Azborot soati 24-05-2019

Axborot soati: Yuklab olish uchun

 “Ustoz-shogird an’analari” “Axborot va murabbiylik soati” mashg‘ulotlarining 1-bosqichi materiallari.*

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR

IPOTEKA KREDITI BOZORINI RIVOJLANTIRISH VA KENGAYTIRISHGA OID QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

http://uza.uz/oz/documents/ipoteka-krediti-bozorini-rivozhlantirish-va-kengaytirishga-o-14-05-2019

OLIY TA’LIM MUASSASALARIGA TEST SINOVLARI ORQALI QABUL QILISH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  qarori

http://uza.uz/oz/documents/oliy-talim-muassasalariga-test-sinovlari-or-ali-abul-ilish-t-14-05-2019

TADBIRKORLIK FAOLIYATINI QO‘LLAB-QUVVATLASH VA HIMOYA QILISH TIZIMINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

http://uza.uz/oz/documents/tadbirkorlik-faoliyatini-llab-uvvatlash-va-imoya-ilish-tizim-15-05-2019

*Eslatma: Mazkur haftada o‘tkaziladigan “Axborot va murabbiylik soati” mashg‘ulotlarining 2-bosqich Ta’lim muassasasida yosh avlodni mehr va muruvvat ruhida tarbiyalash, boy kasbiy va hayotiy tajribalar, ezgu an’analar, madaniy-ma’rifiy qadriyatlarning uzviyligini ta’minlash maqsadida talabalar o‘rtasida “Ikki avlod uchrashuvi”, “Kasb faoliyati saboqlari” tadbirlarini o‘tkazish.

Haftalikning 3-bosqichida talaba-yoshlarga bunyodkorlik fazilati haqida tushuncha beriladi, 4-bosqichda – talabalarning qaysi bosqichdaligiga qarab oyning boshida berilgan kitoblarning biri haqida fikr-mulohaza yuritiladi. O‘qishga berilgan kitoblarga yakuniy xulosa qilinadi.

BAXSHICHILIK SAN’ATINI YANADA RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

http://uza.uz/oz/documents/bakhshichilik-sanatini-yanada-rivozhlantirish-chora-tadbirla-15-05-2019

NAVOIY VILOYATINI INNOVATSION, YUQORI TEXNOLOGIYALARGA ASOSLANGAN, EKSPORTGA YO‘NALTIRILGAN VA IMPORT O‘RNINI BOSADIGAN ISHLAB CHIQARISHLAR UCHUN ERKIN IQTISODIY ZONA SIFATIDA BELGILASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

http://uza.uz/oz/documents/navoiy-viloyatini-innovatsion-yu-ori-tekhnologiyalarga-asosl-16-05-2019

USTUVOR LOYIHALAR IJROSINING BORISHI KO‘RIB CHIQILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 may kuni xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi ustuvor loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatimizda faol investitsiya siyosati olib borilmoqda. Investitsiya muhiti tobora yaxshilanib, ishbilarmon doiralar yurtimizdagi loyihalarga katta qiziqish bildirmoqda. Xalqaro moliya institutlari, rivojlangan davlatlar va yirik kompaniyalar iqtisodiy-ijtimoiy sohalarga sarmoya kiritmoqda.

Birgina joriy yilning o‘zida Germaniya Federativ Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar rahbarlari bilan oliy darajada muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Ular doirasida sanoat, energetika, infratuzilma, qurilish, transport, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi sohalarda muhim kelishuvlarga erishildi. Har bir davlat bilan qo‘shma loyihalar ijrosini ta’minlash uchun Prezident qarorlari asosida “yo‘l xaritalari” tasdiqlandi.

Joriy yil 8 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha loyihalar to‘rtta ro‘yxatga ajratilib, birinchi ro‘yxatdagi eng muhim strategik loyihalar Prezidentning doimiy nazoratida bo‘lishi belgilangan edi.

Yig‘ilishda ana shunday ustuvor investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi atroflicha tahlil qilindi.

– Investitsiya iqtisodiyot rivoji, xalqimiz hayot sifati va farovonligini ta’minlaydigan asosiy manbalardan biridir, – dedi davlatimiz rahbari. – Rivojlangan davlatlar bilan munosabatlarimiz yangi bosqichga ko‘tarilganidan kelib chiqib, jadal va tizimli ishlashimiz kerak.

Bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimiga shu soha bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritildi. Har bir mamlakat bilan ishlash bo‘yicha alohida boshqarmalar tashkil qilindi. Bundan tashqari, mutasaddi rahbarlar boshchiligida maxsus ishchi guruhlar tuzildi.

Yig‘ilishda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi ustuvor loyihalar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish holati juda sustligi, ulkan moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Erishilgan kelishuvlar va qo‘shma loyihalar ijrosini o‘z vaqtida va so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, ish o‘rinlari yaratib, xalqqa foyda keltiradigan, iqtisodiy samarador yangi loyihalar ishlab chiqish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Taraqqiy etgan mamlakatlarda investitsiyalar jalb etish bo‘yicha tajriba Birlashgan Arab Amirliklari misolida ko‘rib chiqildi. Eng zamonaviy yondashuv va ish yuritish uslublarini soha va tarmoqlarimiz faoliyatiga jalb etish, ushbu mamlakatdan mutaxassislar taklif etgan holda yoki onlayn tarzda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirish va tajriba o‘rganishni tashkil etish masalasi muhokama qilindi, bu borada aniq vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda Toshkent shahrida zamonaviy sanoat korxonalari tashkil etishga qaratilgan ishlar ijrosi ham tahlil qilindi. Bu loyihalar shaharning mavjud infratuzilmasidan samarali foydalan holda bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, ayniqsa, aholini ish bilan ta’minlash jihatidan muhimligi qayd etilib, ularni tezroq ishga tushirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Investitsiya loyihalarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari investitsiya sohasiga doir qonunchilik xalqaro normalar darajasida takomillashtirilishi, ular har bir investorga ishonch, kafolat bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

QURILISH MATERIALLARI NARXINI ARZONLASHTIRISH BO‘YICHA VAZIFALAR BELGILAB BERILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

Keyingi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami yanada kengayib, yuzlab uy-joylar, yirik sanoat korxonalari, madaniyat va sport maskanlari, yo‘l va ko‘priklar barpo etildi. 

