2019 yil 1 fevral juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

O‘ZBEKISTON – GERMANIYA: YANGI MAZMUN KASB ETGAN HAMKORLIKNI MUSTAHKAMLASH YO‘LIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federativ Respublikasi Federal kansleri Angela Merkelning taklifiga binoan 2019 yil 20 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi. 

21 yanvar kuni Berlin shahridagi Belvyu saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyevni Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer kutib oldi. 

*Eslatma: Mazkur haftada o‘tkaziladigan “Axborot va murabbiylik soati” mashg‘ulotlarining 2-bosqichi – Millatlar do‘stligi tinchligimiz va taraqqiyotimiz uchun eng muhim omil ekanligi talaba-yoshlarga  tushuntiriladi.

Haftalikning 3-bosqichida talaba-yoshlarga oilaparvarlik fazilati haqida tushuncha beriladi, 4-bosqichda – talabalarning qaysi bosqichdaligiga qarab oyning boshida berilgan kitoblarning biri haqida fikr-mulohaza yuritiladi. O‘qishga berilgan kitoblarga yakuniy xulosa qilinadi.

Davlatimiz rahbari faxriy mehmonlar kitobiga imzo qo‘ydi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Germaniya davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdi. 

Uchrashuvda Prezidentlar O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli sohalardagi aloqalarni ikki va ko‘p tomonlama asosda rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. 

Tomonlar bundan buyon ham Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashda davom etajagini bildirdi. 

Prezidentlar Germaniya tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi asosida munosabatlarni mustahkamlash muhimligini qayd etdi. 

Bugungi kundagi xavf va tahdidlar, birinchi navbatda, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda yanada yaqin hamkorlik qilishga kelishib olindi. Afg‘onistonda tinchlik jarayonini tezroq boshlash bo‘yicha yondashuvlar bir xil ekani tasdiqlandi. 

O‘zbekiston iqtisodiyoti tubdan modernizatsiya qilinayotgan hozirgi jarayonda Germaniyaning ilg‘or tajribasi va texnologiyalarini jalb etish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. 

Madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar ham muhokama qilindi. Maktab ta’limida samarali nemis texnologiyalaridan foydalanish, jumladan, “Maktablar: kelajak sheriklari” (PASCH) tashabbusini amalga oshirish, O‘zbekistonda Germaniyaning etakchi oliy ta’lim muassasalari filiallarini ochish, xalqlarimiz o‘rtasida madaniy aloqalarni kengaytirish istiqbollari e’tibor markazida bo‘ldi. 

Uchrashuv so‘nggida Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer joriy yilning may oyida O‘zbekistonga tashrif bilan borishini yana bir bor tasdiqladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal kansleri Angela Merkelning muzokaralari oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi. 

Angela Merkel O‘zbekiston Prezidentining tashrifi uzoq tanaffusdan keyingi muhim voqea ekani, ikki tomonlama hamkorlik rivojiga katta turtki berishini ta’kidladi. 

– Biz O‘zbekistonning ishonchli sherigi bo‘lishni xohlaymiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish uchun ko‘plab imkoniyatlar borligini ko‘rmoqdamiz, – dedi Germaniya kansleri. 

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat uchun chuqur minnatdorlik bildirib, nemis xalqini joriy yil may oyida nishonlanadigan Germaniya Federativ Respublikasi tashkil etilganining 70 yilligi bilan tabrikladi.

So‘nggi yillarda aloqalar jadal rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib borayotgani, siyosiy muloqotlar faollashayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya O‘zbekistonning ishonchli va istiqbolli sherigi ekanini, o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqishga intilishini alohida ta’kidladi. 

Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yanada yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekani qayd etildi. Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi asosida Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo yo‘nalishida hamda Germaniya – Markaziy Osiyo formatida munosabatlarni mustahkamlashda davom etishlarini ta’kidladi. 

Bo‘lajak uchrashuvda zamonaviy tahdid va xatarlar, avvalo, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilishi aytib o‘tildi. Afg‘onistonda tinchlik jarayonini tez fursatda boshlash ham kun tartibidagi muhim masalalardan ekani qayd etildi. 

O‘zbekiston inson huquqlari va erkinliklari sohasida konstruktiv muloqot, shuningdek, davlat boshqaruvi tizimining shaffofligiga hamda korrupsiyaga to‘liq barham berilishiga erishish maqsadida hamkorlik uchun ochiq ekani ta’kidlandi. 

Tomonlar investitsiya va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi. O‘zbekiston Prezidenti tashrifi arafasida o‘tkazilgan biznes-forumda 8 milliard yevrodan ziyod qiymatdagi yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani, boshqa bitimlar bo‘yicha ishlar davom etayotgani ma’lum qilindi. 

Shuningdek, nemis tili chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladigan maktablar tarmog‘ini kengaytirish, Germaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni rivojlantirish borasidagi hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Germaniya Federal kansleri Angela Merkelning uchrashuvida asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi. 

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik asosiy masalalar bo‘yicha pozitsiyalar o‘xshash va yaqinligi qayd etildi. Samarali muloqotni ikki va ko‘p tomonlama shaklda, jumladan, nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida izchil davom ettirishga intilish mushtarak ekani tasdiqlandi. 

Germaniya kansleri O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va jamiyatni yanada demokratlashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda do‘stlik va o‘zaro ishonch muhitini yaratish, ko‘p yillik bahsli masalalarni tinchlik yo‘li bilan hal etish va mintaqani global iqtisodiyotga integratsiya qilish bo‘yicha yangi mintaqaviy siyosatini olqishladi. 

