2019 yil 29 mart juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

YOSHLAR MA’NAVIYATINI YUKSALTIRISH, ULARNING BO‘SH VAQTINI MAZMUNLI TASHKIL ETISH BO‘YICHA MUHIM VAZIFALAR BELGILAB BERILDI​

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 mart kuni yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Mamlakatimiz aholisining 30 foizi 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi. Yoshlar qanchalik ma’naviy barkamol bo‘lsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shuncha kuchli bo‘ladi. 

Ma’lumki, davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. 

Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. 

Ikkinchi tashabbus yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan. 

Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan. 

To‘rtinchi tashabbus yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan. 

Beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini nazarda tutadi. 

Ana shu ezgu g‘oya Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida boshlanib, qisqa vaqtda ulkan ishlar amalga oshirildi. Mazkur hududdagi tuman va shaharlar kutubxonalariga 300 ming nusxada badiiy adabiyotlar etkazib berildi. Musiqa va san’at maktablari cholg‘u asboblari, sport obyektlari jihozlar bilan ta’minlandi. 

Bu ishlar Namangan viloyatida ham davom ettirilib, “Ma’rifat karvoni” tashkil etildi. Yoshlar uchun 25 ming dona kitob, 80 turdagi sport jihozlari va musiqa asboblari yetkazib berildi. 

Ushbu 5 tashabbus xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. 

Yig‘ilishda bu tajribani O‘zbekistonning barcha hududlarida keng joriy qilish masalalari muhokama qilindi. 

Bugungi kunda mamlakatimizdagi 800 dan ortiq madaniyat markazi, 312 ta musiqa va san’at maktabiga atigi 130 ming nafar o‘g‘il-qiz qamrab olingani, mazkur muassasalarning aksariyati o‘quv qo‘llanmalari, notalar to‘plami, musiqa asboblari va jihozlar bilan etarli darajada ta’minlanmagani qayd etildi. 

Davlatimiz rahbari joylardagi madaniyat markazlari, musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasi va ulardan foydalanish holatini o‘rganib, faoliyatini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berdi. 

Madaniyat vazirligi va Xalq ta’limi vazirligiga hokimliklar bilan birgalikda tuman (shahar) madaniyat markazlari va umumta’lim maktablarida yoshlarning qiziqishidan kelib chiqib, qo‘shimcha 1,5 mingta to‘garak tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Tashabbuskor iste’dodli yoshlar va mahalliy homiylarni jalb etgan holda, madaniyat markazlarida badiiy-havaskorlik jamoalari, yoshlar teatr-studiyalari va “YOshlar klublari” tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi. 

Atoqli san’atkor va iste’dodli ijodkorlarni tumanlardagi madaniy ishlarga ko‘makchi sifatida biriktirish yaxshi natija berayotganini inobatga olib, bu tajribani butun mamlakatga yoyish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Unga muvofiq, taniqli artistlar tuman va shaharlarga ijodiy maslahatchi sifatida biriktirilib, o‘sha joylarda madaniyat va san’atni rivojlantirishga mas’ul bo‘ladi, tuman va shaharlar hokimlari esa ushbu ishlarga moddiy va tashkiliy jihatdan yordam beradi. 

Musiqa va san’at sohasida oliy ma’lumotli kadrlarni ko‘paytirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. 

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Xalq ta’limi vazirliklariga muayyan mavzular bo‘yicha tarix darslarini muzeylar, tarixiy obidalar, qadamjo va teatrlarda sayyor o‘tkazilishini tashkil qilish topshirildi. 

Ikkinchi tashabbusga doir masalalar muhokama qilinar ekan, yurtimizda 12 mingdan ziyod sport inshooti borligi, lekin yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga qamrab olish darajasi etarli emasligi qayd etildi. Umumta’lim maktablarining sport anjomlari bilan jihozlanish ko‘rsatkichi mamlakat bo‘yicha 56 foizni tashkil etgani holda, Surxondaryo viloyatida atigi 12 foiz, Xorazmda 14 va Qoraqalpog‘istonda 15 foiz, xolos. 

Yig‘ilishda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish borasidagi chora-tadbirlar belgilab berildi. 

Tuman va shaharlar hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga mutaxassislar bilan birgalikda yoshlarning sport turlariga qiziqishi hamda sport inshootlarining jihozlanish darajasini o‘rganib, shu asosda takliflar berish, Vazirlar Mahkamasiga ularni amalga oshirish uchun zarur mablag‘lar manbasini aniqlash vazifasi yuklatildi. 

