2019 yil 25 yanvar juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

“HINDISTON – MARKAZIY OSIYO” MULOQOTI TASHQI ISHLAR VAZIRLARINING AFG‘ONISTON ISHTIROKIDAGI BIRINCHI UCHRASHUVI YAKUNLARI BO‘YICHA QO‘SHMA BAYONOT

 “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining vazirlar darajasidagi Afg‘oniston ishtirokidagi birinchi uchrashuvi 2019 yil 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Afg‘oniston Islom Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, Qirg‘iziston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi.
Tomonlar Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasida madaniy, savdo va gumanitar aloqalar azaldan mavjudligini qayd etib, Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi izchil, samarali va do‘stona munosabatlarni o‘zaro manfaatli hamkorlikni ikki va ko‘p tomonlama shakllarda mustahkamlash borasidagi intilishlari qat’iy ekanini ta’kidladilar. Tomonlar xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash maqsadida hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, dolzarb masalalarni birgalikda hal qilishga bo‘lgan intilishlarini tasdiqladilar. Shu ma’noda, uchrashuv ishtirokchilari 2018 yil 15 mart kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi ishchi (maslahat) uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini qutladilar. Tomonlar barcha shakl va ko‘rinishdagi terrorizmni qoralab, butun dunyo xalqlari va iqtisodiyotga tahdid solayotgan terrorizmga qarshi kurashishda hamkorlikka kelishib oldilar. Vazirlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy o‘sishiga doir muammo va vazifalarni o‘zaro kelishilgan holda hal etishni ta’minlaydigan loyihalarni teng huquqlilik, o‘zaro foyda va manfaatlarni hurmat qilish tamoyillari asosida ishlab chiqish va amalga oshirish muhim ekanini alohida ta’kidladilar. Tomonlar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun real imkoniyatlar yaratish, o‘zaro erkin savdo uchun qulay sharoitlarni ta’minlash maqsadida hamkorlikni mustahkamlashga intilishini bildirdilar. Tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘zaro savdo hajmini oshirishga ko‘maklashish, sanoat, energetika, axborot texnologiyalari, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalariga investitsiyalar, innovatsiya va texnologiyalar jalb etishdagi hamkorlikning istiqbolli imkoniyatlari va yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Tomonlar ishbilarmon doiralar va biznes tashkilotlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga, kompaniya va korxonalar kooperatsiyasining yangi shakllariga o‘tishga ko‘maklashishga tayyor ekanligini tasdiqladilar. Kichik va o‘rta biznes, startaplar, venchur biznesi darajasida hamkorlikni ilgari surish zarurligini ta’kidladilar. Tarmoq biznes forumlari va boshqa o‘zaro biznes tadbirlarini doimiy asosda o‘tkazish muhimligini qayd etdilar. Tashqi siyosat idoralari rahbarlari mintaqaning investitsiya muhiti va investitsion jozibadorligini, Markaziy Osiyo mamlakatlarining xalqaro makondagi ishbilarmonlik imkoniyatlarini yaxshilash bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan sa’y-harakatlarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar. Vazirlar Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari hududlari va shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro manfaatli iqtisodiy va madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratib, bu yo‘nalishda ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Vazirlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining tranzit va transport-kommunikatsiya salohiyatini rivojlantirish, mintaqaning transport-logistika tizimini takomillashtirish borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar. Xususan, ishtirokchilar Xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish bo‘yicha Ashxobod Bitimiga Hindistonning qo‘shilganini ijobiy baholadilar. Tashqi siyosat idoralari rahbarlari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Hindiston o‘rtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirish zarurligini qayd etib, hamkorlikning ko‘p tomonlama mexanizmlarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladilar. Vazirlar Markaziy Osiyo mamlakatlari va Hindiston o‘zaro sayyohlar oqimini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, turizm infratuzilmasini rivojlantirishda intilishi qat’iy ekanini ta’kidladilar. Tomonlar Markaziy Osiyo mamlakatlarida mintaqaviy turizm yo‘nalishlari va turli sayohatlarni tashkil etish muhimligini qayd etdilar. Tomonlar madaniyat, ilm-fan, ta’lim va sport sohalarida, jumladan, BMT Bosh Assambleyasining A/RES/73/128 "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" rezolyusiyasini amalga oshirish doirasida yoshlarga oid qo‘shma loyihalari hayotga tatbiq etilishiga alohida e’tibor qaratdilar. Vazirlar qo‘shma loyihalarni ro‘yobga chiqarish orqali madaniyat, fan, ta’lim, tibbiyot, axborot sohalarida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdan, shuningdek, "xalq" diplomatiyasi doirasida madaniy-gumanitar almashuvlarni qo‘llab-quvvatlash, ekspert-tahlil va jamoatchilik doiralari, OAV o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Tomonlar umumiy madaniy meros va tarixiy yodgorliklarni asrash va o‘rganish masalalaridagi hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratdilar. Tashqi siyosat idoralari rahbarlari ko‘p tomonlama forumlar va tashkilotlar doirasida hamkorlikni davom ettirish, jumladan, pozitsiyalarni kelishish, axborot almashish, nomzodlarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Vazirlar mintaqaviy hamkorlik, tovarlar va energiya resurslari tranzitining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan Afg‘onistonning “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining birinchi uchrashuvidagi ishtirokini ma’qullab, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Hindistonning Afg‘onistonda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, ushbu mamlakatda bevosita afg‘on xalqi rahbarligida va sa’y-harakatlari bilan tinchlik jarayonini o‘rnatishga ko‘maklashishda, shuningdek, qo‘shma infratuzilmaviy, tranzit-transport, energetika va boshqa loyihalarni amalga oshirish, jumladan, mintaqaviy hamkorlik va investitsiya loyihalari orqali Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor va bu borada intilishlari qat’iy ekanini ta’kidladilar. Tashqi siyosat idoralari rahbarlari afg‘onistonlik xotin-qizlarni mamlakat ijtimoiy hayotiga jalb etish orqali Afg‘onistonda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash muhimligini ta’kidladilar hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida ushbu masalalarga doir konferensiya va forumlar muvaffaqiyatli o‘tkazilishini ma’qulladilar. Vazirlar 2017 yil noyabr oyida Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha ettinchi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi (RECCA VII) natijalarini qayd etib, Afg‘oniston bo‘yicha sakkizinchi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasini (RECCA VIII) 2019 yilning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida o‘tkazishga hozirlik doirasida hamkorlik qilishga tayyor ekanini tasdiqladilar. Ishtirokchilar Afg‘oniston bilan birgalikda madaniy tadbirlar, ta’lim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishda qo‘shma tashabbuslar uchun ulkan salohiyat mavjudligiga e’tibor qaratib, Afg‘oniston tomonining xalqaro yoshlar forumi, festivali, tanlovlar, ilmiy konferensiyalar, ko‘rgazma va boshqa qo‘shma tadbirlarda ishtirok etishiga yordam berishga tayyor ekanini bildirdilar. Tomonlar uchrashuvning Samarqand shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar hamda uni tashkil etgan O‘zbekiston Respublikasiga chuqur minnatdorlik bildirdilar. Ishtirokchilar tashqi ishlar vazirlari darajasidagi “Hindiston –Markaziy Osiyo” muloqotini Afg‘oniston ishtirokida o‘tkazishni muntazam davom ettirishga hamda ushbu formatda 2020 yilda Nyu-Deli shahrida uchrashishga kelishib oldilar.