2018 yil 26 oktabr juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot soati va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

KIMYO SANOATINI RIVOJLANTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 oktabr kuni kimyo sanoatini jadal rivojlantirish, tarmoqqa xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.Ma’lumki, kimyo sohasi zamonaviy sanoatning “katalizatori” bo‘lib, har qanday ishlab chiqarish negizida kimyoviy jarayonlar yotadi, bu sohasiz iqtisodiyotda taraqqiyot bo‘lmaydi.O‘zbekiston zaminida Mendeleyev jadvalidagi qariyb barcha kimyoviy elementlar mavjud, mamlakatimiz uglevodorodlarga boy bo‘lsa-da, kimyo sanoatimiz asosan qishloq xo‘jaligi uchun mineral o‘g‘it ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.Qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik, mashinasozlik kabi tarmoqlar uchun zarur bo‘lgan murakkab polimerlar, katalizatorlar, reagentlar va sintetik tolalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan.Buning oqibatida har yili 1,5 milliard dollarlik kimyo mahsulotlari import qilinmoqda. Ishlab chiqarilayotgan fosfor va kaliyli mineral o‘g‘itlar ham mavjud talabning faqat uchdan birini qoplaydi, xolos.Murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish quvvatlari 60-70 foizga eskirgani energiya resurslarining ortiqcha sarflanishi, kimyo mahsulotlari tannarxining oshishiga olib kelmoqda.O‘tgan yildan mineral o‘g‘itga talabni qondirish uchun 3,1 milliard dollarlik 17 ta investitsiya loyihasi amalga oshirila boshladi. Bundan tashqari, kimyo sanoati mahsulotlarini diversifikatsiya qilish maqsadida 2025 yilgacha 4,2 milliard dollarlik yana 17 ta loyiha hayotga tatbiq etiladi.Shuning uchun, kimyo tarmog‘iga xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, mahsulot hajmi va turini ko‘paytirish, sohaning eksport salohiyatini oshirish “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining muhim va ustuvor vazifasi bo‘lishi zarur.Yig‘ilishda tarmoqdagi kamchiliklarni bartaraf etish va kimyo sanoatini yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, tarmoqni rivojlantirish uchun yangi zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish zarur.Bugungi kunda mamlakatimizda azotli o‘g‘itlarga talab 73 foiz, fosforli o‘g‘itlarga 20 foiz ta’minlanmoqda. Azotli o‘g‘it ishlab chiqarish quvvatlarining o‘rtacha eskirish darajasi 64 foizni, fosforli o‘g‘it bo‘yicha 77 foizni tashkil qiladi.Sohadagi vaziyatni yaxshilash maqsadida kelasi besh yilda umumiy qiymati 2,8 milliard dollarlik 9 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, buning natijasida mineral o‘g‘it va sulfat kislotasi ishlab chiqarish hajmi 2 barobar ko‘payadi. Azotli va kaliyli o‘g‘itlarga talab to‘la qoplanadi, fosforli o‘g‘itlarga ehtiyojni qondirish darajasi bir necha barobar oshiriladi.Ayni paytda tabiiy gazning atigi 14 foizi, jumladan, kimyo tarmog‘ida 5 foizi chuqur qayta ishlanmoqda. Kremniy, kaolin va gips xomashyosidan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish e’tibordan chetda qolmoqda.Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan noo‘g‘it mahsulotlar, asosan polietilen, polipropilen, polistirolga xorijiy davlatlardagi ehtiyojning moliyaviy qiymati 100 milliard dollardan oshadi. Bu esa biz uchun yaxshi imkoniyatdir.Shu sababli, kimyo sanoatida mahsulotlar turini diversifikatsiya qilish uchun organik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha 15 ta va noorganik moddalar bo‘yicha 8 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.Prezidentimiz mutasaddi rahbarlarga ushbu loyihalarni amalga oshirishga xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.Kimyo sanoatida yirik investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish uchun tizimning moliyaviy barqarorligini ta’minlash lozim. Yig‘ilishda “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy ahvolini yaxshilash yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi.Sohaga innovatsiyalar umuman joriy qilinmagani, ilm-fan salohiyatidan samarali foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Shuning uchun Koreya kimyo-texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) bilan hamkorlikda Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti negizida ilmiy-tadqiqot, loyihalash va muhandislik, kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan markaz barpo etishni tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.