Olis va chekka qishloqlarda engil konstruksiyali sendvich panellardan kichik sport zallari va sun’iy qoplamali maydonlar qurish, tashabbuskor tadbirkorlarga sport inshootlari barpo etish uchun yer ajratish zarurligi ta’kidlandi. Bunday tadbirkorlarga Milliybank tomonidan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratiladi. 

Joylardagi sport maktablariga taniqli xalqaro musobaqalar g‘oliblarini rahbar etib tayinlash, shuningdek, sportchilarni oliy o‘quv yurtlarining maxsus sirtqi bo‘limlarida maqsadli o‘qitish yaxshi natija berishi qayd etildi. Bolalar va o‘smirlar sport maktablari sonini ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi. 

Videoselektor yig‘ilishida yoshlarni internetdagi zararli xurujlardan asrash, ularni axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishga o‘rgatish masalalariga ham alohida ahamiyat qaratildi. 

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ilg‘or xalqaro tajribalar asosida barcha shaharlarda va tumanlar markazida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu markazlarda elektron tijorat va dasturlash bepul o‘rgatiladi, axborot texnologiyalari sohasida biznes bo‘yicha innovatsion ko‘nikmalar shakllantiriladi, “startap” loyihalarga yordam ko‘rsatiladi. 

Bugungi kunda barcha maktablarda kompyuter texnikalari bo‘lishiga qaramasdan, internet xizmatidan etarli darajada foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Xalq ta’limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 2021 yilgacha barcha maktablardagi kompyuter sinflarini zamonaviy texnologiyalar va yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. 

Tashabbuskor tadbirkorlarni jalb qilgan holda, kompyuter o‘yinlari markazlarini tashkil etish, ularda bolalar va yoshlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan test, viktorina, rivojlantirish strategiyalari va boshqa foydali dasturlar bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. 

Yoshlarda bolalik chog‘idan kitobga mehr uyg‘otish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish ularning hayot yo‘llarida mustahkam zamin bo‘ladi. Lekin ko‘plab qishloq va mahallalarda buning uchun zarur sharoit mavjud emas. Ilgarigi kutubxonalar o‘rnida tashkil etilgan Axborot-resurs markazlari o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajara olmadi. 

Shu holatlarni hisobga olib, yangi tashabbus doirasida yoshlar sonidan kelib chiqqan holda joylarga qo‘shimcha kitoblar etkazib berish rejalashtirilgan. 

Davlatimiz rahbari mutasaddi vazirlik va idoralarga “Ma’rifat karvoni” loyihasi doirasida badiiy, ma’rifiy, ijtimoiy mavzularda kitoblar chop etish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarga 1 million nusxadan kam bo‘lmagan miqdorda etkazib berish bo‘yicha topshiriq berdi. 

Yig‘ilishda mahalliy hokimliklar har bir shahar va tuman markazida bittadan namunali kitob do‘koni tashkil etishi kerakligi ta’kidlandi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga barcha shahar va tumanlarda ko‘chma kitob pavilonlarini joylashtirish, “Bibliobus”larni yo‘lga qo‘yish orqali qishloq va ovullar aholisiga kutubxona xizmati ko‘rsatish vazifasi yuklatildi. 

Yig‘ilishda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi. 

Shu maqsadda 2019-2020 yillarda barcha tumanlarda sendvich panellardan 195 ta tikuv-trikotaj korxonasi tashkil etish belgilangan. Ularni qurish uchun aholi zich yashaydigan, mehnat resurslari ko‘p joylar tanlab olingan. Bu korxonalarni tashkil etish natijasida xotin-qizlar uchun 24 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. 

Prezidentimiz mehnat qilish istagidagi ayollar ish o‘rinlari sonidan ancha ko‘pligini hisobga olib, korxonalarda ishni 2 smenada tashkil etish, ularda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish zarurligini ta’kidladi. 

Yig‘ilishda qayd etilgan 5 tashabbusni keng joriy qilish maqsadida barcha hududlarga mutasaddi rahbarlar mas’ul qilib biriktirildi. Shuningdek, bu vazifalarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari, “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi rahbarlari shaxsan mas’ul va javobgar etib belgilandi.