog‘ini rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. 
32 milliondan ziyod aholiga ega O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim va inson kapitali bo‘yicha yirik davlat hisoblanadi. O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro kabi tarixiy shaharlari YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 
Bu boradagi amaliy islohotlar natijasida 2017 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan yaponiyaliklar soni ilk bor 9 500 nafarni tashkil etdi. 
NHK teleradiokorporatsiyasiga bergan intervyusida O‘zbekistonning YAponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi G‘ayrat Fozilov vizasiz rejim joriy qilinishi tufayli yanada ko‘proq yaponiyaliklar O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishiga umid bildirdi. Uning fikricha, O‘zbekiston rahbariyatining bu kabi sa’y-harakatlari Toshkent bilan Tokio o‘rtasidagi strategik sheriklik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashning qo‘shimcha omili bo‘lib xizmat qiladi”. 

ICHKI TURIZMNI JADAL RIVOJLANTIRISHNI TA’MINLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5326-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim omillaridan biri sifatida ichki turizmni jadal rivojlantirish, fuqarolarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi hamda tabiiy boyliklari bilan tanishtirish maqsadida: 
1. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (keyingi o‘rinlarda – Amaliy chora-tadbirlar rejasi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 
2. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi va O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi: 
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda: 
bir oy muddatda turizm infratuzilmasining bandligini hisobga olgan holda hududlar hamda jalb etilgan tashkilotlar miqyosida turlar 
va ekskursiyalarni tashkil qilish jadvallarini tasdiqlasin; 
yoshlarni turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha axborot-targ‘ibot tadbirlarining muntazam o‘tkazilishini ta’minlasin; 
turistlar oqimining mavsumiyligi hamda hududlarning turizm infratuzilmasi to‘liq jalb etilishini inobatga olib, shu jumladan turizm faoliyati sub’ektlarini jalb etgan holda Amaliy chora-tadbirlar rejasining samarali amalga oshirilishi uchun zarur choralar ko‘rsin; 
b) Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» ichki turizmni rivojlantirish dasturini (keyingi o‘rinlarda – Dastur) amalga oshirish doirasida ommaviy axborot vositalarida hamda Internet tarmog‘ida, shu jumladan respublikaning barcha shaharlarida «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» shiori ostida tashqi reklama vositalarini (shit-bannerlar hamda tashqi ekranlar uchun roliklar) tayyorlash va o‘rnatish yo‘li bilan ichki turizmni keng targ‘ib qilish tadbirlari o‘tkazilishini ta’minlasin. 
3. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan joylashtiriladigan tashqi reklama ijtimoiy reklamaga tenglashtiriladi. 
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda 2018-2020 yillarda respublikaning har bir hududida kamida 100 ta joy hisobga olinib markaziy ko‘chalar, aholi gavjum joylar hamda trassalarda joylashgan shitlar, ekranlarda ichki turizmga oid tashqi reklama beg‘araz o‘rnatilishini ta’minlasin. 
5. Belgilab qo‘yilsinki, Dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga turistik-ekskursiya turlari uchun to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar: 
ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun – o‘z mablag‘lari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan; 
tashkilotlar xodimlari uchun – o‘z mablag‘lari, ish beruvchi mablag‘lari (byudjet tashkilotlari uchun – tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari) va jamoaviy shartnomalarga muvofiq boshqa mablag‘lar hisobidan; 
etim bolalar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ularning umumiy sonidan kamida 20 foizi qamrab olinishi ta’minlangan holda – xayriya mablag‘lari, shuningdek, har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti ko‘rsatkichlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan; 
pensionerlar hamda urush va mehnat faxriylari uchun – o‘z mablag‘lari, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasining mablag‘lari va xayriya mablag‘lari hisobidan;
faol xotin-qizlar uchun – o‘z mablag‘lari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi mablag‘lari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi mablag‘lari va xayriya mablag‘lari hisobidan; 
mahalla faollari va yosh oilalar uchun – o‘z mablag‘lari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan tenglik asosida qoplanadi. 
Mazkur Dasturda ishtirok etish ixtiyoriy ekanligi belgilab qo‘yilsin. 
6. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga: 
jamoaviy shartnomalarga rag‘batlantirish chorasi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga o‘z xodimlarining kamida 10 foizini oila a’zolari bilan birgalikda har yili dam olishga (ichki turizmga) yuborishni nazarda tutadigan xodimlarning jamoaviy va oilaviy dam olishini tashkil qilish normasini kiritish; 
xodimlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda sayohat qilish va dam olish uchun ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi hisobidan dam olish kunlari (otgul) berish; 
Dastur tadbirlarini amalga oshirish doirasida har yili 30 dekabrgacha davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari uchun turistik-sayohat turlarini tashkil qilish jadvallarini tasdiqlash tavsiya etilsin. 
7. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi davlat organlari va boshqa tashkilotlarga guruhli sayohatlarni tashkil qilish uchun mahalliy turoperatorlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, shuningdek, mehmonxona va transport tashkilotlariga tashkil etilgan turlar, shu jumladan yashash va kelib-ketish (uchib borish) uchun imtiyozlar taqdim etish bo‘yicha takliflar yuborishda yordam ko‘rsatsin. 
8. 2018 yil 10 fevraldan boshlab 3 yil muddatga quyidagi tartib joriy etilsin, unga ko‘ra: 
ish beruvchining turizm sohasida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan sub’ektlardan xodimlar va ularning oila a’zolari uchun respublika bo‘ylab turistik yo‘llanmalarni sotib olish xarajatlari xodimning daromadi sifatida ko‘rib chiqilmaydi hamda yuridik shaxsdan olinadigan foyda solig‘ini hisoblab chiqishda chegirib qolinishi lozim; 
jismoniy shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlari O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab turistik yo‘llanmalarni turizm sohasida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan sub’ektlardan sotib olishga yo‘naltirilgan xarajatlar summasiga kamaytiriladi. Bunda turistik yo‘llanma (ayirboshlanadigan vaucher), avia va temir yo‘l chiptalari, avtotransport tashkilotlarining hisob-fakturalari (chiptalari) va joylashtirish vositalari cheklari tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi; 
turizm sohasida faoliyat ko‘rsatadigan sub’ektlarning soliq solinadigan bazasi O‘zbekiston turizm brendi va “Uzbekistan.travel” sayti reklamasi bo‘lgan bosma mahsulotlarni (xaritalar, risolalar, bukletlar, flayerlar va boshqalar), suvenir va qadoqlash mahsulotlarini (sumkalar, paketlar, maktab daftarlari, yorliqlar, g‘iloflar, kiyim-kechaklardagi va oshxona anjomlaridagi yozuvlar) tayyorlash va chop etishga yo‘naltiriladigan xarajatlar summasiga kamaytiriladi. 
9. Tijorat banklariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga turizm sohasida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan sub’ektlardan O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab sayyohlik turlarini sotib olish uchun 10 million so‘mgacha iste’mol kreditlarini ajratish va kreditni ish haqi hisobidan qoplash imkoniyatini berish tavsiya etilsin. 
10. Belgilansinki: 
turizm ob’ektlari (me’moriy yodgorliklar va boshqalar) hamda infratuzilmasi (mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari, turistik yo‘nalishlar va boshqalar) joylashgan joylarning belgi-ishoralari va ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan tematik turistik xaritalar adadini ko‘paytirish va ularni tarqatishga kartografiya ishlarini amalga oshirish uchun litsenziya (ruxsatnoma) olinishi talab etilmaydi; 
turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar (davlat muzeylari, galereyalar, madaniy meros ob’ektlari va qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar ma’muriyatlari va boshqalar) o‘z faoliyatidan tushadigan tushumlarning kamida 5 foizini o‘z faoliyati hamda taqdim etayotgan turizm xizmatlari bayon etilgan reklama-tarqatish materiallarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlash va adadini ko‘paytirish uchun majburiy tartibda yo‘naltiradi. Bunda ushbu maqsadlarga yo‘naltirilgan xarajatlar summasi bu tashkilotlarning soliqqa tortiladigan bazasidan chiqarib tashlanadi. 
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda turizmni rivojlantirish uchun yuqori salohiyatga ega tuman va shaharlarda joylashgan hamda asosan muhandislik kommunikatsiyalar bilan ta’minlangan foydalanilmayotgan er uchastkalarini 2-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha uch oy muddatda xatlovdan o‘tkazsin hamda keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xulosasiga asosan har bir hududda umumiy maydoni kamida 20 gektar bo‘lgan 20 ta er uchastkasi hisobidan kelib chiqib, turizm sohasidagi loyihalarni (mehmonxonalar, mehmonxona uylari, kempinglar, motellar va boshqa joylashtirish vositalari, tematik xiyobonlar, muzeylar, galereyalar va boshqa inshootlar qurish) amalga oshirish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari hamda potensial investorlarga taqdim etish uchun ajratsin. 
12. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tanlab olingan foydalanilmayotgan er uchastkalarida 2018-2022 yillarda turizm infratuzilmasini tashkil etish doirasidagi xarajatlar: 
yangi loyihalar (maketlar)ning dizayn-eskizlarini ishlab chiqish uchun – byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari; 
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishga ruxsat beruvchi hujjatlarni olish uchun – tegishli tumanlar (shaharlar) mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilab qo‘yilsin. 
13. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi: 
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda turistik yig‘imlar, mehmonxona xizmatlarini sertifikatlash hamda joylashtirish vositalarining javobgarlik qoidalarini saqlab qolgan holda, tashrif buyuruvchilarni ro‘yxatga olish bo‘yicha maxsus elektron avtomatlashtirilgan dasturda joylashtirish vositalari orqali xususiy uylarga (xonadonlarga) mehmonlarni vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini joriy etsin; 
turizm toifasiga oid mehmonxonalar va mehmonxona uylarining namunaviy loyihalarini, shu jumladan xorijiy loyiha tashkilotlaridan byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sotib olsin va keyinchalik ushbu loyihalarni turizm infratuzilmasi ob’ektlarini qurish tashabbusini ko‘rsatgan tadbirkorlik sub’ektlariga beg‘araz taqdim etsin. Bunda namunaviy loyihalarni muayyan hududga biriktirish O‘zbekiston Respublikasi Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari tomonidan beg‘araz asosda ta’minlanadi. 
14. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining ichki turizmni yanada rivojlantirish hamda turizm infratuzilmalarini takomillashtirish maqsadida hududlarda kichik turizm zonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. 
Belgilansinki, kichik sanoat zonalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qoidalari kichik turizm zonalariga ham tatbiq etiladi. 
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2018 yilning 1 iyuliga qadar tadbirkorlik sub’ektlariga er uchastkalarini ajratishning soddalashtirilgan mexanizmini joriy etgan holda hududlarda kichik turizm zonalarini yaratish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 
15. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda quyidagi summalar uchun soliq solinadigan bazani kamaytirish tartibini bir oy muddatda tasdiqlasin: 
100 million so‘mgacha – xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning 2020 yilning 1 yanvariga qadar sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiena normativlariga muvofiq keladigan zamonaviy sanitariya-gigiena tarmoqlarini qayta tiklash, kapital ta’mirlash va qurishga yo‘naltirilgan xarajatlari; 
12 million so‘mgacha – har yili 2025 yilning 1 yanvariga qadar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiena normativlariga muvofiq keladigan sanitariya-gigiena tarmoqlarini (farroshlar ish haqi, gigiena, tozalash va yuvish vositalarini sotib olish, kommunal xarajatlarni to‘lash), turizm infratuzilmasi ob’ektlarini (tarixiy va me’moriy yodgorliklar, muzeylar, teatrlar, madaniyat uylari, umumiy ovqatlanish punktlari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, avtomobillar uchun vaqtincha to‘xtash joylari, yo‘lbo‘yi infratuzilmasining servis xizmatlar ko‘rsatiladigan hududlari, bozorlar, rastalar, do‘konlar va odamlar gavjum bo‘ladigan boshqa joylarni) saqlashga yo‘naltirilgan xarajatlari. 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining xulosasi asosida zamonaviy sanitariya-gigiena tarmoqlarini yaratish loyihalarini amalga oshiradigan tadbirkorlik sub’ektlari va potensial investorlarga shaharlar va tumanlarning tegishli qismlarida reklama va ixcham savdo nuqtalari uchun joylar taqdim etsin. 
16. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi: 
manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Amaliy chora-tadbirlar rejasi bajarilishi ustidan doimiy monitoringni; 
monitoring natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi «2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3217-son qarori bilan tashkil etilgan Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashga rejalashtirilgan chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida tegishli qarorlarni qabul qilish uchun har chorakda takliflar kiritilishini ta’minlasin. 
17. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (A.Aripov): 
ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan doimiy va tizimli nazorat tashkil etilishini; 
vazirliklar, idora