Zulfiyaxonim hayot yo‘li – yoshlarga ibrat

2018 yil 1 mart kuni talabalar turar joyida Zulfiyaxonim tavalludining 103 yilligi munosabati bilan “Zulfiyaxonim hayot yo‘li – yoshlarga ibrat” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatini “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi o‘qituvchisi M.Muratova olib bordi.
Dastlab davra suhbatini “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi o‘qituvchisi M.Muratova ochib berib, taniqli o‘zbek shoirasi Zulfiya hayot yo‘li yoshlarga ibrat maktabi ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga shoiraning hayot yo’li, u yozgan she’riy to‘plamlar haqida fikr yuritib, quyidagilarni bayon etdi.
O‘zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilova 1915 yil 1 mart kuni Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. Shoira xotin-qizlar bilim yurtida o‘qigan vaqtlaridayoq (1931-1934) adabiy to‘garaklarda she’rlar mashq qila boshlagan. 1935-1938 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi. So‘ngra 1938-1948 yillarda Bolalar nashriyotida muharrir, O‘zbekiston Davlat nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, 1950-1953 yillarda esa “O‘zbekiston xotin-qizlari” (“Saodat”) jurnalida bo‘lim boshlig‘i, 1953-1980 yillarda esa bosh muharrir bo‘lib ishlagan.
Zulfiya 17 yoshida “Hayot varaqlari” (1932) deb nomlangan birinchi she’rlar to‘plamini chop ettirdi. Uni “So‘roqlaydi shoirni she’rim” (1960), “Oydin” (1953), “Quyoshli qalam” (1967) kabi ocherk va dostonlari H.Hakimzoda, Oybek, Oydin, Hamid Olimjon kabi ustozlarning yorqin xotiralariga bag‘ishlangan. Uning “Oydinda”, “Sensiz”, “Yurak”, “Bahor keldi seni so‘roqlab” kabi she’rlari mashhur.
Xalqaro “Javoharlal Neru” (1968 yil), “Nilufar” (1971 yil) mukofotlari hamda O‘zbekiston Davlat mukofoti (1970 yil) laureati, shuningdek Bolgariyaning “Krill va Mifodiy” (1972) ordeniga sazovor bo‘lgan.
Davra suhbatida so‘zga chiqqan “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi mudiri L.Y.Shpenyova quyidagilarni qo‘shimcha qildi:  “Zulfiyaxonim o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, ijod uslubi va ovozi bilan el ko’nglidan munosib o‘rin olgan ijodkordir. Shoira o‘zining betakror iste’dodi, Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg‘usini, olijanob, insoniy fazilatlarni yuksak pardalarda tarannum etgan yetuk badiiy asarlari, jo‘shqin ijtimoiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga ulkan hissa qo‘shgan”.
Tadbir bahs-munozaralarga boy, ishchan ruhda o‘tkazilib, ishtirokchilar tadbirdan ko‘zlangan maqsadga erishdilar.