Skip to main content

Institut Nizomi

Institut nizomi. Ustav

1.1. Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti, O’zbekiston Respublikasi Ministrlar Sovetining 1966 yil 11-iyuldagi 367-sonli qarori asosida tashkil qilingan.
1.2. Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti (keyingi o’rinda matnda Institut deb yuritiladi)  O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining (keyingi o’rinda matnda Vazirlik deb yuritiladi)  tashkiliy tuzilmasiga kiradi.
 Institut davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, oliy ta’limning asosiy va qo’shimcha ta’lim dasturlarini bajarish bo’yicha ta’lim faoliyati bilan shug’ullanadi, shuningdek, O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq o’quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot  hamda boshqa faoliyatni amalga oshiradi va ta’lim xizmatlarini ko’rsatadi.
1.3. Institut o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni, Kadrlar tayorlash milliy dasturi, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Vazirlikning normativ-huquqiy hujjatlari, buyruqlari va Hay’at qarorlari, shuningdek  mazkur Ustavga amal qiladi.
1.4. Institut yuridik shaxs hisoblanadi. Operativ boshqaruvida o’ziga xos mol-mulkka ega va ushbu mol-mulk bo’yicha o’z majburiyatlariga muvofiq javob beradi,  o’z nomidan mol-mulk sotib olishi va mulkiy hamda nomulkiy huquqlarni amalga oshirish, zimmasiga majburiyat olishi, sudda da’vogar va javobgar bo’lishi mumkin.
Mustaqil balansga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa hisob raqamlariga, shu jumladan valyuta bo’yicha hisob raqamlariga, O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o’z nomi yozilgan muhrga, shtamplar va boshqa rekvizitlarga ega.
Institut joylashgan manzil:  140147,  Samarqand sh., Lolazor ko’chasi,70-uy.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to’liq nomi - " Mirzo Ulug’bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti ";
qisqartirilgan nomi - "SamDAQI”;
b) rus tilida:
to’liq nomi – Samarkandskiy gosudarstvennыy arxitekturno-stroitelnыy institut imeni Mirzo Ulugbeka;
qisqartirilgan nomi – “SamGASI”;
v) ingliz tilida:
to’liq nomi - " Samarkand state architectural and civil engineering institute named after Mirzo Ulugbek”;
qisqartirilgan nomi - " SamSACEI”

2.1. Institutning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikasion texnologiyalarni qo’llash asosida bozor iqtisodiyoti talablariga mos raqobatbardosh, yuqori malakali  kadrlar tayyorlash;
         - shaxsning intellektual, madaniy va ma’naviy - ahloqiy kamol topishiga bo’lgan ehtiyojlarini oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ma’lumot olishi orqali erishishni qondirish;
         - har tomonlama rivojlangan va sodiq shaxsni, mustaqil davlat fuqarosini, o’z Vatani fidoyisi, xalq, jamiyat va oila oldidagi o’z mas’uliyatini his qiluvchi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qiluvchi, halq an’analarini boyituvchi va mustahkamlovchi, Vatanimiz kelajagi uchun vijdonan va halol mehnat qiluvchi etib shakllantirish;
         - ilmiy-pedagogik xodimlar va ta’lim oluvchilarning tadqiqotlari va ijodiy faoliyatlari orqali fanni taraqqiy ettirish, olingan natijalardan ta’lim va iqtisodiy islohatlar jarayonlarida foydalanish;
         -iqtisodiyotning muvofiq sohalaridagi oliy ma’lumotli mutaxassislarni, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari ilmiy - pedagogik  kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
         - jamiyatning ahloqiy, madaniy va ilmiy qadriyatlarini saqlash va boyitish;
         -  aholi o’rtasida bilimlarni tarqatish, uning ma’naviy-ma’rifiy va madaniy darajasini oshirish;
         - byudjet va byudjetdan tashqari mablag’lardan oqilona foydalanish asosida o’quv va ilmiy-tadqiqotlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish;
         - talabalar va xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, ularga moddiy yordam ko’rsatish.

a) Talabalar:

3.1. Institut rektorining buyrug’i bilan o’qishga qabul qilingan shaxs Institutning talabasi hisoblanadi. Talabaga talabalik guvohnomasi  hamda  reyting daftarchasi  bepul beriladi.
Institutning qonunchilikda belgilangan tartibda umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy (ikkinchi va keyingi ta’lim) ma’lumotiga ega bo’lgan shaxslar arizalariga binoan  O’zbekiston Respublikasi  oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish tartibi va qoidalariga muvofiq O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo’yicha Davlat komissiyasi tomonidan test sinovlari natijalariga ko’ra to’plangan ballarning reyting tizimi bo’yicha amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha shaxslar uchun  (ham grantlar, ham to’lov-kontrakt bo’yicha) teng huquqlilik,  yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to’plagan abituriyentlarning davlat grantlari bo’yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abituriyentlar test ballari reytingi asosida belgilangan to’lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar. Qonunchilikka muvofiq test sinovlarisiz muayyan imtiyoz asosida ham o’qishga qabul qilish kafolatlanadi.

