Skip to main content

Bangladesh Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Dr. Chidem Turkyilmaz  Xitoy Xalq Respublikasi yo‘nalishidagi xizmat safarini yakunlab, universitetning xalqaro hamkorlik aloqalari geografiyasini kengaytirish maqsadida bugun Bangladesh Respublikasi poytaxti Dakka shahrida joylashgan Daffodil Universitetiga tashrif buyurdi.

 

Tashrif avvalida Daffodil Universiteti rektori Dr. S.M. Mahbub Ul Haque Majumder boshchiligidagi rahbariyat vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikkala oliy ta’lim muassasalarining talaba-yoshlarga, xususan doktorantlar va ilmiy izlanuvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda ilmiy tadqiqot, qo‘shma dual ta’lim dasturlarini ishga tushirish, professor-o‘qituvchilar uchun stajirovkalar, talabalar uchun yozgi maktablarni tashkil etish yo‘nalishida o‘zaro ikki tomonlama manfaatli hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

 

Kunning ikkinchi yarmida rektor Dr. Chidem Turkyilmaz Daffodil Universitetining Arxitektura fakultetida barqaror arxitektura, zamonaviy loyihalash tamoyillari va madaniy meros obyektlarini asrash muammolariga bag‘ishlangan ma’ruza o‘qidi. Ushbu ma’ruzada keltirib o‘tilgan ma’lumotlar va ilmiy g‘oyalar tadbirda ishtirok etgan soha professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va magistratura talabalarida katta qiziqish uyg‘otdi.