2018 yil 21 dekabr juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot soati va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI AQSH DELEGATSIYASINI QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 dekabr kuni AQSHning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod va AQSH Prezidenti yordamchisining o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Liza Kyortisni qabul qildi.Davlatimiz rahbari AQSH delegatsiyasini samimiy qutlar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani va izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Joriy yil may oyida AQSHga oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlar strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergani ta’kidlandi.Turli darajadagi aloqalar faollashdi, samarali siyosiy muloqot va parlamentlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar almashuvlar jadallashmoqda.Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi har tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Afg‘oniston bilan an’anaviy yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani, ushbu mamlakatda tez fursatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi, izchil taraqqiyotni ta’minlash tarafdori ekanini qayd etdi. O‘zbekiston tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan infratuzilmaga oid qator ahamiyatli loyihalar bu jarayonga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi. Mozori SHarif – Hirot temir yo‘li va Surxon – Puli Humri elektr uzatish liniyasining qurilishi shular jumlasidan. O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo hajmi va tranzit yuk oqimini oshirishga xizmat qiladigan bojxona terminalini o‘z ichiga olgan “Termiz-Kargo-markaz” xalqaro logistika markazi tashkil etildi. Bundan tashqari, Termiz shahrida afg‘on yoshlari ta’lim olayotgan va kasb-hunar egallayotgan Ta’lim markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Uchrashuvda Afg‘onistonda tinchlik muzokaralari jarayonini boshlashda afg‘on xalqining bosh va hal qiluvchi rolini nazarda tutgan butun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini yanada uzviy muvofiqlashtirish, ushbu mamlakatga iqtisodiy ko‘mak loyihalarini ilgari surishda amaliy yordam ko‘rsatish zarurligi qayd etildi. Zalmay Xalilzod va Liza Kyortis samimiy qabul uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, Amerika Qo‘shma SHtatlari Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining qo‘shni mamlakatlar, jumladan, Afg‘onistonga nisbatan tashqi siyosatiga yuksak baho berildi. Joriy yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlari afg‘on masalasini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha ko‘p jihatdan xalqaro choralar yo‘nalishlarini belgilab bergani va bu boradagi qo‘shma harakatlar uchun asos bo‘lgani ta’kidlandi. Tomonlar O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash maqsadida Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish masalalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdilar. 

O‘ZBEKISTON TASHABBUSI AFG‘ONISTON UCHUN JUDA MUHIM!

AQSHning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Prezidentimiz bilan o‘tkazilgan muzokara va Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga oid dolzarb masalalar haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Avvalambor, O‘zbekistonga kelganim va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashganimdan g‘oyat mamnun ekanimni alohida ta’kidlashni istardim. Muloqotda AQSH - O‘zbekiston hamkorlik aloqalari va sheriklik munosabatlari, mamlakatingizning keng ko‘lamli islohotlar jarayonida erishayotgan yutuqlari, shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdik.
Biz, shuningdek, Afg‘onistonga oid masalalar xususida ham suhbatlashdik. Missiyam afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal etishni qo‘llab-quvvatlash va Afg‘onistonni Markaziy Osiyoga integratsiyalashtirish, uning yangidan xalqaro terrorizmga zamin bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.Joriy yilda Toshkentda o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiya bu borada juda yaxshi tashabbusdir. Mazkur tashabbusning samarasi shuki, hozirgi kunda qirq yildan buyon davom etayotgan afg‘on urushini tinch yo‘l bilan hal etish masalasi dunyoda faol muhokama etilmoqda. Afg‘oniston hukumati muammoga harbiy echim yo‘qligi, siyosiy kelishuvga erishish lozimligini ta’kidlaydi. Toliblar ham shunday fikrda. Xalqaro hamjamiyat, xususan, AQSH bu qarashni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbus Afg‘oniston uchun juda muhim. Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” sulhga erishishida nafaqat AQSH va O‘zbekiston, balki boshqa davlatlar, xususan, mintaqa mamlakatlari birgalikda sa’y-harakat qilishi lozim. 

O‘ZBEKISTON PREZIDENTINING TASHABBUSI JAHON HAMJAMIYATI TOMONIDAN BIR OVOZDAN QO‘LLAB-QUVVATLANDI

Joriy yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyusiya qabul qilindi. Loyihasi O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. 

