2019 yil 1 mart juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

SIRDARYO IQTISODIY RIVOJLANISH, MA’NAVIY YUKSALISH MANZILI SIFATIDA NAMUNA BO‘LADI​

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.Davlatimiz rahbarining 2018 yil 13 aprelda Sirdaryoga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va Sayxunobod tumanida o‘tgan yig‘ilish yakuniga asosan viloyatni 2018-2019yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida xizmat ko‘rsatish va servis, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida qiymati 6,3 trillion so‘mlik 302 ta loyiha amalga oshirilib, 15 ming 458 yangi ish o‘rni tashkil etish belgilangan edi.Prezidentimiz viloyatga bu galgi tashrifini Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo universal oyna” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishishdan boshladi. “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilgan mazkur korxonada farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun shisha idishlar ishlab chiqariladi. O‘tgan yil iyun oyida faoliyat boshlagan korxonada qiymati 50,1 million dollarlik loyiha amalga oshirilib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mamlakatimiz farmatsevtika sanoatiga shu paytgacha har yili 4 million dollarlik shisha flakonlar import qilinar edi. Ushbu korxona ishga tushgach, yurtimiz farmatsevtika korxonalariga shisha idishlar yetkazib berish imkoniyati kengaydi. Markaziy Osiyoda yagona ushbu korxonada ayni paytda 100 dan ortiq turdagi shisha idishlar tayyorlanmoqda. Korxonaga Germaniya, Chexiya va Fransiyada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan, ishlab chiqarishda to‘liq mahalliy xom ashyodan foydalaniladi. Joriy yildan to‘la quvvat bilan ishlaydigan korxonada yiliga 102 million dona shisha idish ishlab chiqariladi, 2 million dollarlik mahsulotni eksport qilish kutilmoqda. Korxonada 450 kishi ish bilan ta’minlangan. 

Prezidentimiz shisha idishlar ishlab chiqarish jarayoni, tayyorlanayotgan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi. 

Shu yerda “Sirdaryo universal oyna” korxonasi tomonidan klaster usulida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Korxona yonida “Sirdaryo glass” MCHJ tomonidan yangi texnologiya asosida bir vaqtning o‘zida farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun uch xil rangli shisha idishlar tayyorlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Kelasi yil ishga tushiriladigan korxonada 500 ish o‘rni yaratiladi, yiliga 3,7 million dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltiriladi.“Sirdaryo shisha” MCHJ tomonidan shisha idishlar uchun kvars qumini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Yiliga 438 ming tonna qum qayta ishlanadigan korxona uchun “Asaka bank”dan 5 million dollarlik kredit ajratiladi, 5,1 million dollar korxonaning o‘z mablag‘idir. “Sirdaryo universal oyna” va “Sirdaryo glass” korxonalarida ishlatib bo‘lingan issiqlik energiyasidan foydalanib, Evropa tipidagi issiqxonada sabzavot yetishtirish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, “Sirdaryo universal oyna” korxonasi yonida 10 gektarlik issiqxona barpo etiladi. Loyiha besh bosqichdan iborat bo‘lib, issiqxonalarni boshqarishning to‘liq avtomatlashtirilgan tizimi, suvni qayta sirkulyasiya qilish va yomg‘ir suvidan foydalanish, sifat nazorati, ishlab chiqarish, resurslar bilan ta’minlashning yevropacha tizimini qamrab oladi. Ushbu issiqxonada yiliga 2,5 ming tonna mahsulot yetishtirish, 6 million dollar atrofida sof daromad olish hamda 5 million dollarlik mahsulotni eksport qilish ko‘zda tutilmoqda. “Sirdaryo fish texnoloji” MCHJ tomonidan yopiq suv aylanma tizimi orqali baliq etishtirish va qayta ishlash rejalashtirilgan. 