Raqamlar bilan aytganda, keyingi ikki yilda qurilish ishlari hajmi 1,7 barobar oshgan. Ularda asosan yurtimizda ishlab chiqarilgan materiallardan foydalanilmoqda. Shu bilan birga, keramik va yog‘och-qipiq plitalar, oyna, gulqog‘oz va boshqa materiallar import qilinmoqda. Aslida O‘zbekistonda zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, import o‘rnini qoplash uchun katta imkoniyatlar mavjud. 

Mamlakatimizda bunyodkorlik ishlari tobora ortib borayotgan bugungi kunda qurilish materiallari iqtisodiyotning yetakchi tarmog‘iga, o‘sish nuqtalaridan biriga aylanishi kerak. Korxonalarda energiya samarador texnologiyalarni joriy etish orqali tabiiy boyliklarimizni tejash, materiallar narxini tushirish mumkin, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda qurilish materiallari sohasida ishlab chiqarishni kelgusi besh yilda kamida ikki barobar oshirish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab berildi. 

Noruda konlar zaxiralarini oshirish, sanoat usulida qayta ishlashni kengaytirish, qurilish materiallari sohasini diversifikatsiya qilish zarurligi ta’kidlandi. 

Prezidentimiz soha korxonalarini barqaror va kamxarj energiya bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Ko‘mir ishlatiladigan birgina g‘isht zavodi misolida mahsulot narxini 50 foizgacha tushirish mumkinligi qayd etildi. Shu kabi zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash katta miqdorda tabiiy gazni tejash, mahsulotlarni arzonlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Bu ham tadbirkorga, ham xalqqa, ham davlatga foyda keltiradi. 

Shu bois qurilish materiallari tarmog‘ida energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish orqali tannarxni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mamlakatimiz qurilish materiallari sanoatining eksport salohiyati ham yuqori. Lekin avtotransport xarajatlari ko‘pligi ularning narxiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois eksport tovarlarini tashish xarajatlarini subsidiyalash taklifi bildirildi. 

Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Andijon va Navoiy viloyatlarida har biri 2 million tonna quvvatga ega 4 ta sement korxonasi ishga tushirildi.

Yil yakuniga qadar 3,5 million tonna quvvatli yangi zavodlar foydalanishga topshirilib, yillik salohiyat 15 million tonnaga etkaziladi. Bu sementga bo‘lgan ichki talabni ta’minlab, narxini arzonlashtirish imkonini berishi qayd etildi. 

2019-2020 yillarda sohada 17 trillion so‘mlik mingdan ziyod loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar uchun tijorat banklari kreditini ajratish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, past rentabelli korxonalarni salohiyatli investorlarga sotish masalasi ham ko‘rib chiqildi. 

Qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish uchun yuqori malakali mutaxassislar kerak. Lekin oliy o‘quv yurtlarida mavjud o‘rinlar ishlab chiqarishda o‘sib borayotgan talabga mos emas. Ta’lim jarayoni amaliyot bilan bog‘lanmagan.

Shu bois yig‘ilishda soha ixtisosliklariga byudjet kvotasini oshirish, korxonalarda o‘quv amaliyotini tashkil etishni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda yangi texnologiyalar asosida malaka oshirish markazlari tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI AQSH DELEGATSIYASINI QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. 

Mamlakatimizga kelgan AQSH delegatsiyasi Missisipi shtati administratsiyasi, etakchi tashkilotlari hamda savdo, innovatsiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohalaridagi kompaniyalari vakillaridan iborat.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, tashrif O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davri doirasida faol muloqot olib borilayotgani va ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanib borayotganidan dalolat berishini alohida ta’kidladi.

O‘z navbatida, gubernator F.Brayant samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, davlatimiz rahbariga AQSH Prezidenti Donald Trampning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.

Uchrashuvda turli darajalarda aloqalar sezilarli faollashgani, o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ortgani, investitsiyalar, agrar majmua, sanoat, transport, turizm va gumanitar almashinuv sohalarida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston bilan Missisipi shtati o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi. Qishloq xo‘jaligi, biotexnologiyalar va agrokimyo, o‘simlikshunoslik, chorvachilik va baliqchilik, to‘qimachilik va logistika sohalarida, avvalo, AQSHning ilg‘or texnologiya va bilimlarini joriy etish asosida zamonaviy klasterlar va ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish orqali istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Aniq loyiha va dasturlarni tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish xususida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, joriy yil 16-17 may kunlari Navoiy shahrida AQSH va Kanadaning 40 dan ortiq kompaniyasi ishtirokida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-AQSH-Kanada biznes forumi ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qilishi qayd etildi.

AQSH delegatsiyasi a’zolari O‘zbekistonda sifat jihatidan yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, barcha soha va yo‘nalishlarni qamrab olgan islohotlarning natijadorligiga yuksak baho berdi. Idoralararo muloqotlarni faollashtirish va qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlarning O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma SHtatlari o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirish borasidagi intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.

O‘ZBEKISTON BILAN AMALIY HAMKORLIKNI KENGAYTIRISHDAN MANFAATDORMIZ

Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant davlatimiz rahbari bilan uchrashuvdan so‘ng O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan xalqaro bozordagi hamkorligimiz, xususan, O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyasini jalb etish yo‘llari, ilg‘or texnologiya imkoniyatlaridan foydalanish, qishloq xo‘jaligi sohasida tajriba almashish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdik.

Missisipi shtati qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan salohiyatga ega. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston fermerlari bilan aloqa o‘rnatish, ular etishtiradigan mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqish borasida hamkorlik qilish mumkin.

AQSH O‘zbekistonga katta ishonch bilan qaraydi. Mamlakatingiz faol tashqi siyosat olib bormoqda, bu erda yangi erkinlik tuyg‘usi hukmronlik qilmoqda. Mamlakatingiz biznesni rivojlantirish uchun o‘z eshiklarini keng ochgan.

AQSHning «SilverLeaf International» kompaniyasi o‘tgan yili qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha mamlakatingizning tegishli idoralari bilan kelishuv imzolagan edi. YAngi qo‘shma korxona paxtani ilg‘or texnologiyalar asosida etishtirish va xom ashyoni qayta ishlab, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Biz, shuningdek, baliqchilik sohasida ham ish yuritamiz. Bu borada mamlakatingiz bilan texnika va texnologiyalar, tajriba almashishimiz, shu tariqa ikki mamlakat iqtisodiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shishimiz mumkin.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan tajriba va keng imkoniyatlarga ega. Mamlakatingizda agrobiznesni taraqqiy ettirish borasida jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Biz O‘zbekistonning sohaga oid universitet va kollejlari bilan ham hamkorlik qilish niyatidamiz.