3.2. Institutning talabalari quyidagi huquqlarga ega:

- fan, texnika, zamonaviy texnologiyalar yutuqlariga mos keluvchi bilimlar olish;
- oliy ta’lim muassasasi axborot resurs markazida mavjud bo’lgan kitoblar, davriy nashrlar, elektron ta’lim vositalaridan belgilangan tartibda bepul foydalanish;
-  bepul maslahatlar va yo’l-yo’riqlar olish;
- auditoriyalar,  ta’lim jarayoniga oid o’quv texnik vositalardan o’rnatilgan tartibda bepul foydalanish;
- ta’lim jarayoni samaradorligi va ta’lim sifatini oshirish yuzasidan o’z taklif-mulohazalarini, tanqidiy fikrlarini belgilangan tartibda ta’lim muassasasi, dekanat va kafedra raxbariyatiga  bildirish va ularni ko’rib chiqilishini talab qilish;
- oliy ta’lim muassasasi va fakultet miqyosida o’tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarida ishtirok etish;
- ilmiy tadqiqot ishlarida va ilmiy konferensiyalarda o’rnatilgan tartibda faol qatnashish;
- oliy ta’lim muassasasida qonuniy ravishda faoliyat yuritayotgan jamoat birlashmalariga a’zo bo’lish;
- o’qishdan tashqari vaqtlarda ma’naviy-ma’rifiy, ta’mirlash, qurilish, ko’kalamzorlashtirish, qishloq xo’jalik va boshqa jamoat mehnatlarda, qonunchilikka zid bo’lmagan ishlarda ishtirok etish.
Talaba sifatli va yuqori saviyada bilim olishi, tanlagan ixtisosligi bo’yicha yuqori malakali mutaxassis bo’lib yetishish uchun zarur bo’lgan qonun hujjatlariga zid bo’lmagan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.
Talaba o’z huquqlarini suiste’mol qilmasligi, bu huquqlardan o’zga shaxslar manfaatiga zid maqsadlarda foydalanmasligi shart.
3.3. Davlat grantlari va to’lov-kontrakt asosida o’qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shaklida ta’lim olayotgan talabalar  O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib va miqdorda stipendiya bilan ta’minlanadilar.
Talabalar tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga asosan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi va Beruniy,  Navoiy, Ulug’bek nomidagi Davlat stipendiyalari, hamda R.R.Abdurasulev va T.Sh.Shirinqulov nomidagi nomdor stipendiyalar, o’qishga yo’llagan yuridik va jismoniy shaxslar tayinlagan stipendiyalarni olish huquqiga egadirlar.
3.4. O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq kunduzgi o’quv shaklida ta’lim olayotgan talabalarga oliy ta’lim muassasasida o’qiyotgan vaqti davomida harbiy xizmatga chaqirish muddatini kechiktirish imkoni beriladi.
3.5. Oliy ta’lim muassasasining Talabalar turar joyiga muhtoj talabalar oliy ta’lim muassasasining talabalar turar joylaridan sanitariya me’yorlari va qoidalariga javob beradigan joy bilan ta’minlanadi. Talabalar turar joylarida to’laydigan to’lovlarning hajmi kommunal-maishiy xizmatlar uchun to’lovlarni inobatga olib, oliy ta’lim muassasasi tomonidan  belgilanadi. Turar joyga muhtoj talabalar mavjud bo’lgan holda, oliy ta’lim muassasasining talabalar turar joylari maydonidan boshqa maqsadlarda foydalanish (ijaraga berish, boshqa kelishuvlar)ga ruxsat etilmaydi.
Institutning talabalari o’qishdan bo’sh vaqtlarida o’rnatilgan tartibda mehnat faoliyati bilan shug’ullanish huquqiga ega.
  3.6. Institutdan chetlashtirilgan talaba O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan talabalar o’qishini ko’chirish, qayta tiklash va o’qishdan chetlashtirish tartibi va qoidalari asosida qayta o’qishga tiklanilishi mumkin.
Ilgari oliy ta’lim muassasasidan ma’muriyatning tashabbusi bilan chetlashtirilgan shaxslarni, barcha o’quv shakllari bo’yicha talabalar safiga qayta tiklash to’lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Institutning talabalari belgilangan tartib va qoidalar asosida  o’qishini ko’chirish (o’qishga qayta tiklash) huquqiga ega.
O’zbekiston Respublikasi hududida ta’lim faoliyatini olib borish uchun lisenziyaga ega bo’lmagan nodavlat oliy ta’lim muassasalari va boshqa mamlakatlar oliy ta’lim muassasalarining filiallari (markazlar, bo’limlar,  o’quv-maslahat  punktlari  va  boshqalar)dan  talabalarni Institutga o’qishini ko’chirish (o’qishga tiklash) taqiqlanadi.
3.7. Institut talabalari oliy ta’limning davlat standartlari, o’quv dasturlari va rejalarida nazarda tutilgan  bilimlarni egallashlari, topshiriqlarning barcha turlarini belgilangan muddatda bajarishlari  zarur hamda Institutning Ustaviga, Ichki tartib qoidalari, odob-ahloq qoidalari va Talabalar turar joylari qoidalariga rioya etishlari shart.
O’zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, talabalarni o’qish vaqti hisobidan ta’lim jarayoni bilan bog’liq bo’lmagan ishlarga jalb etish ma’n etiladi.
3.8. Ushbu Ustav, Institutning Ichki tartib va odob-ahloq qoidalari hamda Talabalar turar joylari qoidalarida nazarda tutilgan majburiyatlarni   buzgan taqdirda talabaga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari ko’riladi: hayfsan hamda talabalar safidan chetlatish.
  Talaba Institutdan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:
a) o’z xohishiga binoan;
b) o’qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko’chirilishi munosabati bilan;
v) salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
g) akademik o’zlashtira olmaganligi (qarzdorligi) uchun;
d) o’quv intizomini va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
ye) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
j) o’qish uchun belgilangan to’lov o’z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli;
z) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
i) vafot etganligi sababli.

Harbiy xizmatni o’tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug’ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida talabaga Vazirlik tomonidan tasdiqlangan tartib asosida akademik ta’til berilishi mumkin.
Institut ma’muriyati tashabbusi bilan (“d”, “ye”, “j”) talabalarni o’qishdan chetlashtirish talabalar kasaba uyushmasining yozma roziligini inobatga olgan holda (kasaba uyushmasi a’zosi bo’lgan talabalar uchun) amalga oshiriladi. Shuningdek, talaba mazkur Ustavning 3.8-bandi “d” kichik bandiga ko’ra chetlashtirilayotgan holda, Institutning "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati boshlang’ich tashkiloti bilan ham kelishilishi mumkin.
Intizomiy jazoga tortilayotgan talaba o’ziga qo’llanilgan jazo chorasining qonuniyligi va adolatligi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Institut rektori, Vazirlikga yoki sudga murojaat etishi mumkin.
Talaba Institutdan chetlashtirilganda, unga shaxsiy hujjatlari, belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma topshiriladi va ularning nusxasi shaxsiy yig’majildda saqlanadi.
Intizomiy jazo choralar talabalarning kasallik yoki ta’tilda bo’lgan vaqti hisobga olinmagan holda xatti - harakat aniqlangandan so’ng bir oydan va hatti - harakat sodir etilganidan so’ng olti oydan kechiktirilmay qo’llaniladi. Talabalar kasallik paytida, akademik ta’til yoki homiladorlik va tug’ish holati bilan bog’liq bo’lgan ta’til paytlarda talabalarga intizomiy jazo choralarini ko’rish ma’n etiladi.
Talaba kasal bo’lganligi o’zi yoki uning ota-onasi tomonidan yozma ariza bilan bevosita dekanatga, odatda, bir haftadan kechiktirilmasdan ma’lum qilinadi.

