2018 yil 2 noyabr juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot soati va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI AQSH SAVDO VAZIRINI QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 oktabr kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlari savdo vaziri Uilbur Rossni qabul qildi.Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuv va muloqotlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil may oyida AQSHga rasmiy tashrifi ikki tomonlama ko‘p qirrali munosabatlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarib, strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berdi.AQSH savdo vazirining O‘zbekistonga ilk tashrifi tomonlar erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar doirasida munosabatlarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor va ularning bu boradagi intilishi mushtarak ekanidan dalolat beradi.Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, o‘zaro savdo hajmini oshirish, AQSH yetakchi kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari, ilg‘or texnologiyalari va tajribasini jalb etgan holda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, bank-moliya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini alohida ta’kidladi.AQSHning jahonga mashhur sanoat xoldinglari, moliya-investitsiya korporatsiyalari va banklari rahbarlari va vakillari ishtirokida o‘tgan O‘zbekistonda AQSH biznesi haftaligi tadbirlarining samarali natijalari chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.Uchrashuvda savdo, sanoat va yuksak texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, logistika va transport sohalarida aniq loyiha va dasturlarni ro‘yobga chiqarishda amaliy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.O‘zbekiston bozorida Amerika kompaniyalarining faoliyatini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratishga, jumladan, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish xususida fikr almashildi.AQSH savdo vaziri davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.Shu bilan birga, Uilbur Ross AQSH Prezidenti Donald Trampning geosiyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikka doir barcha masalalarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yuksak ishonch izhor etilgan so‘zlarini yetkazdi. Bundan tashqari, Donald Tramp Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.Uilbur Ross mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hamda AQSH biznesida katta qiziqish uyg‘otayotgan, uning O‘zbekistonda faoliyat yuritishi uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan islohotlar sur’ati va miqyosini yuqori baholadi.O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyorlik bildirildi.

2021 YILGACHA 100 FOIZ ABONENT ELEKTR ENERGIYASINI HISOBGA OLISH VA NAZORAT QILISHNING AVTOMATLASHTIRILGAN TIZIMIGA ULANADI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.Qarorga muvofiq, 2018-2020 yillarda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi hisobi va iste’molini nazorat qilishni takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Yo‘l xaritasiga asosan:
• qiymati 2,6 milliard AQSH dollari bo‘lgan umumiy quvvati 1 984 MVt.ga teng 7 ta investitsiyaviy loyiha amalga oshiriladi;
• yiliga umumiy uzunligi 7,1 ming kilometr bo‘lgan yangi elektr tarmoqlari quriladi va mavjudlari rekonstruksiya qilinadi, 2 500 ta transformator punktlari o‘rnatiladi va modernizatsiya qilinadi;
• Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga 7 million iste’molchi ulanadi, 2021 yil yakuniga qadar ushbu tizimga ulanish qamrovi abonentlar umumiy sonining 100 foizigacha etkaziladi.
“Obod qishloq” Davlat dasturini amalga oshirish uchun jalb qilingan xalqaro moliya institutlari qarz mablag‘larining 100 million AQSH dollaridan kam bo‘lmagan qismi past kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi. ​
JADAL RIVOJLANAYOTGAN IQTISODIYOT UCHUN ZAMONAVIY KADRLAR KERAK
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 oktabr kuni oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Keyingi yillarda oliy ta’limni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Zamonaviy ta’lim standartlari, talabalikka qabul qilishning shaffof tizimi joriy etildi. 2018 yilda umumiy qabul kvotalari o‘tgan yilga nisbatan 30 foiz oshdi.Prezident qarorlari bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha dasturlar professor-o‘qituvchilar va keng jamoatchilik tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.Joriy yilda mamlakatimizda jami 13 ta yangi oliy ta’lim muassasasi, jumladan, Samarqandda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti, Rossiya Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi "Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti"ning Olmaliq shahridagi filiali, Toshkent shahrida Janubiy Koreyaning Puchon universiteti faoliyat boshladi.Davlatimiz rahbarining shu yil 25 sentyabrdagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etildi. Ushbu jamg‘arma chet ellarda faoliyat ko‘rsatayotgan salohiyatli vatandosh olimlar, mutaxassislar va ekspertlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga faol jalb etishga, shuningdek, iqtidorli yoshlarning rivojlangan mamlakatlarda ta’lim olishi, etakchi xalqaro institutlar va xorijiy tashkilotlarda malaka oshirishiga ko‘maklashadi.Joriy yilda ilk bor xalqaro tajribalar asosida oliy ta’lim muassasalarining milliy reytingi yaratildi, ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlari tahlil qilindi. Mazkur tahlil sohada qator muammo va kamchiliklar borligini ko‘rsatdi.Xususan, oliy ta’lim muassasalari qabul kvotasi qamrovi umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga nisbatan 7-9 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 74, Koreya Respublikasida 96 foizdir.Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalarining nufuzi, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati xalqaro ilmiy hamjamiyatda munosib o‘ringa ega emasligi qayd etildi. Ta’lim jarayoniga dunyoda tan olingan fan arboblari, yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni jalb etish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi.Rektor va prorektorlarni tayinlashda professor-o‘qituvchilarning fikri o‘rganilmayotgani oqibatida yangi tayinlangan rahbarning jamoa bilan ishlash samaradorligi yetarlicha bo‘lmayapti.Ilm-fanni rivojlantirish, tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalar ilmiy izlanishlar olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratilmagan.Ta’lim jarayoniga innovatsion metodikalarni joriy etish, o‘quv dasturlarini ishlab chiqarish bilan hamohangligini ta’minlash va eng asosiysi, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish ishlari umuman qoniqarsiz ahvolda.Oliy ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rganish, ularni attestatsiyadan o‘tkazib, akkreditatsiyalash, hujjatlarni nostrifikatsiya qilish tartiblari bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydi.