O‘zbekistonga tashrif doirasida Toshkent, Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida bo‘lamiz. Joylarda yurtingizning iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlari bilan bevosita tanishish niyatidamiz.

O‘zbekiston Prezidenti Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi rahbarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni "O‘zbekiston neft va gazi" xalqaro ko‘rgazmasi tadbirlarida ishtirok etish maqsadida mamlakatimizda bo‘lib turgan «Lukoyl» kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatimiz neft-gaz tarmog‘ida etakchi bo‘lgan ushbu Rossiya kompaniyasi bilan samarali hamkorlik izchil rivojlanayotganini alohida qayd etdi. 

Bugungi kunda "Lukoyl" kompaniyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarga kiritgan investitsiyalar hajmi  7,5 milliard dollardan oshadi. 

O‘tgan yil aprel oyida ishga tushirilgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi loyihada ko‘zda tutilgan quvvat bilan ishlay boshladi. “Hovuzak” va "SHodi" konlari, shuningdek, Janubi-G‘arbiy Hisor konlari o‘zlashtirilmoqda. 

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari, jumladan, yangi investitsiya dastur va loyihalarini tayyorlash hamda “Lukoyl” kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Vagit Alekperov Prezidentimizga samimiy qabul va qo‘shma loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. 

"Lukoyl" kompaniyasi rahbari O‘zbekiston bilan neft-gaz tarmog‘ida uzoq muddatli va keng ko‘lamli sheriklikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi. 

BARCHA HARAKATLARIMIZ ZAMIRIDA XALQIMIZ HAYOTINI YAXSHILASH, FARZANDLARIMIZNING ERTANGI KUNIGA ZAMIN YARATISH MAQSADI MUJASSAM

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 16 may kuni Andijon viloyatiga keldi.

Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 19-20 may kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Shu davr mobaynida ular ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Viloyatda shahar va qishloqlar obod bo‘lib, aholi farovonligi yuksaldi. Ayniqsa, sanoat, qurilish, farmatsevtika, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, ijtimoiy sohalarni rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishildi. Barcha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘sish kuzatildi.

2018 yilda Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1,8 trillion so‘mga teng 411 loyiha amalga oshirildi, 12 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish hisobidan 20,7 million AQSH dollari miqdorida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega yirik korxonalar foydalanishga topshirildi. 211,2 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

“Obod qishloq” dasturi doirasida viloyatda tanlab olingan 50 mahallada keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Investitsiya dasturiga muvofiq, 40 ta maktabgacha ta’lim muassasasida 97 milliard so‘mlik, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 30 ta muassasada 47,5 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Bundan tashqari, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 178 ta maktabgacha ta’lim muassasasida joriy, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. 168 ta xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining tashrifi Xonobod shahridagi “Xon tex city” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan tanishuvdan boshlandi.

Xonobod shahri uzoq yillar yopiq hudud bo‘lib, sanoat rivojlanmagan, ko‘plab ob’ektlar bo‘sh yotgan edi. Prezidentimiz 2017 yil 2 iyunda bu erga tashrif buyurib, ijtimoiy-iqtisodiy sharoit bilan yaqindan tanishgan, vaziyatni tubdan yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab bergan edi. Shu asosda 2017-2019 yillarda Xonobod shahrini kompleks rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi. Unga 3 ming 200 dan ziyod loyiha kiritilib, 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Buning natijasida ko‘plab korxonalar tashkil etildi va odamlar ish bilan ta’minlandi.

Anhor mahallasi hududidagi sobiq 4-avtokorxona ham uzoq yillar bekor turgan edi. Uning binolari va er maydoni tadbirkorlarga "nol" qiymatda berilib, tashkiliy, moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rildi. Bugun bu erda 13 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularda jami 685 kishi ishlaydi.

“Xon tex city” mas’uliyati cheklangan jamiyati shulardan biri. O‘tgan yili ishga tushirilgan korxonada 300 dan ortiq modelda 50 turdagi tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarilmoqda. Yiliga 500 ming dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Eng muhimi, 300 ga yaqin xotin-qiz ish bilan ta’minlangan.

– Ushbu korxona ishsiz yurgan xotin-qizlar uchun ayni muddao bo‘ldi, – deydi Muxlisa Sharofiddinova. – Ishchi-xizmatchilarning samarali mehnat qilishi uchun barcha qulaylik yaratilgan. Ikki mahal issiq ovqat, transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Maoshni vaqtida olyapmiz.

Davlatimiz rahbari korxonadagi sharoitni ko‘zdan kechirdi, ishchilar bilan muloqot qildi.

Barcha harakatlarimiz, farmon va qarorlarimiz zamirida xalqimiz hayotini yaxshilash, farzandlarimizning ertangi kuniga zamin yaratish maqsadi mujassam. Shu boradagi o‘zgarishlar, sizlarning hayotdan roziligingiz kishiga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Andijonga bu galgi safarimizdan maqsad ham odamlarning haqiqiy talabidan kelib chiqib reja qilish va ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rishdir, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz shahardagi “Xonobod” sihatgohida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. 

Dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan sihatgoh kislorod bilan to‘yingan, ionlashtirilgan havosi bilan yuqori va quyi nafas yo‘llari, asab tizimi, yurak-qon tomir kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan. Bu erda bemorlar asosan yuqori haroratli suv bilan davolanadi. Iqlimiy, parafin, elektr-yorug‘lik, fitoterapiya, funksional terapiya, parhez bilan davolash va sanatoriya-kurort uslublari keng qo‘llaniladi. Mineral vannalar, fizioterapiya, elektrofarez, galvanizatsiya, igna bilan davolash, stomatologiya, kosmetologiya, galoterapiya (tuzli shaxta), suzish havzasi, fitnes-zal, fitobar ham mavjud.

Sihatgohdagi zamonaviy klinik va bio-kimyoviy laboratoriya, UTT va EKG uskunalari bemorlarga aniq tashxis qo‘yishda muhim o‘rin tutadi.

