Ayollarimizning baxti - xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir

Biz hayotimizda turli sanalarni bayram sifatida keng nishonlaymiz. Ayniqsa bahor faslida nishonlanadigan bayramlardan dastlabkisi, ko’ngillarimizga go’zallik va xursandchilik, fayzu tarovat olib keladigan  xotin-qizlar bayrami alohida o’rin tutadi. Zero, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 mart kuni O‘zekspomarkazda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali bayram tadbiridagi nutqida ta’kidlaganlaridek: “Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir. Mening tilagim, mening maqsadim bitta – oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘lishsin! Nega deganda, ayollarimizning baxti - xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir”.
Yurtimizda ushbu bayramni keng nishonlash maqsadida  turli tadbirlar o’tkazilib kelinadi va ayollarga ehtirom ko’rsatiladi. Shunday tadbirlardan biri 2018 yil 7 mart kuni institut faollar zalida 8-Mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan  “Ayol borki, olam munavvar” nomli badiiy, musiqiy dastur tashkil etildi. 
Tadbirni ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor I.X.Isakov institut rektorining tabrik so‘zi bilan ochib berdi hamda institut xotin-qizlarini bayram bilan samimiy qutladi. Shundan so‘ng ma’naviyat va ma’rifat va iqtidorli talabalar ishlash bo‘limi boshlig‘i  T.S.Egamov institutda o‘zining faoliyati bilan o‘rnak bo‘layotgan, fidoyi xotin-qizlarni taqdirlash to‘g‘risidagi institut rektorining buyrug‘ini tadbir ishtirokchilariga o’qib berdi, unga ko‘ra institut xotin-qizlarining 45 nafariga Tashakkurnoma hamda 44 nafariga “Faxriy yorliq”lar  topshirildi.
So‘ng tadbirning badiiy qismini ochib berish uchun so’z navbati shoir N.B.Boboqandovga berildi. U kishining munis ayollarga bag‘ishlab bitgan to‘rtliklari tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir davomida institutning “Ulug‘bek yulduzlari” talabalar jamoasi, Yevroaziya guruhi, yosh estrada xonandalari Sanjar Abduraximov, Zarrux Rustamov va arxitektura fakulteti III bosqich talabasi Farxod Masariddinovlarning kuy-qo‘shiqlari va badiiy chiqishlari  tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi.
Qolaversa, institut xotin-qizlarini bayram arafasida moddiy qo’llab-quvvatlash maqsadida institutda faoliyat yuritayotgan 298 nafar xotin-qizlarga pul mukofotlari va esdalik sovg’alari taqdim etildi. Bundan tashqari, 8-Mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan Samarqand viloyat hokimligi tomonidan “Diyora” hamda “Temurshoh” restoranida yozilgan bayram dasturxoniga institutdan 8 nafar xotin-qizlar, San’at kolleji qoshidagi Konsert zalida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida 10 nafar xotin-qizlarining ishtiroki ta’minlandi.