2019 yil 26 aprel juma kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Axborot soati: Yuklab olish uchun

QOZOG‘ISTON – YAQIN QO‘SHNIMIZ, ISHONCHLI HAMKORIMIZ VA QALIN SHERIGIMIZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 14-15 aprel kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
O‘zbekiston mustaqillikning ilk kunlaridan Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Qozog‘iston bilan o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidan bordi. Xalqlarimiz nafaqat yaqin qo‘shni, balki qardosh sifatida ko‘p qirrali hamkorlikning barcha masalalari bo‘yicha azaldan bir-birlarini tushunib, qo‘llab-quvvatlab kelgan. O‘tgan yillar davomida bu aloqalar yanada mustahkamlandi, mamlakatlarimiz yaxshi qo‘shni va o‘zaro manfaatli hamkor sifatida taraqqiyot yo‘lidan elkama-elka bormoqda.Davlatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklikni mustahkamlashda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboevning hissasi beqiyos.Prezidentimizning ochiq va pragmatik siyosati, xorijiy davlatlar, avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasidagi tashabbuslari natijasida O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi.Prezidentimizning 2017 yil 22-23 mart kunlari Qozog‘istonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz munosabatlari rivojida tarixiy davrni boshlab berdi. O‘sha yili 16-17 sentabr kunlari Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboevning mamlakatimizga davlat tashrifi oliy darajadagi muloqotlarning izchil davomi bo‘ldi.O‘tgan qisqa vaqtda ikki tomonlama aloqalarda ilgari kuzatilmagan yuqori natijalarga erishildi. Ikki davlat rahbarlarining muntazam uchrashuv va muloqotlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamladi.Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqaevning mazkur davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishda navbatdagi qadam sifatida ikki tomon uchun birdek manfaatlidir.Tashrifning asosiy tadbirlari 15 aprel kuni bo‘lib o‘tdi.Ko‘ksaroy qarorgohida Qozog‘iston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.Prezidentimiz Qozog‘iston Prezidentini O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlab, mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasidagi muloqotlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi.Sizning Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti sifatida O‘zbekistonga ilk davlat tashrifi bilan kelganingizni juda yuksak qadrlaymiz. Biz buni ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining yana bir asosi deb bilamiz. Qozog‘iston bizning yaqin qo‘shnimiz, ishonchli hamkorimiz va qalin sherigimizdir. Biz hech qachon bir-birimizdan ajralmaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.Qozog‘iston Prezidenti taklif uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor qilib, muzokaralar samarali o‘tishiga ishonch bildirdi.Xalqlarimizning tarixi, dini, tili bir, o‘xshash madaniy qadriyatlarga ega. Siz, hurmatli Shavkat Miromonovich va Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev davlatlararo munosabatlarni yuqori bosqichga olib chiqdingiz. Bu sur’atni saqlab qolishni o‘zimning asosiy vazifam deb bilaman. Qozog‘istonda qardosh O‘zbekiston bilan aloqalarga talab juda katta, dedi Qosim-Jomart Toqayev.Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda izchil taraqqiy etmoqda. 1998 yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma, 2013 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma o‘zaro hamkorlikka mustahkam asos bo‘lmoqda.O‘zbekiston bilan Qozog‘iston BMT, SHHT, MDH, IHT, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Qozog‘iston mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT shafe’ligida tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatini qo‘llab-quvvatladi.Prezidentlar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro ahamiyatga molik muhim masalalar yuzasidan fikr almashdi. Jumladan, ikki va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, narkotiklarning noqonuniy muomalada bo‘lishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migratsiya va xalqaro xavfsizlikka tahdid soladigan boshqa xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikda choralar ko‘rishga kelishib olindi.Davlat rahbarlari Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash va ushbu mamlakat bilan uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirish, jumladan, transport kommunikatsiyalari, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladilar.Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida davlat rahbarlari O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham muhokama qildilar.O‘zbekiston va Qozog‘iston rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi kengaytirilgan muzokarada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.Qozog‘iston O‘zbekistonning eng muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan biridir. Keyingi yillarda iqtisodiyotning etakchi soha va tarmoqlarida jadallashgan aloqalar tufayli o‘zaro savdo hajmi 2018 yilda qariyb 50 foiz o‘sib, 3 milliard dollardan oshdi.Tomonlar yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga etkazishga intilishini tasdiqladi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaga savdo aloqalari nomenklaturasini kengaytirish, iqtisodiy hamkorlikning yangi uzoq muddatli shakllarini topish va rivojlantirish vazifasi qo‘yildi.Bu o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga, savdo, investitsiyalar, logistika sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, integratsiyalashgan sanoat texnoparklari, ilmiy-innovatsion klasterlar va erkin iqtisodiy zonalar tashkil etishga xizmat qiladi.Tomonlar 2018 yil noyabr oyida Chimkent shahrida o‘tgan birinchi O‘zbekiston – Qozog‘iston hududlararo hamkorlik forumi va 2019 yil martda Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining birinchi mintaqaviy iqtisodiy forumi yakunlarini ijobiy baholadi.Bugungi kunda yurtimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 336 ta korxona va 16 ta kompaniya vakolatxonasi, Qozog‘iston hududida O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 199 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan savdo, transport-logistika va boshqa xizmatlar ko‘rsatilib, qurilish materiallari hamda keng turdagi xalq iste’moli mollari ishlab chiqarilmoqda.Mamlakatlarimiz avtomobil va temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchi tashishda samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bu muhim kommunikatsiya tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda. O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlaridan tashqi savdo yuklarini tashishda o‘zaro preferensiyalar va qo‘shimcha imtiyozlar joriy etilgani savdo hajmini sezilarli oshirish imkonini bermoqda.Davlat rahbarlari O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish, shuningdek, o‘tkazish punktlarining samarali faoliyatini ta’minlash jarayoni muvaffaqiyatli davom etayotgani, bu ikki mamlakat chegaradosh hududlari aholisining turmush sharoitini salmoqli darajada yaxshilash, transchegaraviy iqtisodiy aloqalar va gumanitar almashinuvlarni jonlantirish, fuqarolarning o‘zaro tashriflarini faollashtirishga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.Tomonlar Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasida mintaqa davlatlarining xalqaro tashkilotlar, moliya va ekologiya institutlari bilan Orol dengizi havzasida muayyan dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.Muzokaralarda transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimizning eksport salohiyati va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.Ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Qo‘shma bayonotni imzoladilar.Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning turli sohalariga oid 10 ga yaqin hujjat imzolandi. Soliq rezidentligini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlarni tan olish tartibi, O‘zbekiston va Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan ikki mamlakat fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida bitimlar, “Markaziy Osiyo” savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini tashkil etish to‘g‘risida memorandum va boshqa sohalarga oid kelishuvlar shular jumlasidandir.Shuningdek, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2019-2020yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan Qozog‘iston Respublikasi Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum qabul qilindi.Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifingda davlat rahbarlari muzokaralar an’anaviy do‘stlik, o‘zaro hurmat, ishonch va ochiqlik ruhida o‘tganini, ikki tomonlama munosabatlarning muhim masalalari, o‘zaro manfaatli mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar muhokama qilinganini alohida ta’kidladilar. Tashrif chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlar, imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz hamkorligini yangi sifat bosqichiga olib chiqishi qayd etildi.Kunning ikkinchi yarmida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumentiga gul qo‘ydi.