– Iqtisodiyot shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda oliy ta’lim tizimi taraqqiyotning lokomotivi bo‘lish o‘rniga, zamon bilan hamqadam bo‘lmayotgani achinarlidir. Mehnat bozoridagi tarkibiy o‘zgarishlarga javob beradigan, yoshlarimizga kasb-hunar o‘rgatadigan, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantiradigan tizim yo‘q desak, bu ham achchiq haqiqat, – dedi davlatimiz rahbari.Shu bois sohadagi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni bajarish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Talabalar qabulining soddalashgan tizimini joriy etish orqali qabul jarayonini kvota tizimidan davlat buyurtmasi va tabaqalashgan to‘lov-kontrakt tizimiga o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi. Oliy ta’lim muassasalarining xalqaro nufuzini oshirish, pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik faoliyatini munosib rag‘batlantirish maqsadida markazlashgan moliyalashtirishdan o‘z-o‘zini moliyalashtirish va iqtisodiy mustaqil tizimga o‘tish vazifasi qo‘yildi.Rektorlar va prorektorlarni tayinlashni soddalashtirish, professor-o‘qituvchilar faoliyatini doimiy baholash, manzilli rag‘batlantirish, mas’uliyat va javobgarligini oshirish tizimini yaratish lozimligi qayd etildi.O‘zbekiston rektorlar kengashi faoliyatini ham tubdan takomillashtirish vaqti kelgani ta’kidlandi. Rektorlar malakasini baholash, bunda ularning ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy salohiyatiga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.Davlatimiz rahbari ta’limdagi eng asosiy vazifa talabalar bilimini baholash, o‘quv dasturlari hamda mavjud ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirishdan iborat ekanini ta’kidladi.Xorijda tahsil olayotgan yoshlarning Vatanimizga qaytib kelishiga sharoit yaratish maqsadida xorijiy oliy ta’lim muassasalari diplomlarini tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibini yanada soddalashtirish, oliy ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiyalash jarayonini takomillashtirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini tayyorlash vazifasi yuklatildi.Yig‘ilishda O‘zbekiston – Rossiya ta’lim forumi natijalariga ham e’tibor qaratildi.Ma’lumki, ushbu forum yakunida rossiyalik hamkorlar bilan ta’lim va ilmiy faoliyatga oid 114 ta shartnoma va bitimlar imzolangan. Jumladan, O‘zbekistonda Rossiyaning 6 ta nufuzli oliy ta’lim muassasasi filiali va 2 ta fakultet ochilishi, 52 ta qo‘shma ta’lim dasturi joriy etilishi nazarda tutilgan. Har bir kelishuv bo‘yicha “yo‘l xarita”lari ishlab chiqilgan.Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur “yo‘l xarita”larida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Har bir filial, fakultet va qo‘shma dasturlar bo‘yicha tegishli huquqiy hujjatlarni sifatli ishlab chiqish, tasdiqlash va amaliy ijrosini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Tashkil etilayotgan ushbu fakultetlarni filialga aylantirish choralarini ko‘rish istiqboldagi vazifalardir.
Yig‘ilishda ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar asosida professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyatini mustahkamlash, malakasini oshirish, oliy ta’lim tizimiga ilmiy-texnologik ishlanmalar va axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.Prezidentimiz kelasi yil Rossiyada o‘tadigan navbatdagi forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida hozirdan aniq rejalar belgilab olish zarurligini ta’kidladi.