Tomonlar inson huquqlarini himoya qilish, atrof-muhitni muhofaza etish masalalarini ham ko‘rib chiqdi. Davlatimiz rahbari Germaniya hukumatiga Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishdagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirib, Berlinni Orolbo‘yi uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

Muloqotda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalasiga, jumladan, Afg‘oniston muammosini hisobga olgan holda e’tibor qaratildi. Bu masalani barcha tomonlar ishtirokida, afg‘onlar rahbarligida tinch yo‘l bilan hal etish zarurligi alohida qayd etildi. 

Germaniya O‘zbekistonning texnologiya va investitsiyalar sohasidagi asosiy sheriklaridan biridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo sohasida eng ko‘p qulaylik yaratish tizimi joriy etilgan. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 700 million yevrodan oshgan. 

Muzokarada bu ko‘rsatkichni 1 milliard yevroga etkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi ta’kidlanib, bu boradagi istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi. 

O‘zbekistonda germaniyalik investorlar ishtirokida 132 ta firma va kompaniya faoliyat yuritmoqda. Shundan 33 tasi yuz foiz nemis kapitali asosida tuzilgan, 31 tasi yurtimizda o‘z vakolatxonasini ochgan. O‘zbekiston milliy banki Germaniyaning 57 ta banki bilan aloqa o‘rnatgan. Toshkentda “Doyche-bank” bo‘limi tashkil etilgan. 

Mamlakatimizda dunyoga mashhur nemis kompaniyalari bilan amalga oshirilgan yirik loyihalar muvaffaqiyati o‘zaro manfaatli investitsiyaviy hamkorlikka misol bo‘la oladi. “MAN” konserni bilan sheriklikda zamonaviy yuk avtomobillari, “Claas” va “Lemken” kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligi texnikalari, “Knauf” bilan qurilish materiallari, “Deutsche Kabel” bilan kabel-o‘tkazgich mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida “Qarshi – Termiz” temir yo‘li elektrlashtirilmoqda. 

O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha izchil ish olib bormoqda. Moliyaviy-texnikaviy hamkorlik borasida maslahatlashuvlar, savdo va investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhlar majlislari o‘tkazilmoqda. 

Uchrashuvda savdo, sanoat, gaz-kimyo, qurilish sohalarida o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, moliyaviy-texnik ko‘mak va tajriba almashishni kengaytirishga kelishib olindi. 

Tashrif doirasida kimyo, qurilish, energetika, metallurgiya va oziq-ovqat sohalari etakchilari – «Siemens», «Tyssen Krupp», «Claas», “MAN”, “Knauf”, «Linde», «Papenburg», «Humana», «Volkswagen» kabi xalqaro miqyosdagi nemis konsernlari bilan sheriklikda yangi ko‘p milliardlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Ilm-fan, ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, madaniy aloqalar va turistlar almashuvini kengaytirish muhimligi qayd etildi. 

O‘zbekistonda 8 mingdan ziyod nemis millatiga mansub yurtdoshlarimiz yashamoqda. Madaniyati va an’analarini saqlab, rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. 400 mingdan ortiq o‘quvchi nemis tilini o‘rganmoqda. Yaqinda Toshkent, Samarqand va Buxorodagi maktablarga buyuk nemis olim va yozuvchilari nomlari berildi. 

Toshkentdagi Gyote instituti, Konrad Adenauer va Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armalar, Germaniya akademik almashinuvlar xizmati (DAAD) vakolatxonalari va boshqa tashkilotlar xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Poytaxtimiz va bir necha viloyatlarda bo‘limlari bo‘lgan “Vidergeburt” nemis madaniyat markazi, “O‘zbekiston – Germaniya” do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda. 

O‘zbekistonda Germaniya fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim joriy etilgani muhim voqea bo‘ldi. Bu mamlakatimizni ko‘rishga qiziqadigan turistlar, biznesini yo‘lga qo‘yadigan investorlar va boshqalarga katta qulaylik yaratdi. 

Tashrif doirasida iqtisodiyot, savdo, moliya, ta’lim, ilm-fan va innovatsiya sohalariga oid hukumatlararo va idoralararo 9 ta hujjat imzolandi. Tomonlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaati yo‘lida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishini bildirdilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagi Raisi Volfgang Shoyble bilan ham uchrashdi. 

Bundestag Germaniyaning bir palatali parlamenti bo‘lib, qonunlar qabul qilishdan tashqari Federal kanslerni saylash hamda hukumat faoliyatini nazorat qilish kabi muhim funksiyalarni ham bajaradi. 

O‘zbekiston va Germaniya parlamentlari o‘rtasida yaxshi aloqalar yo‘lgan qo‘yilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Bundestag bilan hamkorlik bo‘yicha “O‘zbekiston – Germaniya” guruhi, Bundestagda esa “Germaniya Federativ Respublikasi – Markaziy Osiyo” guruhi tashkil etilgan. 

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, xalqlarimiz manfaatini ta’minlashda parlamentlar muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. 

Bundestag Raisi mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi. 

Muloqotda qonun ustuvorligini ta’minlash, parlament nazorati, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qabul qilinadigan “yo‘l xaritasi”ga asosan parlamentlararo hamkorlik qilish muhimligi ta’kidlandi. 

O‘zbekiston Prezidentining Germaniyaga rasmiy tashrifi barcha darajadagi, jumladan, parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarning yangi yo‘nalishlarini belgilab bergani qayd etildi. 

Davlatimiz rahbari Bundestag binosini ko‘zdan kechirdi. Mamlakatimiz delegatsiyasiga Bundestag tarixi va faoliyati haqida so‘zlab berildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kunning o‘zida Myunxen shahriga tashrif buyurdi. O‘zbekiston delegatsiyasi uchun ajratilgan qarorgoh yonida Bavariyada o‘qiyotgan, ishlayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan muloqot qildi. 

22 yanvar kuni Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder, Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.