So‘lim tabiati bilan mashhur Xonobodda bir paytlar qurila boshlagan sihatgoh qarovsiz holda yotgan edi. Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 2 iyunda bu erga kelib, uni obodonlashtirish, dam olish uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

180 o‘ringa mo‘ljallangan “Xonobod” sihatgohini barpo etish uchun 90 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Davolash binolari, standart, yarim-lyuks va lyuks xonalar, 6 apartamentda barcha sharoit yaratildi.

Davlatimiz rahbari sanatoriydagi sharoitni ko‘zdan kechirdi. Ushbu tog‘li hududda yengil konstruksiyalardan mehmon uylari tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Xizmatlar narxini kamaytirib, qamrovini kengaytirish yana ko‘plab odamlarni ish bilan ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi. Sihatgoh hududidagi yer maydonlarini tadbirkorlarga berish orqali 3 ming kishi dam oladigan maskanlar tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shu yerda Andijon viloyatida turizmni rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Xonobod shahrida 2017-2019 yillarda amalga oshirilgan ishlar, "Kampirravot" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Inimpeks Alliance” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan dam olish maskanlari barpo etish, “Lu Yang Agroculture” xorijiy korxonasining mahalliy mevali bog‘lar va poliz ekinlari, sitrus mevalar va bodom bog‘larini tashkil etish loyihalari haqida ma’lumot berildi.

Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya merosi ob’ektida turizmni rivojlantirish loyihasi amalga oshirilishi tariximizni, o‘zligimizni yanada chuqur anglashga xizmat qiladi. Bu erga maktab o‘quvchilarini ziyoratga olib kelish kerak. Bugungi avlod madaniy merosimizni yaxshi bilishi, u bilan faxrlanishi zarur, dedi Prezidentimiz.

Faollar bilan muloqotda Xonobod shahrini har tomonlama rivojlantirish, bandlikni ta’minlash va farovonlikni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ekologik musaffolikni ta’minlash, turizmni rivojlantirish, investitsiyalar jalb etish, innovatsion yondashuv, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlari yaratish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari “Khantex Group” MCHJ tomonidan Qo‘rg‘ontepa tumani Uchqun mahallasida tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.

“Khantex Group” tashkil etilganiga ikki yil bo‘ldi. Korxona qariyb   9 ming gektar maydonda fermerlar bilan paxta etishtirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil may oyida Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida jamiyatning to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edi. Bugunga kelib bu reja to‘la amalga oshirildi – ulkan yigiruv sexi binosi qurilib, Shveysariyaning «Riter» kompaniyasidan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Hududda yashovchi 400 nafarga yaqin aholi doimiy ish joyiga ega bo‘ldi.

Bu – hali dastlabki ishlar. Keyingi bosqichlarda mato to‘qish, bo‘yash, tayyor kiyim-kechak va sochiq ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 58 million evro bo‘lib, korxona to‘liq quvvat bilan ish boshlagach, yiliga 9 ming tonnadan ziyod ip-kalava, qariyb 6 million pogon-metr gazlama, 10 million donadan ortiq tikuv-trikotaj mahsuloti ishlab chiqariladi, 1500 ish o‘rni yaratiladi. Eksport hajmini 40 million dollarga etkazish mo‘ljallangan.

Shuningdek, klaster negizida 2 ming tonna iste’mol yog‘i, 7,5 ming tonna shrot, 5,4 ming tonna sheluxa ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy yog‘-ekstraksiya zavodi va chorva kompleksi tashkil etilmoqda.

Davlatimiz rahbari klasterning yigiruv sexini kirib ko‘rdi.

Shu paytgacha joylarda turli korxonalar tashkil etish bo‘yicha ishladik. Endi sifatga e’tibor berish, daromadni oshirish uchun sharoit yaratish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Klasterga agrotexnika xizmati ko‘rsatish maqsadida 19,7 million dollar evaziga AQSHning “John Deer” va “Case” kompaniyalarining  13 turdagi 331 ta zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi keltirilgan.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan klaster usulini qishloq xo‘jaligida keng joriy etish bo‘yicha tashabbus Qo‘rg‘ontepa tumanida to‘liq amalga oshirilmoqda. Ya’ni, paxtani etishtirishdan tayyor mahsulot olishgacha bo‘lgan tizim yaratilgan. Paxta etishtirish ishlari to‘liq texnika yordamida amalga oshirilmoqda, hosildorlik sezilarli darajada oshgan. Hudud aholisi klaster tashkil etgan zamonaviy korxonalarga ishga jalb qilinyapti.

Shu yerda Andijon viloyatida 2019-2020 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasi, aholi tomorqasidan samarali foydalanish, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, pillachilikni rivojlantirishga qaratilgan rejalar, O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar muhokama qilindi. Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali bilan Grodno davlat universiteti o‘rtasida O‘zbekiston – Belarus qo‘shma fakultetini ochish, viloyatda irrigatsiya va melioratsiya tizimini yaxshilash kabi qator loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Prezidentimiz loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli yakunlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Xo‘jaobod tumani Xidirsha massivi bundan bir necha oy oldin yaydoq adirlardan iborat edi. Bu yerda qisqa muddatda – to‘rt oyda barcha infratuzilma inshootlariga ega zamonaviy mavze qad rostladi.

Andijon shahri – mamlakatimizning aholi eng zich yashaydigan hududi. Shaharning Mustaqillik mahallasidagi eski barak shaklidagi hovlilarda yaqin-yaqingacha bitta xonadonda bir nechtalab oila qiynalib yashab kelar edi.

Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashriflari chog‘ida shahar aholisining yashashi uchun qulay sharoit yaratish, Bosh rejaga muvofiq eski mahallalar o‘rnida ko‘p qavatli turar joylar barpo etish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi. Shunga ko‘ra, Mustaqillik mahallasi aholisi uchun Xo‘jaobod tumani Xidirsha massividan 54 gektar yer ajratilib, shahar hududiga qo‘shib berildi.

Joriy yilda bu erda “Obod mahalla” dasturi asosida 2 sotixli 220 ta uy, oilaviy poliklinika, bolalar bog‘chasi, Xotira maydoni, mahalla guzari, kutubxona, hammom, go‘zallik saloni hamda boshqa savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, tikuvchilik korxonasi, madaniyat markazi qurildi. Mahallaga "Mustaqillikning 27 yilligi" deb nom berildi.