b) Tinglovchilar:

3.10. Institut huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida o’qiyotgan shaxslar tinglovchilar hisoblanadi.
Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tartibi, tinglovchilarni o’qitish shartlari va huquqlari qonun hujjatlariga muvofiq tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.

v) Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar:

3.11. Institutning katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilari  sifati muayyan yo’nalish bo’yicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertasiya tayyorlayotgan shaxslar hisoblanadi.
Oliy ma’lumotli mutaxassis yoki magistr diplomiga ega, kamida ikki yillik pedagogik stajga ega bo’lgan oliy ta’lim muassasasining katta ilmiy xodim-izlanuvchilar oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun ilmiy tadqiqot ishini olib borayotgan shaxs – katta ilmiy xodim-izlanuvchi hisoblanadi.
Asosiy ish joyidan ajralmagan holda oliy ta’lim muassasasiga (kafedraga) biriktirilgan va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertasiya tayyorlayotgan shaxs – mustaqil izlanuvchi hisoblanadi.

3.12. Institut katta ilmiy xodim-izlanuvchilar safiga oliy ma’lumotli mutaxassis diplomiga yoki magistr darajasiga ega bo’lgan, ilmiy izlanish olib borish qobiliyatini namoyon eta olgan shaxslar uch yillik muddatga qabul qilinadilar.

Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida o’qish ishlab chiqarishdan ajralgan holda amalga oshiriladi, ammo katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida o’qish davrida pedagogik faoliyat bilan shug’ullanish mumkin. Ishlab chiqarishdan ajralgan holda katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida o’qish uch yildan oshmasligi kerak. Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga kirishda oliy ma’lumotli mutaxassislik diplomi yoki magistrlik va bakalavrlik diplomlarini, shuningdek, mehnat daftarchasini ham taqdim etish lozim.
Institut katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga doktorlik dissertasiyasiga asos bo’la oladigan salmoqli ilmiy yutuqlarga erishgan, fundamental tadqiqotlarni yuksak saviyada olib borish va muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lgan ilmiy muammolarni hal qilishga qobiliyatli, magistr akademik darajasi bilan kamida ikki yillik pedagogik ish stajiga ega bo’lgan yoki fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo’lgan iste’dodli ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlar qabul qilinadi.
Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida o’qish muddati ikki yildan uch yilgacha hisoblanadi.
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutidan tashqari, mustaqil izlanuvchilik shaklida ham amalga oshirilishi mumkin.
Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchilikka «bakalavr» yoki «magistr» darajasi bilan oliy ma’lumotga, 5 yildan kam bo’lmagan amaliy ish stajiga ega bo’lgan, ilmiy izlanishlarga layoqati mavjud, belgilangan talablarga mos keladigan ma’lum ilmiy yutuqlarga (ixtiro uchun patentlar, ilmiy maqolalar, ilmiy-texnologik ishlanmalarda qatnashish va boshqalar) ega bo’lgan, doktorlik dissertasiyasi ustida mustaqil izlanishlar olib borayotgan, fan va texnikaning dolzarb muammolari hamda nazariy masalalari bo’yicha ilmiy tadqiqotlari yuzasidan salmoqli natijalarga erishgan, shuningdek, tegishli fan va texnika sohasida chuqur bilimlarga ega bo’lgan shaxslar da’vogarlik qilishlari mumkin.
Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar institutiga qabul qilish, tugatish, shuningdek, dissertasiya ustida ishlayotganliklari uchun imtiyozlar berish, ularning huquq va majburiyatlarini belgilash kabi masalalar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestasiyadan o’tkazish tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi PF-4456-sonli Farmoni va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi “Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni attestasiyadan o’tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 365-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
3.13. Institutda professor-o’qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar, muhandislik - texnika, ma’muriy - xo’jalik, ishlab chiqarish, o’quv - yordamchi va boshqa xizmatchilar lavozimlari mavjud.
3.14. Professor - o’qituvchilar lavozimlariga ishga qabul qilish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 16 fevral 20-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy talim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to’g’risida”gi  Nizomga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 9 mart F-137-sonli farmoyishiga muvofiq oliy ta’lim muassasasining prorektorlari rektor tavsiyasiga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan O’zbekiston  Respublikasi  Prezidenti devoni bilan kelishilgan  holda  tayinlanadi. Fakultet dekani Vazirlik bilan kelishilgan holda ta’lim muassasasi rektorining buyrug’i asosida tayinlanadi.
3.15. Institutning professor-o’qituvchilari va ilmiy xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
- belgilangan tartibda oliy ta’lim muassasasi va fakultet Kengashlariga saylash va saylanish;
- oliy ta’lim muassasasining faoliyatiga taalluqli masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
- oliy ta’lim muassasasining axborot-resurs markazi, o’quv va ilmiy bo’linmalarning xizmatlaridan, shuningdek, ijtimoiy-maishiy, tibbiy va boshqa bo’limlar xizmatidan jamoa shartnomasiga muvofiq foydalanish;
- o’qitishning uslub va vositalarini tanlash, o’quv va ilmiy jarayonning yuqori sifatini ta’minlovchi ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
