2018 yil 28 dekabr juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot soati va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

DUNYO E’TIROF ETGAN TASHABBUS
Avval xabar qilinganidek, 2018 yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Ushbu rezolyutsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil sentabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasidir.
Helena FREYZER, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili:
– “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli rezolyutsiya BMTga a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilindi. 51 davlat O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan konstruktiv taklif, ya’ni dunyoda mavjud barcha dinlarga nisbatan ma’naviy bag‘rikenglik madaniyatini kuchaytirishga doir g‘oyani qo‘llab-quvvatladilar. Chunki ushbu rezolyutsiya bag‘rikenglik bilan birga, madaniy va diniy bilimlarni kuchaytirish tamoyilini ham olg‘a surgan holda, global tinchlik va farovonlik uchun ustuvor yo‘nalish bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Vladimir NOROV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori:
– BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilinishi 2018 yilning muhim tarixiy voqeasi bo‘ldi. Ushbu hujjat Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda millatlararo va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan izchil chora-tadbirlarning dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishidir. Rezolyutsiyada asosiy e’tibor huquqiy madaniyatni oshirish, diniy ma’rifatni kuchaytirish orqali insonlar ongini sof tuyg‘ular bilan oziqlantirishga qaratilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda hukm surayotgan millatlararo va dinlararo totuvlik, do‘stlik va bag‘rikenglik muhiti ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Vatanimizning xalqaro maydonda obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda. 
Amani al-ITR xonim, Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi: 
– Ushbu muhim rezolyutsiyani Misr ham qo‘llab-quvvatladi. Davlatlarimiz o‘rtasida ayni masaladagi tutash nuqta, bu – O‘zbekiston bilan Misrning diniy totuvlik jamiyat barqarorligida muhim rol o‘ynashini anglab etganidir. Rezolyutsiyadan ko‘plab muhim jihatlar o‘rin olgan. Ta’lim yo‘nalishini oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda turli millat vakillari, turfa dinga e’tiqod qiluvchilar o‘zlarining munosib o‘rniga ega. Mazkur yo‘nalishda mamlakatingizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Rezolyutsiya tashabbuskori bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rolini alohida ta’kidlab o‘tishni istardim. Bu O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida turgan murakkab muammolar echimini topishda oqilona tashabbusi bo‘ldi.
Irfon Yusuf SHOMIY, Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– O‘zbekiston ilgari surgan tashabbusning muhimligi shundaki, dunyoning 50 dan ortiq mamlakati endi uning hammuallifi hisoblanadi. BMTda ma’qullangan rezolyutsiyani Pokiston ham dastlabki bosqichdan qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur rezolyutsiyaning asosini tashkil etuvchi sohalarni rivojlantirish yo‘lida ko‘plab ishlarni amalga oshirdi. Konsensus yo‘li bilan qabul qilingan hujjatda barcha a’zo davlatlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusini yuksak baholadilar. Xalq birdamligi, diniy bag‘rikenglik, inson huquqlari uning asosini tashkil etadi. Mazkur rezolyutsiya dunyo hamjamiyati uchun eng maqbul hujjat bo‘ladi, deb o‘ylayman. Yaqinda Samarqandda Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi bo‘lib o‘tgan, unda Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Xalqaro hamjamiyat va tarixan mushtarak bo‘lgan mintaqa mamlakatlari ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi. 
Mosud MANNON, Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– Bangladesh Respublikasi har doim tinchlik va totuvlik, diniy bag‘rikenglik tarafdori bo‘lgan. SHu bois, O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbusni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi. Diniy bag‘rikenglik bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda eng namunaviy va o‘rnak bo‘la oladigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Men O‘zbekistondagi 5 yillik elchilik faoliyatim davomida o‘zga din vakillariga nisbatan g‘araz munosabatni kuzatmadim. Aksincha, barcha din vakillari, millat va elatlar tinch-totuv, ahil va hamjihat yashaydi. Bu O‘zbekiston Prezidenti olib borayotgan siyosat natijasida yurtda diniy bag‘rikenglik muhiti qaror topganidan dalolatdir. Qolaversa, bu masala faqat qonunlar bilan mustahkamlab qo‘yilgani uchun emas, balki ko‘pchiligi islom diniga e’tiqod qiluvchi O‘zbekiston xalqining boshqa din vakillariga nisbatan doimo hurmat-ehtiromda bo‘lib kelgani bilan ham bog‘liq. Odamlarning turli millat vakillari bilan do‘stona munosabati, avvalo, o‘zaro muloqotlar orqali shakllanadi. “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli rezolyutsiyaning BMT Bosh Assambleyasida qabul qilinishi ana shu ijobiy munosabatlar natijasidir. 
