2019 yil 15 mart juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

KO‘MIRCHILIK TARMOG‘INI BARQAROR RIVOJLANTIRISH MASALALARI KO‘RIB CHIQILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni ko‘mir qazib olish tarmog‘ini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. 
Ko‘mirchilik yoqilg‘i-energetika ta’minotining ajralmas qismi bo‘lib, iqtisodiyot tarmoqlari, aholining ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq muhim sohalardan biridir. 
Yurtimizda har yili aholi xonadonlariga 1 million tonna, ijtimoiy soha ob’ektlariga 400 ming tonna ko‘mir etkazib beriladi. Yangi Angren va Angren issiqlik elektr stansiyalarida energiya ishlab chiqarish uchun 4 million tonna ko‘mir yoqiladi. 
Yig‘ilishda konlarning salohiyati yuqori bo‘lsa-da, keyingi yillarda ko‘mir qazib chiqarish rejalari bajarilmayotgani, tarmoqdagi tizimli muammolar bartaraf etilmagani ko‘rsatib o‘tildi. 
Masalan, konlardagi texnika va texnologiyalar eskirgan. Asosiy xomashyo bazasi bo‘lgan Angren konida yangi shaxtalar ochish ishlari ortda qolgan. Karerlarning qiyalik burchagi belgilangan me’yordan oshib, qazish ishlari xavfli darajaga etgan. 
Shu kabi masalalarni tez va samarali hal etish uchun “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini professional tashqi boshqaruvga berish mo‘ljallanmoqda. 
Yig‘ilishda Angren konidagi holatni yaxshilashga qaratilgan ishlarni samarali tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi. 
Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining yaqin va uzoq istiqbolda ko‘mirga bo‘ladigan talabini maksimal darajada qoplash uchun Angren konini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. 
Prezidentimiz “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Moliya va Energetika vazirliklariga ko‘mir narxi tariflarini optimallashtirish, tarmoqning rentabelligini oshirish, investitsiya xarajatlarini qoplash bo‘yicha topshiriqlar berdi. 
Kon ochish ishlarini samarali tashkil etish uchun transport vositalari parkini yangilash lozimligi qayd etildi. Mutasaddilarga zarur samosval va boshqa maxsus texnika vositalarini eng maqbul takliflar asosida xarid qilish vazifasi qo‘yildi. 
Shuningdek, bugungi kunda qazib olish ishlarida foydalanilmayotgan texnikalardan voz kechib, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 
Angren konining janubiy chegarasiga yaqin joyda yashayotgan aholi xavfsizligini ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi. 
Vazirlar Mahkamasiga yuqorida qayd etilgan masalalar, xususan, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini boshqarish samaradorligini oshirish, bu borada professional tashqi boshqaruvchini jalb etish, tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va ko‘mir sifatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi. 
O‘ZBEKISTON – ROSSIYA: SOG‘LIQNI SAQLASH SOHASIDAGI HAMKORLIK RIVOJLANMOQDA

Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga keldi.
Tashrif doirasida 6 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida tibbiyot, sohada zamonaviy kadrlar tayyorlashdagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Mamlakatimizda tibbiyot sohasini takomillashtirishga davlat siyosati darajasida qaraladi. So‘nggi yillarda ushbu tizimda xalqaro me’yorlarni joriy etish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida tub o‘zgarishlar olib borilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirishda rossiyalik hamkorlar faol ishtirok etmoqda. Bunda oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim o‘rin tutadi.
Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vaziri O‘zbekistonda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini tatbiq etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olishdagi tajriba va islohotlarni yuqori baholadi. Rossiya tomoni tajriba almashish, sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Delegatsiya a’zolari Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazida bo‘lib, muassasa faoliyati bilan tanishdi.
Bugungi kunda markazda yurak, jigar va boshqa a’zolarda jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi. Kardiojarrohlik bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, mehmonlar “Akfa Medline” tibbiyot markazi misolida mamlakatimizda malakali tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklar profilaktikasi, patronaj va skrining xizmatlarini zamonaviy darajaga ko‘tarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan ham yaqindan tanishdi.
Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda mamlakatlarimiz o‘rtasida tibbiyotda kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. O‘zbekistonlik shifokorlarning Rossiya etakchi tibbiy muassasalarida malaka oshirishi tashkil qilinayotgani, sohada ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, tashxis qo‘yish va davolash, murakkab jarrohlik amaliyotidagi tajriba almashishga qaratilgan mahorat darslari o‘tazish muntazamlik kasb etgani ta’kidlandi.
Bugungi kunda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik faol davom etmoqda. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab mamlakatimizda I.M.Sechenov nomidagi Moskva davlat tibbiyot universiteti filialini ochish rejalashtirilgan. Tashkil etiladigan qo‘shma fakultetlarda bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Tibbiyot sohasini moliyalashtirish, logistika, sog‘liqni saqlash tizimini raqamli boshqaruvga o‘tkazish, hukumat darajasida qabul qilinayotgan dasturlar ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Delegatsiya a’zolari respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, xususiy klinikalar, birlamchi tibbiy yordam muassasalari hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida ham bo‘lib, ikki tomonlama hamkorlikka oid qator uchrashuv va muzokaralarda ishtirok etdi.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ROSSIYA FEDERATSIYASI IQTISODIY RIVOJLANISH VAZIRINI QABUL QILDI 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 mart kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasi hamraisi, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkinni qabul qildi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari, shuningdek, ko‘p qirrali amaliy hamkorlik jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi aloqalar va davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchga asoslangan muloqot, mamlakatlarimiz idoralari, hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi sheriklik va almashinuvlar jadallashgani savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi samarali hamkorlikni misli ko‘rilmagan darajada oshirishga xizmat qildi.
O‘tgan yil oktabr oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitdi. 
2018 yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro savdo hajmi 20 foizga oshib, qariyb   6 milliard dollarga etdi. Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida, jumladan, energetika, neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat va ko‘plab boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
O‘zaro muloqotning yangi ko‘p darajali formati, ya’ni ikki davlat Bosh vazirlari darajasidagi Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyaning tashkil etilishi, hech shubhasiz, ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar samaradorligini oshirish va ularni o‘z vaqtida ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida mamlakatimiz hududlarida Rossiya kompaniyalari ishtirokida agroklasterlar va logistika markazlarini tashkil etish, O‘zbekiston meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlarini Rossiya bozoriga yirik hajmda ulgurji etkazib berish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish, hududlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida o‘zaro almashinuvlarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish qayd etildi.
Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin hamda Hukumat Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
Maksim Oreshkin O‘zbekistonda mamlakatning barqaror taraqqiyotini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investorlarni va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuksak baholadi.
Rossiya o‘zaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, turli sohalarda istiqbolli qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun bundan buyon ham zarur choralar ko‘rishga tayyor ekani ta’kidlandi.