- oliy ta’lim muassasasi ma’muriyatining buyruq va farmoyishlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat  qilish;
- qonunchilikda belgilangan tartibda vakant professor-o’qituvchi lavozimlariga e’lon qilingan tanlovlarda qatnashish;
- o’zlari ishlayotgan kafedra, fakultetdan tashqari boshqa fakultet, kafedra, tashkilotlarda o’rindoshlik asosida ishlash (asosiy ish joyi bilan kelishilgan holda);
- xorijiy hamkasblarning sohaga doir ilmiy va o’quv-uslubiy  adabiyotlari bilan tanishish va ular bilan fikr almashish;
-  o’z fani bo’yicha sifatli darsliklar va o’quv qo’llanmalar tayyorlash;
- nazariy bilimlarini amaliy tajribasini, ilmiy tadqiqot olib borish uslubini, pedagogik mahoratini takomillashtirib borish;
- talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;
- grantlar, ilmiy loyihalar, xo’jalik shartnomalarida ishtirok etish;
- O’zbekiston Respublikasining ta’lim sohasiga oid qonunchiligida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.
3.16. Institutning professor-o’qituvchilari va ilmiy xodimlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
- ta’lim to’g’risidagi qonunchilik, mehnat va texnologiya intizomi, muassasa Ustavi, Ichki mehnat tartibi va odob-ahloq qoidalariga qat’iy rioya qilish; o’zining xizmat vazifalarini vijdonan bajarish va o’qituvchilik sha’niga dog’ tushirmaslik;
- ish jarayonida muloqat qiladigan muassasa xodimlari, talabalari va boshqa shaxslar bilan hushfe’l munosabatda bo’lish;
- ish beruvchining qonuniy farmoyishlarini bajarish, har yili tasdiqlanadigan shaxsiy ish rejasi asosida o’quv-uslubiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni o’z vaqtida va sifatli bajarish, xususan:
       a) o’quv yuklamalari hajmini, o’quv-uslubiy, ilmiy, o’quv-tashkiliy ishlarni tasdiqlangan shaxsiy ish rejasi asosida bajarish va ma’naviy-ma’rifiy ishlarda ishtirok etish;
       b) darslik, o’quv qo’llanma va boshqa o’quv abadiyotlar, ilmiy maqolalar, monografiyalar yozish;
       v) tarbiyaviy  ishlarni  olib borish, talabalar  bilan  ma’naviy-ma’rifiy ishlarda, shu jumladan, darsdan tashqari vaqtlarda o’tkaziladigan tadbirlarda bevosita ishtirok etish;
       d) Kengash tomonidan tasdiqlangan kafedra ilmiy mavzularida ishtirok etish;
       e) o’z malakasini muntazam ravishda oshirish;
- akademik lisey va kasb-hunar kollejlari uchun hamkorlikda yangi avlod o’quv adabiyotlari, o’quv-uslubiy majmualar yaratishda ishtirok etish;
- akademik lisey va kasb-hunar kollejlarida ochiq va muammoli mashg’ulotlar hamda “master       klass”lar o’tkazish;
- o’rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimi muassasalarida o’tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarida ishtirok etish;
- o’rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimi muassasalarida zamonaviy axborot-kommunikasiya hamda pedagogik texnologiyalar asosida ta’lim sifatini oshirishga ko’maklashish;
- mehnatni muhofaza qilish texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasiga doir qoidalariga  rioya qilish;
- muassasaning mol-mulkini avaylash, undan oqilona foydalanish;
- ish beruvchiga bevosita yetkazilgan xaqiqiy moddiy zararni qoplash;
- muassasa  jamoatchilik  ishlarida qatnashish;
- pedagogik va ilmiy jarayonning samaradorligini ta’minlash;
- zamonaviy sivilizasiya va demokratiya sharoitida ta’lim oluvchilarning tanlagan yo’nalishi (mutaxassisligi) bo’yicha yuksak kasbiy tayyorgarlikni, mehnatga bo’lgan qobiliyatni shakllantirish;
- chet tillari va axborot texnologiyalaridan savodxonligini oshirib borish;
- ta’lim oluvchilarda mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyatni shakllantirish;
- “Ustoz-shogird” tizimida ishtirok etib, o’ziga biriktirilgan shogirdlar bilan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;
- o’zining odobi, madaniyati, ma’naviy saviyasi bilan o’rnak bo’lish;
-  qiyinish madaniyatiga  rioya etish;
- respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va jahonda ro’y berayotgan yangiliklardan  xabardor bo’lish;
- muassasa, fakultet, kafedra tomonidan tashkil etiladigan madaniy, ma’naviy, ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish;
- o’zi o’qitadigan fan dasturini muntazam fan va texnika yutuqlari asosida boyitib borish;
- darslarni yuqori saviyada o’tish;
- fan yo’nalishiga tegishli yangi manbalarni topish va ular bilan talabalarni tanishtirib borish;
- har o’quv yili boshlangunga qadar o’zi o’qitadigan
fan(lar)ning ishchi o’quv dasturi, kalendar rejasi va reyting nazoratlari jadvalini ishlab chiqish va kafedra majlisida tasdiqlash;
- reyting tadbirlarini o’z vaqtida o’tkazish;
- talabalar bilimini xolisona baholash;
- yangi pedagogik texnologiyalarni dars jarayonida qo’llash;
- ilmiy salohiyat va pedagogik mahoratini oshirish;
- talabalar ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;
- xo’jalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish hamda pullik ta’lim va servis xizmatlarini ko’rsatish;
- oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol qatnashish;
3.17. Institut xodimlarining chet el xizmat safarlari Vazirlik tomonidan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalaridan xorijiy safarlarga borish tartibi to’g’risida”gi muvaqqat Yo’riqnoma asosida amalga oshiriladi.
3.18. Institutda  professor-o’qituvchilarning uch yilda kamida bir marotaba malakasini oshirilishi  ta’minlanadi.
3.19. Institut  xodimlarining huquq va majburiyatlari Institutning Ustavi, Ichki tartib va odob-ahloq qoidalari hamda lavozim yo’riqnomalari bilan belgilanadi.

