O‘zbekiston Respublikasining BMTga a’zo bo‘lganligining 26 yilligi munosabati bilan davra suhbati

2018 yil 2 mart kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti qurilish fakulteti 1 kurs talabalari bilan “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi, ma’naviyat va ma’rifat va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi hamda fakultet yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining BMTga a’zo bo‘lganligining 26 yilligi munosabati bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatini fakultet yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Z.Melikov olib bordi. “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi dotsenti K.Ganiyev Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishi, ya’ni xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yo‘naltirilgan davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash borasida talabalarga ma’lumot berdi.
“O‘zbekiston tarixi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Q.Nurboyev Prezident Sh.M.Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 72 sessiyasidagi ma’ruzasining mazmun-mohiyati bilan talabalarni tanishtirdi. Shuningdek, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi aloqalar, bu aloqalarning o‘rnatilishi va rivojlanishida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning hissasi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Davra suhbatida faol talabalar ham o‘z fikr-mulohazalari bilan ishtirok etdi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga kafedra professor-o‘qituvchilari atroflicha javob berishdi.