Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida Prezident farmoni bilan mamlakatimiz bo‘ylab 2025-yil 15-dekabrdan 2026-yil 15-yanvargacha o‘tkazilayotgan Vatanparvarlik oyligining ochilish marosimi doirasida keng ko‘lamli tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbir universitet binosi oldidan harbiylar, talabalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali yurish marafoni bilan boshlandi. Vatanparvarlik oyligining ochilish marosimini Markaziy harbiy qo‘shinlar qo‘mondoni o‘rinbosari, podpolkovnik Qobulov Sardorjon Madaminjonovich rasman ochib berdi.
Shundan so‘ng Milliy gvardiya boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari hamda Samarqand viloyati “Vatanparvar” tashkiloti harbiy xizmatchilarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Ushbu chiqishlar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni Vatan himoyasidek sharafli kasbga yo‘naltirishga qaratilgani bilan ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir davomida harbiy texnika va qurol-aslahalar namoyishi ham tashkil etilib, talaba-yoshlar uchun mazmunli va esda qolarli taassurot qoldirdi.