Prezident mazkur mahalladagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Yangi mahalla qurilishida aholi uchun zarur qulayliklar e’tiborga olingan. Ko‘chirib kelinayotgan oilalarning farzandlari shu yerdagi bog‘chaga, maktabga qatnaydi, xotin-qizlar tikuvchilik korxonasi, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida ishlashi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev dastlab yangi hovli sohibasi Dilfuza Hojimatova xonadoniga kirib, oilaning yashash sharoiti bilan qiziqdi. 

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifidan maqsad odamlarning hayot sifatini oshirish, oilalarga imkon qadar ko‘proq engillik berishdan iborat ekanini ta’kidladi. 

Tinimsiz mehnatimiz, izlanishlarimiz o‘z mevasini bera boshladi, xalqimizning hayotga qarashi, munosabati o‘zgardi. Bunday shinam uylarga ko‘chib kirgan oilalar hayotidan mamnun, davlatdan rozi bo‘ladi. Endi oilalarga o‘zini o‘zi boqish ko‘nikmasini ham singdirsak, odamlar o‘z hovlisida asalari, tovuq boqishni o‘rgansa, boqimandalik kayfiyati yo‘qoladi, yaxshi yashashga intilish kuchayadi, dedi Prezident.

Dilfuza Hojimatova yangi hovlida qizlari Fotima va Zuhra bilan yashaydi. Shavkat Mirziyoyev ushbu tashrif oila hayotiga yana bir quvonchli voqea bilan muhrlanishini aytdi – egizaklarni o‘zlari tanlagan oliy o‘quv yurtiga imtiyozli kiritishga va’da berdi. Bu taklif katta quvonch bilan qabul qilindi.

Vaqt kutib turmaydi. Odamlarga bugun sharoit yaratib berish kerak. Yashash uchun sharoit bo‘lsa, oilada quvonch, xotirjamlik, halovat bo‘ladi, baraka yog‘iladi. Bu har bir islohotning asosiy mazmunini tashkil etishi lozim.

Prezident bu borada mutasaddilarga navbatdagi vazifalarni belgilab berdi. Mazkur mahallada ikkinchi bosqichda quriladigan 2 sotixli 612 ta uy, 168 xonadondan iborat 7 ta ko‘p qavatli arzon turar joy, 615 o‘rinli maktab, 160 o‘rinli bolalar bog‘chasi ham Andijondagi mana shu o‘zgarishlar ruhiga hamohang bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Yangi mahallada Andijon shahridagi “Feruzbek teks” MCHJning tikuv korxonasi ish boshladi. 500 xotin-qiz ishli bo‘lgan korxonada 60 dan ziyod turdagi kattalar va bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Yiliga 1,5 million dona mahsulot tayyorlash va 950 ming dollarlik kiyim-kechak eksport qilish imkoniyatiga ega korxonada ishchilar uchun bepul issiq ovqat, transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Bu ham xotin-qizlarning ishga bemalol borib-kelishi, oilasiga naf keltirishiga yordam beradi.

Shavkat Mirziyoyev korxonada tayyorlanayotgan kiyim-kechak namunalari, tikuv sexidagi ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Ko‘p ish qilinyapti, bular katta ishlarning boshlanishi, xolos. Bir-birimizga elkadosh bo‘lsak, kechagidan uch-to‘rt baravar ko‘p ishlasak, o‘rganishdan charchamasak, mehnatimizning rohatini albatta ko‘ramiz. Xalqimizni rozi qilish yo‘lidagi ishlarimiz bitta maqsad-muddaoga qaratilgan – odamlarning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish. Mehnat qilib shu kunlarga etdim, ertaga bolam mendan yaxshiroq yashaydi, ekkan daraxtim mevasidan farzandlarim bahramand bo‘ladi, degan o‘y-niyatda yashashimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari. 

Bunday korxonalarni ikki-uch baravar ko‘paytirish, mahsulotga xaridor topish, bozorini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shu yerda Andijon shahri Bosh rejasi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Unga muvofiq, 2019-2020 yillarda Andijon shahrida aholining uy-joyga talabini qoplash maqsadida 150 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Jumladan, barak shaklidagi eski uylardan bo‘shagan Mustaqillik mahallasi hududida 70 ta 9 qavatli uy barpo etiladi. 

Davlatimiz rahbariga “Andijon city” qurilishi loyihasi haqida ma’lumot berildi. Qariyb 70 gektar maydonda barpo etilishi mo‘ljallanayotgan ushbu shaharchada 5 yulduzli mehmonxona, kongress-xoll, qo‘g‘irchoq teatri, bank va ofislar, sog‘lomlashtirish markazlari, ko‘ngilochar maskanlar, kafe-restoranlar, 7, 9 va 12 qavatli turar joy binolari qad rostlaydi.

Fitrat ko‘chasida 41 ta 7 qavatli uy barpo etish, Andijonda mamlakatimizda ilk bor taunxaus shaklidagi namunaviy uylar qurilishini boshlash, viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazini rekonstruksiya qilish, “Obod tuman markazi” dasturi asosida Marhamat tumanida amalga oshiriladigan ishlar, viloyatda ichimlik va oqova suv tizimini yaxshilash borasidagi loyihalar taqdim qilindi.

Prezident barcha loyihalarda aholining talab-ehtiyojlari va hududni rivojlantirish istiqbollarini inobatga olish, qurilishda energiyatejamkor materiallar va texnologiyalardan foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Mahallada barpo etilgan “Kelajak bolajonlari” maktabgacha ta’lim muassasasi rus va ingliz tillarini o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, bu erda Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan besh tashabbusni mamlakatimizda birinchi marta bog‘cha yoshidan bolalar ongiga singdirish rejalashtirilgan.     2 qavatli, 165 o‘rinli muassasada kichkintoylar uchun tasviriy san’at, musiqa va sport, chevarlik, tikuvchilik kabi to‘garaklar mavjud. Mashg‘ulotlar xonasidagi mini-kompyuterlar bolalarni kichik yoshdan axborot texnologiyalariga oshno qiladi.

Davlatimiz rahbari bog‘chani ko‘zdan kechirar ekan, farzandlarimiz ma’naviyatini bog‘cha yoshidan boyitish, bu boradagi ishlarni maxsus qaror asosida tizimli yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladi.

Madaniyat markazida besh muhim tashabbus asosida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishini oshirish, yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarish, o‘g‘il-qizlar o‘zining sport sohasidagi qobiliyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratish, ularning kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishini tashkil etish, kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalari haqida so‘z yuritildi.