VIKENTIY, Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti:
– Bu tashabbus O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgani tasodif emas. Chunki bu yurtda azaldan diniy bag‘rikenglik mustahkam qaror topgan. O‘zbekistonni bag‘rikenglik beshigi, ham deyish mumkin. Dunyo xalqlari ham bu diyordagi kabi tinch-totuv, ahil hayot kechirsin degan g‘oya ilgari surilgani bejiz emas. Biz turli millat va konfessiyalar vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlovi, ko‘magini doimo his qilib turamiz. Bunday e’tibordan juda minnatdormiz. 
Rahimberdi RAHMONOV, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i: 
– 2017 yilda Prezidentimiz BMTning 72-sessiyasida jahon xalqlari totuvligi yo‘lidagi g‘oyat muhim tashabbusni ilgari surdi. BMTning yuksak minbaridan turib Imom Buxoriy bobomizning muborak nomlarini tilga oldi. Qolaversa, O‘zbekiston tomonidan diniy sohada xalqaro hujjat qabul qilish taklifi bildirildi. Ushbu taklif a’zo davlatlar tomonidan har tomonlama o‘rganilib, bugun davr talabi ekani e’tirof etilib, BMT tomonidan rezolyutsiya qabul qilindi. Bu – O‘zbekiston tashabbusi, qarashlari, yuritayotgan siyosati dunyo uchun naqadar muhim ekanidan dalolatdir. Bugun mamlakatimiz tashabbusini dunyo e’tirof etmoqda. 
Nuriymon ABULHASAN, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari:
-O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan tashabbus BMT tomonidan qabul qilingani olamshumul voqea bo‘ldi. Mazkur tashabbus uchun O‘zbekiston ham tarixan, ham ma’nan haqli, desak yanglishmaymiz, bunga tarixdan misollar ko‘p. Yurtimiz hududida diniy nizolar kuzatilmagan, shu bilan birga bugungi kunda O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi har qanday kishi diniy bag‘rikenglik muhiti boshqa davlatlarga namuna bo‘larli darajada ekanini e’tirof etadi. Maxsus rezolyutsiyaning qabul qilinishi natijasida endi BMTga a’zo davlatlar ta’lim muassasalarida dinning insonparvarlik mohiyati targ‘ib etiladi. Har bir a’zo davlat bu borada o‘ziga majburiyat oladi. Ushbu davlatlarda bundan buyon din hech qanday zo‘ravonlik bilan bir safga qo‘yilmaydi. Ekstremizm, terrorizm so‘zlari din bilan bog‘lanmaydi. Chunki, Prezidentimiz 72-sessiyada aytib o‘tganidek, islom terrorizmni qoralaydi va islomni biz terrorizm bilan bog‘lashimiz mumkin emas. Shunday ekan, ba’zi davlatlarda islomga terrorizm libosini kiydirishga harakat qilinayotgan bir paytda ushbu rezolyutsiya kelgusida barcha mamlakatlarga ma’rifat bilan va diniy bag‘rikenglikni rivojlantirish orqali dunyoda tinchlikni saqlab qolish mumkin, degan shior ilgari suriladi. 
HINDISTON OAV BMT BOSH ASSAMBLEYASINING REZOLYUTSIYASI HAQIDA
Hindistonning onlayn-nashri o‘z sahifalarida BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik“ bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiyasiga oid materiallarni e’lon qildi.
Masalan, Hindistonning “India Blooms” internet portali “BMT mamlakatlari O‘zbekiston Prezidentining ma’rifat va diniy bag‘rikenglik bo‘yicha taklifini yakdillik bilan qo‘llab-quvvatladi“ nomli maqolada mazkur tashabbus ilk bor O‘zbekiston rahbari tomonidan 2017 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida e’lon qilinganini bayon etadi. Nashr O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan ushbu rezolyutsiyaning asosiy maqsadi barchaning ta’limdan foydalanishini ta’minlash, savodsizlik va bilimsizlikka barham berish ekanini qayd etadi. Hujjat “bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, dindor (e’tiqodli kishilar)ning huquqlarini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka” qaratilgan. Maqolada yana mazkur rezolyutsiya nafaqat BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlangani, balki SHimoliy va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qit’alarning 50 dan ortiq mamlakati bilan hammualliflikda qabul qilingani, bu esa dolzarb va o‘z vaqtida taklif etilgan O‘zbekiston tashabbusining xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilganidan dalolatdir, deb bayon etiladi. “Diplomacy India”, “Diplomacy Today” va “Sarkaritel” onlayn-nashrlari ham mazkur mavzuga oid materiallarni chop etdi. Ularda ushbu hujjatning inson huquqlari hamda din va e’tiqodlar xilma-xilligini himoya qilish asosida bag‘rikenglik va tinchlikni barcha darajada rag‘batlantirish maqsadida global muloqotga ko‘maklashish bo‘yicha xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini yanada faollashtirishdagi ahamiyati alohida qayd etiladi.