4.1.  Institut quyidagi yo’nalish va mutaxassisliklar bo’yicha oliy ta’lim va oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limning asosiy ta’lim dasturlari, qo’shimcha ta’lim (kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish)ning dasturlarini amalga oshiradi:

1) bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo’yicha:

a) ishlab chiqarishdan ajralgan holda (bakalavriat) o’quv shakli quyidagi yo’nalishlar:
         5340100- Arxitektura (turlari bo’yicha)
         5150900 - Dizayn (interyer)
         5150900-Dizayn (landshaft)
         5341000-Qishloq hududlarini arxitektura-loyihaviy tashkil etish
         5111000-Kasb ta’limi (tasviriy san’at va muhandislik grafikasi)
         5340200-Bino va inshootlar qurilishi (sanoat va fuqaro binolari qurilishi)
         5340500-Qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish
         5340800-Avtomobil yo’llari va aerodromlar
         5111000-Kasb ta’limi (5340200 - Bino va inshootlar qurilishi)
         5340400-Muhandislik kommunikasiyalari qurilishi va montaji (suv ta’minoti va kanalizasiya)
         5340400-Muhandislik kommunikasiyalari qurilishi va montaji (Issiqlik, gaz ta’minoti va ventilyasiya)
         5311500-Geodeziya, kartografiya va kadastr (geodeziya)
         5311500-Geodeziya, kartografiya va kadastr (bino va inshootlar kadastri)
         5111000-Kasb ta’limi (5340400-Muhandislik kommunikasiyalari qurilishi va montaji)
         5610100-Xizmatlar sohasi (Uy-joy va kommunal, maishiy xizmatlar)
         5230200-Menejment (tarmoqlar va sohalar bo’yicha)
         5340900-Ko’chmas mulk ekspertizasi va uni boshqarish
         5340300-Shahar qurilishi va xo’jaligi
b) ishlab chiqarishdan ajralmagan holda (bakalavriat) o’quv shakli mavjud emas.
v) magistratura mutaxassisliklari:
         5A340101-Bino va inshootlar arxitekturasi (inshootlar turi bo’yicha)
         5A340102-Arxitektura nazariyasi va tarixi, arxitektura yodgorliklarini tiklash
         5A340103-Shaharsozlik va qishloq aholi yashash joylarini kompleks qurish
         5A340104-Landshaftlar arxitekturasi
         5A340201-Bino va inshootlar qurilishi (energiya samarali binolarni loyihalash)
         5A340401-Suv ta’minoti, kanalizasiya, suv    resurslarini muhofaza qilish va   ulardan samarali foydalanish
         5A340501-Qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish
         5A311502-Geodeziya va kartografiya (amaliy geodeziya)
         5A340302-Shaxar transport xo’jaligi va aloqa yo’llari
         5A340403-Issiqlik-gaz ta’minoti, ventilyasiya, havoni mo’tadillash va havo havzasini muhofaza qilish
         5A630104-Oqova suvlarni tozalash va suv resurslarini muhofaza qilish
Institutda kadrlar iste’molchilari talablari asosida Vazirlikning buyrug’i bilan yangi yo’nalish va mutaxassisliklar bo’yicha kadrlar tayyorlanishini tashkil etishi mumkin.
4.2. Institut ta’limning asosiy ta’lim dasturlarini ikki bosqichda amalga oshiradi: bakalavriat va magistratura.
Bakalavriat - ta’lim yo’nalishi bo’yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, o’qish muddati 4 yildan kam bo’lmagan tayanch oliy ta’limdir.
Bakalavr dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestasiyasi yakunlari asosida ta’lim yo’nalishi bo’yicha «bakalavr» darajasi beriladi hamda davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
Magistratura - yo’nalishning muayyan  mutaxassisligi bo’yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, bakalavriat negizida, o’qish muddati 2 yildan kam bo’lmagan oliy ta’limdir.
Magistr dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestasiyasi yakunlari asosida tayyorlangan muayyan mutaxassislik bo’yicha «magistr» darajasi beriladi va davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
Bakalavr va magistrlik davlat namunasidagi diplom uning egalariga kasbiy faoliyat bilan shug’ullanish yoki tanlangan ta’lim yo’nalishiga va mutaxassisligiga muvofiq ta’lim muassasalarining navbatdagi bosqichlarida  o’qishni  davom  ettirish  huquqini  beradi.
Oliy ta’limning turli bosqichida asosiy ta’lim dasturlari bo’yicha dastlabki ta’lim olish, ikkinchi oliy ta’lim olish sifatida qaralmaydi.
4.3. Institutda  ta’lim jarayonini tashkil etish, tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladigan va o’rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan o’quv rejalari va fanlarning dasturlari, Institut rektori tomonidan tasdiqlangan yillik o’quv jarayoni jadvali hamda mashg’ulotlar jadvali bilan tartibga solinadi.
Ta’lim jarayonini maqsadli yo’naltirish yo’li bilan tashkil etish, ya’ni ta’lim shakllari, uslub va vositalarni tanlash yo’li bilan Institut talabalariga oliy ta’limning asosiy kasbiy ta’lim dasturlarini o’zlashtirish uchun zaruriy sharoitlarini yaratib berilishi lozim.
Ta’lim-tarbiya jarayonining birligi Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlari bilan ta’minlanadi.
4.4. Institutda o’quv mashg’ulotlarining quyidagi asosiy turlari belgilangan: ma’ruza, konsultasiya, seminar, amaliy mashg’ulot, laboratoriya ishi, yakka mashg’ulot (amaliy ijrochilik bilan bog’liq bo’lgan san’at yo’nalishlarida), nazorat ishi, kollokvium, mustaqil ish, amaliyot, kurs loyihasi (kurs ishi), bakalavrlik bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertasiyasi.
Auditoriya mashg’ulotlarining barcha turlari uchun 45 (yoki 40 minutlik tanaffussiz qo’shma ma’ruza) daqiqalik akademik soat belgilangan. O’quv mashg’ulotlari orasidagi tanaffus kamida 10 daqiqa bo’ladi.
Ta’lim va tarbiya olib boriladigan tillar: o’zbek, rus hamda ingliz tillari hisoblanadi.
4.5. Institutda kadrlar tayyorlash ishlab chiqarishdan ajralgan holda olib boriladi.
Oliy ta’limning asosiy kasbiy ta’lim dasturi doirasida ta’lim olishning barcha shakllari uchun o’rnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va “Uzstandart” agentligida davlat ro’yxatidan o’tkazilgan  davlat ta’lim standarti qo’llaniladi.
4.6. Institutda o’quv yili ikki semestrga bo’linadi va uning har birida talabalarning o’zlashtirishi reyting nazorati shaklida olib boriladi.
O’zlashtiruvchi talabalarni kursdan kursga o’tkazish fakultet dekanining tavsiyasiga binoan rektor buyrug’i bilan amalga oshiriladi. Talabalarni kursdan kursga shartli o’tkazish mumkin emas.
Oliy ta’limning ta’lim dasturlarini o’zlashtirish, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan va Adliya vazirligidan davlat ro’yxatidan o’tkazilgan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to’g’risidagi nizom”ga muvofiq tartibga solinadi, “O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestasiyasi to’g’risidagi nizom”ga asosan bitiruvchilarning yakuniy attestasiyasi bilan tugallanadi.
4.7. Institutda ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalari, ta’limni individuallashtirish va mustaqil ta’lim olish vositalarini, modul tizimi hamda masofaviy ta’lim berishni qo’llash hisobiga mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga yo’naltirilgan ilmiy-uslubiy ishlar amalga oshiriladi.
2) Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim - jamiyatning oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo’lgan ehtiyojini ta’minlashga yo’naltirilgan uzluksiz ta’lim turi.
a) katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar instituti — ishlab chiqarishdan ajralgan holda mutaxassislikni chuqur o’rganish va doktorlik dissertasiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida ular tomonidan ilmiy izlanishlar olib borish bo’yicha fan doktori darajasi izlanuvchilari uchun oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklar bo’yicha oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim shakli;
b) mustaqil izlanuvchilik — ishlab chiqarishdan ajralmagan holda holda doktorlik dissertasiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida mutaxassislikni chuqur o’rganish va ular tomonidan ilmiy izlanishlar bo’yicha fan doktori ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar bo’yicha oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim shakli;
katta ilmiy xodim-izlanuvchi — oliy ta’lim muassasasiga yoki ilmiy-tadqiqot muassasasiga katta ilmiy xodim-izlanuvchi lavozimiga belgilangan tartibda qabul qilingan shaxs;
mustaqil izlanuvchi — oliy ta’lim muassasasiga yoki ilmiy-tadqiqot muassasasiga mustaqil izlanuvchilikka belgilangan tartibda qabul qilingan shaxs.
4.8. Institutda oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestasiya Komissiyasi Rayosatining 2012 yil 20 sentyabrdagi  189/1-son qarori bilan tasdiqlangan va 2012 yil 30 oktyabrdagi 192/8-son qarori bilan o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilgan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog  kadrlar ixtisosliklari ro’yxati”ga muvofiq tegishli vazirlik (idora) ruxsati asosida fan doktori ilmiy darajasi olish uchun katta ilmiy xodim-izlanuvchilar instituti va mustaqil izlanuvchilar instituti orqali oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanadi.
Institutda quyidagi ixtisosliklar bo’yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi:
01.02.04-Deformasiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi
01.02.05-Suyuqlik va gaz mexanikasi
05.09.01-Qurilish konstruksiyalari, binolar va inshootlar
05.09.03-Issiqlik ta’minoti. Ventilyasiya, kondisionerlash. Gaz ta’minoti  va yoritish
05.09.04-Suv ta’minoti. Kanalizasiya. Suv havzalarini muhofazalovchi qurilish tizimlari
11.00.06-Geodeziya. Kartografiya
18.00.01-Arxitektura nazariyasi va tarixi.  Arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash  va tiklash
18.00.03-Rayonlashtirish, shaharsozlik. Qishloq turar joylarini rejalashtirish. Landshaft arxitekturasi. Bino va inshootlar arxitekturasi
 Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni olish  O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestasiyadan o’tkazish tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi PF-4456-sonli Farmoni, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi “Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni attestasiyadan o’tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 365-sonli qarorga muvofiq amalga oshiriladi.
4.9. Institut O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 28 maydagi “Malakali pedagog kadrlar tayyorlash hamda o’rta maxsus, kasb- hunar ta’limi muassasalarini shunday kadrlar bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to’g’risida”gi PQ-1761-son qaroriga muvofiq  Institut huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish fakultetida xodimlar uchun qo’shimcha kasbiy ta’lim dasturlari amalga oshiriladi.
Quyidagi yo’nalishlar bo’yicha o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o’qituvchilarining malakasini oshiradi:

