2019 yil 5 aprel juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

O‘ZARO MANFAATLI HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 24 mart kuni rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga keldi.Tashrifning asosiy tadbirlari 25 mart kuni Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari taomilga ko‘ra, dastlab Abu-Dabi shahridagi shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon maqbarasi va masjidini ziyorat qildi.Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon Birlashgan Arab Amirliklarining birinchi Prezidentidir. U 2004 yili o‘zi qurdirgan mazkur masjid yonida dafn etilgan. Bugungi kunda ushbu masjid va maqbara mamlakat aholisi uchun tabarruk maskanga, xorijiy delegatsiyalar rahbarlari tashrif buyuradigan majmuaga aylangan.Ushbu majmua dunyodagi eng katta masjidlardan biri bo‘lib, qurilish ishlari 1996 yildan 2007 yilgacha davom etgan. Unda bir vaqtning o‘zida 40 ming kishi namoz o‘qishi mumkin.Majmuaga tashrif asnosida shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon ruhiga Qur’on tilovat qilindi.Prezidentimizga masjidning qurilish tarixi, o‘ziga xos me’moriy jihatlari, sayyohlar va ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘zlab berildi.

*Eslatma: Mazkur haftada o‘tkaziladigan “Axborot va murabbiylik soati” mashg‘ulotlarining 2-bosqich  9 aprel – Sohibqiron, buyuk sarkarda Amir Temur (1336-1405) tavallud topgan kun hamda “Temur tuzuklari” asarining bugungi kun uchun ahamiyati haqida talaba-yoshlarga  tushuntiriladi.Haftalikning 3-bosqichida talaba-yoshlarga bahamjihatlik fazilati haqida tushuncha beriladi, 4-bosqichda – talabalarning qaysi bosqichdaligiga qarab oyning boshida berilgan kitoblarning biri haqida fikr-mulohaza yuritiladi. O‘qishga berilgan kitoblarga yakuniy xulosa qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev maqbaraning Ziyoratchilar kitobida dastxat qoldirdi.

Davlatimiz rahbari “Vohat al-Karoma” yodgorligiga gulchambar qo‘ydi.“Qadr-qimmat vohasi” ma’nosini anglatuvchi ushbu yodgorlik Birlashgan Arab Amirliklari ozodligi va birdamligi uchun qurbon bo‘lganlar sharafiga bunyod etilgan. Yodgorlik bir-biriga tayanib turgan 31 blokdan iborat bo‘lib, rahbarlar, harbiylar va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik va qo‘llab-quvvatlash ramzi hisoblanadi.Davlatimiz rahbari yodgorlikning Faxriy mehmonlar kitobida dastxat qoldirdi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi shahrida Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayonni qabul qildi.Uchrashuvda ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash sohasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Bu borada o‘zaro tajriba almashish, delegatsiyalar tashrifini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.Abu-Dabi shahridagi “Qasr al-Vatan” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari davlat madhiyalari yangradi.Ikki davlat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.Shavkat Mirziyoyev samimiy qabul va yuksak ehtirom uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizning diniy-ma’naviy qadriyatlari mushtarak ekani, bu ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmat ruhidagi hamkorlikni rivojlantirishga asos bo‘lishini ta’kidladi.Birlashgan Arab Amirliklari tarixan qisqa davrda – ellik yilda sahro qo‘ynida mo‘jiza yaratib, iqtisodiyot, innovatsiya, savdo, moliya va turizm bo‘yicha dunyo markazlaridan biriga aylanganini, O‘zbekiston shu sohalarda hamkorlik qilish va tajriba almashishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.Muhammad bin Zoid Ol Nahayon O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va davlatning xalqaro nufuzini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.Birlashgan Arab Amirliklari hududi kichik, lekin nufuzi va imkoniyatlari jihatidan katta salohiyatga ega mamlakat. Bu yerda sanoat, tashqi savdo logistikasi, transport, turizm, fuqaro aviatsiyasi, innovatsiya va axborot texnologiyalari, bank va moliya sohalari jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda Amirliklar dunyo mahsulotlarini mintaqaga reeksport qilayotgan asosiy tranzit mamlakatdir.Qulay geografik joylashuv va soliq siyosati mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi kirib kelishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, Amirliklarning o‘zi ham faol tashqi investitsiya siyosati olib bormoqda. 2018 yilda BAA xorijiy davlatlarga 12 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirgan.O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992 yil 25 oktyabrda o‘rnatilgan. Yaqinda ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Favqulodda va muxtor elchisi tayinlandi. Mamlakatimizda BAA investitsiyalari ishtirokida 107 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ushbu mamlakat firma va kompaniyalarining 28 ta vakolatxonasi ochilgan. Ular asosan to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, meva konservalari, poligrafiya, ulgurji savdo, umumiy ovqatlanish tarmoqlari, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida ish olib bormoqda.2018 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi qariyb 400 million dollarni tashkil etgan.Davlatimiz rahbari bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan o‘sgani, lekin tomonlarning salohiyatini hisobga olganda, yetarli darajada emasligini ta’kidladi. Shu bois muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, bank-moliya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.Ushbu tashrif o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonch bildirildi.Joriy yil 12 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – BAA hukumatlararo komissiyasining uchinchi yig‘ilishi natijalari ijobiy baholandi. Hukumatlararo komissiya oldiga yaqin yillarda o‘zaro savdo aylanmasi hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, buning uchun tovar yetkazib berishni ko‘paytirish, xomashyoni qayta ishlash va qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.Ikki mamlakatda ham turizm sohasida ulkan salohiyat mavjud. Amirliklar aholisi buyuk allomalarimiz maqbaralarini ziyorat qilish, tabiatimiz manzaralaridan bahra olishga orzumand. O‘tgan yili BAAdan yurtimizga kelgan sayohatchilar soni 1,5 barobar o‘sdi.Prezidentimizning yaqinda imzolangan farmoniga muvofiq, yurtimizda Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilindi. Bu O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida nafaqat turizmni rivojlantirish, balki savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi bilan BAA o‘rtasida Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Investitsiyalar, moliya, muqobil energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, bojxona ma’murchiligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlik bo‘yicha imzolangan hujjatlar almashildi. Umuman, tashrif doirasida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlarga erishilgani ma’lum qilindi.Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev va Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Samimiy muloqotda siyosat, xavfsizlik, investitsiya sohalari yuzasidan fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, energetika va infratuzilma yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, fan-texnologiya va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar ham ko‘rib chiqildi.Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi davom etmoqda.