Rezolyusiyaning qabul qilinishi 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari BMT yuksak minbarida turib so‘zlar ekan, O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan rezolyusiyaning asosiy maqsadi “barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat“ ekanini qayd etdi. Hujjat “bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashish”ga qaratilgan. Ushbu tashabbusni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qator boshqa idoralar bilan hamkorlikda rezolyusiya loyihasi matnini ishlab chiqish va uni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo barcha davlatlar bilan kelishish bo‘yicha tizimli ishlar olib bordi. Mamlakatimizning Nyu-York shahridagi Doimiy vakolatxonasidan ma’lum qilishlaricha, BMTga a’zo davlatlar bilan ushbu hujjat loyihasiga doir ko‘plab va har tomonlama muzokaralar yakunlari bo‘yicha 12 dekabr kuni Prezidentimizning tashabbusi hayotga tatbiq etildi. BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisi davomida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik“ rezolyusiyasi qabul qilindi. Mazkur rezolyusiya nafaqat BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangani, balki SHimoliy Amerika va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qit’alarning 50 dan ziyod mamlakati bilan hammualliflikda qabul qilingani e’tiborga molik. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekiston rahbari tashabbusining dolzarbligi va o‘z vaqtida ilgari surilgan taklif ekanining yuksak e’tirofidan dalolatdir. Hammualliflar qatorida Ozarbayjon, Jazoir, Bahrayn, Belarus, Gana, Misr, Hindiston, Qozog‘iston, Kanada, Qatar, Qirg‘iziston, Livan, Marokash, BAA, O‘mon, Pokiston, Koreya Respublikasi, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Sudan, Tojikiston, Tailand, Tunis, Turkmaniston, Filippin, YAponiya va boshqa davlatlarni qayd etish joiz. O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyusiyada ma’rifatparvarlik g‘oyasini ilgari surish qayd etilib, sayyoramizda xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash yo‘lidagi integratsiya, o‘zaro hurmat, inson huquqlari himoyasi, murosa va o‘zaro anglashuvning nechog‘li muhimligi e’tirof etiladi. Hujjatda dinlar, madaniyatlar va konfessiyalararo munosabatlardagi uyg‘unlikni rag‘batlantirish hamda ayrim shaxslarga nisbatan din va e’tiqodlar zamiridagi kamsitishlarga yo‘l qo‘yilishiga qarshi kurashishga qaratilgan barcha xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanadi. E’tiborga loyiq jihati shundaki, ushbu hujjat barcha a’zo davlatlarning fikr, vijdon, din yoki e’tiqod erkinligini himoya qilish va rag‘batlantirishga doir sa’y-harakatlarini faollashtirish va shu asosda:
a) butun jamiyatda turli din va e’tiqodlar, ularning yurisdiksiyasi doirasida amal qiluvchi turfa diniy ozchiliklar tarixi, an’analari, tili va madaniyati haqida yanada keng bilimlarni targ‘ib qilish orqali ta’lim va boshqa vositalar yordamida din va e’tiqod erkinligiga doir barcha masalalarda o‘zaro anglashuv, bag‘rikenglik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi sa’y-harakatlar va hurmatni rag‘batlantirish;
b) milliy va xalqaro darajada madaniyatlararo hamkorlik va tinchlik o‘rnatishga qaratilgan faoliyatning turli ko‘rinishlarini qo‘llab-quvvatlash;
v) ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga undaydi.
Ta’kidlash joizki, rezolyusiyaning maqsad va mazmuni BMT doirasida qabul qilingan muhim hujjatlar, jumladan, BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari, Din yoki e’tiqodlar zamiridagi murosasizlik va kamsitishlarning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi deklaratsiya, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining mavzuga doir an’anaviy rezolyusiyalari qoidalariga to‘liq mos keladi. Ayni paytda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan hujjatda a’zo davlatlarga milliy va xalqaro OAVlar, jumladan, Internet tarmog‘ida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yish, bag‘rikenglik, zo‘ravonlikka barham berish hamda din va e’tiqod erkinligiga doir ma’rifiy axborot tarqatish kabi tegishli kommunikatsion strategiyani joriy etish taklif qilinmoqda. Ushbu hujjat inson huquqlari, turfa din va e’tiqodlarni hurmat qilish asnosida barcha darajada bag‘rikenglik va tinchlik madaniyatini rag‘batlantirish maqsadida global muloqotga ko‘maklashishga doir xalqaro sa’y-harakatlarni faollashtirishga undashini qayd etish lozim. Bundan tashqari, rezolyusiyada ta’lim, ilm-fan, madaniyat vositasida millatlararo hamkorlikni kengaytirish orqali YUNESKOning dunyoda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatishdagi muhim roli e’tirof etiladi. O‘zbekiston rezolyusiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMT Bosh Assambleyasi majlisida Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Marokash, O‘mon, Ozarbayjon, Panama, Evropa Ittifoqi, boshqa qator davlatlar delegatsiyalari so‘zga chiqib, O‘zbekistonga o‘ta muhim va o‘z vaqtida ilgari surilgan tashabbus, shuningdek, uning matnini kelishish bo‘yicha norasmiy maslahatlashuvlar chog‘ida bildirilgan ochiqlik uchun minnatdorlik izhor qildi. BMT Bosh Assambleyasi mazkur rezolyusiyaning bir ovozdan qabul qilinishi Prezidentimizning turli millat va konfessiyalar o‘rtasida hamkorlik, o‘zaro hurmat va birdamlik muhitini mustahkamlash, konfessiyalar, millatlar va madaniyatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash va asrash, yurtimizda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan izchil va puxta o‘ylangan strategiyasi xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanayotganining yaqqol dalilidir.