O‘zbekiston xalqida bunyodkorlik ruhiyatini bunyod qilgan rahnamo!

O‘zbekiston xalqida bunyodkorlik ruhiyatini bunyod qilgan rahnamo!

2018 yil 1 fevral kuni institut kichik faollar zalida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston xalqida bunyodkorlik ruhiyatini bunyod qilgan rahnamo!” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatida institut rektori S.I.Axmedov, “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi H.N.Normurodov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, badiiy so‘z ustasi X.E.Ziyodovlar ishtirok etishdi. 
Davra suhbatini institut rektori S.I.Axmedov ochib berib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan amalga oshirilgan ishlar va ko‘rsatgan buyuk jasoratlari to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. 
So‘ng so‘z navbati “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi H.N.Normurodovga berildi. U kishi o‘z so‘zida quyidagilarni ta’kidladi:
“O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Olloh sevgan tabarruk insondir. Tarixdan ma’lumki, har bir inson o‘z mehnati bilan ardoqlanadi, ulug‘lanadi. Islom Karimovning tarixiy xizmati ham shundaki, u O‘zbekistonni mustaqillikka, taraqqiyot yo‘liga olib chiqdi, Ona yurtimizni butun jahon hamjamiyatiga tanitdi. Ona yurti, xalqi uchun bel bog‘lab mehnat qildi. Adolat yuzasidan aytish kerakki, Vatan deb atalmish bu ko‘hna zaminda Islom Karimovning sa’y-harakati bilan 1991 yil 1 sentabr Mustaqillik kuni deb e’lon qilindi.
Islom Karimov ham O‘zbekiston Respublikasining Birinchi rahbari sifatida aynan 1989 yil iyun oyidan ish boshlagan. O‘sha paytda, og‘ir bir sharoitda ish olib borgan mamlakatimiz yangi rahbari juda qiyinchilik bilan “o‘zbeklar ishi”, “paxta ishi” bahonasi bilan tahqirlangan o‘zbek millatining g‘ururini tikladi. O‘zbekistonni, xalqimizni mustaqillikka, ozodlikka olib chiqish uchun markaz bilan kurashdi. Markazdan yuborilgan Gdlyan – Ivanov guruhining noqonuniy faoliyatiga chek qo‘ydi. Undan keyin Namanganda mavjud bo‘lgan “Adolat”, “Tavba”, “Islom lashkarlari” kabi norasmiy guruhlarning ta’siriga tushgan kishilarning janjallari ham O‘zbekistonda ijtimoiy muhitni buzishga qaratilgan edi. Shunday bir paytda – markazdan kelgan desantchilar va ichki yovuz kuchlar bilan kurashishning o‘zi bo‘lmadi. Islom Karimov ana shunday qaltis vaziyatlarda o‘ta og‘ir va vazminlik bilan ish yuritib, to‘g‘ri va oqilona yo‘lni tanlab, xalqimizni turli balolardan qutqarib qoldi. Qatag‘on qilinganlar oqlanib, tarixiy siymolar xotirasi tiklandi, tarixiy obidalarga “qayta hayot” bag‘ishladi.
Keyinchalik yuz bergan Farg‘ona – Quvasoy – Toshloq – Qo‘qon – Parkent – Bo‘ka voqealarini bir eslang. O‘sha paytda mamlakat taqdiri qil ustida turardi. Biroq, birinchi rahbar bu dahshatli voqealarni zukkolik va millatlararo muzokara kelishuv yo‘li bilan hal etdi. Aytaylik, birgina Bo‘ka voqealarini u qo‘rqmay, mardlarcha oq otda yurib, to‘da orasiga kirib borib, ovoz kuchaytirgich orqali olomonga murojaat qilib, ularni bu xunrezlikdan qaytardi.
Bunday xunrezliklar bilasiz, mustaqillik e’lon qilinishidan oldin ham, keyin ham ko‘p joylarda bo‘lib o‘tdi. O‘sha paytda O‘zbekistonda bir gugurt chaqilganda edi, Respublika o‘t-olov ichida qolardi. Ammo Islom Karimov mardlik va jasorat ko‘rsatib keyinchalik dahshatli tus olib ketishi mumkin bo‘lgan olov uchqunlarini o‘chirdi.
Davra suhbati davomida institut professor-o‘qituvchilari hamda talabalari so‘zga chiqib, marhum yurtboshimiz to‘g‘risidagi iliq xotiralari bilan o‘rtoqlashdidar.
Davra suhbatidan talabalar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov to‘g‘risidagi ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.