O‘ZBEKISTONGA JADAL ISLOHOTLAR SUR’ATIGA MOS ILG‘OR KADRLAR KERAK
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni mamlakatimizda zamonaviy kadrlarga ehtiyojni ta’minlash, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Keyingi yillarda ta’lim tizimini takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Prezident qarori bilan 2017-2021 yillarda Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Joriy yilda mamlakatimizda 13 ta yangi oliy ta’lim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etildi. Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishlari boshlandi. Albatta, bunday e’tibor yaqin kelajakda o‘z samarasini beradi. Lekin barcha sohalarda jadal islohotlar olib borilayotgan bir paytda mamlakatimizga shu sur’atga mos ilg‘or kadrlar bugun ham kerak. Hozirgi tizimli o‘zgarishlar jarayonida aksariyat mutaxassislarning bunga tayyor emasligi, ularning bilimi, malakasi va ko‘nikmasi zamon talabiga javob bermasligi ayon bo‘lib qoldi. Masalan, xorijda magistratura va doktoranturada o‘qitish, malaka oshirish va stajirovka tashkil qilish bo‘yicha dastlabki ehtiyoj 3,5 mingdan ortadi. Yurtimizda xalqaro ilmiy va amaliy tajribaga ega 600 nafardan ziyod vatandoshimizga ehtiyoj mavjud. 1000 ga yaqin xorijiy olim va ekspertlarni jalb etishga talab bor. Ya’ni, bugun kechiktirib bo‘lmaydigan, oddiy ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga ehtiyoj 5 mingdan ziyodni tashkil etadi. Agar ishlab chiqarishdagi talab ham inobatga olinsa, bu raqam kamida 50-100 barobar oshadi.
– Bu hali bugungi ehtiyoj. Yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan bizga qaysi soha uchun qanday mutaxassis kerak bo‘ladi? Shuni hozirdan chuqur o‘ylashimiz, zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlar tarbiyalashimiz kerak. Kelajagimiz, ertangi kunimiz bu masalani bugun qanday hal qilishimizga bog‘liq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 25 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilgan edi. Jamg‘arma zimmasiga o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha o‘qitish, turli soha mutaxassislarining malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etish, xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularni mamlakatimizda bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga jalb qilish, chet eldagi universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qo‘mak berish vazifalari yuklatilgan. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun 2019 yilda davlat byudjetidan 45 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, bu mablag‘ yanada oshiriladigan bo‘ldi. Yig‘ilishda shu yo‘nalishdagi ishlarni to‘g‘ri tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Vazirlar Mahkamasiga “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda barcha vazirlik va idoralar kesimida xorijda kadrlar tayyorlash, stajirovkasini tashkil qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasiga kadrlarni xorijga yuborish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash va tanlov e’lon qilish bo‘yicha topshiriq berildi.Jamg‘arma Tashqi ishlar vazirligi, Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda xorijda katta tajribaga ega bo‘lgan vatandoshlarimiz to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirib borishi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mamlakatlar va mutaxassisliklar kesimida vatandoshlar to‘g‘risida ma’lumotlar reestrini tezroq ishga tushirishi zarurligi qayd etildi. Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga jalb etilayotgan har qanday xorijiy investitsiyaning ma’lum bir qismini malakali mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirish kerakligini alohida ta’kidladi. Yig‘ilishda istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish, ularning kasb malakasini uzluksiz oshirib borishga ko‘maklashish masalalari ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida vazirlik, idora va tashkilotlarda rahbar kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida tanlov o‘tkazish belgilangan edi.Tanlovning dastlabki bosqichidan so‘ng 8 ming 334 talabgordan 3 ming 825 nafari keyingi bosqichlarga tavsiya etildi. Yakunda 50 nafar yuqori malakali kadr tanlab olinadi.Davlatimiz rahbari tanlovning final bosqichi ishtirokchilari malakasini qisqa muddatli kurslarda oshirish zarurligini ta’kidladi. Tanlov g‘oliblarining stajirovkasi qaysi rivojlangan mamlakatda, qaysi tashkilot va qanday mezonlar asosida o‘tkazilishini aniq belgilash bo‘yicha topshiriqlar berdi.Yig‘ilishda qayd etilgan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axboroti tinglandi.