Shavkat Mirziyoyev bu tashabbuslardan maqsad yoshlarda "o‘zbekman", "o‘zimga bekman" degan milliy g‘urur tuyg‘usini kuchaytirishdan iborat ekanini, har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar shunga loyiq va mos bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Har bir tashabbus bo‘yicha tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz Andijon tumanidagi “Makro Farm Andijan” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. O‘tgan yili Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida mazkur korxona loyihasining taqdimoti o‘tkazilgan edi.

“Makro Farm Andijan” korxonasi loyihasini uch bosqichda hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Birinchi bosqich 2018 yilning avgust oyida yakuniga etdi. Yiliga 2,5 milliard so‘mlik dorivor o‘simliklardan biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqariladi. Buning uchun 3 million dollar mablag‘ sarflandi, natijada 25 kishining doimiy bandligi ta’minlandi.

Ikkinchi bosqichda 5 million dollar mablag‘ evaziga yiliga 136 million dona shprits va infuziya uchun sistema ishlab chiqarish loyihasi hayotga tatbiq etildi. Mazkur loyiha 2018 yilning oktyabr oyida yakunlanib, 110 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

2020 yilga rejalashtirilgan uchinchi bosqichda yurak-qon tomir kasalliklarida qo‘llaniladigan 8 million dona tabletka va kapsula shaklidagi dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 40 kishi ishli bo‘ladi.

1, 2, 5, 10 milligrammli shpritslar va infuziya uchun sistemalar ishlab chiqaradigan ushbu korxona vodiyda yagona hisoblanadi.

Ayni paytda korxonaning 10 gektar er maydonida na’matak, moychechak, barbaris, yalpiz, kolendula, dala choyi, aloe, polpola, valeriana, limon o‘ti, samin cho‘p kabi dorivor o‘simliklar parvarishlanmoqda.

Davlatimiz rahbari mazkur korxonada tayyorlanayotgan dori vositalarini ko‘zdan kechirdi. Dori-darmonlarning xalqaro sifat talablariga to‘la javob berishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi.

SHu erda Andijon shahridagi “Avto Tekstil” MCHJning avtomobil va avtobus o‘rindiqlari uchun gazlama-mato ishlab chiqarish loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. 

Davlatimiz rahbariga O‘zbekiston Respublikasining Germaniya va Hindistondagi elchixonalari tomonidan viloyatda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, Hindistonning “Cadila Pharmaceuticals LTD” kompaniyasi “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasida tabletka, kapsula va in’eksion dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. 50 million dollar mablag‘ sarflanishi nazarda tutilgan loyiha yakunida 400 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi. Yiliga    3 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Mazkur loyiha 2019-2023 yillar davomida 3 bosqichda hayotga tatbiq etiladi.

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan 2019-2021 yillarda qiymati 39 million evrolik ettita loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Natijada 700 ish o‘rni yaratiladi. Transport-logistika markazi, meva-sabzavotni qayta ishlash, choy qadoqlash korxonalari, chorvachilik klasteri tashkil etilib, suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

“GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyatida yagona platforma asosida yangi avtomobil modellarini o‘zlashtirish bo‘yicha loyiha taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi 10 ming kishini doimiy ish bilan ta’minlash imkonini beradi. 

HUDUDLARDA ISLOHOTLARNI BIR XIL SUR’ATDA AMALGA OSHIRISH, ODAMLAR UCHUN MUNOSIB TURMUSH SHAROITI YARATISH – ASOSIY MAQSADIMIZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 16-17 may kunlari Andijon viloyatida bo‘ldi.

Andijon viloyati hokimligida Prezident raisligida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Andijon viloyatida ham katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, o‘tgan yili yalpi hududiy mahsulot 12 foiz, jalb etilgan investitsiyalar hajmi 19 foiz o‘sgan. Joriy yil birinchi chorakda ham yuqori sur’at kuzatildi.

SHunga qaramay, hali viloyatda ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi, iqtisodiyot zamon talablari asosida diversifikatsiya qilinmagani ta’kidlandi. Jumladan, sanoat mahsulotining 80 foizi Asaka tumani va Andijon shahriga to‘g‘ri keladi. Boshqa tumanlarda sanoat deyarli rivojlanmagan.

SHuni inobatga olgan holda, Andijon viloyatida 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan qiymati 25 trillion 181 milliard so‘mga teng 908 loyihadan iborat investitsiya dasturi ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar doirasida 1,7 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyani o‘zlashtirish, 35 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagi bo‘lgan oilalarni aniqlab, «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida 420 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratish belgilandi.

Yig‘ilishda ijtimoiy sohani rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilda Andijon shahrida 14 ta ko‘p qavatli arzon uy va ko‘plab tijoriy asosdagi uylar, qishloq joylarda 224 ta namunali uy-joy va 56 ta ko‘p qavatli arzon turar joy qurilishi ma’lum qilindi.

Prezidentimiz viloyat aholisi o‘sib borayotgani yana ko‘plab uylar qurish va qo‘shimcha ish o‘rinlari ochish, ijtimoiy va kommunal xizmatlar tashkil etishni talab qilishini, demak, tegishli vazirliklar va viloyat rahbarlari uzoqni ko‘zlab ish yuritishi zarurligini ta’kidladi.

Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, islohotlarni barcha joyda bir xil olib borish qiyin. Chekka joylarni qo‘yib turing, hatto viloyat markazlarida ham hanuzgacha sho‘ro davri manzarasini beradigan mahallalar, ko‘chalar uchraydi.

Andijon shahrining Mustaqillik mahallasini ham o‘z nomiga monand deb bo‘lmaydi. Bu yerda achinarli ahvolda yashayotgan oilalar uchun Xo‘jaobod tumani Xidirsha massividan 54 gektar er ajratilib, Mustaqillikning 27 yilligi mahallasi barpo etilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Davlatimiz rahbari 16 may kuni yangi mahallada bo‘lib, bu erga ko‘chib kelayotgan oilalar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishgan, bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Shavkat Mirziyoyev 17 may kuni Andijon shahrining Mustaqillik mahallasiga borib, bu erdagi haqiqiy ahvol bilan tanishdi.

