Skip to main content

Nanjing politexnika instituti – muhim xorijiy hamkorlarimizdan biri

Avval xabar berganimizdek, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Dr. Chidem Turkyilmaz ayni vaqtda Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarini davom ettirmoqda. 2025 yil 14-may kuni rektor Jiangsu provinsiyasida joylashgan Nanjing politexnika institutiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida tashkil etilgan tantanali qabul marosimida Nanjing politexnika instituti rektori Dr. Zang Wei bilan ikkala oliy ta’lim muassasasi hamkorligi ko‘lamini kengaytirish, amaldagi anglashuv memorandumida ta’kidlab o‘tilgan faoliyat turlarini kuchaytirish va birgalikda olib borilayotgan loyihalarni yangi bosqichga olib chiqish hamda SamDAQUda tashkil etilgan Chjengxe qo‘shma fakulteti faoliyatini to‘laqonli ishga tushirish maqsadida qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.  

 

Shuningdek, uchrashuv davomida hamkorlikda Kimyo muhandisligi yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilishi kutilayotgan qo‘shma ta’lim dasturi haqida so‘zga chiqqan SamDAQU rektori Dr. Chidem Turkyilmaz ushbu hamkorlik mamlakatimiz sanoati uchun yetuk malakali muhandis kadrlar tayyorlashda katta ahamiyatga ega ekanligi hamda shu kabi qo‘shma loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5847-sonli farmonida ko‘rsatilgan ustuvor vazifalarning ijrosi sifatida ham ahamiyatli ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

 

Ma’lumot uchun:

2023 yili Xitoy Xalq Respublikasi Jiangsu provinsiyasi gubernatori Syuy Kunlin boshchiligidagi delegatsiya tashrifi davomida Samarqand viloyati va Jiangsu provinsiyalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida memorandum imzolangan edi. Shuningdek, ushbu hukumatlararo memorandum doirasida qurilish sohasi bo‘yicha hamkorlikda kadrlar tayyorlash, qurilish korxonalari kadrlarini malakasini oshirish, sohada olib borilayotgan ilmiy ishlarni birgalikda rivojlantirish maqsadida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti va Nankin politexnika instituti hamkorligida tashkil etilgan qo‘shma Chjenxe fakultetining rasmiy ochilish marosimi ham o‘tkazilgan edi.