  1. Bino va inshootlar qurilishi.

Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish fakultetida o’qish natijalariga mos ravishda davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
4.10. Institut Kengashining tematik rejalar bo’yicha bajariladigan ishlarning sifati hamda mehnat xavfsizligini ta’minlagan holda talabalar, doktorantlarni keng jalb etib, ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlarni olib boradi.
Ilmiy tadqiqotlar quyidagi mablag’lar hisobidan moliyalashtiriladi:
- fan, texnika va madaniyatning muhim yo’nalishlari bo’yicha fundamental, amaliy hamda innovasion tadqiqotlarni bajarish uchun ajratiladigan davlat byudjeti mablag’lari;
- shartnoma asosida sohaviy vazirliklar, idoralar, korxonalar, birlashmalar va boshqalar, shu jumladan xorijiy tashkilotlar mablag’lari.

5.1. Institutning tarkibiga quyidagilar kiradi:

a) fakultetlar:

“Arxitektura” fakulteti;

“Qurilish”  fakulteti;

“Muxandislik kommunikasiyalari qurilishi” fakulteti;

“Qurilishni boshqarish” fakulteti.

b) kafedralar:

  1. Arxitekturaviy loyihalash
  2. Arxitektura nazariyasi va tarixi
  3. Landshaft dizayni va inter'er
  4. Qishloq hududlarini arxitektura-loyixaviy tashkil etish
  5. Tasviriy san'at
  6. Chizma geometriya va muhandislik grafikasi
  7. Bino va inshootlar
  8. Qurilish materiallari, buyumlari va konstruktsiyalarini ishlab chiqarish
  9. Qurilish konstruktsiyalari
  10. Avtomobil yo'llari, zamin va poydevorlar
  11. Qurilish texnologiyasi va uni tashkil etish
  12. Qurilish mexanikasi va materiallar qarshiligi
  13. Suv ta'minoti, kanalizatsiya va suv resurslarini muhofaza qilish
  14. Issiqlik-gaz ta'minoti, ventilyatsiya va servis
  15. Kasb ta'limi
  16. Geodeziya, kartografiya va kadastr
  17. Qurilishda menejment
  18. Ko'chmas mulk ekspertizasi va uni boshqarish
  19. Shahar qurilishi va xo'jaligi
  20. Oliy matematika va fizika
  21. Axborot texnologiyalari
  22. O'zbekiston tarixi
  23. Ijtimoiy fanlar
  24. Chet tillar
  25. Jismoniy tarbiya

v) ilmiy laboratoriyalar:

- “Maxalliy xom-ashyo va sanoat chiqindilari asosida samarador qurilish materiallarini ishlab chiqish»;
- “Geotexnika” ilmiy laboratoriya;
- “Tabiiy va sanoat oqova suvlarni tozalash muammolari”;
- “Fazoviy konstruksiyalar binolar va inshootlar zilzilabardoshligi”  - “Bino va inshootlarni qurilish konstruksiyalarini loyihalash va tadqiq qilishni kompyuterlashtirish”;
- Asos va poydevorlarni ilmiy tekshirish laboratoriyasi (geofundament proyekt.);
- Atrof muhit himoyasi va binolarning mikroiqlimini yaratish, Xududiy tajriba markazi (XTM).