5 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydigan bu mahalla hech qanday sharoit yo‘qligi bois, shaharning og‘riq nuqtalaridan biriga aylanib qolgan edi. Ko‘chalarga mashina sig‘maydi, qaerga qaramang torlik, pastqamlik, zaxlik, qo‘lansa hidga chidab bo‘lmaydi. Qachondir muqarrar ko‘chish kayfiyatidagi odamlar hatto devor, darvoza, eshik-romlarni bo‘yashga hafsala qilmaydi, o‘t-o‘lan qovjiragan hovlisiga qaramaydi.

Prezidentimiz eski barak shaklidagi hovlilarda yashayotgan odamlar bilan suhbatlashdi.

Bunday sharoitda kun kechirishning o‘zi bo‘lmaydi. Ayniqsa, bolalar shu sharoitda yashab kelayotgani ayanchlidir. Andijonda er masalasi juda og‘ir. Bu erga kelishimizdan maqsad odamlar turmushi bilan tanishish, hamma oilalar uchun yaxshi sharoit yaratib berish, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahalla vakillari bahavo adirlikdan joy ajratilib, barcha sharoitlari mavjud uy-joylar qurilayotgani va oilalar ko‘chirilayotganidan juda mamnun ekanini alohida ta’kidladi.

Avval ma’lum qilinganidek, Mustaqillik mahallasi o‘rnida, Boburshoh, Amir Temur va Navoiy shohko‘chalarining kesishmasida “Andijon sity” ishbilarmonlik markazi barpo etiladi.

Prezidentimiz bu qurilishda har bir qarich erdan oqilona foydalanish, ko‘kalamzorlashtirishga alohida e’tibor berish zarurligini ta’kidladi.

Xuddi “Toshkent city”dagi singari bu erda ham uylar va ofislar savdosi bilan shug‘ullanuvchi ko‘rgazma tashkil etish zarur. Odamlar kelib ko‘rsin, shunda qiziqishi ortadi. Bu shaharcha yana ikki yildan so‘ng Andijonning ko‘z-ko‘z qiladigan joyi bo‘ladi, dedi davlatimiz rahbari.

Mamlakatimizda taunxaus uslubidagi massivlar qurilishi loyihalari ishlab chiqilgan. Prezident taklifi bilan Andijon viloyatida aholi yashash sharoitini yaxshilash eng dolzarb masalalardan bo‘lgani bois, birinchi bo‘lib shu hududda bunday uylarni qurishni boshlash rejalashtirilmoqda.

“Qorako’l stroy engineering” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqqan loyihaga ko‘ra, 7,5 gektar erda 108 ta taunxaus uslubidagi uy, 9 ta 5 xonali va yana shuncha 3 xonali kottejlar, bolalar bog‘chasi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari quriladi.

Eng muhimi, ushbu massiv o‘zining suvni tozalash, kanalizatsiya inshooti, suv isitish stansiyasi, kichik elektr stansiyasi, quyosh elektr stansiyalariga ega bo‘ladi. Ya’ni taunxaus uylari o‘zini o‘zi toza ichimlik suvi, elektr, issiqlik bilan ta’minlaydi. Ularni qurishda energiyatejamkor materiallardan foydalaniladi.

Taqdimot chog‘ida taunxaus uylari aholini ijtimoiy muhofaza qilish va resurslarni tejashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Bu uylar – kelajak uylari. Qishloq uylari qaerda qurilishidan qat’iy nazar, endi kamchiqim bo‘ladi, ham odamlarga shahardagiday sharoit yaratiladi. SHuning hisobiga bu uylar narxi hozirgilari bilan teng, ammo kompleks sharoitga ega bo‘ladi, dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xiyoboni va ijod maktabida bo‘ldi.

Muhammad Yusuf xalqning dardi, qalbidagi quvonchu shodliklar, ona yurtga muhabbat, sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini sodda va go‘zal misralar orqali tarannum etgan o‘ziga xos ijodkor edi. Uning asarlari minglab qalblarga baxt va quvonch tuyg‘usi, samimiyat va beg‘uborlik, ma’naviy go‘zallik ulashayotir. SHoir ijodini o‘rganish, keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Davlatimiz rahbari 2017 yil 2-3 iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf nomidagi maktab tashkil etish, yoshlarga uning ijodini, o‘zbek adabiyotining yangi qirralarini chuqur o‘rgatish, iste’dodli ijodkorlarni tarbiyalash taklifini ilgari surgan edi. Shu asosda 2017 yil 25 iyulda Vazirlar Mahkamasining “Andijon shahrida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab va Muhammad Yusufning byusti o‘rnatilgan xiyobonni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Andijon shahrining Amir Temur ko‘chasida shoir nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat va shoirning byusti o‘rnatilgan xiyobon barpo etildi. Bugun mazkur maktabda 250 nafar iqtidorli yigit-qiz ta’lim olmoqda.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, haykaltarosh Shohruhbek O‘rozov tomonidan yaratilgan byust va ikki favvora, manzarali gul va daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan xiyobon Andijon shahrining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, yosh ijodkorlar to‘planadigan adabiy-badiiy maskanlaridan biriga aylangan.

Prezident maktab-internat o‘qituvchi va o‘quvchilari bilan muloqot qildi. Muhammad Yusufning ijodiy faoliyati, maktabda o‘qigan kezlari foydalangan o‘quv qurollari, suratlar joy olgan muzeyda bo‘ldi. O‘quvchilar shoir she’rlari va o‘z ijod namunalaridan o‘qib berdi.

Muhammad Yusuf xalqchil shoir edi. U qisqa umri davomida katta ma’naviy meros qoldirib ketdi. Vatan haqida sodda til bilan yozgan samimiy she’rlari doimo qalbimizda saqlanib qoladi. Eng katta boylik – bu ma’naviy boylikdir. Shuning uchun yoshlarimiz doimo o‘qishi, izlanishi lozim. Hamma narsa o‘tkinchi. Lekin bilim hech qachon yo‘qolmaydi. Bilimli odam hech qachon xor bo‘lmaydi. SHuning uchun sizlar o‘qish, izlanishdan to‘xtamasligingiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga maktab-internat o‘quvchilari uchun avtobus ajratish, boshqa viloyatlardagi ijod maktablariga borib, tengdoshlari bilan muloqot qilishiga ko‘maklashish, viloyat televideniesida o‘quvchilar ishtirokida ko‘rsatuvlar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

2-bosqich materiallari “USTOZ-SHOGIRD AN’ANALARI”

O‘zbekiston Respublikasida ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, o‘qitish va tarbiyalash mazmuniga milliy qadriyat va an’analarni singdirish, ularni ilg‘or g‘oyalar bilan boyitishga yo‘naltirilgan harakat keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.

