“O‘zbek xalqi xotirasida mangu barhayot inson”

“O‘zbek xalqi xotirasida mangu barhayot inson”

          Zamonlar o‘taveradi. Yillar bir nafas yanglig‘ mangulik qa’riga singib ketaveradi. Tog‘lar yemiriladi, daryolar chekinadi. Ammo odamzodning Vatan ravnaqi, xalq baxtini o‘ylab qilgan ezgu ishlari mangu qolaveradi... shunday ezgu ishlarni qilgan insonlar xalqning qalbida hamda tarixida abadiy yashaydi...
     O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti, mustaqillik bunyodkori bo‘lmish  Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan 2018 yil 26 yanvar kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti kichik faollar zalida “Islom Abdug‘aniyevich Karimov buyuk davlat va siyosat arbobi” mavzusida talaba-yoshlar, professor-o‘qituvchilar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
          Tadbir institut Kasaba uyushmalari qo‘mitasi, institut yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti hamda institut ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirni  institut Kasaba uyushmalari qo‘mitasi raisi A.Axunjanov  ochib berdi va o‘z so‘zida quyidagilarni ta’kidladi.
Xalqimiz, yurtdoshlarimizning o‘z Prezidentiga bo‘lgan cheksiz hurmat-ehtiromiga sabab ularning yuksak martabalari emas, balki tom ma’noda elim deb, yurtim deb yonib yashaganliklari va davlat rahbari sifatida amalga oshirgan tarixiy ishlaridir. Birinchi Prezidentimiz o‘z chiqishlarining birida “Men o‘zimning butun hayotim, umrimning ma’no-mazmunini mana shu buyuk xalqning baxtu-saodati yo‘lida baxsh etishda deb bilaman. Men uchun bundan boshqa hayot, bundan boshqa maqsad yo‘q” - deya ta’kidlagan edilar. Bu so‘zlarning ayni haqiqat ekanini Prezidentimiz Islom Karimov o‘zlarining amaliy ishlari bilan isbotladi.So‘ng tadbir ishtirokchilariga “Islom Karimov Mustaqil O‘zbekiston asoschisi” nomli film namoyish etildi. Film yakunida talaba-yoshlar film haqidagi taassurotlari hamda marhum yurtboshimiz haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
         Mustaqillik hech qaysi xalq, hech qaysi millat tarixida osonlik bilan qo‘lga kiritilgan emas. Bu haqiqatni chuqur anglaydigan xalqimiz istiqlolimizning qo‘lga kiritilishida Islom Abdug‘aniyevich Karimovning hissasini beqiyos deb biladi. Davlatimiz rahbarining shu kurashdagi fidoyiligi, jasorati bizga ibrat bo‘la oladi. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, mehribon va samimiy ota Islom Karimovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.