2020 yilda ishga tushiriladigan ushbu loyiha samarasida yiliga 2 ming 750 tonnadan ziyod baliq etishtiriladi. “Sirdaryo glass” korxonasi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash hamda konservalash yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu loyiha orqali yiliga 3 ming tonna mahsulot qayta ishlanadi, 140 ish o‘rni yaratiladi. Bu viloyatda etishtirilayotgan meva-sabzavotlarni qayta ishlash, saqlash va eksport qilish hajmini oshirish imkonini beradi. Shu yerning o‘zida viloyatda investitsiya mablag‘lari asosida farmatsevtika, to‘qimachilik, elektrotexnika mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish, Farhod GESini modernizatsiya qilish, Sardoba suv ombori qoshida kichik GES qurish loyihalari, “Sirdaryo golden fruts” MCHJ tomonidan tumanda tashkil etilgan ko‘p tarmoqli logistika markazi taqdimotlari o‘tkazildi. Mamlakatimizning Xitoy, Italiya va Qozog‘iston davlatlaridagi elchilari viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish va eksport hajmini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berdi. Davlatimiz rahbari viloyat iqtisodiy salohiyati va aholi farovonligini yuksaltirishda ushbu investitsion loyihalarning ahamiyati yuqori ekanini ta’kidlab, ularni amalga oshirish muddatlarini qisqartirish va iqtisodiy samaradorligini oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.Prezidentimiz Sirdaryo viloyati Xovos tumaniga tashrif buyurib, dastlab Xovos shaharchasining bosh rejasi bilan tanishdi. “Mirzacho‘l tajribasi” asosida Xovos shaharchasining yangi markazi bunyod etilishi rejalashtirilgan. M-39 avtomobil yo‘li bo‘yidagi 42 gektar hududda kompleks qurilish ishlari loyihalashtirilgan. Unga muvofiq, bu yerda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari binolari, Davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, turar joylar, maktablar, istirohat bog‘i, xotira maydoni, kinoteatr, kutubxona, masjid, bozor, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari quriladi. Yo‘l infratuzilmasi rivojlantirilib, aholi va transport uchun yanada qulayliklar yaratiladi. Xovosda oxirgi ellik yil davomida bironta ko‘p qavatli uy qurilmagan. Odamlar eski, tor, zax uylarda yashab kelgan. Endi har yili ko‘p qavatli yangi uylar barpo etilib, aholining ijtimoiy sharoitlari bosqichma-bosqich yaxshilanib boradi. Oilaviy sharoiti yaxshilangan insonning umidi, ertangi kunga ishonchi ham mustahkamlanadi. Shu maqsadga xizmat qiladigan yana bir xayrli tashabbus: “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Sirdaryo viloyatida 32 ta tikuvchilik majmuasi tashkil etish rejalashtirilgan. Bu sexlarda jami 4 ming 200 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Prezidentimiz shu yerda xovoslik nuroniylar, mahalla faollari va yoshlar bilan suhbatlashdi. Mamlakatimizda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, davlat bilan birga odamlar ham uyg‘onishi, farovon yashashga intilishi kerakligi ta’kidlandi. Xovosliklar viloyat rivoji, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan yangi rejalar ularning hayotga munosabatini o‘zgartirayotganidan mamnunligini qayd etdilar.Shuningdek, davlatimiz rahbari tumandagi “GRAN RUTA DE LA SEDA” korxonasi tomonidan zamonaviy usulda tashkil etilgan gidroponika issiqxona majmuasini ko‘zdan kechirdi. Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida gidroponika usulida issiqxonalar qurilmoqda. Bu esa sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, ko‘plab ish o‘rinlari yaratish imkonini berayotir. Mutaxassislarning fikricha, oddiy usulda yetishtirilayotgan pomidor ko‘chatlaridan 3 kilogramm hosil olinsa, gidroponika usulida hosildorlik 12 kilogrammgacha yetadi. Ekinlarning pishib yetilishi 25-30 kunga qisqaradi. Mazkur issiqxonalarda Gollandiyadan serhosil pomidor va bodring navlari keltirilib ekilgan. Butun jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Koreya Respublikasidan olib kelingan zamonaviy jihozlar haroratni, o‘simlikning suv va ozuqaga talabini chuqur tahlil orqali aniqlaydi va minerallar bilan boyitilgan suv tomchilatish usulida o‘simlik ildiziga yetkaziladi. Issiqxonada yiliga 1 ming 500 tonna pomidor yetishtiriladi. Shuningdek, 2 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksport qilinadi. Korxona tomonidan joriy yilning uchinchi choragida yana 10 gektar issiqxonani ishga tushirish rejalashtirilgan. Prezidentimiz mazkur issiqxonani kengaytirish, Janubiy Koreyadan keltirilib, foydalanilayotgan zamonaviy texnologiyalarni o‘zimizda ishlab chiqarish va xarajatni kamaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.Shavkat Mirziyoyev Yangiyer shahrida tashkil etilishi rejalashtirilgan ammiak va karbamid zavodi qurilishi maydonida bo‘ldi. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, mahsulot etishtirishni ko‘paytirish va eksportga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yer unumdorligini oshirish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni talab etadi. Shu bois «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tomonidan «Samsung Engineering» kompaniyasi bilan hamkorlikda ammiak va karbamid zavodi qurish rejalashtirilgan. Umumiy qiymati 600 million dollar bo‘lgan mazkur zavodda yiliga 400 ming tonna ammiak, 660 ming tonna karbamid ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatiladi, «nou-xau»lar qo‘llaniladi. 500 doimiy ish o‘rni yaratiladi. Zavod qurilishi uchun juda qulay joy tanlangan. Bu yerda tabiiy gaz manbai, elektr va suv ta’minoti tarmoqlari, avtomobil va temir yo‘llar bor. Sirdaryodagidek qulay infratuzilma hech qayerda yo‘q. Bunday imkoniyat zavodni qurish va barqaror ishlatishda qo‘l keladi, investorlar qiziqishini oshiradi. Bu juda rentabelli, istiqbolli loyiha, dedi Shavkat Mirziyoyev. Davlatimiz rahbariga korxonaning iqtisodiy samaradorligi, qurilish ishlari jadvali haqida ma’lumot berildi. Prezidentimiz zavod mahsulotlari ichki talabni qondirish va tashqi bozorga chiqishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.Prezidentimiz Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida Mirzaobod tumanidagi “Bek klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona tomonidan tashkil etilgan paxtani qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda mehnat qilayotgan xodimlar bilan muloqot qildi.2018 yilda Turkiyaning “SUMER” kompaniyasi bilan hamkorlikda foydalanishga topshirilgan zavodda yiliga 60 ming tonna paxta qayta ishlanadi. Korxonada 200 ish o‘rni yaratilgan.Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida “Bek klaster” korxonasida bo‘lib, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.Prezident qarori asosida “Bek klaster”ga 18 ming gektar yer maydoni ajratib berilgan. Mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli korxonalarda mingga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilgan. Bundan tashqari, 1 ming 800 nafar kishi mavsumiy ishlarga jalb qilinadi.Yangi zavod paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlaydi. Ahamiyatli tomoni, bu yerga o‘rnatilgan zamonaviy uskunalar paxta tolasini sifatli qayta ishlash barobarida, energiyatejamkor hamdir.Qishloq xo‘jaligiga ilmiy yondashish doimiy e’tiborimizda bo‘lishi kerak. Busiz yuqori hosildorlikka erishishning iloji yo‘q. Shu jihatdan “Bek klaster” korxonasi tomonidan ilmiy muassasalar bilan hamkorlikdagi ishlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.Prezidentimizga “Bek klaster”da istiqbolda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, klaster qoshida davlat xususiy sherikligi asosida kollej ochish rejalashtirilgan. Bu yerda klasterga qarashli korxonalar uchun malakali mutaxassislar tayyorlanadi.Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Jumladan, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, urug‘chilik va uzumchilikni rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, yer maydonlarini qayta o‘zlashtirish, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha aholining tomorqadan samarali foydalanishini tashkil etish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Bu loyihalarning amalga oshirilishi yana minglab ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.Shu yerda qorabayir otlari, qoramol, echki, tuyaqush, quyon va bedana zotlari namoyish etildi. Davlatimiz rahbari bu jonivorlarning mahsuldorligi, tez ko‘payishi, ular har bir oila uchun zarurligiga e’tibor qaratdi. Uy sharoitida chorva va parranda boqishni ko‘paytirib, aholini oziq-ovqat mahsulotlari, qo‘shimcha daromad bilan ta’minlash mumkinligini ta’kidladi.Guliston shahri kun sayin chiroy ochmoqda. Yangi uylar, inshootlar, ravon ko‘chalar, sayilgohlar, mahallalarda amalga oshirilayotgan obodlik ishlari havasga arzigulik.Bu manzara Gulistonning “Buyuk kelajak” mavzesida yanada yorqin namoyon bo‘ladi. Yangi mavzeda 2018 yili namunali loyiha asosida 5 qavatli 8 ta uy qurilib, foydalanishga topshirildi, 360 oila uyli bo‘ldi. “Buyuk kelajak”da yana 7 qavatli, 420 xonadondan iborat 10 ta uy qurilmoqda. Bu kabi