2018 yil 30 noyabr juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot soati va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI AQSH KONGRESSI DELEGATSIYASINI QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni kongressmen Trent Kelli boshchiligidagi AQSH Kongressi delegatsiyasini qabul qildi.Davlatimiz rahbari tarkibida AQSH Vakillar palatasi a’zolari Visente Gonsales, Ronald Estes, Rojer Marshall va Jennifer Gonsales Kolon ham bo‘lgan delegatsiyani samimiy qutlar ekan, kongressmenlarni AQSH parlamentiga oraliq saylovning muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.Keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston – AQSH hamkorligi jadal rivojlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil may oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergani ta’kidlandi.Turli yo‘nalishlar bo‘yicha ikki tomonlama aloqalar faollashdi, konstruktiv siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yildi, parlamentlararo almashuvlar, shuningdek, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik kengaymoqda.Savdo-iqtisodiy sohada birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan o‘zaro savdo hajmini oshirish, O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga etakchi AQSH kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari va texnologiyalarini jalb etish borasida aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.Joriy yil boshidan buyon o‘tgan davrning o‘zida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ortdi, mamlakatimizda AQSH kapitali ishtirokida 25 dan ziyod yangi korxona tashkil etildi.Oktabr oyida mamlakatimizda AQSH savdo vaziri Uilbur Ross boshchiligidagi nufuzli delegatsiya ishtirokida birinchi marta Amerika biznesi haftaligining ishbilarmonlik tadbirlari o‘tkazildi.Davlatimiz rahbari AQSH Vakillar palatasida kongressmenlar T.Kelli va V.Gonsales rahbarligida «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» tashkil etilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ushbu mexanizm har tomonlama munosabatlarni kengaytirish va aniq iqtisodiy loyihalarni ilgari surishda samarali omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga doir, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish hamda bu boradagi qo‘shma loyihalarni, avvalo, hududlararo darajada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.Kongressmenlar davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan hamda barcha soha va yo‘nalishlarni qamrab olgan islohot va yangilanishlarga yuksak baho berdi.Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirishga faol ko‘maklashishga tayyorlik ta’kidlandi. 
NEFT-GAZ SANOATINI RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA VAZIFALAR BELGILAB BERILDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni neft-gaz sanoatidagi ishlar holatini muhokama qilish va sohani yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.Neft-gaz sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin egallaydi. Ushbu soha nafaqat energiya ishlab chiqaradi, balki ko‘plab tarmoqlar uchun zarur bo‘lgan polimerlar, organik kimyoviy moddalar hamda azotli mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishda asosiy xomashyo bazasi hisoblanadi.Keyingi ikki yilda sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida gaz qazib chiqarish hajmi 10 foizga ortdi, aholiga tabiiy gaz 15 foiz va suyultirilgan gaz 1,6 barobar ko‘p etkazib berildi.Shu davrda neftni qayta ishlash zavodlarida qo‘shimcha 204 ming tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarilib, ichki bozorda benzin, dizel yoqilg‘isiga bo‘lgan talab qondirib kelinmoqda.Sho‘rtan va Ustyurt gaz-kimyo majmualarida joriy yilning o‘zida gazga nisbatan qo‘shilgan qiymati 4 barobar ko‘p bo‘lgan qariyb 700 million dollarlik polietilen va polipropilen ishlab chiqariladi.Neft-gaz sohasini yanada rivojlantirish maqsadida 2030 yilgacha geologiya-qidiruv ishlari olib borish, uglevodorodlarni qazib chiqarish va chuqur qayta ishlash bo‘yicha umumiy qiymati 36,5 milliard dollarlik 30 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish belgilangan.Uglevodorodlar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmasa, yaqin 10-15 yilda mavjud zaxira 2 barobarga kamayadi.Shu bois, yig‘ilishda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga geologiya-qidiruv ishlari va qazib olish hajmini oshirish, konlarni modernizatsiya qilish va yangilarini ochish, neft-gaz xomashyosini chuqur qayta ishlash, investitsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Jahon tajribasi asosida bu ishlarga investorlarni kengroq jalb etish, davlat va investorlar manfaatini himoya qilishni ta’minlaydigan yangi mexanizmlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.Shuningdek, 2017-2021 yillarda uglevodorod xomashyosini qazib olish dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirish va uni moliyalashtirish bo‘yicha joriy yil yakuniga qadar takliflar kiritish topshirildi.Magistral gaz quvurlari va gaz taqsimot tizimining asosiy qismi ta’mirtalab holga kelgan. Kelajakda iste’molchilarni kafolatlangan tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida magistral gaz transport tizimini modernizatsiya qilish hamda gaz oqimini boshqarish (SCADA) tizimini joriy etish bo‘yicha 1,6 milliard dollarlik loyiha amalga oshiriladi.Bundan tashqari, gaz taqsimot tizimini modernizatsiya qilish, gaz iste’molini hisobga olish va nazorat qilish tizimini joriy etish loyihalariga xorijiy investitsiya va kreditlarni jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.Bugungi kunda tabiiy gazning atigi 2 foizi chuqur qayta ishlanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olinayotgan bo‘lsa, kelgusi 10 yilda bu ko‘rsatkichni 7 barobar oshirish imkoniyati bor. Shuning uchun “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati neft va gaz kimyosi yo‘nalishiga ustuvor ahamiyat qaratishi zarurligi ta’kidlandi.Jumladan, aromatik uglevodorodlar (benzol, toluol, ksilol), metanoldan olefin olish texnologiyasi asosida yangi mahsulotlar – polistirol, polietilentereftalat va sintetik kauchuklar ishlab chiqarish, polietilen va polipropilen ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkoniyati mavjud. Ushbu loyihalarni amalga oshirishga 9 milliard dollar atrofida mablag‘ jalb qilinishi lozim.Shuning uchun Yevropa mamlakatlari, Yaponiya, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklaridagi yirik kompaniyalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb etish va loyihalarni amalga oshirish strategiyasi ishlab chiqiladi.Yig‘ilishda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv tizimi murakkab va ko‘p pog‘onali bo‘lgani sababli sohada islohotlar amalga oshirilishi sust kechayotgani tanqid qilindi.Boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining tashkiliy tuzilmasini optimallashtirish, tarmoqqa oid bo‘lmagan tashkilotlarni tizimdan chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Xususan, funksiyalari bir-birini takrorlaydigan boshqaruv bo‘g‘inlarini qisqartirish, tarmoqdagi servis korxonalari hamda yordamchi ishlab chiqarishlarni davlat-xususiy sheriklik asosida investorlarga berish kerakligi ta’kidlandi.Sohada mavjud to‘rtta ilmiy-tadqiqot, izlanish va loyihalashtirish institutlari negizida milliy neft-gaz ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etib, uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash bo‘yicha innovatsion echimlar topish va tatbiq etishga alohida e’tibor qaratish vazifasi qo‘yildi.