Istiqlol sharofati bilan ajdodlarimiz tomonidan asrlar davomida yaratib kelingan bebaho ma’naviy meros, unitilgan qadriyatlarni qayta  tiklash, milliy o‘zlikni anglash masalasi hukumat darajasiga ko‘tarildi. Milliy an’ana va qadriyatlar qaytadan mustahkam qaror topishi natijasida o‘qituvchi-ustoz faoliyati bo‘lajak pedagog kadrlarni tayyorlashda nafaqat fan asoslari yuzasidan bilim, ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirish, balki auditoriyadan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidori, qiziqish va intilishlarini inobatga olgan holda ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, ma’naviyatini yuksaltirish hamda kasbga yo‘naltirishda «ustoz-shogird» an’analaridan foydalanish ehtiyojga aylanib bormoqda.

 «Ustoz-shogird» an’analari — yoshlarda kasbiy mahoratni tarbiyalash, ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini oshirish, izlanish, ijod qilish, bir so‘z bilan aytganda har tomonlama etuk shaxsni shakllantirishda o‘ziga xos tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish mavjudligi bilan katta ahamiyat kasb etadi. Yana bir xarakterli jihati shundaki, unda talabaning o‘z imkoniyatlariga ishonch, vaziyatni to‘g‘ri baholash hamda irodaviy sifatlar shakllanadi, qolaversa talabaning ijtimoiy faolligi ustozlar nazoratida bo‘ladi.

Ustozning eng buyuk burchi — yurt ravnaqiga o‘zining munosib xissasini qo‘sha oladigan, aql-idrokli, fahm-farosatli va qobiliyatli shogirdlar tayyorlashdan iborat. Ustoz yaxshi shogird tayyorlash uchun avvalo uning o‘zi kasbiy salohiyatli, ma’naviy barkamol, keng dunyoqarash va sog‘lom fikrga ega bo‘lmog‘i lozim.

Qadimdan «ustoz-shogird»lik an’analarida ustoz nafaqat shogirdiga yo‘l-yo‘riq, ko‘rsatma beribgina qolmay, o‘z navbatida ularni mustaqil faoliyatga tayyorlagan hamda o‘zidan keyin ish-tajribani, bilim va mahoratni avloddan-avlodga o‘tishiga imkoniyat yaratgan.

«Ustoz-shogird» munosabatlari muayyan dastur, reja asosida olib borilishi maqsadga muvofiq. Bu borada shogird bilan olib boriladigan ish shakllarida ustoz quyidagilarga rioya qilishi lozim:

-    shogirdga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishda zamon talablariga, jamiyat qonun-qoidalariga mos bilimlar bilan qurollantirish;

-  yagona maqsad sari intilishga, ishning natijasini ko‘ra bilishga o‘rgatish;

-   shogirdning ruhiyati, ma’naviyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsata olish va o‘z o‘rnida talabchan bo‘lish;

-    o‘z-o‘zini va o‘zgalarni hurmat qilishga odatlantirish;

-    muvaffaqiyatni ko‘zlagan holda olg‘a odimlash;

-   ijobiy qaytuvchan aloqani o‘rnatish;

-   tarbiyada turli xil usullardan foydalanishga e’tibor qaratish;

-    tarbiya jarayonida ustozning har tomonlama: ma’naviy, axloqiy, kasbiy jihatdan namuna bo‘lishi;

-    burch, mas’uliyat, javobgarlik hissini shakllantirib borish va hokazo.

Ustoz-shogird an’analarida quyidagi pedagogik tamoyillar muhim o‘rin tutadi:

-   onglilik va faollik, ya’ni egallayotgan u yoki bu faoliyatning o‘ziga xos jihatlari, mohiyatini ongli tarzda to‘liq anglab etish, uning istiqboli va ravnaqida faollik bilan harakat qilish;

-  ilm-fanning sir-asrorlarini egallashda puxtalik;

- ta’lim-tarbiyaning turmush, hayot bilan chambarchas bog‘liqligini inobatga olish;

-   mutaqillikka, ijodiy izlanishga yo‘naltirib borishda nazariy bilimlarning amaliyot bilan bog‘liqligini hisobga olish;

-  o‘qitish, tarbiyalash mazmuni va shogirdlik bosqichlari izchillik bilan belgilab qo‘yilgan aniq mantiqiy tartibga ega bo‘lishi;

-  shogirdning yosh va o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish;

Demak, oliy ta’lim tizimida «ustoz-shogird» an’analaridan foydalanish ko‘zlangan samarani beradi. Pedagogik ta’limot g‘oyalariga ko‘ra amaliy ko‘nikma va malakalar bevosita mashqlantirish, ya’ni muayyan faoliyatni amalda bevosita bajarish orqali shakllanadi. «Ustoz-shogird» an’anasi esa talaba-yoshlarda bevosita ishlash, ularning individual xususiyatlarini inobatga olgan holda yondashish, mavjud iqtidorlarining yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitni yaratishi bilan ahamiyatlidir. Bu kabi holatlar yoshlarni nafaqat mehnat va ishlab chiqarish faoliyatiga mas’uliyat bilan yondashish, balki o‘zgalar mehnatini qadrlash, halol mehnat qilish, mehnat samaradorligidan g‘ururlanish kabi ma’naviy-ahloqiy sifatlarni ham tarbiyalaydi. Farzand tarbiyasida sharqona, qadimiy ajdodlar urf-odatlari, an’analari, ahloq-odob qoidalariga amal qilishda xalqimizning milliy tarbiya tizimidan unumli foydalanishga alohida e’tibor berish va bu borada ustozlar o‘z kuchi, aql-zakovotini ayamasliklari lozim. Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinadiki, hozirgi davrda kelajak avlodning vatan ravnaqi sari ishonch bilan ongi rivojlanib borishida ularning ma’naviyati, milliy o‘zligini anglab borishi kechiktirib bo‘lmas vazifalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Milliy tarbiya xalq nomi va uning tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir. O‘tmish madaniy, milliy meros va an’analar yoshlar tarbiyasi uchun muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bu borada ta’lim muassasalarida milliy tarbiyani samarali tashkil etishda «Ustoz-shogird» an’analari muhim sanaladi.