g) boshqarma va bo’limlar

  1. O’quv-uslubiy bo’lim.
  2. Magistratura bo’limi.
  3. Axborot-resurs markazi.
  4. Axborot texnologiyalari markazi.
  5. Ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash.
  6.  Xalqaro aloqalar bo’limi.
  7.  Xodimlar bo’limi.
  8.  Monitoring va ichki nazorat bo’limi.
  9.  Ma’naviyat-ma’rifat va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo’limi.
10.  Buxgalteriya.
11.  Reja-moliya bo’limi.
12.  Marketing bo’limi.
13.  Tahririy nashriyot bo’limi.
14.  Devonxona va arxiv bo’limi.
15.  Birinchi bo’lim.
16.  Ikkinchi bo’lim.
17.  Akademik lisey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo’limi.
18.  Bosmaxona.
19.  Muzey.
20.  Texnik foydalanish va xo’jalik bo’limi.
21.  “Arxitektura va qurilish muammolari” jurnali.
22.  O’qitishning texnik vositalari bo’limi.
23.  Fuqaro mudofaasi va mehnat muhofazasi bo’limi.
24.  Tibbiyot punkti.
25.  “Mironqul” sport-sog’lomlashtirish oromgohi.

           d) Institut huzuridagi O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi pedagoglarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish fakulteti. 
e) Institut qoshida 1-son hamda 2-son akademik liseylar tashkil etilgan.
-institut qoshidagi 1-son akademik liseyi O’zbekiston Respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2004  yil  27 sentyabrdagi 197-sonli buyrug’i hamda O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi Markazining 2004 yil 27 sentyabrdagi 207-sonli buyrug’i asosida tashkil topgan.
-institut qoshidagi 2-son akademik liseyi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 31-avgustdagi 188-sonli qarori hamda O’zbekiston Respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2006  yil  19 sentyabrdagi 216-sonli  “OTMlar qoshidagi lisey va lisey-internatlar negizida akademik liseylar tashkil etish to’g’risida”gi buyrug’i asosida tashkil topgan.

6.1. Institutni boshqarish O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda ushbu Ustavga muvofiq yakka rahbarlik va oliy ta’lim muassasasining Kengashi, Vasiylar kengashi orqali jamoatchilik boshqaruvini uyg’unlashtirish tamoyili asosida amalga oshiriladi.
6.2. Institutni bevosita boshqarish O’zbekiston Respublikasi Prezidentning 1992 yil 9 mart 137-f farmoyishida belgilangan tartib asosida tayinlanadigan rektor tomonidan amalga oshiriladi.
Rektor oliy ta’lim muassasasi faoliyatiga, shuningdek, Institutning Ustavi, Ichki tartib va odob-ahloq qoidalari, Oliy ta’lim to’g’risidagi Nizom hamda mazkur Ustavda belgilangan majburiyatlar uchun to’la mas’uldir.
Rektor O’zbekiston Rsspublikasi qonunchiligiga muvofiq Institut nomidan ishonchnomasiz ish olib boradi, barcha idoralar, muassasalar, korxonalarda uning vakili sifatida qatnashadi, Institutning mol-mulkiga mas’ullik qiladi, shartnomalar tuzadi, ishonchnomalar beradi, bank muassasalarida oliy ta’lim muassasasi Institutning hisob raqamlarini ochadi, moliyaviy mablag’lardan o’rnatilgan tartibda foydalanish bo’yicha farmoyishlar beradi.
Rektor Institutning vakolati doirasida:
- Institutning barcha xodimlari, talabalari va boshqa ta’lim olayotganlar uchun majburiy bo’lgan buyruqlar chiqaradi va topshiriqlar beradi;
- bo’ysunuvchi vazirlik (idora) bilan kelishilgan holda fakultet dekanlari va bosh buxgalterni lavozimiga tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi;
- Institut prorektorlari lavozimiga nomzodlarni tavsiya etadi va prorektorlar, dekanlarning muayyan vazifalari hamda mas’uliyatlarini belgilaydi;
- Institut xodimlarini O’zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuzadi va bekor qiladi;
- Institut tarkibiga kirgan ilmiy tadqiqot, tajriba-eksperimental hamda boshqa tashkilot va bo’linmalarning vazifalarini belgilaydi va ular to’g’risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
- Institut xodimlarining lavozim maoshlariga har oylik ustamalar va qo’shimchalarni belgilaydi;
- kasaba uyushma qo’mitasi yoki Institutning boshqa vakolatli organi bilan kelishgan holda Ichki tartib va odob-ahloq qoidalarini tasdiqlaydi;
- Institutda Namunaviy shtat birliklariga muvofiq ajratilgan mablag’lar hamda ish haqi fondi, tasdiqlangan oliy ta’lim muassasasi Institut xodimlarining soni va lavozim maoshlari, tarif setkasi doirasida Institut professor - o’qituvchilari tarkibi va Institut xodimlarining shtat birligini tasdiqlaydi hamda lavozim maoshlarini belgilaydi;
- Institut Kengashining tavsiyasiga ko’ra o’rnatilgan tartibda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq fakultetlarni, kafedralarni ochish yoki yopish qarorlarini tasdiqlaydi.
“Oliy ta’lim muassasasi kafedrasi to’g’risidagi nizom” talablaridan kelib chiqqan holda Institut Kengashining tavsiyasiga ko’ra kafedralar tashkil etiladi yoki tugatiladi.
Institut rektoriga o’zi ishlayotgan oliy ta’lim muassasasi va undan tashqarida haq to’lanadigan boshqa rahbarlik lavozimida (ilmiy va ilmiy - metodik rahbarlikdan tashqari) o’rindoshlik bo’yicha ishlashga ruxsat etilmaydi. Rektor o’z vazifalarini o’rindoshlik bo’yicha bajarishi mumkin emas.
6.3. “Oliy ta’lim to’g’risidagi Nizom”ga muvofiq Institut faoliyatining asosiy masalalarini ko’rish uchun Kengash tashkil etiladi.
Kengash tarkibiga rektor kiradi va Kengash raisi hisoblanadi, prorektorlar, fakultetlar dekanlari hamda kafedralar mudirlari, bo’lim boshliqlari, shuningdek, talabalar va Institut xodimlari, kasaba uyushmasi kengashi vakillari kiradi. Kengashning boshqa a’zolari umumiy majlisda (konferensiyada) yashirin ovoz berish yo’li bilan saylanadi. Professor-o’qituvchilar tarkibidan Kengashga saylanadiganlar soni rektor buyrug’i bilan belgilanadi.
Kengashning vakolati, uni saylash va faoliyat yuritish tartibi, ta’limni boshqarish bo’yicha vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasasining Kengashi to’g’risidagi Nizom” bilan belgilanadi.
6.4. Institutda Vasiylar kengashi oliy ta’lim muassasasi Institutni boshqaruvchi jamoatchilik organi tashkil etiladi va uning tarkibiga muassis-vazirliklar, mahalliy hokimiyat, ishbilarmon doiralar, jamoatchilik tashkilotlari, jamg’arma va vasiylar, boshqa ta’lim muassassalarining vakillari kiradi.
Vasiylar kengashining tarkibi, vakolatlari, shakllantirish tarkibi va faoliyati “Vasiylar kengashi to’g’risidagi Nizom” bilan belgilanadi.
6.5. Institutda kasaba uyushmalari va boshqa jamoatchilik tashkilotlari faoliyat ko’rsatadi. Talabalar va xodimlar manfaatlarini himoyalashni (xodimlar va talbalarning vakillari sifatida  Institutda saylangan organlari amalga oshiradi. Talabalar va xodimlarni vakolat organlarining huquqlari va ularga nisbatan oliy ta’lim muassasasi Institut ma’muriyatining majburiyatlari quyidagilardir:

  • xodimlar vakillik organlarining huquqlariga rioya qilish, ularning faoliyatiga ko’maklashish;
  • xodimlarning manfaatlariga taalluqli qarorlar qabul qilishdan oldin ularning vakillik organlari bilan maslahatlashish, mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda ko’rsatilgan hollarda esa, - ularning roziligini olish;
  • xodimlar vakillik organlarining takliflarini o’z vaqtida ko’rib chiqish va qabul qilingan qarorlar haqida ularga yozma ravishda asosli javob berish;
  • xodimlarning vakillik organlari a’zolarini korxonaga, manfaatlari ifoda etilayotgan xodimlarning ish joylariga moneliksiz qo’yish;
  • xodimlarning vakillik organlariga mehnat, Institut faoliyati masalalariga va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir axborotni tekin berish;
  • xodimlarning vakillik organlariga o’z vazifalarini bajarishlari uchun zarur sharoit yaratib berish;
  • xodimlarning vakillik organlariga nisbatan mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.

            Amaldagi nizomlarga muvofiq Institutda ilmiy va ixtiyoriy jamiyatlar, ilmiy-uslubiy, ilmiy-texnik kengashlar va komissiyalar, yosh olimlar kengashi va boshqalar tashkil etilishi mumkin.
Rektorat va Kengash o’z faoliyatida Institut jamoatchilik tashkilotlarining tavsiyalarini ko’rib chiqadi va o’z faoliyatlarida ularni hisobga oladi.
6.6. Institut  fakultetini O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda rektor tomonidan tayinlanadigan dekan boshqaradi.
Fakultet dekani o’z faoliyatida “Oliy ta’lim muassasasining fakulteti to’g’risidagi Nizom”ga amal qiladi.
“Oliy ta’lim muassasasining fakulteti to’g’risidagi Nizom”ga muvofiq fakultetda Kengash tashkil etilishi mumkin.
Kengashning tarkibi, vakolatlari, shakllantirish va foaliyatining tartibi “Oliy ta’lim muassasasi fakultetining Kengashi to’g’risidagi nizom” bilan belgilanadi.
Kafedra faoliyatiga O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq tanlov asosida Institutning Kengashi tomonidan saylanadigan mudir rahbarlik qiladi.
Kafedra mudirining vakolatlari va kafedra faoliyatining tartibi “Oliy ta’lim muassasasining kafedrasi to’g’risidagi nizom” bilan belgilanadi.

Siz so'ragan sahifa ustida ish olib borilmoqda!

8.1. Institut O’zbekiston Respublikasi “Ta’lim to’g’risida”gi Qonunining 33-moddasiga muvofiq ta’lim muammolari yuzasidan xalqaro hamkorlikda ishtirok etadilar, chet davlatlarning tegishli o’quv yurtlari bilan bevosita aloqalar o’rnatish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ular bilan qo’shma o’quv yurtlari tashkil etish huquqiga ega.
         Chet el fuqarolarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ta’lim muassasasi ilmiy - pedagogik xodimlarining O’zbekiston Rsspublikasi xududidan tashqarida o’qituvchilik va ilmiy - tadqiqotchilik ishlari davlatlararo organining xorijiy davlatlarning ta’limni boshqarish bo’yicha tegishli organlari orasidagi shartnomalar, shuningdek Institutning qonunchilikka muvofiq chet el fuqarolari va xorijiy yuridik shaxslar bilan bevosita tuzgan shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
8.2. Institut quyidagi huquqlarga ega:
- xalqaro nodavlat tashkilotlarga kirish;
- O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari deb qaralishi mumkin bo’lmagan, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikdagi faoliyat to’g’risida belgilangan tartib asosida shartnomalar tuzish;
-xorijiy sheriklar ishtirokida oliy ta’lim muassasasi Institutning tarkibiy bo’linmalari (markazlar, laboratoriyalar, texnik parklar va boshqa bo’linmalar)ni qonunchilikda ko’zda tutilgan tartibda tashkil etish.
8.3. Institut O’zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq ushbu Ustavda nazarda tutilgan va “Ta’lim to’g’risida”gi qonuni hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni bajarishga, shuningdek, xalqaro aloqalarni rivojlantirishga yo’naltirilgan tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug’ullanish huquqiga ega.
8.4.  Institutning tashqi iqtisodiy faoliyatidan tushgan valyuta, moddiy tushumlari qonunchilikka binoan uning ustavida belgilangan faoliyatini ta’minlash uchun ishlatiladi.

9.1. Institut O’zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda qo’yidagilarga javob beradi:
- uning vakolatiga kiritilgan vazifalarni bajarmaganligi;
- ta’lim jarayonida o’quv reja va jadvallarga muvofiq ta’lim dasturlari hajmini to’liq bajarmaganligi;
- ta’lim jarayoni vaqtida Institutda ta’lim oluvchilar va xodimlarining hayoti va sog’lig’i;
- ta’lim oluvchilar va Institut xodimlarining huquq va erkinliklarning buzilganligi;
- O’zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hatti-harakatlar.
9.2. Institut O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida qayta tashkil qilinishi yoki tugatilishi mumkin.
9.3.  Institutning Ustaviga o’zgartirish yoki qo’shimchalar kiritish Vazirlikning buyrug’i asosida amalga oshiriladi.
9.4. Ushbu Ustav Institutning Kengashi tomonidan ma’qullangan.