Skip to main content

“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi – kelajak bunyodkorlari bilan ochiq muloqot

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti talabalari uchun “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuvda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, universitet rektori Dr. Chidem Turkyilmaz hamda shahrimizda tahsil olayotgan yoshlar ishtirok etdi.

Ozoda Jo‘rayeva yoshlarning salohiyatiga yuksak baho berib, ularni kelajakdagi davlat arboblari, bunyodkorlar va yurt ravnaqi uchun mas’ul yetuk mutaxassislar sifatida ko‘rishini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarga o‘z kuchiga ishonish, tashabbuskor bo‘lish va doim izlanishda davom etish muhimligini qayd etdi hamda vazirlik yoshlarning har bir g‘oya va tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Tadbirda qayd etilishicha, vazirlikning 2025-yilgi yoshlar bandligi dasturi doirasida ko‘p qavatli uylarni boshqarish organlari va qurilish tashkilotlari bilan hamkorlikda 14 800 nafardan ortiq yoshlar kasbga o‘qitilib, ularning bandligi ta’minlangan. Bundan tashqari, xorijda ta’lim olayotgan yosh mutaxassislar bilan hamkorlikni kuchaytirish, sport-targ‘ibot ishlari, yoshlarning jamiyatda munosib o‘rin egallashi hamda ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilda yosh mutaxassislarni “Sotsial lift” tamoyili asosida lavozimda o‘stirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Ustoz-shogird” maktablari faoliyati davom ettirilib, sohaviy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarning amaliyot o‘tashi ta’minlanadi.