Skip to main content

Daffodil xalqaro universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

Shu kunlarda Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Dr. Chidem Turkyilmaz Bangladesh Respublikasida xizmat safarini davom ettirmoqda. Bugun rektor Daffodil xalqaro universiteti ta’sischisi Dr. Mh Sabur Khan qabulida bo‘ldi hamda ilmiy tadqiqot sohasida, xususan doktorantura bo‘yicha o‘zaro hamkorlik hamda almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida hamkorlik memorandumini imzoladi. Ushbu memorandum asosida kelgusida hamkorlikda PhD dasturlarini ishga tushirish, tadqiqotchilarga birgalikda ilmiy rahbarlik qilish yo‘nalishlarida yaqindan faoliyat olib borish imkoniyatlarini ochadi.

 

Shundan so‘ng, rektor Dr. Chidem Turkyilmaz Daffodil alqaro universiteti bosh binosiga tashrif buyurdi hamda mazkur universitet rektori Dr. M. Lutfar Rahman bilan tor doiradagi uchrashuv tashkil qilindi. Uchrashuvda ikkala universitet rahbariyati tomonidan imzolangan memorandum asosida kelajakda amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar yuzasidan atroflicha fikr va mulohazalar almashishdi.

 

Kunning ikkinchi yarmida rektor Dr. Chidem Turkyilmaz Daffodil alqaro universiteti doktorantura talabalari, professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari uchun O‘zbekistondagi doktorantura tizimi va xorijiy talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida taqdimot qildi. Taqdimotda asosan O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida ilmiy rahbarlik tizimi, dissertatsiya himoyasi va attestatsiya jarayonlari, hukumat tomonidan ilm-fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash siyosati, talabalarning ilmiy faoliyatiga qo‘yiladigan talablar, nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqola chop etish talablari, O‘zbekiston ilmiy grantlari va stipendiyalar dasturlari, ingliz tilida olib boriladigan dasturlar, xorijiy talabalar uchun talabalar turar joylari, axborot resurs markazlari, IT laboratoriyalar, turli ilmiy markazlar, madaniy moslashuvga ko‘maklashuvchi dasturlar, xususan Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining xalqaro reytingi va yutuqlari, akademik almashinuv dasturlari (Erasmus+, 2+2 dasturlar), Daffodil universiteti bilan hamkorlik istiqbollari, O‘zbekistonga kelib o‘qish istagidagi Bangladeshlik talabalar uchun imtiyozlar hamda qo‘shma dasturlar va ikki diplomli ta’lim imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.