uylar nafaqat Gulistonda, balki butun viloyatda ham keyingi 25-30 yilda birinchi marotaba barpo etilayotir.Prezidentimiz “Buyuk kelajak” mavzesida qurilgan uylar, yangi qurilish jarayoni bilan tanishdi.Bu uylarni qurishdan maqsad aholining ko‘p yillik orzularini amalga oshirishdir. Shuning uchun ularni sifatli, har tomonlama qulay qilib qurishimiz kerak. Toki yangi uyga ko‘chib kelgan har bir oila bizdan rozi bo‘lsin, dedi Shavkat Mirziyoyev.Davlatimiz rahbari bu borada “Sirdaryo tajribasi”ni joriy qilish haqida ko‘rsatmalar berdi. Keyingi bosqichda amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi. “Guliston City” qurilishi loyihasi uch bosqichda amalga oshiriladi. 2019-2022 yillarga mo‘ljallangan zamonaviy shaharchaning umumiy yer maydoni 45 gektarga yaqin bo‘ladi. Bu yerda ko‘p qavatli uylar, savdo majmualari, ko‘ngilochar maskanlar, madaniyat va biznes markazi, anjumanlar saroyi, ta’lim va tibbiyot muassasalari, mehmonxona, hunarmandlik uyi kabi inshootlar quriladi.Shaharda 2020 yilga qadar yana 10 ta 7 qavatli uy, shuningdek, ichki ishlar xodimlari, harbiylar uchun xizmat uylari foydalanishga topshiriladi. Bu yerda namunali bog‘chalar, maktablar va boshqa zarur infratuzilma obyektlari barpo etiladi.Prezidentimiz viloyatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyat va ma’rifat, sport sohasida amalga oshiriladigan loyihalar bilan ham tanishdi.Sirdaryo viloyatida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish konsepsiyasi haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, farzand tarbiyasi hali u tug‘ilmasidan oldin boshlanishi, so‘ngra chaqaloqlik, maktabgacha tarbiya va maktab yoshidagi ta’lim davriga oid yangi konsepsiya hayotga keng tatbiq etilmoqda. Guliston shahrida “O‘qituvchi” brendi ostida markaziy kitob do‘koni tashkil etish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish konsepsiyasi ham taqdim qilindi.Ma’naviyatimiz, g‘urur-iftixorimiz birinchi o‘ringa chiqadigan vaqt keldi. Farzandlarimizni ana shunday etuk avlod qilib tarbiyalash uchun barchamiz mas’ulmiz. Biz buning uchun mablag‘ va vaqtni ayamaymiz, bor imkoniyatimizni ishga solamiz, dedi davlatimiz rahbari.Shuningdek, iqtisodiy sharoitni yaxshilash ko‘p ezgu ishlar debochasi ekani, ro‘zg‘ori but, oilasidan xotirjam kishi, ertangi kundan umidi katta yoshlar ma’naviyati ham yuksalib borishi, shundagina kitob o‘qishga havas ortishi qayd etildi.Viloyatda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish, ishsiz yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari bandligini ta’minlash, ko‘p qavatli uylar, sport inshootlari qurish, ma’naviy tarbiya va kitobxonlikni targ‘ib etish konsepsiyasi asosida qo‘shma kitob pavilonlari tashkil qilish borasida amalga oshiriladigan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.Guliston shahrida Sirdaryo viloyati va tumanlar hokimlari, faollar, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining sanoat va xizmat ko‘rsatish salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani, qishloq tumanlarda sanoat deyarli yo‘qligini qayd etdi. Shu bois maxsus ishchi guruhning o‘rganishlari natijasida 342 ta o‘rta va yirik investitsiya loyihasi dasturi ishlab chiqilgani ta’kidlandi.Xususan, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi va Farhod gidroelektr stansiyasini modernizatsiya qilish, Sardoba suv omborida kichik gidroelektr stansiyasi qurish bo‘yicha jami 275 million dollarlik uchta loyihani amalga oshirish boshlanadi.Bundan tashqari, O‘zbekistonning Xitoy, Italiya va Qozog‘istondagi elchilari tomonidan 30 ga yaqin loyiha bo‘yicha aniq takliflar shakllantirilgan. Prezidentimiz viloyatga qo‘shimcha investitsiyalar olib kelish, tadbirkorlik tashabbuslarini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi yerlari va tomorqalardan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi.Yig‘ilishda ma’naviyat, madaniyat, ta’lim-tarbiya masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari keyingi yillarda an’anaga aylangan xayrli ishlarni davom ettirgan holda, Guliston shahrida O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdieva nomidagi ijod maktabi tashkil etish taklifini ilgari surdi. Yig‘ilganlar bu tashabbusni qizg‘in qo‘llab-quvvatladi.